Onang oʻlmasin

Mayli, boshdan toj-taxting koʻchsin,

Vujudingni titroqlar quchsin,

Sen magʻlub boʻl, gʻanimlar yutsin,

Faqat onang yoningda boʻlsin.

 

Tashlab ketsin doʻstlaring bari,

Mayli, qolgin tanho, sarsari,

Xastami yo noshudmi, qari,

Faqat onang yoningda boʻlsin.

 

Ogʻa-ining togʻdayin qalqon,

Opalaring munis, mehribon,

Jigarbandlar bir jonu – jahon

Faqat onang yoningda boʻlsin.

 

Noning butdir, usting ham butun,

Lek shukuhsiz oʻtayotgan kun,

Har tun bitta joningda tugun,

Faqat onang yoningda boʻlsin.

 

Mehri yolgʻon, diydalari tosh,

Har nafasda yoningda yoʻldosh,

Dunyo kezib topmaysan dildosh,

Faqat onang yoningda boʻlsin.

 

Koʻngil ochar bahonalar moʻl,

Yer yuzini bosib ketdi gul,

Qani kul-chi, kulib koʻr-chi, kul,

Faqat onang yoningda boʻlsin.

 

Yuzga kirsa yuzlaring shirmon,

Misqolingda baraka xirmon,

Tomiringni qirqolmas armon,

Faqat onang yoningda boʻlsin.

 

Bir lahzada umr – nur soʻnar,

Xalqumingda shirin jon toʻnar.

Ona desang tillaring qonar,

Faqat onang yoningda boʻlsin.

 

Farida AFROʻZ

https://saviya.uz/ijod/nazm/onang-olmasin/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x