O‘smirning “o‘zini qanoatlantirish”i (ononizm) xavflimi?

Qarama qarshi jinsga qiziqish ilk bor taxminan 6–7 yoshdan boshlanadi. Buning oqibatida bolada yoshiga mos kelmaydigan ba’zi hatti-xarakatlar paydo bo‘la boshlaydi. Bu yoshdagi farzandi bor ota-onalarning asosiy vazifasi bolaning xayolini boshqa narsalar bilan band qilishdir. Masalan, o‘qish, chizish, sport bilan shug‘ullanish kabilar. Lekin “o‘zini o‘zi qondirish”, onanizm beixtiyoriy ravishda odatda 13-14 yoshdan boshlanadi.

O‘smirning “o‘zini qanoatlantirish”i ( ononizm ) xavflimi?

Hattoki Gippokrat ham bu odatlarni qattiq qoralagan: “Bu kasallik insonni orqa miyasi (umurtqa kanalida joylashgan a’zo)da rivojlanadi. Kasallik o‘z his tuyg‘ularini boshqara olmaydiganlarni ko‘proq zararlaydi. Ularda isitma bo‘lmaydi, ishtahalari ham zo‘r bo‘ladi. Lekin ozib, zo‘riqib ketishadi. Xuddi butun tanasida chumoli o‘rmalayotgandek tuyuladi. Siydikda ham juda ko‘p va suyuq urug‘ chiqib ketishi kuzatiladi. Bunday erkaklar ayollar bilan yaqinlik qilish uchun yaroqsiz hisoblanishadi va ko‘pincha uyalib ham qolishadi. Bir tekis yo‘lda yurmaslik ularni holdan toyishiga olib keladi, boshda og‘riq, quloqlarda shovqin va nihoyat ularni bitiradigan isitma boshlanadi”.

“O‘zini qanoatlantirish”ga sabab nima?

“O‘zini qanoatlantirish”ga ixtiyor berish bolaning asab tizimida muammolar borligidan darak beradi. Bu ishning odatga aylanishi kelajakda bolaning jamiyatda o‘z o‘rnini topishida qiyinchiliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek,

  • asablarda haddan ortiq qo‘zg‘alish yuz berganida (ishtaha va uyquning yo‘qolishi),
  • oilada biror o‘zgarish sodir bo‘lsa ( ikkinchi farzandning dunyoga kelishi, aka yoki opasi bilan kelisholmay qolsa, jismoniy jazodan qo‘rqish),
  • do‘stlari davrasida o‘z o‘rnini topa olmaslik,
  • ota-onasi yoki biror yaqin insonidan ajralib qolganida,
  • bekorchilikdan, zerikish oqibatida paydo bo‘lishi mumkin.

Xullas, bola uchun bu ish ruhiy zo‘riqishni yengillashtirish uchun xizmat qilayotgandek tuyuladi. Bolaga e’tibor va mehr yetarli darajada ko‘rsatilsa, oila a’zolari, do‘stlari tomonidan qadrlansa, jismoniy va aqliy jihatdan yoshiga mos bo‘lsa, bunday nobop ishdan o‘zini tiya oladi. Asosiysi bunga ehtiyoj sezmaydi.

Masturbatsiya bilan shug‘ullanish kasallik belgisi bo‘lishi ham mumkin…

Masturbatsiya bilan shug‘ullanish ba’zan gijja, allergik xastaliklar, qandli diabet kabi kasalliklar bilan og‘rishning oqibatida yuz berishi mumkin. Shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik, tor, sintetik va nam ichki kiyimlarni kiyish ham faqatgina zarar yetkazadi. O‘g‘il bolalardagi fimoz kasalligi ham intim a’zolarga haddan ortiq diqqat berilishiga sabab bo‘ladi.

