Oqibat rishtalari

Abdurahim choʻl yoʻlidan ketib borardi. Toʻsatdan koʻzi yoʻl chetidagi mashinaga tushdi. Unda bir qariya ayol oʻtirar, atrofga chorasiz alanglardi. Yigit mashina yoniga kelib, eski ulovini toʻxtatdi. Ayol qoʻrqib ketdi, chunki shuncha vaqtdan buyon hech kim unga eʼtibor bermagan, yordam qoʻlini choʻzmagan edi. Bu odam biror yomonlikni koʻzlamaganmikan?

– Mening ismim Abdurahim, – deb oʻzini tanishtirdi yigit. – Sizga yordam beraman, onaxon. Ungacha mening mashinamda oʻtirib turing, ozroq isinib olasiz.

Yigit mashinaning u yoq-bu yogʻini tekshirgan boʻldi. Yoʻq, unaqa vahimali narsaning oʻzi yoʻq ekan. Gʻildirak teshilibdi, xolos. Biroq qariya ayol buni qanday toʻgʻrilashni bilmay ancha azob chekkan koʻrinadi. Abdurahim choʻkkalab, mashina ostiga qaradi. Qulay joy topib, koʻtarmani qoʻydi. Soʻng qoʻllarini kuh-kuhlab isitgach, ishga kirishdi. Gʻildirakni almashtirib boʻlgach, yuziga tabassum indi.

Muammo hal boʻlganini koʻrgan ayol:

– Sizga necha pul berishim kerak? – deb soʻradi, soʻng shosha-pisha qoʻshib qoʻydi. – Tortinmay aytavering, qanchaligining ahamiyati yoʻq.

Abdurahim shunday javob berdi:

– Xijolat boʻlmang, hech narsaning keragi yoʻq. Men bir yordamga muhtoj odamga koʻmaklashdim, xolos. Mening oʻzimga shu paytgacha qancha odam yordam qoʻlini choʻzgan – birgina Xudoga ayon. Agar minnatdorchilik bildirishni judayam xohlayotgan boʻlsangiz, yordamga muhtoj biror odamga duch kelsangiz, unga yordam bering va meni eslang.

Ayol qayta-qayta rahmat aytdi va mashinasiga oʻtirdi. Bir necha chaqirim yurgach, bir restoranga koʻzi tushdi. Yoʻl oldidan biroz isinib, tamaddi qilib olish niyatida restoranga kirdi. Unga xizmat qilgan juvon juda istarali ekan. Kun boʻyi oyoqda tik turgan boʻlsa-da, tabassum bilan muomala qildi. Ishi ham, homiladorligi ham, kundalik tashvishlar ham undagi muloyimlikni yoʻqota olmagani shundoq koʻrinib turardi.

Ayol ovqatlanib boʻlgach, haqini ortigʻi bilan toʻladi. Qaytim olib kelingunicha esa restoranni tark etdi. Uning ketib qolganini koʻrgan juvon hayron qoldi. Shu payt koʻzi stol ustidagi qogʻozga tushdi. Unda yozilganlarni oʻqigan juvonning koʻzlari yoshlandi: “Hayron ham, xijolat ham boʻlmang. Men shunchaki, yoʻlusti kirgan edim. Bugun menga bir inson samimiy yordam qildi va men ham sizga begʻaraz yordam qoʻlini choʻzdim. Agar chindan ham menga minnatdorchilik bildirmoqchi boʻlsangiz, ushbu oqibat rishtasini uzib qoʻymang. Vaqti kelib biror muhtoj kishiga koʻmak bering”. Juvon xatni oʻqib boʻlgach, sochiq ostida bir dasta pul turganini koʻrdi. Yuragi toʻlqinlanib, hayrat-hayajonga tushdi. Bu notanish ayol u va eri anchadan buyon pulga zoriqib yurganini qanday sezdi ekan-a?

Juvon uyiga kelgach, eriga mamnunligidan yal-yal yonib boqdi va ichki bir ishonch bilan dedi:

– Hammasi yaxshi boʻladi! Siz yaxshi odamsiz, Abdurahim aka!

 

Orif Tolib tayyorladi.

 

“Hidoyat” jurnalining 2014 yil 11-sonida chop etilgan.

https://saviya.uz/ijod/nasr/oqibat-rishtalari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x