Oq yomgʻir

Chingiz AYTMATOV

 

Yuksak togʻ qoyalaridan esayotgan muzdek shamol qorongʻi daralar ichidan kuch bilan otilib chiqib, togʻ etaklariga ravona boʻlardi. Pastda ovul uyquga choʻmgan.

Atrof jimjit, derazalardan koʻrinib turgan chiroqlar sekin oʻcha boshladi. Qirov qoplab, endigina ochilay deb turgan bahor kurtaklari, oy shuʼlasida gʻira-shira kumushdek tovlanib turardi. Faqat shamolning tomga yopilgan qamishlarni shitirlatgan tovushi bilan uyqu aralash uligan it ovozi eshitilardi. Uzoqlardan esa togʻ daryosining shovullashi va motorlarning guvillashi arang quloqqa chalinardi…

Qorongʻida ovul chekkasidan ikki kishining gavdasi tez yaqinlashib kelmoqda edi. Ana ular, qadamlarini sekinlatib toʻxtashdi…

– Endi, bu yogʻiga oʻzim… Rahmat, – ayol kishining ovozi eshitildi.

– Kel, kuzatib qoʻya qolay, tagʻin itlar talab yurmasin, – javob berdi erkak kishining ovozi.

– Men itlardan koʻrqmayman…

– Shunday boʻlsa ham…

– Yoʻq, Qosimjon, sen ishga kechikib qolasan.

– Hali vaqt bor, ulguraman, – Qosimjon gugurt chaqdi. Miltillagan alanga bir lahzada qorongʻida katak roʻmolli qiz bilan egniga sportchilarning charmli kurtkasini, oyogʻiga esa kirza etik kiyib olgan yosh yigitni oʻz bagʻriga tortib olmoqchi edi.

– O, Saodat, hali yana rosa ikki yarim soat vaqt bor, – dedi u, soatiga qarab.

– Hojati yoʻq, Qosimjon, boraver… Biror kishi koʻrib qolgudek boʻlsa, gap qilishadi. Bundan tashqari, men juda bezovtalanayapman. Onam nega chaqirtirdi ekan?.. Tobi qochib qolgan boʻlsa-ya?

– Ha-a, agar shunday boʻlgan boʻlsa, uni yolgʻiz qoldirish mumkin emas. Lekin sen koʻpam siqilaverma, bir ilojini qilarmiz…

Ular yana bir oz turishdi-da, soʻng ajralishdi: Saodat – uyga, Qosimjon boʻlsa, togʻ tomonga yoʻl oldi. Bir oz yurgach, u orqasiga qaradi.

– Agar biror narsa boʻlsa xabar qil… Men kutaman.

– Yaxshn, – boʻgʻiq ovoz bilan javob berdi Saodat. U ham bir necha qadam yurgandan soʻng toʻxtadi-da, orqasiga qaradi. Qosimjon koʻrinmas edi. Zim-ziyo kecha. Saodat uyiga oshiqdi. U uyiga qanchalik yaqinlashib borar ekan shunchalik qadamini tezlashtirar edi. Oxiri Saodat sabri chidamay yugurib ketdi. Uning miyasi turli xayollar bilan band edi.

Xayolida xuddi u hozir yugurib borib eshikni ochadi-yu, koʻzlari xiralashib, toʻshakda yotgan kasal onasini koʻrayotganday edi. “Ona, qadrdonim, qimmatli onam”, deb qichqirib yuborgudek boʻldi Saodat, lekin ovozi chiqmadi.

Mana tanish darcha ham koʻzga tashlandi. Birdan oʻziga qarshi kelayotgan qandaydir soyaga koʻzi tushdi.

– Senmisan, Saodat? – soʻradi onasi.

– Nima qildi, opa?

– Shunday kechada yolgʻiz oʻzingmisan?

– Oʻzim, – dedi Saodat, yolgʻon gapirib.

– Seni qara-ya, xudonnng oʻzi asrabdi, – qoʻllarini ishqalab qoʻydi Zaynab opa. – Shunday ham boʻladimi.

– Yoʻq, men yoʻlovchi aravada keldim, – darrov oʻylab topdi Saodat.

