Odil Burgutshoh va “Zamburugʻ” laqabli josus haqida ertak

I

Bor edi bir odil Burgutshoh,

Tobe edi unga qir-u togʻ,

Yaylov, dala,

Qumli barxanlar,

Tosh qalʼalar,

Shinam qoʻrgʻonlar.

 

Qarchigʻayshoh bor edi yana,

Oʻrmon edi unga boshpana.

Dalalari notekis, yaydoq,

Yarmi botqoq,

Yarmi qatqaloq.

 

Boʻlib yaxshi ishlarga hozir,

Bunda Toʻti Burgutga vazir.

Qargʻa unda kirdil ishboshi –

Qarchigʻayning oʻng qoʻl sirdoshi.

Bunda Lochin qoʻshinga rahbar,

Shoʻx Qirgʻiylar – eng sara lashkar.

Qoʻmondondir unda surbet Sor,

Och Quzgʻunlar hamlaga tayyor.

Qizilishton bunda yasovul,

Unda esa Qorayaloq – qul.

Bunda Bulbul qilganda xonish,

Unda qahqah urardi Boyqush.

Bunda Tovus etganda xirom,

Kakliklarda joʻshardi ilhom.

Eshilgan choq unda Tustovuq,

Termilardi Saʼvalar sovuq.

Soʻfitoʻrgʻay toʻq edi bunda,

Kakku sarqit izlardi unda.

 

II

 

Burgutda bor edi qoʻsh farzand,

Biri asal,

Ikkinchisi qand.

Chaqmoq edi toʻngʻichin nomi,

Tashna edi mardlikka qoni.

Quyosh edi kichigin ismi,

Toʻliq edi mehrga jismi.

Uka – oʻychan,

Akasi – quvnoq,

Bir-biriga mehribon, inoq.

 

Uzoq tunlar xayol surib goh,

Oʻz oʻlimin oʻylab qolsa shoh,

Taʼminlash-chun elning baxtini,

Ravo koʻrar edi taxtini

Zehni oʻtkir,

Sofdil Quyoshga…

Axir, aql yoshdamas – boshda.

 

U bilardi,

Toʻngʻich farzandi

Irodali,

Jasur va tanti,

Oʻxshar xuddi tugʻma askarga.

Chaqmoq boshliq boʻlsa lashkarga,

Yov buzolmas bu yurtning tinchin…

Afsus,

Qarib boryapti Lochin.

 

Shoh bir kuni vazirin yoʻqlab,

Toʻrt-besh sodiq nozirin toʻplab,

Maʼlum qildi ushbu fikrini.

Barcha maʼqul koʻrgach zikrini,

Yozdirdi bu haqda vasiyat,

Tamgʻalandi ezgu bir niyat.

 

III

 

Zakovatli Toʻti vazirning,

Yaxshi ishga doim hozirning

Boʻlar edi yolgʻiz bir qizi,

Ismi Shabnam – nahor yulduzi.

Oqil edi suluv qiz behad,

Bilimdon-u hamda husnixat.

Chuqur oʻyga choʻmib tong mahal,

Mashq qilardi gohida gʻazal.

Oqshomlari chertar edi soz,

Qumri yangligʻ edi xushovoz.

U, xorijdan kelgan muallim –

Popishakdan olardi taʼlim.

Burgutshohning ikki oʻgʻlin ham

Doʻst tutgandi yoshlikdag Shabnam.

Qilar edi Chaqmoqni hurmat,

U ham barcha qizlardek albat

Botirlarga qolardi qoyil.

Ammo koʻngli edi ja moyil

Yoqimtoy va dilkash Quyoshga.

Tunlar burkab parquvni boshga,

Oʻxshab hamma oshiq qushlarga,

Koʻrar edi uni tushlarda.

 

IV

 

Shaydo edi unga Quyosh ham,

Biroq qizga yoʻliqqani dam,

Aytolmasdi yurak soʻzlarin.

Mehr bilan tikib koʻzlarin,

Undan ahvol soʻrardi xolos.

…Sevib qoldi Chaqmoq ham bexos

Vazirning bu goʻzal qizini.

Dadil tutib bir kun oʻzini,

Topib-tutib soʻzlar joʻshqinin,

Izhor qildi unga ishqini.

Boʻlib qoldi Shabnam birdan lol!

Maysa uzra tiz choʻkib behol,

Gap topolmay,

Xam qildi boshni…

Axir,

Qancha kutdi Quyoshni,

Aytarmikan deya bir soʻzni.