Ota-onalarga tavsiyalar

Farzandingizni o‘rinsiz mashg‘ulot chog‘ida ko‘rib qolganingizda, o‘zingizni qo‘lga olishga urining. Bu qiyin bo‘lsa-da, uyat, hayrat va jahlingiz chiqqanini nigohlaringiz fosh etmasin. Qo‘rqib, uyalib turgan bola, avvalo, sizni ko‘zingizga qaraydi va shunga ko‘ra javob qaytarishga tayyorlanadi. Boshqa oila a’zolarining oldida izza qilmang. “Qo‘ling endi sasib qoladi”, “Uyalmaysanmi?”, “Yana bir marta qilsang, seni boylab qo‘yaman” kabi gaplar bilan qo‘rqitmang. Chunki ta’qiqlangan narsa doim o‘ziga chorlashini yaxshi bilasiz. Bu faqatgina munosabatlar chigallashuvi va bolada nevroz paydo bo‘lishiga yo‘l ochadi. Jismoniy jazo bu yerda o‘rinsiz!

Og‘ir-bosiqlik bilan, ovozingizni balandlatmay suhbatlashing. “Nima uchun bu ish bilan shug‘ullanyapsan?” degan savolni berish befoyda, u sizga tayinli javob qaytara olmasligi aniq. 10 yoshdan kichik bolalar masturbatsiyani shunchaki o‘yin deb qabul qilishadi. Unga soddaroq tilda tushuntirish bering: turli zararli infeksiyalar bilan og‘rib qolish ehtimoli borligini ayting. “Agar men qulog‘ingni hadeb tortaversam, og‘rib qoladi-ku, jinsiy a’zoda ham xuddi shunday bo‘ladi” deng. A’zoni qo‘l bilan ushlash va “o‘ynash” odamga hech qanday foyda bermasligi, faqatgina yoqimsiz kasalliklarni keltirib chiqarishini ta’kidlang.

Bolaning yoshi ahamiyatga ega

3 yoshgacha: bola butun tanasi va undagi a’zolarni yaxshilab o‘rganishni istaydi. Jinsiy a’zolarga teginish bu vaqtda qiziqish ustunligidan ro‘y beradi.

5 yoshdan keyin: bola o‘z jinsiy a’zosiga teginsa yoqimli hissiyotni tuyayotganini anglaydi. Shuning uchun qo‘lini ishtonining ichiga ko‘p kirgizaveradi.

5 – 7 yosh: bu vaqtga kelib ishtonini tortib qo‘yish yoki uning ichiga qo‘lini kirgazish kattalar tomonidan qattiq qoralanishini tushunadi. Lekin ba’zan berkinib jinsiy a’zosiga teginib qo‘yishi ham mumkin.

7-12 yosh: bolaga ota-onasi tomonidan masturbatsiya bilan shug‘ullanish yomon ish ekanligini tushuntirilmagan bo‘lsa-da, bu vaqtga kelib o‘zi ham bu ishning uyatli ekanligini tushunadi. Imkon qadar “aqlli” bola bo‘lishga, hamma uni maqtashi uchun harakat qila boshlaydi. Shu sababli u kattalar tomonidan qoralanishi mumkin bo‘lgan ishlardan o‘zini butunlay tortadi.

13 yoshdan keyin: balog‘at ostonasida turgan bola uyatli ishga qayta yoki birinchi marta qo‘l urishi ehtimoli ortadi. Endi u parda ortidagi kattalar hayotiga bo‘lgan qiziqishini jilovlay olmasligi ham mumkin. O‘zini qiziqtirgan savollarga javob izlaydi. Ayrim eshitganlarini o‘zidan sinab ko‘rishga chog‘lanadi. Bu vaqtda bola keraksiz va noto‘g‘ri ma’lumotlar bilan miyasini “achitmasligi” va chalg‘itmasligi uchun unga ota-onaning ko‘magi va e’tibori zarur.

Mutaxassisimiz: Zarifjon MURODOV, urolog-androlog.

Jurnalist: Zafar UBAYDULLAYEV

Manba: Darakchi.uz

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x