Oqtepa-2


Post Views:
54

OQTEPA-2 – arxeologik yodgorlik; qadimgi Chochning shimoli-g‘arbiy tumaniga mansub qal’a xarobasi (miloddan avvalgi 1-asr – milodiy 4-asr oxiri). Hozirgi Qozog‘iston Respublikasidagi Chordara shahridan 15 km janubda, Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘idagi tepalikda joylashgan. Oqtepa-2 antik davr qal’asi bo‘lib, maydoni 325×115 m, uch qismdan: ark (75×90 m), arkning janubi-sharqidagi balandlikda (balandligi 20 m) bunyod etilgan saroy, uch tomoni tuproq ko‘tarma, to‘rtinchi tomoni Sirdaryoning qiya qirg‘og‘i bilan o‘ralgan shahristondan iborat. Qal’a ko‘chmanchilar bilan chegara hududida Sirdaryo kechuvini muhofaza etish maqsadida bunyod etilganligi taxmin etiladi. Xorazm arxeologiya ekspeditsiyasi (B.I.Vaynberg, L.M.Levina, 1961–62 yillar) tadqiq qilgan. Mudofaa inshootlari ayni paytda ham ark, ham shaharning o‘zi uchun qurilgan. Shu bilan birga arkni paxsa tagkursida bunyod etilgan qo‘shimcha qal’a minoralari muhofaza qilgan. To‘g‘ri burchakli, chekka burjlari bo‘lib, xochsimon xonalari tor tuynuklar bilan o‘ziga xos yoritilgan. Topilgan sopol buyumlar Qovunchi madaniyatiga mansub, ba’zilarida egasining tamg‘a belgilari bor, shuningdek, terrakota haykalchalar, jez va temir qurol-yarog‘lar (paykonlar, kamon, pichoq va xanjarlar), oltin, shisha va sopol bezaklar (zirak, munchoq, bo‘yintumor va boshqalar) chiqqan.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/oqtepa-2-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x