Qizini quchoqlaganicha Zaynab opa yigʻlab yubordi:

– Kutaverib holdan toydim. Koʻzlarim teshildi. Kech ham kirdi, sendan hamon darak yoʻq. Yoʻlda biror hodisa roʻy berdimikan, deb xavotir oldim. Kutib olish uchun endi oʻzim yoʻlga chiqmoqchi boʻlayotgan edim.

– Senga nima boʻldi, opa, biz oʻtgan hafta koʻrishgan edik-ku.

Saodat traktor brigadasida pritsepchi boʻlib ishlardi, u butun yoz boʻyi dala shiyponida istiqomat qildi. Shuning uchun ham u har gal uyga kelganda Zaynab opa uchun haqiqiy bayram boʻlar edi. U qizini shunday sogʻinar ediki, bunday vaqtlarda uning oldidan bir qadam ham jilmas edi. Ular oʻchoqqa birga oʻt qoʻyishar, roʻzgʻor tashvishlari bilan band boʻlishardi – biri xamir qorsa, ikkinchisi goʻsht pishirar, Saodat sigir sogʻsa, Zaynab opa uning yonida turib, atala pishirardi. Gap deganning keti uzilmasdi. Zaynab opa xizmat qilayotgan kolxozda ham, Saodat ishlayotgan traktor brigadasida ham yangiliklar koʻp. Saodat qachon ariq boʻyiga bormasin, Zaynab opa darcha oldida turib unga tikilganicha kuzatib qolardi. Ona oʻz qizining boʻyga yetib qolganiga sira ishongisi kelmasdi. U Saodatning toʻlishgan, xushbichim yagʻrinlariga mehr bilan qarab turardi. Saodat mayda koʻzli kumush bilaguzuk taqib olgan tiqmachoqdek bugʻdoymagʻiz qoʻllari bilan obkashni mahkam ushlagancha epchillik bilan chiroyli qadam tashlab kelardi. Uning bir tekisda nafas olishi koʻylak burmalarini xiyol qabartib koʻrsatardi.

– Qoʻzichogʻim, koʻzimning oqu qorasi, nima desang ham oʻzing bilasan, lekin sen bilan maslahatlashmasdan shunday qarorga keldim, – oʻzicha tasavvuridan oʻtkazardi ona.

Bugun ona-bola har qachongidan koʻra xursand, bir-birlariga mehribon edi. Saodat onasining behuda chaqirmaganini, unga qandaydir bir muhim narsa aytmoqchi ekanini sezib turardi. Haqiqatan ham Zaynab opa bu gapni aytish uchun koʻpdan beri tayyorlanib yurardi.

Keyingi kunlarda qizining koʻngli nimagadir gʻash edi. Buning sababi nimada ekan?

Erta bahor kunlarining birida sal-pal qor yogʻib turgan edi, Saodat halloslaganicha uyga yugurib keldi.

– Opa! – hayajon bilan qichqirdi u ostonadan, – komsomol brigadasi keldi!

– Qanaqa brigada?

– E, bilmaysanmi hali, MTSdan komsomollar brigadasi. Komsomollar yangi yerda ishlashmoqchi. Ularni oʻz koʻzim bilan koʻrdim, opa, mashina va traktorlarda tegirmonning yonginasidan oʻtib ketishdi. Ular oʻzlari bilan omoch va seyalkalar ham olib kelishyapti.

“Muncha u bezovtalanadi? – hayron boʻlib qoldi shunda Zaynab opa. – Nima boʻlibdi, kelsa kelishibdi-da”.

Qizi hamon kuyib-pishib gapirayotgan edi:

– Men ularni qayerni haydashini bilaman, opa. Bizga u yer juda ham yaqin. Toqoy akaning aytishicha, ular bu yil “Eski oʻtov”ning hammasini haydashar emish.

Oradan bir necha kun oʻtgandan soʻng Saodat MTSga pritsepchi boʻlib ishga kirish uchun onasidan ruxsat soʻradi. Zaynab opa qizini uydan chiqarishga hech koʻngli yoʻq edi, lekin Saodatning oʻjarligi, oʻz aytganida turib olishini bilgan ona bir oz boʻshashdi.

– Bu yil pritsepchi boʻlib ishlayman, keyin esa bizni traktorchilikka oʻqitishadi. Axir men, komsomol majlisida soʻz berganman, soʻzimdan qanday qayta olaman.

