Ogʻir kuy chalmoqda boʻgʻzimdagi nay

 SOGʻINCH

 

Judayam sogʻindim xushnud onlarni,

Baxtli lahzalarni juda sogʻindim.

Gʻamgin hislarimdan toliqdim juda,

Menga shodlik kerak, baxt kerak endi.

 

Borsam, bagʻringizga bosarmikansiz,

Koʻzim yoshlarini artarmi hislar?

Yomon sogʻintirdi, yomon zor etdi,

Otashin tuygʻular, hayotbaxsh islar…

 

Tuygʻularning haddi, ishqning sarhadi,

Manglayda yozilgan yoziq xatgacha.

Tushuning, men Sizni yaxshi koʻraman,

Termulib turaman qiyomatgacha…

 

BIZNING SEVGI

 

Azizim, koʻzlaring koʻzimda hamon,

Sen olovga otib yondir xatimni.

Men esa bagʻrimga bosib ketarman,

Yer-koʻkka sigʻmagan muhabbatimni.

 

Taajjub, qayerdan bu begonalik,

Nahot shu nolasiz yurak yurakdir.

Har qanday sevgiga hayot kerak, lek,

Bizning sevgimizga oʻlim kerakdir.

 

TASKIN

 

“Qoʻy, yigʻlama, ogʻriydi boshing”.

Shavkat Rahmon.

 

Qoʻy, yigʻlama, ruhimga qoʻshil,

Yuraklaring ursin men bilan.

Bu dunyoda neki bor mushkul,

Bogʻlayverma qaro tun bilan.

 

Koʻp yozgʻirma, bu taqdir, nasib,

Ayblama, tonma, ranjima.

Qaro tunlar yaralgan asli,

Oppoq tuygʻularning mavjidan.

 

Kel, kelaqol, Sen axir nursan,

Borliq seni aylar toʻtiyo.

Men toabad senga intiqman,

Nurga mangu zordek bu dunyo.

 

MEHR KOʻRGAZ

 

Sahrolardan keldim, choʻllardan keldim,

Koʻp uzoq, koʻp qadim yoʻllardan keldim,

Haydashdi, dilingga dillardan keldim,

Menga mehr koʻrgaz, mehribonlik qil.

 

Buncha ham berahm, zolim odamlar,

Buncha ham zalvorli, ogʻir qadamlar,

Judayam keraksan, jonim, shu damlar,

Menga mehr koʻrgaz, mehribonlik qil.

 

Bu issiq yozlarda sovqotdim juda,

Nahotki hammasi bekor, behuda,

Oʻzingni uygʻotgin gʻaflat, uyqudan,

Menga mehr koʻrgaz, mehribonlik qil.

 

Oʻttiz yilki yoʻlim tugamadi hech,

Ming oʻldim, bu oʻlim tugamadi hech,

Bugun erta, erta boʻlmasidan kech,

Menga mehr koʻrgaz, mehribonlik qil.

 

Ilohiy suralar oʻqib kelganman,

Tillodan zanjirlar toʻqib kelganman,

Seni deb jannatdan chiqib kelganman,

Menga mehr koʻrgaz, mehribonlik qil!

 

NOMA

 

Qogʻozlar ichida koʻmilib qoldim,

Ogʻir kuy chalmoqda boʻgʻzimdagi nay.

Mana oʻtiribman benavo, bedil,

Xavotir olsam ham xabar ololmay.

 

Holing nechuk oʻzi, doʻstu hamrohim,

Ne uchun koʻksingda kechmoqda janglar?

Ketdimi koʻzingdan qaygʻular rasmi?

Qoldimi koʻksingda ilohiy ranglar?

 

Kel, meni qutqargil, jonim, azizim,

Bu hijron dastidan charchadim, toldim.

Men nega hislaring toʻlqinidamas,

Qogʻozlar ichida koʻmilib qoldim?!

 

ZAMONAVIY SHEʼR

 

Senga xatlar yozdim, yetib bormadi,

Yoʻlda qolib ketdi smslarim.

Qoʻngʻiroqlar qildim, boʻgʻzimda qoldi

Telefonda aytmoqchi boʻlgan hislarim.

 

Senga sheʼrlar yozdim, tushunmading hech,

Bekorga ovvora boʻldi soʻzlarim.

Aslida yoʻq edi yuragingda ishq,

Men bekor izladim, bekor izladim.

 

Vaqt oʻzi qoʻyarkan har nega nuqta,

Bugun tuygʻularga oʻzim qoʻydim chek.

Qara, yuragimda yoʻqoldi hislar,

Yoʻllarda yoʻqolgan smslardek.

 

KAMALAK RANGLARI

 

Nursiz kunlarimga nur kabi kelib,

Kamalak rangini koʻrsatding menga.

Seni topib olgan kunimdan boshlab,

Kamalak ranglari koʻzimga ingan.

 

Olcha gullarini yuzimga yopib,

Ismingni shivirlar lablarim unsiz.

Men seni yoʻqotib oʻzimni topdim,

Va oʻzimni topa olmadim sensiz.

 

Bu maʼyus, bu gʻamgin qismatim bilan,

Taqdiringga keldim shodlik beray deb.

