Osmonday kenglikka sigʻmaydi shaklim

Ozodlik

(dostondan parcha)

 

Ozodlik, seni men koʻzimning

Qoni-la yuvganman,

Sen-la iliganman, sen-la soviganman.

Yuragim ichida jahonday koʻrganman…

 

Onamsan – ozodlik, yuzlarim koʻksingda,

Qoʻllarim boʻynimda, meni sen sevgaysan.

Ochlikdan qoʻrqmasman, riyodan qoʻrqarman,

Qulmasman, qullikka bormayman, Ozodlik!

Bormasman oyoqlar ostiga…

Sen meni erka kapalagimsan,

Boshimga qoʻngansan, boshimdan ketmaysan,

Qizimsan, qizil qizgʻaldogʻimsan,

Orimsan, nomussan – sendan kechmayman,

Ozodlik!

 

Ozodlik – sen togʻsen, pastqam emassan,

Shoshsan, Samarqandsan, Qoʻqonsan, Gurganj.

Soʻlimsan, oʻlimmas – sen Nasafimsan,

Sorimsan, orimsan, oʻt nafasimsan.

Sensiz qanday yashay – havosan, suvsan,

Jahonsan, jonginam, yutoqganimsan,

Sensiz hayot bormi, Ozodlik!

Sensiz najot bormi, Ozodlik!

 

Sururdan chanqadim,

Gʻururdan chanqadim,

Koʻzu qarogʻingdan

Suv berding, Ozodlik!

O, bu qanday suv edi, Ozodlik!

Tirnogʻu sochimga toʻqlik yugurdi,

O, aziz lazzatim – Ozodlik!

Yuragim toʻq endi, Ozodlik!

 

Ey dilbarim

 

Ohumiding yobonimda suv izlagan,

Yohumiding tomonimda lab izlagan,

Dalligina jahonimda,

Siymu zarim:

– Ey dilbarim…

 

Chashmamiding, toshlar uzra toʻkilasan,

Ufqmiding, quyosh ketgach yiqilasan,

Yamoq tushgan hayotimda

Sen chevarim:

– Ey dilbarim…

 

Biy dalada quyun ila sochilding-a,

Oʻrtasida yavshan ila ochilding-a,

Yuragimga qadab qoʻygan

Oq gavharim:

– Ey, dilbarim…

 

Koshkiydi, to qiyomat biz yonma-yon,

Koshkiydi, to qiyomat biz jonma-jon.

Gulxan yoqib uzun tunning etagida,

Bilagimiz tilib qoʻysak ust-ustiga.

To qiyomat

Zikr aytsam?

Mohpaykarim,

To qiyomat zikr aytsam, mohpaykarim:

– Ey dilbarim…

 

Lahza

 

Mitti bir lahzaga sigʻsak ikkimiz,

Koʻksimga bosh qoʻysang

Va shivirlasang.

Barmoqlar qovushib yonsa ilgimiz,

Dudogʻing toygʻonsa,

Men shivirlasam.

 

Lahzani yopsag-u, qamalsak butkul,

Na eshik-deraza, na mayda-chuyda.

Unda mavjud boʻlsak nuqul va nuqul,

Yel kabi qalqinib,

Taralib kuyday…

 

Kamida milliard yil shavqini koʻrsak,

Koinotday

Buyuk yuksalsak ne sud.

Qirq boʻlib chiqsag-u,

Ruhga evrilsak,

Dud boʻlib-e-e-ey, dud…

 

Hovliyu koʻchalar, katta yoʻllari,

Gʻamlari, quvonchu mashmashalari.

Qoʻllari yonida hurgan tillari,

Tozayu notoza xarxashalari…

 

Boʻlmagan oniya,

Oh, qanday sevsak,

Oh, qanday titrasak,

Oh, qanday yana…

Yuragi

Koʻksimni

yorgan

Hamxonam,

Lahzaga

Qamalib

Tolgan

Devonam…

 

Xabar

 

Osima,

Laylaklar elchi yubordi,

Huv ana – mezonlar, xabar olaylik.

Pagʻa-pagʻa yolqin, tomchi-tomchi qor

Yogʻar bir oʻlka bor, bora qolaylik.

 

Koʻngil sabosida faryod havosi,

Armonlar toʻsibdi tigʻ baxtimizni.

Qush yoʻq rabotlarda kimning soyasi,

Eshitdi mungragan suhbatimizni.

Sen yulduz parisi toʻfon burjida,

Men qora tuynukda uloqqan balki.

Ummonday ogʻriqdan singan gurziday

Osmonday kenglikka sigʻmaydi shaklim.

 

Oʻqishni bilsang gar Taqdir kitobin,

Bilib ber, ishq bormi oʻlmasdan burun.

Soʻrab ber, sevgining manzil turobin,

Joy bormi, yoʻl olsak ikkimiz uchun.

 

Ushmundoq

 

Osima,

Ne qilay koʻnglim ushmundoq,

Bir cheti osmon-u, bir cheti tuproq.

Bir tunda podshoman ikki kishvarga,

Bir kunda zordirman bir qur nazarga.

Lipillab, lipillab boʻzardi ruhim,

Xohla porlatib qoʻy, xohla parchala,

Esiz, har tomonga urdi shukuhim,

Esiz, oʻtolmadim shum darichadan.

Osima,

Roziman, mendan asar yoʻq,

Ista, men haqimda boshqa xabar yoʻq.

Ammo dilim erka dilingni istar,

Mendek xushxabar yoʻq,

Mendek xatar yoʻq.

Osima,

Alarga koʻp ham inonma,

Ular qush koʻmganlar xiyobonlarga.

Qumlari zarlangan

Boʻlsa ham bordir,

Lek harom oʻrmalar tovonlarida…

Osima,

Sen haqsan,

Men tugab botdim,

Bu qissa soʻngida, shudir qasida.

Goʻzal borligʻimni maydalab sotdim,

Yoʻgʻimni qaytardim

Oʻz egasiga…

 

Soʻz

 

Osima –

Yolgʻizim, sen unday dema,

Dasturxon chetida qoldirgin mehr.

Huru gʻilmonlarmi oldi koʻrmanam,

Bor-shudim koʻlmakday samarsiz umr.

 

Osima –

Yolgʻizim, oynaklar mubham,

Qiyofa ortida mavjud qiyofa.

Aslida men emas gapirayotgan,

U shubha…

Talʼating –

Koʻrligim yoritsin shoyon,

Ishqni soyabonday tutay qoʻlimga.

Senga dil arzini qilayin ayon,

Bebaho soʻz qoʻyay soqov tilimga.

 

Boshqaman,

Mutlaqo chekmayman afsus,

Yurakni otaman chinni laganga,

Yana bir sevaman,

Alalxusus –

Ismimni aytaman qamashganlarga…

 

Abduvali QUTBIDDIN

 

“Yoshlik”, 2015 yil 8-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/osmonday-kenglikka-sigmaydi-shaklim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x