Ot choptirib chiqding uyingdan,
Ot choptirib qaytgin, ilohim!
Qoʻlingdagi jiloving kabi
Erking boʻlsin oʻzingda doim.
Mayli, meni oʻylama, bolam,
Topganingni sarf qil oʻzingga.
Lek birovga boʻlmagin qaram,
Nam tegmasin sira tizingga.
Ulgʻaytirdim polvonim deya,
Toliqqanda darmonim deya.
Shamol kabi yelib borasan,
Olisdagi osmonim deya.
Osmoningni olib qayt, bolam,
Qolib ketma osmon vaslida.
Otang qurgan bu kichik hujra
Osmondan ham kengdir, aslida.
Ot choptirib chiqding uyingdan,
Ot choptirib qaytgin, ilohim!
Qoʻlingdagi jiloving kabi
Erking boʻlsin oʻzingda doim.
Tilak JOʻRA
https://saviya.uz/ijod/nazm/ona-niyati/