Oq qogʻoz bilan yuzma-yuz

Yuriy Kazakov

 

Chin maʼnodagi karvonsaroyga aylanib qolgan, dengizchi va sayyohlar bilan toʻlib-toshgan koʻhna, devorlari yagʻir mehmonxonaning eski qanotidagi xonada oʻtirardim. Boʻlmada turli xalta-xurjunlar, ashqol-dashqollar ochilib-sochilib yotar, tamaki qutilari, ustara, qurol-aslaha, oʻq-dori va hokazolar har joyda qalashgan edi. Buning ustiga, adabiyot haqida behuda va ogʻirdan ogʻir bahs boʻlgan, hozir deraza yonida horgʻin oʻtirar edim. Allaqachon qosh qorayib, sokin tun choʻkkan va u mening ruhimga xuddi zahar kabi tobora yoyilib borardi. Garchi xunobim oshib turgan boʻlsa-da, ertaga bir kemacha tiklab, Yangi Yerga va undan nari Kar dengizi tomonlarga borishimiz haqidagi fikrdan ichim yayrardi.

Men hamon derazadan olis-olislarga, tomlarning tepasiga, ufqdagi yengil qizgʻish bulutlarga tikilib oʻtirardim. Tomlar orasidan Dvina daryosi unda-bunda yalt-yalt koʻzga tashlanardi. Bandargoh ostonasida turgan mahobatli oʻrmonchi kemalar esa qorayib koʻrinar, ulardan gʻira-shira yorugʻlik taralardi. Goh-gohida pishillab bugʻ koʻtarilar, ishlayotgan ulkan murvatlar boʻgʻiq gurillar, shatakchi kemalar itlarday uv tortar, safarga otlanayotgan kemalar esa kuchli va gʻamgin zang chalar edi.

Pastda allaqachon ulovlar siyraklab qolgan, tramvayning taraqa-turugʻi umuman kamaygan edi. Ayni damda ostki qavatdagi restoran vagʻir-vugʻurga toʻlgan, orkestrning ilhomi bevaqt qoʻzib, gʻijjaklar dodlar, nogʻoralar ustiga tinimsiz musht yogʻilar edi. Kechqurungi sozandalar guruhi odatda nafaqaxoʻrlardan iborat boʻlardi. Restoran oynalari hovli tomonga qaragani sababli ovozlar mening xonamga yaxshigina yetib kelardi. Ana, restoranning hamishahozir, oʻzgarmas qorovuli Vasya togʻa aysh-ishratga oʻrgangan uch-toʻrtta olchoq-muttahamni ichkariga qoʻymadi. Bu paytda mening qadrdon va baxtiyor bir doʻstim restoranda oshnalari – rumin sirkchilari bilan ispancha va eskimoschada suhbatlashib oʻtirardi. Men esa yolgʻiz edim. Boyagina pastki qavatda mahalliy bir bilimdon bilan adabiyot toʻgʻrisida qurgan bahsimiz yodimga tushdi va yozuvchi jasorati haqida oʻylay boshladim.

Yozuvchi mardonavor boʻlishi kerak, deb oʻyladim men. Chunki uning hayoti qiyinchiliklar bilan kechadi. U oppoq qogʻoz bilan yuzma-yuz qolgan chogʻlari hamma-hamma narsa unga qarshi chiqadi. Ungacha yozilgan milyon-milyon kitoblar bosh koʻtarib keladi. Axir, sengacha hamma gap aytib boʻlingan boʻlsa, endi qoʻlga qalam olishning nima keragi bor? Buni oʻylashning oʻzi dahshat! Yozuvchining yovlari orasida bosh ogʻrigʻi va baʼzan qoʻzgʻalib qoladigan oʻziga ishonmaslik hissi ham bor. Buning ustiga, ishlayotgan paytingda qoʻngʻiroq qiladigan yoki yoʻqlab keladigan turli odamlar, turfa tashvishlaru yugur-yugurlar, goʻyo muhimday koʻrinadigan ishlar… Aslida, yozuvchi uchun oldida turgan ijodiy ishdan koʻra ahamiyatlirogʻi yoʻq. Unga hatto quyosh ham xalal beradi: uydan chiqishga, umuman, biror joyga borib, hordiq chiqarishga, atrof-muhitni koʻrish, biror yaxshi voqeani boshdan kechirishga chorlab turadi. Ishga qoʻl bormay, yurak tisarilib turgan damlarda yomgʻir ham vahimaning uyasiga aylanadi, ishdan tamoman sovitadi.

