Ona navosi

Kechalar uzundir, kechalar uzoq,

Goh koʻzim ilinmas tong qadar, bolam.

Koʻngil mavjlariga solganda quloq,

Xayolga ne kelib, ne ketar, bolam.

 

Farzanddir onaning umriga gultoj,

Dardiga malham-u, baxtiga yoʻldosh,

Hech kimni etmasin hech kimga muhtoj,

Minnat yosh joningni ogʻritar, bolam.

 

Mayli, oʻltirmagin tun-kun boshimda,

Yetar paydo boʻlsang tez-tez qoshimda,

Balki rizqing bordir bir kaft oshimda,

Gap-soʻzni aylasam muxtasar, bolam.

 

Goh borsam uyingga oʻzimdan ortib,

Yayrar nabiralar sakrashib, yoʻrtib,

Koʻtarsam, qoʻlimdan olmagin tortib,

Menga ham yarashar gʻunchalar, bolam.

 

Aziz umring boʻlib shohona bir bayt,

Qoʻshiqlar ichingdan toshib ketgan payt

Arzingni menga ham tushuntirib ayt,

Qolmayin dardingdan bexabar, bolam.

 

Oʻz inin vatan deb sevarkan turna,

Sen ham har zarrasin koʻzga et surma.

Ichmagin, chekmagin, bemahal yurma,

Boʻlsin bosgan izing bexatar, bolam.

 

Xayr-xoʻsh qilarmiz bir kunmas-bir kun,

Tonglarim husnini toʻsganda ham tun,

Baxtingni koʻrsam bas – mamnunman, mamnun,

Sen borki, bizlar ham moʻtabar, bolam.

 

Husniddin ShARIPOV

https://saviya.uz/ijod/nazm/ona-navosi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x