Hayot shiddat bilan davom etyapti…
Dunyoqarashlar oʻzgaryapti…
Inson oʻzidan oʻzini izlagan sari qaysidir qirralarda munozaraga sabab boʻladigan jihatlari namoyon boʻlib qolyapti.
Shu oʻrinda azaldan ajdodlarimiz eʼzozlab kelayotgan milliy qadriyatlarimizning qayeridadir kemtiklik sezilib qolganday…
Ochiqroq aytadigan boʻlsak oqibat koʻchalarida beoqibat qusurlar koʻrinib qolyapti…
Qishloqda tugʻilganman.
Esimni tanibmanki, sinchi bobolarimiz, mehridaryo momolarimizning ibratli chashmalaridan qoniqib ichganmiz.
Ularning har biri bir hikmat edi.
Qishlogʻimizda qovunchi Hasanbobo boʻlardi.
Umri polizda oʻtdi. Tilni yorar “boʻrikalla”, “koʻkkallapoʻsh”,”bosvoldi”larni eshagining xurjuniga solib tekinga hamqishloqlariga tarqatib chiqardi.
Nurmatbobo bogʻidagi husayni, behishti, toyfi, oftobi, turkmani uzumlar qishloq bolalarining qishi bilan xushxoʻr yemishi edi.
Qishloq odamlari bir – biriga mehrli, oqibatli edi.
Pirnazar bobo oʻsha paytlari qishloqqa birinchi televezor olib kelganda butun qoʻshnilar bir hovlida oyinai jahon ajoyibotlarini koʻrib, hangu mang boʻlgandi.
Oqibat qoʻrgʻoni butun, oqibatli odamlar bisyor edi.
Xosiyatli uylarga xosiyatli qaldirgʻochlar in qurardi.
Bir qoʻshni xoʻroz soʻysa hamma dasturxon atrofida jamuljam edi…
Lang ochiq darvozalar zulfagi qulf koʻrmasdi.
Hovlilar oʻrtasida devor yoʻq edi.
Bir-birinikiga koʻngil soʻrab chiqib turishardi.
Tandirida non yopulgudek boʻlsa albatta qoʻshnisiga ilinardi.
Shumtakalarni bobolar tergovchi edi.
Momolar pinjiga olib ertak soʻzlovchi edi…
Bular mening bolalik xotiralarim.
Ulgʻaydik. Oʻqidik. Uylandik. Farzandli boʻldik.
Qarabsizki, bobo ham boʻldik.
Bolalik karvonlari olislab, ketib qolibdi.
Oʻsha qishloq. Oʻsha odamlar…
Shakli shamoyili ham oʻsha-oʻsha.
Kunlar oʻtgan sayin, zamonlar oʻzgargan sayin bilmadim odamlar ham oʻzgardimi?!.
Oqibatning yangi zamon shakllari paydo boʻldimi?!.
Yo oqibat degan tushunchalar… biroz zang bosdimi?!.
Yangi odatlar paydo boʻldimi?!.
Yo, bu “izm”lar taʼsirimi?!.
Vo ajab, deb yoqa ushlaysiz.
Darvoza, eshiklarga otning kallasiday qulflar ilingan.
Yana baʼzilari “chet elning qimmat qulfidan qurdim” deb maqtanib ham qoʻyishadi.
Paxsali, gʻishtli devorlar paydo boʻldi.
Oqibat koʻchalariga shayton oraladimi?!.
Nega bir-birimizdan yiroqlashyapmiz?!.
Hatto oʻzimizni oʻzimiz toifalarga boʻlib, “borchilik”, “yoʻqchilik”ka ayiryapmiz.
Nega?!.
Birovi birovining tomidan balandroq uy qursa… xursand.
Hatto darvozasi ham jilla qoʻshnisinikidan baland boʻlsa… tinch uxlaydi.
Qoʻshnilarning kimoʻzar tomoshasi qizib ketgan. Yana bir qoʻshni qoʻshnisini bir qarich yeriga devori kirib qolsa, koʻngil qarochilik.
Bu yogʻi sudgacha boradi.
Yana bir voqea: Qari onaxon keng hovlida bir oʻzi yashardi.
Farzandlari uyli-joyli, chiqib ketishgan.
Vaqt oʻtib, kampirning qazosi yetdi.
Mahalla-koʻy, farzandlari birgalashib joyiga qoʻyishdi.
Buni qarangki, hali qabri sovub ulgurmay toʻngʻich oʻgʻil mahallaga rahmatli onasining vasiyat xatini olib borib, keng hovlini oʻz nomiga rasmiylashtirishni soʻradi.
Rais esa hayratdan yoqa ushlab, toʻngʻich oʻgʻilga shu mazmunda yozilgan yana uchta vasiyat xatini koʻrsatdi.
Oqibatli hovlining oʻrtasidan baland devor urildi.
Hatto bu devordan daraxtlar ham tashqariga moʻralab qarolmaydigan boʻlishdi.