Biroq ishga Saodatning amakisi Toqoy aka aralashmaganda bu bahona onaga taʼsir qilishi gumon edi.

– Yoshlarning koʻnglini oʻksitma, hamma narsa ularga ayon, mayli, borsin! – maslahat solardi u onaga. Saodat ham ketdi. Lekin koʻp oʻtmay ona qattiq pushaymon boʻldi.

U koʻrdiki, endi Saodat faqat unikigina emas, balki yana qandaydir qudratli bir kuch uni kundan-kun oʻziga tortayotgan edi.

Baʼzi vaqtlar uning nazarida Saodat oʻzidan koʻra aqlliroq tuyulardi. Bu qiz bola uchun ortiqcha emasmikin? Koʻplar oʻtishi bilan Saodatda onasi tushunmaydigan qandaydir oʻzgacha tashvishlar orta bordi. Nima uchun Saodat unga kelgandan soʻng onasini naqadar sogʻingan boʻlishiga qaramay kallai saharlab turib, sal tong yorishi bilan yana brigadaga oshiqadi?

Qiziq. Saodat baʼzan vazmin, ishchan, erkalik qilib onasiga suykalanar, baʼzan esa birdan koʻz oldi qorongʻilashib, onasidan ajrab qolgan boʻtaloq singari gʻamgin boʻlib qolar va xomushlanib, jimgina oʻtirardi.

– Oʻz ishingdan xursandmisan, Saodat? – goʻyo hech narsani sezmagandek soʻrardi Zaynab opa. – Brigadalaringizdagilar qanaqa odamlar oʻzi?

– Juda xursandman! – har vaqt javob berardi Saodat va hayajon bilan oʻz oʻrtoqlari haqida hikoya qilishga kirishib ketardi. Ular uzoq yerlardan kelishgan, mashinani ham yaxshi bilishadi. Hatto shundaylari ham borki, ular mashinalarni zavodda oʻzlari yasaganlar. “Qani, men ham oʻshalarday boʻlsam” derdi Saodat, koʻzlari chaqnagan holda. Shunday paytlarda u onasi uchun qandaydir begona va tushunib boʻlmaydigandek tuyulardi. Saodat onasining koʻzlaridagi bu tashvish alomatini sezmasdan, oʻzini hayajonga solayotgan hamma narsa haqida, komsomol majlisi, devoriy gazeta-yu, ishyoqmas, dangasa traktorchini qayerdan sudrab kelganliklari haqida va yana boshqa koʻp narsalar haqida gapirayotgan edi. Lekin Zaynab opa bularning hammasini ham tushunavermasdi.

Ular birga choy ichishdi. Saodat dasturxonni yigʻishtirib, piyolalarni yuvib, tokchaga olib qoʻydi. Yotish vaqti ham boʻldi. Biroq Zaynab opa Saodatga diqqat bilan qaraganicha hamon namat ustida oʻtirardi.

– Menga yaqinroq kel, qizginam, oʻtir, – oʻz yonidan joy koʻrsatdi u. – Sen bilan gaplashib olmoqchiman…

– Gapir, opa, qulogʻim senda.

Zaynab opa oʻz fikrlarini jamlab, gapni nimadan boshlashni bilmay anchagina turib qoldi.

– Sen mening koʻz ochib koʻrgan yolgʻiz qizimsan, Saodat, – dedi u qizining yuziga tikilib. – Sen mening ham oʻgʻlimsan, ham qizimsan. Mening sendan boshqa hech kimim yoʻq. Sen menga oson deb oʻylaysanmi? – Onaning koʻzlarida yosh tomchilari paydo boʻldi. – Faqat ishda bir oz unutaman, uyga keldimmi… yolgʻizlik yuragimni yondirib yuboradi… Qayerda qoldi ekan, biror narsa boʻldimikan, sogʻmikan… Ishing ayollar qiladigan ish emas, Saodat. Qiz bolaning plug ustida oʻtirishi nimasi… Bu ishingni qoʻy, uyga kel… Kolxozda ish oz emas.

Zaynab opa koʻz yoshlarini artib ogʻir xoʻrsindi. Uning nima demoqchi ekanini shu gaplarning oʻzidanoq payqab olish mumkin edi. Lekin Saodat onasi asosiy gapni aytmaganini sezib turardi.

