Oqqo‘rg‘on


Post Views:
502

OQQO‘RG‘ON – qadimgi Toshkentning atrofidagi mavzelardan biri, shaharning sharqiy chekkasida, Shibli arig‘idan sharqda joylashgan. Sharqiy chegarasi Salor kanaliga qadar bo‘lgan. Mavzening janubiy qismi tarixiy manbalarda «Chimrabot» deb atalgan. U shahardan Parkentga boradigan karvon yo‘lida joylashgan. Oqqo‘rg‘on hududi Oqqo‘rg‘on va Darxon (Darxonotasoy) ariqlaridan sug‘orilgan. Mahalliy aholi quduq suvlaridan ham foydalangan. Mavzening yer yuzasi sharqqa tomon zinapoyasimon pasayib borgan. Ayrim tepaliklar ham bo‘lgan.

O‘rta asr vaqf hujjatlarida Oqqo‘rg‘on yerlari Xoja Ahrorga qarashli bo‘lgan. Hujjatda Salor nomi Rudak (daryocha) deb bitilgan. Keyinchalik 19-asr 2-yarmiga qadar Xoja Ahror madrasasining vaqf yerlari hisoblangan. 19-asr 1-choragida shaharning shu mavzega qaragan darvozasi ham Oqqo‘rg‘on darvozasi (1830 yillardan esa Qashqar darvozasi) deb atalgan. Oqqo‘rg‘onda Shayxontohur dahasi mahallalari aholisining dala hovlilari bo‘lib, aholi yozgi mavsumda dehqonchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullangan. 1865 yil 9 may kuni Chernyayev askarlarining bir dastasi Oqqo‘rg‘on tepaligiga kelib o‘rnashgan, o‘sha kuni Alimqul amirlashkar qo‘mondonligidagi Toshkent mudofaachilari bilan Chernyayev otryadi o‘rtasida Oqqo‘rg‘onda (hozirgi Mustaqillik ko‘chasi bilan Niyozbek yo‘li ko‘chasi kesishgan joy) qattiq jang bo‘lib, ruslar chekinishga majbur bo‘lgan (Darxon jangi), toshkentliklar ularni SHo‘rtepaga qadar ta’qib qilib borgan. Bu jang tafsiloti unda shaxsan qatnashgan toshkentlik tarixchi Muhammad Solihxo‘janing «Tarixi jadidayi Toshkand» asarida bayon etilgan. Toshkentni rus qo‘shinlari olgach, 20-asr boshlariga kelib Oqqo‘rg‘on Yangi shahar bilan tutashgan. 1867 yil Oqqo‘rg‘on tepaligida qurilgan observatoriya hozirgacha faoliyat ko‘rsatmoqda. 1906 yilda Oqqo‘g‘rg‘onning shimoliy chekkasidan Toshkent – Orenburg temir yo‘li o‘tkazildi. Keyingi yillarda Ekskavator zavodi (1932), Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (1934), dastlabki o‘rta maktab (1940), «Start» stadioni (1958) qurildi. 40–50-yillarda aholi ko‘payib xonadonlar soni 100 dan ortdi, YUqori Oqqo‘rg‘on va Quyi Oqqo‘g‘rg‘on mahallalariga bo‘lindi. Mahallada bir necha masjid ham bo‘lgan. 50-yillarda qo‘rg‘on-xonadonlar, bog‘ va ekinzorlar o‘rnida bir va ko‘p qavatli turar joy binolari qurilib yangi ko‘chalar ochildi. Mustaqillik davrida Oqqo‘rg‘on hududidan Kichik halqa yo‘li o‘tib, yana ham obodonlashdi. Hozir Oqqo‘rg‘on o‘rnida «Oqqo‘rg‘on», «Ulug‘bek», «Darxon» va boshqa mahallalar mavjud.

OQQO‘RG‘ON KO‘CHASI – Mirzo Ulug‘bek tumanining «Darxon», «Hamid Olimjon» va «Oqqo‘rg‘on» mahallalari hududida. Mustaqillik ko‘chasi bilan Mudofaachilar ko‘chasi oralig‘ida joylashgan. Uzunligi 1,5 km atrofida. 20-asrning 2-yarmida tashkil topgan. Dastlab 1959 yil Novomoskovskiy nomi berilgan. 1994 yil 22 avgustdan Oqqo‘rg‘on nomi bilan yuritiladi. Tarkibida 6 ta tor ko‘cha bor. Yo‘nalishida «Yoshlik» sport majmuasi, Jismoniy tarbiya instituti, Hindiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi, oilaviy poliklinika, notarial idoralar, savdo shoxobchalari, dorixona, firmalar, aviakassa va ko‘p qavatli turar joy binolari joylashgan. Osiyo va Beshog‘aynilar ko‘chalari bilan tutashgan. YAqinida Mirzo Ulug‘bek tuman hokimiyati, Latviya, Jazoir va Afg‘onistonning O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonalari, Toshkent observatoriyasi, «O‘zmashservis», Kardiologiya markazi, Pushkin maydoni va «Pushkin» metro bekati, 99-, 142-maktablar, 153-, 447-bog‘chalar, mahalla idorasi joylashgan.

«OQQO‘RG‘ON» MAHALLASI (Oqqo‘rg‘on 1-tor ko‘cha, 6a-uy) – Mirzo Ulug‘bek tumanidagi mahalla. «Darxon», Hamid Olimjon mahallalari bilan chegaradosh. Tarixi Toshkentning Oqqo‘rg‘on mavzesi tarixi bilan bog‘liq. Aholisi 5168 kishi, asosan, o‘zbeklar va ruslar, shuningdek, boshqa millat vakillari ham yashaydi. Mahalla hududida masjid, 3 ta bolalar bog‘chasi, 2 ta o‘rta maktab, lak-bo‘yoq zavodi, ekskavator zavodi, Respublika sog‘liqni tiklash markazi, 12 ta kichik korxona mavjud.

«OQQO‘RG‘ON» MAHALLASI (Qizilqo‘rg‘on ko‘chasi, 3) – Yunusobod tumanidagi mahalla. «Mingo‘rik», «Obod» mahallalari bilan chegaradosh. 2005 yil 23 aprelda «Obod» mahallasi ikkiga bo‘linib, «Oqqo‘rg‘on» mahallasi tashkil etilgan. Oqqo‘rg‘on arig‘i shu mahalla hududida Bo‘zsuvdan ajralib chiqqanligi sababli shunday nom berilgan. Aholisi 1100 kishi, ko‘p millatli. Mahalla hududida Botanika va hayvonot bog‘lari mavjud.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/oqqo-rg-on/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x