Eslatib darz ketmagan muzni,

Quyosh esa yuraverdi jim…

Shabnamni u sevmagay balkim.

 

Oʻsha “bir soʻz” aytildi, mana,

Chaqmoq turar qilib tantana.

Koʻz tikib u kutmoqda javob…

Bu koʻzlarga berib boʻlmas tob!

 

V

 

Qarchigʻayshoh chorlab Qargʻani,

Soʻradi tund:

– Gapir-chi, qani,

“Zamburugʻ”ning ishlari qalay?

Unga oltin bergandik talay,

Boʻlib ketdi tugal zim-ziyo,

Topgan qushing qallobmidi yo?

Qargʻa dedi:

– Tortmang hech tashvish,

“Zamburugʻ”…

Eh, juda makkor qush!

U Burgutshoh qasrida hozir,

Unga sirdosh ulamo, nozir.

Xabar topib baʼzi bir sirdan

Hamda ayrim ikir-chikirdan,

Qilmoq uchun ishni puxta, soz,

Fursat poylab yuribdi shovvoz.

Shoh buyurdi:

– Uchsin Bulduruq,

Borib aytsin,

Oʻsha “Zamburugʻ” –

Harakatni tezlashtirsin sal,

Unga boʻlsin madadkor – ajal!

Xazinamiz bormoqda boʻshab,

Qolurmiz biz gadoga oʻxshab

Zabt etmasak u boy shaharni…

Boqish qiyin

Shuncha askarni.

 

VI

 

Tagida naq yetti qat toʻshak,

Kitob oʻqir Sassiqpopishak.

Mard Chaqmoqning yori Shabnamxon

Hikoyatlar tinglar parishon.

 

Popishak bas qilib oʻqishni,

Talabasi – kelinchak qushni

Zimdan sergak kuzatib bir zum,

Dedi:

– Buncha xomushsan, qizim?

Koʻplar uchun bu hayot – ogʻu,

Ammo senga kulib boqdi u.

Axir, yovqur kuyoving Chaqmoq

Shu oʻlkaga boʻlar bir kun shoh.

Seni hamma atar “malika”,

Eʼtiborda yolgʻiz-u yakka…

Yurtda koʻpdir sendek suluvlar,

Kelib lekin

Qarshingda ular –

Taʼzim aylar,

Bosh egar bir-bir.

Aminmanki,

Boʻlasan mashhur

Koʻp oʻtmay yot oʻlkalarda ham,

Shahzodalar tilida – “Shabnam!”

 

Dilbar kelin xayolga toldi,

Uzoq-uzoq oʻylanib qoldi…

 

“Qancha oqil boʻlmasin ayol,

Unga sira kelmaydi malol

Biron yurtga malika boʻlmoq”.

Oʻylab qoʻydi Popishak shundoq.

 

VII

 

Eshitgan kun toʻyning daragin,

Quyoshjonning sokin yuragin –

Goʻyo tilib oʻtgandi nashtar…

Azob chekib kundan-kun battar,

Bedor oʻtar uning har tuni,

Kimga aytsin axir dardini? –

Unga raqib – sevimli aka,

Sevgilisi – boʻlajak yanga!

 

Bir kun bogʻda duch kelib Shabnam,

Soʻrab qoldi:

– Koʻrinyapsan kam,

Yoki mendan xafamisan, ayt?

Arazlagan kabi

Soʻnggi payt –

Chetlatyapsan mendan oʻzingni,

Opqochasan nega koʻzingni?

Bilasanmi…

Men seni…

Axir…

Sendek doʻstsiz yashamoq ogʻir…

– Sen ham men-chun

Eng yaqin sirdosh, –

Deya maʼyus jilmaydi Quyosh:

– Yaxshi doʻstsan,

Bilaman, Shabnam,

Boʻladirsan mehribon yangam…

 

Dard yengdi-yu,

Toʻydan soʻng Quyosh

Yotib qoldi koʻtarolmay bosh.

 

VIII

 

Kirib maʼlum qildi yasovul:

– Shunqor shoshib misoli dovul,

Soʻramoqda qabulga ruxsat…

Burgutshoh tez ajratdi fursat.

Shunqor

Shohni qilgach ziyorat,

Dedi:

– Gapim shundan iborat,

Bir josusni tushirdik qoʻlga

Va maxfiy xat olindi oʻlja.

Bosmish unga Qarchigʻay tamgʻa,

Imzo chekmish ostiga Qargʻa.

Maktubga zar popuk osilgan,

Sizga qarshi gaplar yozilgan.