– Nima, dala shiyponimizda qizlardan yolgʻiz oʻzimmanmi? Axir, bizning kolxozda boshqa qizlar ham bor-ku. MTSda yana qanchasi bor! Buning ustiga ular ishda erkaklardan qolishmayapti. Nima uchun men ishni tashlashim kerak ekan?

– Sen ular bilan teng boʻlma! – Zaynabning jahli chiqdi. – Ular ota-onalarining yakka-yu, yolgʻiz bolasi emas.

Saodat onasini mahkam quchoqlagancha koʻksiga bosib qotib turdi. Unga rozi boʻlishdan boshqa gap ham boʻlishi mumkin emas edi.

– Yaxshi, opa, sening aytganingcha boʻlsin. Biroq menga u yerda yana bir oz boʻlishga ruxsat ber. Hademay bahorgi ekish ham tugaydi, oʻshanda butunlay qaytib kelaman. Juda oz vaqt qoldi, sabr qil, opa…

Onaning koʻngli tinchidi. Yotish vaqti ham boʻldi. Koʻzi endi uyquga ketgan edi, qandaydir shitirlagan ovoz eshitildi. Zaynab opa koʻzini ochdi va Saodatning turib sokin deraza tomon borayotganini koʻrdi. Oyning koʻkimtir nuri qizning boshi va yelkalarigacha yoritib turardi. Saodat bezovtalanib onasiga qaradi, soʻngra sekingina deraza oldiga bordi-da, tizzasini qoʻllari orasiga olib sukut saqlab oʻtiraverdi. Aftidan, u nimalarnidir oʻylayotganday asabiylashib, koʻksiga tushib turgan sochlarini yulqib tortardi.

“Nega uxlay olmayapti?” – onaning yuragi yana xavotirdan zirqiray boshladi.

Saodat deraza oynalariga yaqinroq oʻtirib, togʻ yonbagʻrida ishlayotgan traktor chiroqlarining ahyon-ahyonda yonib oʻchayotganini tomosha qilib oʻtirdi. Uzoqdan eshitilayotgan motorlarning guvillashiga zavq bilan quloq solardi. Traktorlar goʻyo yaqin atrofda ishlayotgandek ularning shovqini goh yaqinlashar, goh qiz diqqatini oʻziga jalb etganday uzoqlarga ketib qolardi.

“Traktorga quloq solyapti”, – oʻzicha oʻyladi Zaynab opa va u ham doim shu guvillagan ovozni eshitadigan boʻldi. Uning qizi ham oʻsha yerda, dalada ishlaydi, Saodat uyda boʻlmagan paytlarda esa ona shu guvillagan tovushni eshitib, koʻngli bir oz tinchiganday boʻladi. Ha, qizi deraza oldida behuda oʻtirgani yoʻq. U butun vujudi bilan oʻsha yerda, traktorlar zoʻr berib shudgor qilayotgan yerda oʻtirardi. Buni Zaynab opa yaxshi sezardi.

Saodat uzoqdagi chiroqlarga boqib turar ekan, nazarida oʻtkir plug tishlari qoʻriq yer qatlamlarini qiya qilib, mayin tuproqlarni taram-taram agʻdarib borayotganini koʻrib turganday boʻldi. Qachonlardan beri inson qoʻli tegmagan edi bu yerlarga.

Mana endi ular Qosimjon bilan birga inson qadami yetmagan, qarovsiz yerga birinchi boʻlib jon kiritmoqdalar. Endi bu yerda ekinlar boshoqlaydi. Hademay yoʻllar tushadi. Qadimda koʻchmanchilar koʻchib yuradigan “Eski koʻchmanchi” vodiysidagi togʻ oraligʻida uylar qad koʻtaradi, shunda odamlarimiz kelgan kishilarga faxrlanib: “Mana shu daladan oʻtsangiz molxonani koʻrasiz, undan narida koʻcha bor, xuddi ana shu yer bizning kolxoz boʻladi” deyishadigan boʻladi. – “Ha, buning hammasini oʻz qoʻlimiz bilan yaratganmiz!” – oʻylardi Saodat koʻngli quvonchga toʻlib. Axir, bu chinakam baxt emasmi, butun hayotingni unga bagʻishlasang arzimaydimi?!

