Akademik shoir Gʻafur Gʻulom merosida dunyo adabiyoti ixlosmandlari nazariga tushgan koʻplab sheʼrlar bor. Shulardan biri XX asarning 50-yillari ikkinchi yarmida fransuz mustamlakachiligiga qarshi ozodlik kurashida matonat koʻrsatgan jazoirlik qiz Jamila Buxayradga bagʻishlangan “Ona qizim Jamilaga” sheʼridir. Unda bosqinchilik, zulm va zoʻravonlik qoralanadi. Gʻafur Gʻulom Jamila misolida oʻzini zulm ostidagi Osiyo va Afrika xalqlarining ayanchli taqdiriga daxldor sezadi. Zulmning barbod boʻlishiga qatʼiy ishonadi:
Senga kelguvchi qilich mening boshimni chopsin,
Zolimlarni qon boʻgʻib, mutlaq jazosin topsin –
singari satrlarda zulm va zoʻravonlikning umri qisqa, erk kurashchilari esa abadiyatga daxldor ekanligi ifodalangan.
Sharqdagi quyosh bilan, oʻrtadagi osh bilan,
Keksa koʻzga yosh bilan, shu chimrilgan qosh bilan.
Qasam ichib aytaman: sen oʻlmaysan, Jamila!
Sen oʻlmaysan, Jamila, sen yashaysan, Jamila!
Gʻafur Gʻulom azal-azaldan nurga talpingan, oʻz topganini birodariga ilingan muazzam Sharq nomidan gapirish, uning tili va vijdoni sifatida poetik hukm chiqarishga oʻzini toʻla haqli, deb bilgan gumanist shoir edi.
Sheʼr Moskvada rus tilida chop etilgan. Sheʼrdan qattiq taʼsirlangan Aron Borisovich Zisman esa uni esperanto tilidan tarjima qiladi. Esperanto – xalqaro muloqotni osonlashtirishni koʻzlab ishlab chiqilgan sunʼiy til. Mazkur til ayni paytda Yevropa tillarining (lotin, fransuz, ingliz, nemis, rus) oʻzak soʻzlari asosida tuziladi. Uning imlosi Gʻarbiy Yevropa tillarining bir qadar soddalashtirilgan va umumlashtirilgan grammatik qoidalariga asoslanadi. Shu bois bu tildan dunyo miqyosida keng foydalaniladi.
Mutarjim A. B. Zisman oʻzbek shoiri Gʻafur Gʻulomning uy manzilini bilmagan. Shu bois sheʼr bosilgan “Literaturnaya gazeta” tahririyatiga maktub yoʻllagan. Lekin xat Gʻafur Gʻulom toʻla asarlar toʻplamiga kiritilmagan. Shuni nazarda tutib, qimmatli manbaga aylangan xatning oʻzbekcha tarjimasini toʻla keltirishni lozim topdik.
“LITERATURNAYa GAZETA” TAHRIRIYATIGA
Hurmatli tahririyat!
Gazetangizning 1959 yil 6 mart 28-sonida oʻrtoq Gʻafur Gʻulomning ajoyib “Ona qizim Jamilaga” sheʼri chop etilib, unda insoniyatning Jazoir xalqi qahramoniga muhabbati, uning aql bovar qilmas azoblariga ulkan qalb tugʻyoni, imperializm zolimlariga nafrati hamda bu goʻzal qizning jasorati, bardoshi va oʻz xalqiga sodiqligiga hayrati ulkan poetik pafos bilan bayon etilgan.
Hozir Jamilaning hayoti yana xavf ostida ekanligidan mazkur sheʼr jahondagi millionlab halol kishilarga maʼlum qilinishi juda muhim. Shuning uchun oʻz qobiliyatimni ishga solgan holda, sheʼr matnini xalqaro esperanto tiliga tarjima qilishga harakat qildim va uni esperanto tilida bosiluvchi yetakchi “Vjetnamio Antauenmarss” va boshqa jurnallarda chop etish uchun joʻnatmoqchiman. Lekin, avvalo, sheʼr tarjimasi qanchalik qoniqarli ekanini aniqlash uchun muallif fikrini bilmoqchiman.
Men oʻrtoq Gʻafur Gʻulomning uy manzilini bilmaganim sababli ushbu xat va sheʼrning tarjima matnini muallifga yuborishingizni soʻrayman.
Chuqur ehtirom ila A. Zisman.
Mening manzilim: Moskva, V-148, Nagatskoye shosse, 12-uy, 24-xonadon. Zisman Aron Borisovichga.
Biz “Literaturnaya gazeta” tahririyatiga joʻnatilgan maktubda quyidagi ibratli jihatlar mujassamligini eʼtirof etamiz.
