Keltiray bir taʼrifin onamning qoʻllarini,
Ham habib, ham tabibim – onamning qoʻllarini.
Koʻtargan roʻzgʻor yukin, qilt etmay biror tuki,
Ham buyuk, ham suyukli onamning qoʻllarini.
Kaftida tutgan bizni – besh oʻgʻil, ikki qizni,
Quyoshday issiq yuzi onamning qoʻllarini.
Biz deb oʻt-suvga kirgan, nonlar yopib, kir yuvgan,
Qattiqligi temirdan, onamning qoʻllarini.
Goh suyub, goh alqagan, oq yuvib, oq taragan,
Kunimizga yaragan onamning qoʻllarini.
Soyabon panoh boʻlgan, kaftlari qadogʻ boʻlgan,
Ming “sadqa-sadogʻ” boʻlgan onamning qoʻllarini.
Goho tushimga kirgan, koʻz yoshim artib turgan,
Soʻrang men musofirdan onamning qoʻllarini.
Bargday titradim yozib, goʻyo bagʻrimga bosib,
Novdaday ozgan, nozik onamning qoʻllarini.
Sizlar – aka-ukalar,
Tizlar bukib – choʻkkalab.
Koʻzga suring siypalab,
Xohi shom, shoh ertalab,
Bolangizday erkalab,
Onamning qoʻllarini,
Onamning qoʻllarini!
Dilshod RAJAB
https://saviya.uz/ijod/nazm/onamning-qollari/