Yorqin quyosh ostida jimirlab yotgan koʻkimtir shudgor uning koʻz oʻngidan oʻtdi. Saodat ana shu iliq bugʻ bilan toʻyib-toʻyib nafas olardi. Yerning namiqib anqigan hidi uni oʻziga chorlardi. Oh, qanday yoqimli…

Oʻtloqning narigi boshiga borib qaytishda Saodat tezda plug richaglarini almashtiradi. Oynadek yaraqlagan lemex tishlari yer bagʻridan koʻtariladi. Ularning har birida quyosh nuri akslanib turardi.

Traktorni qaytara turib, Qosimjon unga qarab kulib qoʻyardi. Saodat esa:

– Boʻsh kelma, Qosimjon! Bugun birinchilikni olamiz! Boʻsh kelma!..

“Qosimjon… uchrashganimiz qanday yaxshi boʻldi, birga ishlayapmiz! Men dunyoning narigi burchiga boʻlsa ham orqangdan borishga tayyorman”, – shivirlardi Saodat oʻzicha.

Zaynab opaning koʻngli xavotirda edi. Nima qilarini, qiziga nima deyishini bilmay ogʻir xoʻrsinib, ikkinchi yonboshiga oʻgirilib yotdi. Saodat seskanib ketdi. Ancha vaqtgacha gapirmay jimgina oʻtirdi, soʻng onasi tomon bir qarab oldi va ohistagina karavot oldiga keldi-da, yotdi. Biroq qiz ham, ona ham uxlay olmadi. Ularning har biri oʻz xayollari bilan band edi.

Zaynab opa qizining boʻyga yetib qolganini va uning kelgusi taqdiri haqida harakat qilish zarurligini oʻylardi. Agar oʻz ovulimizdan biror munosib yigit topilsa, u vaqtda qizi doimo oʻz qanoti ostida boʻlardi. Agar kuyov yolgʻiz boʻlsa yana yaxshi – ichkuyov qilib olardi. Qiz, hatto sep tayyor ekanidan hali xabarsiz edi. Turli xil kigizlar tayyor, faqat chodir sotib olish qolgan edi.

Saodat esa Qosimjon haqida, u bilan birinchi uchrashganlari haqida oʻylardi… Oʻsha kezlarda ular bir agregatda ishlashar edi. Har gal ham traktor toʻxtaganda Qosimjon uning oldiga kelib soʻrardi:

– Sen charchamadingmi, Saodat? Bir oz damingni ol. “Nega muncha menga yopishib oldi u? – Jahli chiqib derdi Saodat. – Nima, men yosh bolamanmi?”

Agar Qosimjon undan ahvol soʻramasa, Saodat yana achchiqlanardi: “Nega u biron narsa demaydi? Xafa boʻldimi yoki men uning joniga tegdimmi?”

Kunlardan birida ular qoʻshni chegaraga yaqin joydagi eng baland qoyaga chiqmoqchi boʻlishdi. Saodat oʻsha kunni hech qachon unutmaydi. Tik qoyaga koʻtarilish qancha qiyin boʻlmasin, lekin ular charchashni ham unutib, toʻxtamasdan nima boʻlsa ham choʻqqiga chiqib olish uchun qatʼiy ahd qildilar. Ikkovlari ham u yerda bir-birlariga qandaydir muhim narsa aytish haqida oʻylardilar. Axir bu yerda ularning soʻzlarini hech kim eshitmasdi-da: bu yaqin-orada ulardan boshqa biror tirik jon yoʻq. Biroq choʻqqiga chiqib olganlaridan keyin ham ulardan birontasi koʻnglidagini ochiq aytishga botinolmadi. Faqat qaytib tushayotganlarida Saodat toʻsatdan sirgʻanib ketdi, Qosimjon uni mahkam tutib qolib, oʻpib olmoqchi boʻlib intildi, ammo bu safar Saodatning jahli chiqmadi. U hech qachon oʻzini shunday baxtli his etmagan edi.

 

* * *

 

Zaynab opa lang ochilgan eshik yondoriga suyanganicha uyning ichkarisiga qarab turardi. Uning harakatsiz bosh egib turishidan, taajjublanib xiyol koʻtarilgan qoshlari va bir-biriga botib ketgan lablaridan sukut saqlab, umidsizlikka berilayotgani sezilib turardi.