Birinchidan, sevimli shoirimiz Gʻafur Gʻulom sheʼr bitayotgan vaqtda his qilgan ruhiy kechinmalar samimiyati, badiiy ifoda mahorati, fikr qamrovining jahoniy miqyos boʻylab kengayish holati, adolat, haqiqat, erk va hurlik sogʻinchi kabi koʻplab daxldorlik fikr-tuygʻulari uygʻunlashib ketganiga guvoh boʻlib turibmiz.
Ikkinchidan, uzoq masofa ajratib turishiga qaramasdan Gʻafur Gʻulom va Aron Zisman kabi ikki millatga mansub kishilarni uchinchi mintaqadagi mutlaqo notanish millat vakilasining dard-iztiroblari birlashtirmoqda.
Uchinchidan, mutarjim oʻzbek shoiri Gʻafur Gʻulomning ushbu sheʼri ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy, axloqiy-taʼlimiy ahamiyati jihatidan xalqaro miqyos kasb etganini chuqur anglagan. Shuning uchun ham u mazkur manzumani jahondagi millionlab adolatparvar va erksevar kishilarga maʼlum qilish lozim, degan insonparvar xulosaga kelgan.
Toʻrtinchidan, mutarjim badiiy ijod etikasiga toʻla amal qilib muallif bilan ijodiy hamkorlik orqali uni yanada sayqallashtirish niyatida shoirni chin dildan izlagan! Shularni nazarda tutib quyida A. Zismanning Gʻafur Gʻulomga yoʻllagan maktubining oʻzbekcha matnini ham keltirdik:
Hurmatli oʻrtoq Gʻafur Gʻulom!
1958 yili Jazoir xalqi qahramoni – Jamila Buxayrad boshi ustida oybolta soya solganda jahonda imperializm zolimlariga qarshi xalq nafratining ulkan toʻlqini koʻtarildi. Oʻshanda “Literaturnaya gazeta”da Sizning “Ona qizim Jamilaga” sheʼringiz chop etildi, u kishilarning fikr va tuygʻulari: qalb tugʻyonlari va Jamila uchun qaygʻurish, uning jasorati, oʻz xalqiga sodiqligi va bardoshi, imperializm zolimlariga kuchli nafratidan hayratlanish va faxrlanish hislarini ulkan poetik kuch orqali ifodaladi. “Literaturnaya gazeta”ning men suhbatlashgan koʻplab mushtariylari, shu jumladan, esperanto tili boʻyicha tarjimon va mashhur shoira oʻrtoq Gilda Drezen Sizning sheʼringizga yuksak baho berdi.
Sizning sheʼringiz jahondagi minglab mushtariylar oʻqishi uchun qulay boʻlishiga koʻmaklashish maqsadida uni xalqaro esperanto tiliga oʻgirishga harakat qildim. Tarjimamga taqriz olish uchun Gilda Drezenga yubordim. U menga qimmatli tanqidiy fikrlarini bayon etdi. Biroq tarjimaning kamchiliklarini tuzata olmadim va boshqa joyga yubormadim.
Yaqinda J. Arno va J. Verjes hammualifligidagi “Jamila himoyasiga” nomli risolani oʻqib qoldim. Bu kitobda keltirilgan dalillar meni hayratga soldi. Jamilaning hayoti yana xavf ostida ekan! Men Gilda Drezen fikrlarini hisobga olgan holda Sizning sheʼringizni qayta tarjima qilishga kirishdim.
Tarjima haqidagi mulohazalaringiz men uchun juda qadrli. Asl nusxadagi boy fikr va his-tuygʻularni saqlab qolishga erishdimmi? Sheʼr tarjimada asl nusxadek yaxshi jaranglamoqdami? Axir, men u bilan oʻrtoq Semyon Lipkinning tarjimasi asosida tanishman.
Sizga tarjima matnini joʻnatgan holda tanqidiy fikrlaringizni maʼlum qilishingizni soʻrayman. Umid qilamanki, Siz xalqaro esperanto tilini bilasiz, chunki uni oʻrganish ancha oson va bu til xalqaro madaniy aloqa va fikr almashish uchun kundan-kunga koʻproq qoʻllanilmoqda.
Mazkur tarjimani esperanto tilida Bolgariya, Xitoy, Vetnam va boshqa mamlakatlardagi yetakchi jurnallar “Nuntempo Bulgariya”, “El popola Cinio”, “Vjetnamio Antauenmarss”ga yuborishga qaror qildim. Bu jurnallar jahonda mashhur boʻlib, esperantistlar ulardan oʻz milliy tillariga tarjima qiladilar. Shuning uchun ham agar sheʼringiz bu jurnallarda chop etilsa, u holda jahon boʻylab K. Gusev, Gilda Drezen singari shoirlarning sheʼrlari singari oʻqiladi.
Chuqur ehtirom ila A. Zisman.
Lutfulla ILHOMJONOV,
Gʻafur Gʻulom uy-muzeyi ilmiy xodimi
https://saviya.uz/ijod/nasr/sendadir-kozlarim-sendadir-kongil-2/