Xatni bunda kutar “Zamburugʻ”,

Tergov qildik,

Ammo Bulduruq

“Zamburugʻ” kim, degan savolga –

Javob bermay,

Boqar duvolga.

Voqeadan etilgach ogoh,

Vazmin boqib dedi Burgutshoh:

– Buguncha sal ziqroq vaqtimiz,

Qoʻlda tursa agar taxtimiz,

Erta tergov qilinar josus.

Farmonimiz:

Vaqtincha mahbus –

Zindonda kun koʻrmogʻi lozim…

Mirshab Shunqor ayladi taʼzim.

 

IX

 

Mashgʻulotni toʻxtatib bexos,

Qovoq uyib Popishak ustoz,

Asta dedi:

– Azizim, Shabnam,

Talabamsan,

Farzandimsan ham.

Sendan boshqa suyanchigʻim yoʻq,

Baxt hamrohing boʻlsa,

Koʻnglim toʻq.

Bir sirdan men boʻldimu ogoh,

Gʻashlik choʻkdi koʻnglimga nogoh.

Tishlab yurdim koʻp vaqt tilimni,

Xufton qilmay dedim dilingni.

Soʻng oʻyladim:

Xiyonat axir

Oʻz doʻstingdan saqlamoqlik sir.

Xullas,

Kengash qilib Burgutshoh,

Vasiyatin yozdirgani choq,

Meros qilmish Quyoshga tojin.

Isteʼfoga chiqqanda Lochin,

Lashkarboshi boʻlarmish Chaqmoq…

Men Quyoshni demayman ahmoq,

Lekin u sal parishonxotir,

Akasidek emasdir botir.

Balki zehnim holdan tolgandir,

Balki miyam aynib qolgandir,

Balki olis boqolmas koʻzim…

Ammo

Bitta hikmat bor, qizim,

Qancha oʻtkir boʻlmasin zehni,

Posang bosar otaning mehri.

Kenjatoyin xoqon, menimcha,

Ortiq sevar Chaqmoqdan picha.

 

Ustoz soʻzin eshitib Shabnam,

Javob qildi

Oʻylanib bir dam:

– Adashmasam,

Boʻlsa hamki yosh,

Xoqonlikka loyiqdir Quyosh.

Shohning amri deydilar vojib,

Buyuk zotga qilmaylik taajjub.

 

Shohga izhor qilsa-da ixlos,

Yosh kelinchak gezardi biroz.

 

X

 

Zindon edi juda qorongʻi…

Tun yarimdan ogʻgani chogʻi,

Zarang qopqoq ochildi asta,

Nedir tushdi gursillab pastga.

Yaqin bordi

Bulduruq hayron,

Koʻrdi – oʻlib yotar zindonbon.

 

Mahbus toki hushin qilmay jam,

Paydo boʻldi qotil oʻzi ham.

Dedi:

– Kallang sogʻmi, Bulduruq?

– Salom berdik,

Janob “Zamburugʻ!”

– Sekin!

Qani, gapir-chi, ini,

Xatda nelar deyilganini.

 

Zaxdan ranjib,

Yoʻtalib quruq,

Xat mazmunin aytdi Bulduruq.

U soʻzini tugatgan chogʻda,

Qorongʻida qoldi-yu dogʻda,

Uchrab qabih hamlaga nogoh,

Bilolmay ne boʻynida gunoh,

Ogʻzi karrak ochilganicha,

Boʻgʻziga tigʻ sanchilganicha,

Agʻnab tushdi,

Jon berdi faqir…

O, malayning qismati ogʻir!

 

XI

 

Mehriboni – ustoz aytgan gap,

Oʻtdi Shabnam qalbini tirnab.

Diqqat boʻldi,

Chalkashdi oʻyi,

Lohas sezdi oʻzin kun boʻyi.

Tunda dardi sigʻmay teriga,

Bu haqda gap ochdi eriga.

Miyigʻida jilmaydi Chaqmoq:

– Buni oʻzim bilardim,

Biroq

Sen qayerdan eshita qolding?

Suluv Shabnam chuqur tin oldi:

– Eshitdim-da,

Nima farqi bor?

– Jonim,

Xafa boʻlyapsan bekor,

Nega kerak oʻzi bizga toj?

Topolsaydim agar men iloj,

Turmas edim saroyda bir kun.

Besh-oʻn navkar olvolib durkun,

Ov qilardim darada oylab.

Oʻtirarding yoʻlimni poylab

Sen kanizlar bilan chodirda –

Chechaklarga burkangan qirda…

Qoʻmondon – eng kerakli nozir,

Ming-ming lashkar

menga muntazir.