U biror qoʻrqinchli narsani kutayotganday ostonaga qadam tashlashga botinmay turdi yoki nimanidir esladi. Balki togʻdan shamol olib kelayotgan shovqin-suronga quloq solayotgandir. Koʻylagining keng va uzun yengi shalvirab osilib turardi. Yonida esa paqirdagi suvlari chayqalib obkash yotardi. Zaynab opa hozirgina ariqdan suv olib qaytgan edi. Zaynab opa u yerga borib Saodatning erga chiqqanini eshitib kelgandi. Ona qalbi chuqur iztirobga toʻlgan. Endi u huvillagan uyda yakka-yu, yolgʻiz. Uning uchun hamma narsa muhayyo, biroq qizining ketib qolishi bilan butun orzu-umidlari havoga uchganday boʻldi.

Agar Toqoy akaning qayligʻi Jiydagul kelmaganida Zaynab opaning shu zaylda qancha turishini kim bilsin. Jiydagulni koʻrishi bilan Zaynab opa vaysab ketdi:

– Mana, qiz zoti qanaqa ekan? Oh, shoʻrim qursin. Xudo mening nasibamni qiydi, oʻgʻil bermadi. Oʻgʻil boʻlganda oʻz uyini tashlab ketmay, balki qalligʻini yetaklab kelarmidi.

Jiydagul nimjongina va hamisha moʻmin-muloyim, hozir esa butunlay boshqacha boʻlib qolgan bu xotinga qoʻrqinch bilan qarab turardi.

– Saodat meni sharmanda qildi! – deyardi Zaynab opa gap orasida. – Qochqin kishidek izzat-ikromsiz ismi-rasmini qilib uzatilmasdan bir darbadarning orqasidan ergashib ketdi. U Saodatni allaqayoqlarga olib ketadi, koʻrmay ham qolaman.

– Qiziqsiz, Zaynab opa, qizingiz uzoqda emas, shu yerda-ku! – deb Saodatning yonini olardi Jiydagul.

– Bas qil! Mening shu ahvolga tushishimga sizlar ham aybdorsizlar. Uning MTSga borishiga sening Toqoying sabab boʻldi. Men boʻlsam goʻllik qilib, erimning ukasi deb uning gaplariga ishonibman. Bor ayt, agar akasining xotirasi va urugʻimizning shaʼni unga qadrli boʻlsa, Saodatni yoʻldan qaytarsin. Bor!

Shu kuniyoq Toqoy aka odatga koʻra xotinini Zaynab opani chaqirib kelishga yubordi.

Toqoy aka egachisini kutib, kigiz ustiga toʻshalgan poʻstak ustida qovogʻini solib oʻtirardi. Barcha oila aʼzolari ham u bilan birga oʻtirardi. Uy issiq edi. Qozonda goʻsht, stol ustida esa samovar qaynardi!

– Hammasidan xabarim bor, Zaynab, – gap boshladi Toqoy, hurmat bilan unga piyoladagi choyni uzatayotib. – Sen uchun oʻzim ham xijolat tortyapman. Agar Saodat ahmoqlik qilgan boʻlsa, men hoziroq otni egarlab, sochlaridan sudrab bu yerga olib kelaman! – Cholning koʻzlari gʻazabdan chaqnar edi. – Ammo men bunday qilmayman. Undan koʻra mening qoʻllarim uzilib tushsin. “Eski koʻchmanchi”dagi yerlar koʻpdan beri sening qizingga oʻxshash odamlarni kutardi. Zaynab, men seni tinchlantirishga va koʻndirishga harakat qilmoqchi emasman. Lekin bir narsani eslataman. – Toqoy tilining ostiga nosvoy tashlab oldi va qoramtir moʻylovini oʻychan silab qoʻydi. – Hozir “Eski koʻchmanchi” yerlari ochilmoqda. Uzing bilasan-ku, bir vaqtlar biz bu ishni uddalay olmagan edik. Oʻsha vaqtda biz bu pastqam yerlarni oxiri bir kun oʻzlashtiramiz, deb oʻylashga ham botina olmagan edik. Boylar bizni siqib, oxiri ana shu “Eski koʻchmanchi” yerlariga haydab yuborishgan edi. U joylarda yerni haydash ham, sugʻorish ham noqulay edi.