Yozuvchining tevaragidagi jumla olam qaynoq hayot ichida tinimsiz harakatlanadi, yelib-yuguradi, butun dunyo qayergadir shoshadi. U esa bu olamga goʻyo yoshligidayoq asir tushgan, u boshqalarga qoʻshilib yashashi zarur. Bunday boʻladigan boʻlsa, uning yolgʻiz qolishiga qanaqa ehtiyoj bor? Juda katta ehtiyoj bor. Chunki ijod jarayonida uning atrofida hech kim – na onasi, na xotini, na bolalari – hech kim boʻlmasligi kerak. U faqat qahramonlari, soʻz-iboralari va zavqu shavqi bilan birga boʻlishi zarur.

Yozuvchi ishga kirishar ekan, unga qarshi haddan tashqari koʻp “dushman” qurollanadi, hamma narsa uni chorlaydi, unga oʻzini eslatadi. U esa oʻzigagina xos, oʻzi oʻylab topgan dunyoda yashashi shart. Hech kim hech qachon koʻrmagan, biroq hayotda borday tuyuladigan qahramonlarini oʻz yaqinlariday bilishi, ular haqida qaygʻurishi kerak. Deraza yoki devor ortiga, qayerlargadir tikilib oʻtirar ekan, u hech narsani koʻrmaydi. Faqat poyonsiz kunlarni, ortda qolgan va oldda turgan sahifalarni, oʻzining omadsizligiyu chekinishlarini koʻradi, xolos. Bu unga judayam ogʻir va alamli. Unga hech kim yordam bera olmaydi, chunki u tamoman yolgʻiz.

Hamma gap ana shunda, unga hech kim koʻmakchi boʻlolmaydi, uning uchun biror zot qoʻliga qalam yoki mashinka olib biror narsa qoralamaydi, qanday yozish kerakligini koʻrsatib bermaydi. U bu ishni oʻzi yolgʻiz bajarishi kerak. Agar buni eplay olmas ekan, har qanday chiranish bekor – u yozuvchi emas. Sogʻmisan-kasalmisan, ishingni toʻgʻri tanladingmi-yoʻqmi, sabr kosang chuqurmi-sayoz – bular bilan hech kimning ishi yoʻq. Ana shu holatda oʻzingni yoʻqotmaslik katta jasorat boʻladi. Agar sen yomon yozgan boʻlsang, seni hech narsa – unvoning ham, mukofotlaring ham, oldingi muvaffaqiyatlaring ham qutqara olmaydi. Unvoning baʼzida yomon yozgan narsangni chop etishga koʻmaklashishi mumkin, doʻst-oshnolaring yozganingni maqtab, koʻnglingni koʻtarishga urinadi, qalamhaqi ham olasan. Lekin bularning baridan qatʼi nazar, sen yozuvchi emassan…

Barini yana qaytadan boshlash uchun sabr-toqatli, matonatli boʻlish zarur. Ishga kirishgan chogʻing birdan isteʼdoding qayoqqadir yoʻqolib, birinchi jumladayoq tilingga tushov tushsa, bunga mardonavor chidash bermogʻing kerak. Isteʼdod baʼzida uzoq vaqtga ketib qoladi, lekin sen chidamli boʻlsang, albatta qaytadi.

Haqiqiy yozuvchi kuniga oʻn soat ter toʻkadi. Ishlar yurishmay qolgan holatlar esa koʻp boʻladi. Kunlar ketidan kunlar oʻtib boradi. U hech narsa yoza olmaydi va, shu bilan birga, bu ishdan voz ham kecha olmaydi. Alam-gʻazab bilan, deyarli koʻzda yosh bilan oʻzi shundoq ham sanoqli boʻlgan kunlar shuvillab oʻtayotganini, behuda sovrilayotganini his etib yashaydi.