Oqibat qoʻrgʻoniga zil ketdi.
Havolatib qurilgan dangʻillama uylarga qaldirgʻochlar in qurmay qoʻyishdi.
Halizamon bitta xoʻroz soʻysa ham qishloqda bayram boʻlgan kezlarini xotirlagandim.
Endichi?!. Tuya soʻyishsa ham bilishmaydi… Tuya koʻrdingmi?!. Yoʻq!..
Qadimda arablarning toy qabilasidan boʻlgan Hotam safarda bir yerga toʻxtab, yetimchaning uyiga kirib qoladi. Uning bisotida oʻn besh qoʻyi bor edi.
Darhol mehmonga bir qoʻyni soʻydi.
Hotam Toy “Xudo haqqi, mazali ekan” deydi.
Yigit tashqari chiqib birin-ketin qoʻylarini soʻyib, Hotamga maʼqul tushgan joyini pishirib beradi.
Mehmondorlik tugab, Hotam Toy tashqari chiqsa, hovlida koʻp qon toʻkilganlini koʻrib, sababini soʻraydi.
– Sizga yoqqan joyini soʻyib pishirib berdim, – deydi yigit.
Xotam uning koʻrsatgan oqibatini koʻrib, evaziga uch yuzta saman tuya, besh yuz bosh qoʻy inʼom etgan ekan.
– Siz undan-da oliyhimmatlik qildingiz, – deyishibdi karvon ahli bu holni koʻrib.
– Yoʻq!.. U borining hammasini menga bergan edi, men esam behisob boyligimdan bir qatrasinigina berdim, – debdi Hotam Toy.
Rivoyatning magʻzi shuki, oqibat koʻrsatgan ming hissa mukofotini oladi…
Oqibatsizlik kasali hatto amal kursisida oʻtirgan baʼzi kimsalarga ham yuqqan koʻrinadi.
Shundaylardan biri xodimiga “Tilla tuxum tugʻib bergan boʻlsang ham, joyni boʻshat!” deb tursa, yana biri “Oyogʻing yerdan uzildimi, enagʻar?” deb tursa, yana biri otasidan katta kishiga sensirab “Holing boʻlsa ishla, boʻlmasa uyda oʻtir boboy”, desa.
Oqibat koʻchalarida nima boʻlayapti?!.
Aslida gʻarbliklar komillikni sharqdan oʻrgangan, hatto tan olishib, tarixlarga oʻz soʻzlarini muhrlab ketishgan: “Nur Sharqdan!” Tan olib aytilgan gap.
Germaniya davlatining sobiq Kansleri Gelmut Kol shunday degandi: “Hali XV asrdayoq, yaʼni german qabilalari oʻz madaniyati asoslariga ega boʻlmagan bir paytda Samarqandda yashagan buyuk olim va podshoh Mirzo Ulugʻbek yulduzlar jadvalini tuzdi”.
Biz nima qilyapmiz?!. Ajdodlarimiz qoldirgan merosni davom ettirish bizning burchimiz emasmi?!.
Ardoqli shoirimiz, sevgi, muhabbat kuychisi Muhammad Yusuf oqibatsizlardan ranjib, kuyungancha bor:
Mehr yuraklarda qotsa ichikib,
Oqibat ham boʻlgay anqo urugʻi.
Elning kichigini gʻajir kichigi,
Ulugʻini esa ulugʻi…
Oʻylab qolaman, buyuk adiblarimiz Asqad Muxtor “Uyqu qochganda”ni qoralayotganda, Oʻtkir Xoshimov “Daftar xoshiyasidagi bitiklar” ni bitayotganda, Ashurali Joʻrayevning “Sahifaga sigʻmagan satrlar”i dunyoga kelayotganda, Oʻroz Haydarning “Zarralar”i koʻz yorganda, Murod Xidirning “Tafakkur tugʻyonlari” qogʻozga tizilayotganda oqibat haqida bizlarga nimadir demoqchi, bizlar mayda deb oʻylagan “yara”lar maddalab ketmasligining oldini olib bong urayotganday tuyuladi menga.
Boʻlmasa, adib Ashurali Joʻrayev “Hayot oʻyini qiziq: yaxshilar va yomonlar bir-birlaridan qusur izlash bilan umrlarini oʻtkazadilar” deb oʻkinmasdi.
Shoir Oʻroz Haydar “Odam paydo boʻlgandan beri oʻzi oʻtirgan daraxt ildizini chopish bilan band”, deya afsus chekib yozmasdi.
Murod Xidir “Qani edi bola tarbiyasi yetti pusht naridan boshlangan boʻlsa!..” deb nadomat chekmasdi.
Shunday ekan, keling, bir-birimizga mehr oqibatli boʻlaylik.
Ajdodlarimiz bunyod etgan oqibat uyiga putur yetmasin.
Shoyim SHERNAZAR
“Ijod olami”, 2017–6
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/oqibat-kochalarida-nima-gap/