Esingdami, oʻshanda akamni sevib qolib, u bilan bu yerga qochib kelganlaring? Ochlikdan oʻlmaslik uchun, hatto mana shu poʻstakdan ham katta boʻlmagan yerni haydashga qaror qilgan edik. Toʻgʻri aytasan, yerni qanday tozalaganimiz, toshlarni qoʻlda koʻtarib tashiganimiz, togʻ yonidan ariq qaziganimiz va “Ilon qoyasidan” suv koʻtarilib bu ariqda chiqmagani yodingdami?

Shularni eslaysanmi, Zaynab? Axir quruq qoʻl bilan qoyalarni agʻdarib boʻlarmidi? Mehnatimiz zoye ketib, ekinlar qurib qoldi. Sen oʻshanda qanday yigʻlaganingni eslaysanmi, hatto biz erkaklar ham koʻz yoshlarimizni zoʻrgʻa tutib turgan edik. Oʻshanda biz “Eski koʻchmanchi” yerlaridan kaftdek qismini ham ishlay olmagan edik. Lekin bizga koʻp yer kerakmidi? Faqat ochlikdan oʻlmaslik uchun… Endi esa bizning bolalarimiz “Eski koʻchmanchi”ni oʻzlashtirishga bel bogʻladilar. Agar sen ularni hozir nimalar qilayotganini koʻrganingda edi… Ular zoʻr ishonch bilan ishlayapti. Ularda bilim bor, mashina bor… Hademay gallamiz daryo boʻlib oqadi.

Eh, Zaynab, yoshligingda oʻz sevgan kishing uchun har qanday qiyinchiliklarga duch kelgansan. Shunday ekan, nima uchun sening qizing oʻz sevgani bilan turmush qurishga va u bilan birga mehnat qilishga haqli emas ekan, a?

Zaynab opa jim turardi.

– Sen aqlli xotinsan, – davom etardi Toqoy, – tushunishing kerak. Saodat shunday qilmasdan iloji yoʻq edi. Kuyoving Qosimjon esa ota-onasiz darbadar emas, ajoyib yigit, brigadada birinchi traktorchi. Uning ota-onalari shaharda yashaydi. Ularni juda yaxshi, hurmatli kishilar deyishadi. Saodatga kelsak, u onasini unutib ketadiganlardan emas. Yakshanba kuni ular senikiga kelishadi, kuzda esa sen odat boʻyicha yoʻl ochar qilasan. Toʻyni boʻlsa birinchi hosil yigʻilib, ular yangi uyga koʻchib kirgan kuni qilamiz.

Toqoy aka nima degan boʻlsa Zaynab opa jimgina oʻtirib tingladi. Keyin oʻrnidan turib eshik tomon yoʻl oldi. U bunga rozi boʻldimi, yoʻqmi, hech kim tushunmadi.

Toqoy aka mehmonni kuzatishga chiqdi. Tashqarida shunday qattiq yomgʻir yogʻayotgan ediki, hatto, togʻlar ham, daraxtlar ham, nariroqdagi uylar ham koʻrinmasdi. Hamma narsa suvli tuman bilan qoplanib olgan edi.

– Eh-he, hamma yoqni qoplab olibdi-yu! Ana koʻrasan, bu oq yomgʻir kamida ikki-uch kun toʻxtovsiz yogʻadi…

– Oq yomgʻir deysanmi? – Past ovoz bilan soʻradi Zaynab opa va javobini ham kutmasdan ketib qoldi.

 

* * *

 

Zaynab opa uyga kirib kelar ekan, xayol seliga choʻmganicha burchakka kelib oʻtirdi va yomgʻir tomchilari oqib tushayotgan derazaga qaradi.

– Oq yomgʻir! – shivirladi u allanarsani eslaganday. Zaynab opa yoʻlda kelayotiboq, Toqoy har holda haq degan xulosaga kelgandi. Lekin u uyining ostonasiga qadam qoʻyishi bilan, qoʻllari shalvirab, yuragi muzlab ketdi va yana oʻzini yolgʻiz his eta boshladi. Biror roʻzgʻor ishlari bilan band boʻlmoqchi boʻldi-yu, lekin, yuragiga hech narsa sigʻmadi. U har vaqt nimadir yetishmayotganligini oʻylardi. Lekin uning nima ekanligiga sira tushuna olmasdi.