Nihoyat, asariga soʻnggi nuqtani qoʻyadi. Endi u boʻm-boʻsh. Goʻyo endi u boshqa biror satr ham yozmaydiganday. U, deylik, “Mana, ishimni qilib qoʻydim, stolimda bir bogʻlam boʻlib qoralamam turibdi. Bunaqasini hozirgacha hech kim yozmagan. Mayli, mengacha Tolstoy va Chexov ham qalam tebratgan, lekin bu asarni men yozdim. Bu boshqacha narsa. Balki meniki ularnikidan koʻra mundayroqdir, lekin bu oʻziga xos asar. Ustiga ustak, yozganimning yaxshi-yomonligi haqida xulosa qilishga hali erta. Qani, qoʻlidan kelsa, boshqalar ham shunga oʻxshash biror narsa yozib koʻrsin”, deb oʻylashi mumkin.

Ish bitganda yozuvchining xayoliga shunday gaplar kelishi ehtimolga yaqin. U asariga soʻnggi nuqtani qoʻydimi, demak, oʻzini oʻzi yengdi. Bu judayam qisqa va oʻta maroqli kun boʻladi. Chunki u yaqin orada yangi bir ishga kirishadi, hozir esa ana shu qisqagina zavq lazzatini totib qolishga urinadi.

Chunki u, deylik, bahor oʻtib ketganini birdan sezib qoladi. Aprel boshida kunbotarda qora bulutlar toʻplangan va oʻsha tomondan kuchli iliq shamol esib, qorlarni ilma-tekshik qilib eritib yuborgandan buyon qancha vaqt oʻtib ketibdi-ya! Muzlar erib bitibdi, soylar quribdi, koʻklam maysalari qovjirabdi, boshoqlar toʻlishib, sap-sariq rangga kiribdi – butun bir asr suvday oqib oʻtibdi. U esa hammasini boy beribdi, bularning birortasini koʻrolmabdi. Shu davr ichida jahonda nimalar boʻlmadi, odamlarning hayotida qanday oʻzgarishlar yuz bermadi. U esa faqat ishladi, qarshisida yangi va yangi qogʻozlargina paydo boʻldi, dunyoni oʻz qahramonlaridagina koʻrdi. Oʻtgan vaqtni endi unga hech kim qaytarib bermaydi, u umrning bu boʻlagidan manguga judo boʻldi.

Bundan soʻng yozuvchi asarini jurnalga beradi. Eng yaxshi holatni olib koʻraylik. Uning yozganlarini birdaniga, mamnuniyat bilan olib qolishdi. Yozuvchiga qoʻngʻiroq qilishadi yoki telegramma joʻnatishadi. Boshqa jurnalga berib qoʻymasin deb ogʻiz koʻpirtirib maqtashadi. Yozuvchi zavqu shavq bilan, toʻlib-toshib tahririyatga boradi. Uni koʻrganidan hamma xursand, u ham xursand. Judayam ajoyib odamlar, ajoyib chehralar. “Qadrdon, – deb gap boshlaydi tahririyatdagilar. – Yozganlaringizni beramiz, albatta beramiz. Oʻn ikkinchi sonda ketadi!”. Oʻn ikkinchi son degani dekabrda chiqadi. Qishda. Hozir esa yoz…

Yozuvchiga hamma mamnun boqadi, tabassum qiladi, qoʻlini siqib, yelkasiga qoqib ham qoʻyadi. Hammada gʻaroyib bir ishonch borday, goʻyo yozuvchi yana besh yuz yil yashaydi. Goʻyo bu olti oy olti kunday tez oʻtadi-ketadi.

Yozuvchi uchun gʻalati, ogʻir bir davr boshlanadi. U vaqt tezroq oʻtishini istaydi. Yoz tezroq oyoqlayqolsaydi. Hali bu yoqda kuz ham bor. E-e… Dekabr, unga dekabr kerak. Dekabrni kutaverib yozuvchining tinkasi quriydi.

U yana ishga kirishadi, xuddi oldingi safargiday ishi birda yurishadi, birda oqsaydi. Vaqtning uchqur tulpori esa tinmay yeladi, yil oʻtib, yana aprel keladi. Endi ishga tanqidchilik aralashadi.