Yurtni yovdan saqlasam omon,

Ayt-chi, buning nimasi yomon?

Bu sharafli,

Faxrli behad,

Shohda esa – qup-quruq shuhrat.

 

Shabnam mamnun boqdi yoriga,

Suyanchigʻi,

Iftixoriga.

Gʻururlandi yurtparvar erdan

Va koʻngli ham yorishdi birdan.

 

XII

 

Erta tongda bosh mirshab Shunqor,

Rangi oʻchib misoli bemor,

Kirib keldi Toshsaroyga sust.

Ham zindonbon,

Ham makkor josus

Bir xil tigʻdan belanib qonga,

Jon berganin shu kech zindonda

Bayon etdi

Qirgancha tomoq.

Bir oz sukut qilgach,

Dedi shoh:

– Chala qoldi gaping, chamamda,

Sen aytmading

Qaysi sur banda

Bunday ishga qilibdi jurʼat?

– Shohim,

Sizdan soʻrayman shafqat!

Biz…

Qotilni topamiz…

– Yetar!

Hiqillama,

Boshingni koʻtar.

Unutma,

Sen – Shunqorsan, Shunqor!

…Qotilni top!

Qani, endi bor…

 

Chiqib ketgach

Shunqor xonadan,

Gap tashladi kimdir panadan:

– Bora olgay soqchiga yaqin –

Tunda faqat mirshab…

Hm, tagʻin –

Kim biladi…

Tangriga yakkash

Charxning ishi tuyulmas chalkash.

 

 

XIII

 

Mashgʻulotni

boshlash-chun ustoz,

Bitta-bitta bosib misli gʻoz,

Koʻk eshikdan kirdi xonaga.

Munkillagan bukri enaga

Maʼlum qildi:

– Shabnamxonim band!

U, qahvaga solib bir juft qand,

Kirib ketdi

Quyosh yoniga.

Qaramasdan suv va doniga,

Ogʻir yotgan emish shahzoda,

Malika va xoqon – azada.

 

Popishak tez qaytib orqaga,

Yaqin borib

“Kumush halqa”ga,

Ochib Quyosh eshigin qiya,

Ichkariga bosh suqdi hufya.

Boʻrtokchada – eshik yonida,

Oʻxshab qushning issiq qoniga,

Turar edi qahvali idish.

Eshitildi yotoqdan tovush:

– Nima boʻldi,

Azizim, Quyosh?

– Yanga…

Shabnam…

Toʻkmagin koʻzyosh…

 

“Ular – oshiq!

– dedi Popishak. –

Gar yanglishsam,

Demak, men eshak”.

 

 

XIV

 

Kipriklari boʻlib jiqqa nam,

Chiqdi

Quyosh yonidan Shabnam.

U chiqdi-yu,

Eshitildi dod,

Uvvos solib koʻtardi faryod

Oqsoch Chumchuq

boʻzlab xonada,

Zumda notinch boʻldi xonadon.

Yetib keldi shoh va malika,

Nozirlar jim turishar tikka,

Bemor Quyosh qusar edi qon,

Qusa-qusa,

Berdi oxir jon.

 

Tabib Kaptar taajjubda edi,

Ahvol bilan tanishib dedi:

– Zahardan u…

Topibdi oʻlim…

Oqsoch dedi:

– Bormaydi tilim!

Bir zum oldin xonima Shabnam,

Boʻlib bunda bemorga hamdam,

Majbur qilib,

Majbur qilib, ha! –

Shahzodaga ichirdi qahva.

 

Nechun oh-dod?

Nechun bu figʻon?

Oqsochga ham kerak edi jon.

 

Yoshga toʻlib Shabnamning koʻzi,

Beixtiyor oqarib yuzi,

Chekinarkan,

Qichqirdi:

– Yolgʻon!!!

Zahar solgan – oʻzingsan,

Ilon!

 

Dard-alami sigʻmay koʻksiga,

Tiqilgancha faryod boʻgʻziga,

Iztirobdan titrab qoʻllari,

Yurdi Shabnam xonasi sari…

Hamma ham

Xun boʻlganda jigar,

Oʻz uyida yigʻlashni istar.

 

XV

 

Hoʻng-hoʻng yigʻlab

yotarkan Shabnam,

Kirdi Chaqmoq xonaga ildam:

– Sendek makkor xotinga laʼnat!

Laʼnat yogʻsin

Menga ham abad!

