ONTOLOGIYA (yun. ontos — borliq va… logiya) — falsafa boʻlimi, borliq haqidagi taʼlimot. Borliqning umumiy asoslari, prinsiplari, uning shakllari va qonuniyatlarini tekshiradi. «Ontologiya» terminini nemis faylasufi R. Goklenius fanga 1613-y. kiritgan, X. Volf (1679— 1754) oʻz dareligida qoʻllagan boʻlsada, dastlab yunon faylasuflari uning turli talqinlarini bayon etganlar. Ular Ontologiyani haqiqiy borliqni nohaqiqiy mavjudlikdan ajratib oluvchi borliq haqidagi taʼlimot, deb hisoblashgan. Eleya maktabi namoyandalari hissiy dunyoning aldamchi koʻrinishini haqiqiy borliqqa qaramaqarshi qoʻyib, Ontologiyani mangu oʻzgarmas, yagona, sof borliq haqidagi taʼlimot sifatida qoʻllashgan. Milet maktabi vakillari va Ioniya faylasuflari dastlabki borliqning sifatiy talqini haqida bosh qotirishgan. Ulardan borliqning boshlanishida yotuvchi bunday asosni Empedokl «stixiya», Demokrit «atomlar», Anaksimandr a«peyron», Anaksagor «urugʻ» deb atagan. Platon gʻoyalar Ontologiya sini, Aristotel empirizm O. sini yaratdi. Oʻrta ayerlar falsafasida Ontologiya ilohiyot b-n chambarchas bogʻlanadi. Sharq falsafasida Ontologiya koʻproq ilohiy borliqning, xudoning mohiyatini aks ettiruvchi taʼlimot tarzida, sharq panteistik falsafasida vahdati mavjud va vahdati vujud koʻrinishidagi taʼlimotlar shaklida paydo boʻlgan. Falsafada Ontologiya monistik, dualistik va plyuralistik konsepsiyalar shaklida ham uchraydi (q. Materiya). Yangi davr falsafasida dualistik Ontologiya namoyandasi R. Dekart boʻlgan. Oʻz falsafasining asosiga «monada» — «ilohiy atomlar»ni qoʻygan V. G. Leybnis falsafasi — plyuralistik Ontologiyaga mansubdir. Bu konsepsiya boʻyicha olamning asosida bir qancha mohiyat yotishi mumkin. Shunday konsepsiya empiriokrititsizmda ham uchraydi. R. Avenarius, E. Max borliqning asosida sezgilar majmui yotadi, deb hisoblaydi. Hoz. zamon falsafasida Ontologiyaning mazmuni yanada boyigan. Bu borliq haqidagi tasavvurlarning rivojlanishi bilan bogʻlangandir. Maʼlumki, borliqni mexanistik, metafizik va materialistik talqin etishda u moddiylik b-n, aktual mavjudlik b-n, reallik bilan aynanlashtirib qoʻyilgan edi. Borliqaslida barcha narsa va hodisalarni, ilgari mavjud boʻlgan, hozir mavjud boʻlib turgan va kelajakda mavjud boʻladigan realliklarni, moddiylik va maʼnaviylikni, modda va gʻoyani ham oʻziga qamrab oladi.
Ad.: Falsafa. Maʼruzalar matni, T., 2000.
Baxtiyor Toʻrayev.