Yozuvchilar tanqidni toʻgʻridan toʻgʻri qabul qiladi. Ayrim yozuvchilar oʻzlari haqida nima deyishayotgani bilan qiziqmaydi, degan gap mutlaqo xato. Bunday paytda bardosh yozuvchiga har qachongidan ham koʻra zarurroq. Tanbehlaru adolatsizliklarga chidashning oʻzi boʻladimi! Gʻazablanmaslik kerak, ustingdan doʻl yogʻdirishayotgan paytda ishingdan qoʻlni yuvib qoʻltiqqa urmaslik kerak. Agar maqtashsa, maqtovga uchmaslik darkor. Maqtov qoʻrqinchli narsa, u yozuvchida oʻzi haqida aslidagidan koʻra ijobiy, qanoatli fikrlar paydo qiladi. Endi u oʻziga oʻrgatish oʻrniga birovlarga oʻrgatishni boshlaydi. Axir, yozuvchi yangi asarini qay darajada qoyilmaqom yozgan boʻlmasin, bundan ham yaxshi yozish imkoniga ega. Buning uchun undan mardonavor boʻlish va oʻzini tarbiyalashda davom etish talab etiladi.

Lekin eng xavfli narsa maqtov va olqishlar ham emas. Eng qoʻrqinchlisi – sen haqingda hamma sukut saqlasa. Biror kitobing chiqsa, uning chinakam asar ekanini bilib tursang-u, bu haqda birov lom-mim demasa. Xuddi ana shu damda matonatli boʻlish zarur!

Adabiy haqiqatning ildizi hamisha hayot haqiqatiga borib taqaladi. Yozuvchi oʻzining matonat fazilatiga uchuvchilar, dengizchilar, ishchilar – peshona teri bilan hayotimizni gullatayotgan odamlarning, yaʼni boʻlajak qahramonlarining matonatini ham birlashtirishi kerak. Axir, u turfa xil odamlar haqida, deyarli hamma haqida yozadi. Demak, u bu odamlar bilan birga nafas olishi, ular his qilgan narsani his qila bilishi shart. Maʼlum bir muddat davomida u geolog, oʻrmonchi, ishchi, ovchi, traktorchi boʻlib “yashash”i zarur. Yozuvchi payti kelganda baliq ovchilari bilan ov kemasining umumiy xonasida birga oʻtiradi, boshqa bir guruhga qoʻshilib esa tayga oʻrmonlarida kezadi, qutb aviatsiyasi uchuvchilari bilan birga samoga koʻtariladi yoki Buyuk Shimol yoʻllaridan kemalarni olib oʻtadi.

Yozuvchi Yer yuzida yovuzlik yashayotgani, odamlarni yoʻq qilish, oddiygina erkinliklardan judo etish, ularni ezish, ochlik, mutaassiblik va ahmoqonaliklar, urushlar va vahshiylik mavjud ekanini yodida tutmogʻi zarur. U qoʻlidan kelganicha bularga qarshi turmogʻi kerak. Uning yolgʻon, munofiqlik va jinoyatlardan koʻra balandroq ovozi jasoratning alohida bir shaklidir.

Yozuvchi, va nihoyat, jangchi askar boʻlishi darkor. Chunki uning jasorati, agar olishuvdan omon chiqsa, yana stolga oʻtirib, oq qogʻoz bilan birga bir chiqishga yetmogʻi zarur.

Yozuvchining matonati yuksak darajada boʻlishi kerak. Va bu fazilat uning doimiy yoʻldoshi boʻlmogʻi darkor. Chunki ijod bir kun yo ikki kunlik emas, butun umrlik yumushdir. Hammasi har safar yangidan boshlanadi va yanada qiyinroq kechadi.

Yozuvchida iroda yetishmas ekan, uning ado boʻlgani shu. Hatto isteʼdodli boʻlsa ham, yoʻqoladi, yitadi. U endi hasadchiga aylanadi. Oʻzining kasbdosh doʻstlarini haqoratlashni boshlaydi. Gʻazabga minadi, uni falon-falon oʻrinlarda esga olishmagani, mukofot berishmagani haqida oʻylay boshlaydi… Bundan soʻng u yozuvchilikning chinakam baxtini hech qachon his qilmaydi. Yozuvchining esa haqiqiy baxt-quvonchi bor.

Ijodiy jarayonda ishlar yurishib ketgan vaqtlar ham boʻladi. Fikrlar oson-ravon qogʻozga tushadi, kecha chiranib qilolmagan ishingni bugun joningni koyitmay uddalashing mumkin. Mashinka xuddi pulemyot kabi tasira-tusir ishlaydi, bir tomonda qoralama varaqlar ustma-ust taxlanaveradi. Bunday paytlarda yozuvchi oʻzida kuch-quvvat va samimiyatni yaqqol sezadi.