Lekin ayt, azizim, qaygʻu gullari

Baxtning saroyiga boʻlolarmi zeb?

 

Seni topgan baxtli kunimdan boshlab,

Lolalar ergashib yurdi izimdan.

Qachonki ismingni shivirlab aytsam,

Kamalak ranglari… ketmas… koʻzimdan…

 

MAJNUNNING BOSHI

 

“Men bu ostonadan boshimni olmayman”, dedi Majnun Layli ostonasiga boshini qoʻyib…

“Layli va Majnun” asaridan

 

Meni yosh boladek bir chetga olib,

Tomosho qildirib favvoralarni.

Nasihat ayladi men sevgan odam,

“Koʻr, – dedi – dunyoda ovvoralarni”.

Va yana dedi u:“Shoir xalqining,

Sevgisi, nafrati had bilmas ekan.

Ularning sevgisi osmoniy juda,

Yerga yurganlarga mos kelmas ekan”.

U dedi qoʻlimni olib qoʻliga:

“… Bugun men eng soʻnggi manzilga yetdim,

Sening shu sevgingga zormanu, lekin

Sevging azobidan toʻyiblar ketdim.

Bu qadar kuchli ishq kerakmas edi,

Shart emasdi menga koʻp shiddat, olov.

Qayerdan bilibman bu sevging bilan,

Ravon yoʻllarimga boʻlishingni gʻov.

Uzr, meni kechir, tugat barini,

Boʻldi, bas, men endi yashashga shayman.

Axir men aqlli odamman, jonim,

Faqat yurak bilan yashay olmayman”.

…Uning soʻzlarini tinglar ekanman,

Koʻksimni yoriblar chiqarkan dardim.

Gʻururim izlarin oʻpardim tinmay,

Tinmay yuragimdan uzr soʻrardim.

…Men uning shaʼniga koʻp sheʼrlar yozdim,

Xotir daftariga bitdim dastxatlar.

Ehtimol ayriliq shunday boshlanar,

Balki shunday tugar buyuk hasratlar.

…Negadir… olisda… xayollarimda…

Tark etmoqda edi meni ishq, junun.

Layli eshigining ostonasidan,

Boshini koʻtarib olardi Majnun…

 

TAKBIR

 

Laylat ul-qadrlarda suralar oʻqib yotsam,

Qalbimda ishq atalmish zanjirlar toʻqib yotsam,

Bu devona ruhimni qush kabi choʻqib yotsam,

Shunda sen kelarmisan, ayt, shunda sen kelarmisan?

 

Koshki endi ruhimning changlarini yuvolsam,

Koshki edi koʻksimning zanglarini yuvolsam,

Dunyoning qora, chirkin ranglarini yuvolsam,

Menga bir kularmisan, ey, menga bir kularmisan?

 

Men kirolmagan uyning ostonasi tillodan,

“Nafs otligʻ qiz koʻrdim, boʻshamadi yallodan”,

Koʻzguda neki koʻrdim, barin koʻrdim Ollodan,

Bir shafqat qilarmisan, ay, bir shafqat qilarmisan?

 

Dalalarga taralsam, huv bebosh ariqlarday,

Ming bittaga koʻpaysam xirmoniy tariqlarday,

Suv ichida suvsasam beqaror baliqlarday,

Holimni bilarmisan, hoy, holimni bilarmisan?

 

Bir sandiq yasab qoʻydim Tohir bilan Zuhroga,

Qumlarin sanab berdim savodi yoʻq sahroga,

Birga-birga oqay deb koʻp yalindim daryoga,

Manzilim boʻlarmisan, heeey, manzilim boʻlarmisan?

 

* * *

Sogʻinsak qaytadi quvonchlarimiz,

Chorlasak qaytadi hattoki gʻamlar.

Birodar, yalinu yolvor, ketkazma,

Hecham qaytmas ekan ketgan odamlar.

 

Qushlar qaytib kelar sogʻinib yurtni,

Toʻlqinlar qaytadi sohillariga.

Yomgʻirlar samoni aylanib kelib,

Qaytgusi zaminning bagʻirlariga.

 

Shuning-chun sen odam yoʻqotma, qalbim,

Hatto tiz choʻksa ham sen deb olamlar.

Bu dunyoga qaytib kelmaganidek,

Qalbingga ham qaytib kelmas odamlar.

 

 

HOLAT SUVRATLARI

 

Bugun ichdim… gʻam sharobini,

Qaygʻu sharobini ichdim men.

Koʻzlaringni iztirobini

Va ishq azobini ichdim men.

 

Mastman… boshim ogʻir tosh kabi,

Taskin bermas eski dastxating…

Toʻrt tomonda chehrang koʻrinar,

Hamma yoqda sening suvrating.

 

Yosh boladek erkalab avval,

Soʻng baxt tomon yetaklab bording.

Manzilingni topib ol deya,

Qoʻllarimni qoʻyib yubording.

 

Jovdiradim men goʻdak kabi,

Angladimki, sevgi bu – oʻqdir.

Men SEN tomon boraman faqat,

Sendan boshqa manzilim yoʻqdir.

 

Guljamol ASQAROVA

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 4-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/ogir-kuy-chalmoqda-bogzimdagi-nay/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x