Nihoyat u buni topdi: odatdagidek togʻ tarafdan kelayotgan motorlarning ovozi eshitilmas edi. Har doim onani traktorlarning ovozi tinchlantirardi, chunki bu ovoz sevimli qizi bilan, uning kelajagi bilan bogʻliq zdi. Zaynab opa xavotirlanardi: “Traktorlar jim, oq yomgʻirning ikki-uch kun yogʻadiganday shashti bor. U bechoralar palatkalarda nima boʻldi ekan? Nam, sovuq, pechka yoʻq”. Uning yosh kelin-kuyovlarga rahmi keldi. Axir ular chillalik-ku, tezroq yakshanba kela qolsa edi.

Zaynab opa barmoqlari bilan yakshanbagacha necha kun qolganini sanadi. Toʻrt kun! Qanday uzoq! U tezroq Saodat va Qosimjonni koʻrgisi kelardi. Bir oz oʻtirgach, keskin oʻrnidan turdi-da, sandiqdagi oq surpni olib, erkaklar kiyadigan koʻylak bichdi. Soʻng pechkaga oʻt yoqdi. Xonada darrov hamma narsa saranjom boʻldi. Goʻsht pishguncha Zaynab opa mashinada koʻylak tikib boʻlayozdi. Endi u qoʻl qovushtirib oʻtirmasdan boʻgʻirsoq qovurilayotgan qozon oldida oʻralashib qoldi. Olovdan qizib ketgan yuzlari qip-qizil boʻlib, mayda ter tomchilari bilan qoplandi. Biror yaxshilikni kutayotgandek koʻzlari quvonch bilan porlardi. Aftidan u katta bayramga tayyorlanayotganday edi. Ha, haqiqatan ham shunday. U hoziroq “Eski koʻchmanchi”ga borishga qaror qildi. Tayyorlanib boʻlgandan soʻng, Zaynab opa Saodatning sepi uchun asrab qoʻygan gulli shol roʻmolni olib keldi-da, koʻylak bilan birga qoʻshib xurjunning bir koʻziga soldi, uning ikkinchi koʻzini esa goʻsht va boʻgʻirsoq bilan toʻldirdi.

Endi ketaverish mumkin edi, lekin u oʻylanib qoldi – erga tekkan qizinikiga taklif qilinmasdan borish yarashmasa kerak. Toqoy kuzgacha kutishni maslahat bergan edi. Lekin bu nihoyatda uzoq muddat. Toʻgʻri, Saodat va Qosimjon yakshanba kuni kelishadi. Ammo yakshanbagacha hali toʻrt kun bor… U esa oʻz bolalarini va “Eski koʻchmanchi”da nimalar qilinayotganini hoziroq oʻz koʻzi bilan koʻrgisi kelardi. Bordi-yu, uni kulgi qilishsa-chi? “Nima deb oʻylashsa oʻylashaversin, bari bir boraman”.

Zaynab opa yangi shoyi koʻylagini, mahsi-kalishini, sevgan choponini kiyib, xurjunini yelkasiga tashladi-da, boshiga katta qanorni yopinib uyidan chiqdi.

Tashqarida boʻlsa oq yomgʻir yogʻayotgan edi.

 

* * *

 

Kul rang tuman aralash yomgʻirda soʻqmoq boʻylab ot ustida xotin kishi sekin yurib borardi. Yer dengizi haydalib tashlangan, katta ariqlar qazilgan, yomgʻir bilan yuvilib, yer qobigʻini sekin-asta yorib yashil oʻsimlik – birinchi bahorgi bugʻdoy unib chiqmoqda. “Eski koʻchmanchi” yerlari tanib boʻlmas darajada oʻzgargan. Hosil olish mushkul boʻlgan bir parcha yer qayerda edi? Suv chiqarib boʻlmagan ariq qayoqda qoldi?..

Zaynab opa otdan tushib, yonidagi toshga oʻtirdi-da, yigʻlay boshladi. Biroq, endigi koʻz yoshlar oʻz farzandlarining faxri uchun, ularning ajoyib katta ishlarini koʻrib quvonch hislariga toʻlgan onaning koʻz yoshlari edi.

 

1954 yil

 

Asil Rashidov tarjimaci

https://saviya.uz/ijod/nasr/oq-yomgir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x