Eng goʻzal, eng shohona satrlarni bitganda esa kalomning ilohiyligini his etadi. Bunday holat hatto daholarda ham kamdan kam yuzaga keladi. Biroq u faqat matonatli yozuvchilardagina kuzatiladi. Bu mashaqqatlaru oʻtgan umr uchun, oʻzidan qoniqmaslik va noumidlikka toqat uchun berilgan mukofotdir. Mana shunday nurli lahzalarda yozuvchi oʻzidan boshqa narsa emas, xuddi ana shu sahifalar qolishini sezadi.

Ijodkor haqiqatni yozish ehtiyojini sezgan paytda uning yakkayu yagona najot yoʻli faqat haqiqat boʻladi. Albatta, sening haqiqating birdaniga, soʻzsiz qabul qilinmaydi. Ammo sen son-sanoqsiz notanish odamlar uchun ham shunday yozishing kerak. Chunki sen alal-oqibat oʻshalar uchun yozasan. Axir, sen yo muharrir, yo tanqidchi, yo pul uchun yozmaysan. Garchi pul hamma qatori senga ham zarur boʻlsa-da, koʻzlagan asl maqsading boshqa. Pulni boshqa kasb-hunar qilib topish mumkin, buning uchun yozuvchilikdan foydalanish shart emas. Sen soʻzning ilohiyligi va haqiqatni yodingda tutgan holda yozasan. Yozarkansan, adabiyot bu insoniyatning oʻzini oʻzi anglashi, sening timsolingda oʻzini ifodalashi ekanini oʻylaysan. Buni sen hamisha yodda tutishing va yelkangga shunday sharafli vazifa tushganidan hamisha baxtiyor boʻlishing, faxrlanishing kerak.

Toʻsatdan soatga koʻzing tushgan paytlar ikki yoki uch boʻlganini koʻrasan. Yarim tun. Hamma shirin uyquda. Ulkan borliq bagʻrida hozir kimlardir uxlayapti, kimlardir bir-biriga muhabbat izhor qilyapti va ular uchun sevgilaridan boshqa hech narsaning qizigʻi yoʻq, kimlardir esa bir-birini yoʻq qilish payida, qaylardadir bomba ortgan samolyotlar koʻkka koʻtarildi, qaylardadir miriqib raqs tushishyapti, qaysidir radiostansiyalarning suxandonlari boʻlsa, yolgʻon uchun yoki odamlarni tinchlantirish uchun, vahima va shov-shuvlar yoki oʻyin-kulgi uchun, umidsizlik yoki umid bagʻishlash uchun elektr energiyasini sarflab yotibdi. Sen esa madoring qurib, tamom yolgʻizlikda oʻtiribsan. Koʻzingga uyqu kelmaydi, olam va odam haqida oʻy surasan. Yer yuzidagi barcha odamlar nihoyat baxtli va erkin boʻlishini, tengsizlik yoʻqolib, urushlar, irqchilik, qashshoqlik barham topishini orzu qilasan. Hamma oʻz manglay teri bilan halol non topishini istaysan.

Lekin asosiy saodat boshqa narsada – tun bagʻrida uxlamay oʻyga choʻmgan birgina sen emassan. Sen bilan birga boshqa yozuvchilar ham, sening soʻzdosh doʻstlaring ham uyqudan voz kechgan. Sizlarning umumniyatingiz, maslagingiz bitta – dunyo bundan yaxshiroq, inson insoniyroq boʻlishini xohlaysiz.

Senda dunyoni oʻzing istagan holga keltirish qudrati yoʻq. Lekin sening oʻz haqiqating, oʻz soʻzing bor. Va sen uch karra matonatli boʻlishing shart. Chunki baxtsizliklaring, omadsizliklaring, muvaffaqiyatsizliklaringga qaramay, odamlarga quvonch ulashishing va hayot bundan yaxshiroq boʻlishi kerakligi haqida toʻxtamay gapirishing zarur.

 

1966

 

 

Rus tilidan Orif TOLIB tarjimasi

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/yuriy-kazakov-oq-qogoz-bilan-yuzma-yuz/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x