Buncha kalta boʻlmasa fahmim,

Nechun idrok etmabdi aqlim, –

Mamlakatga boʻlgin deya shoh,

Eringga baxt tilaganing choq,

Qilganding-ku ukamga gʻaraz.

Dogʻda qoldim,

Hayhot, men galvars!

Juda yaxshi ishlabdi kallang,

Tushunibsan,

Hayot – kurash, jang.

Mavjud ekan eringda uka,

Boʻlolmasding axir malika…

Malikalik turmas doim naqd,

Jannatda hur boʻlaqol,

Ablah!

 

Toʻlib qahru gʻazabga Chaqmoq,

Barmoqlarin qildi-yu sirtmoq,

Chovut soldi yorin boʻgʻziga.

Dahshat aksi chaqnab koʻzida,

Toʻlgʻanardi kelinchak tinsiz…

Soʻng

Gilamga yiqildi unsiz.

 

XVI

 

Enagaga boʻlgancha hamroh,

Koʻk eshikdan kirib keldi shoh.

Qizi tomon otildi vazir,

Dong qotdilar ulamo, nozir.

Soʻlgan guldek yotardi Shabnam,

“Nima boʻldi senga,

qizginam?” –

Deya, urdi ona Toʻti oh.

Mushtin qisib,

Bosh egdi Chaqmoq.

 

Chaqqon yurib yasovulga xos,

Qizilishton kirdi-yu bexos,

Tiz choʻkdi:

– O, ulugʻ xoqonim,

Afv etilsa bir qoshiq qonim,

Voqif qilay sizni bir gapdan.

– Ayt!

– Koʻshkdagi gilam yoʻlakdan

Borardim taxt eshigi sari,

Yasovulni almashtirgani.

Yaqinlashgach

“Kumush halqa”ga,

Tisarildim birdan orqaga.

Men koʻrdimki,

Janob Popishak

Ochib Quyosh eshigin qittak,

Ichkariga tumshugʻin suqib,

Turar edi gaplarni uqib.

Bir payt

Qoʻynin paypaslab qoldi

Va qoʻliga nenidir oldi.

Uy ichiga kirdi-yu asta,

Qaytib chiqdi yana birpasda.

Soʻng atrofga boqib badgumon,

Yoʻl oldi oʻz xonasi tomon.

U, yoʻlakdan burilgan damda,

Allanarsa tushdi gilamga.

Borib oldim,

Qarasam – uzuk,

Oʻlja boʻlmas bundan ham tuzuk…

Kim bilibdi bunday boʻlishin?

Oʻylovdim – u janobning ishi

Gap poylashdan oʻtmas nariga…

Fahmim yetdi keyin bariga.

 

XVII

 

Tabib Kaptar uzukni olib,

Uni yogʻoch kosaga solib,

Botirgan vaqt bir qultum suvga,

Suv sharaqlab aylandi bugʻga.

Shohga tabib yuzlandi behol:

– Bir koʻriboq,

Sezgandim darhol.

Suyuqlikka solinsa agar,

Bu uzukdan tarqalar zahar.

 

Shunqor dedi:

– Xoqoni ulugʻ,

Popishak bu

– oʻsha “Zamburugʻ!”

Shoh gʻazabnok soʻz qotdi:

– Attang!

Picha kechroq ishladi kallang,

Tezda qoʻlga olinsin battol!..

Yasovullar tarqaldi darhol.

 

Yotar edi Shabnam

Begunoh…

Chaqmoq naʼra tortdi-yu nogoh,

Derazani pachaqlab birdan,

Otdi oʻzin baland qasrdan.

– Oʻgʻlim!!! – deya

Qildi shoh nido.

Pichirladi tabib: “Alvido!”

Nozirlarni bosdi tahlika,

Qoʻsh farzandsiz qolgan malika

Nolish bilan

Yulgan choq yuzin,

Shabnam asta ochdi-yu koʻzin,

Turganlarga boqdi taajjubda.

Bu dunyoning ishi ajib-da,

Bir eshikdan kirgan payt motam,

Bir eshikdan chiqib ketar gʻam.

 

XVIII

 

Miltillardi qora jinchiroq,

Mudrar edi soqchi Qarqunoq.

Tovush keldi zindondan shunda:

– Oshna,

Senga qiyin-da juda.

Menga maʼlum zindonbon holi,

Itnikidan yomon ahvoli…

– Senikidan lekin durustroq! –

Deb gʻudrandi soqchi Qarqunoq.

 

Popishakning chiqmadi jahli:

– Tez kunda men

boʻlaman baxtli…

Sen koʻryapsan faqat bugunni,

Oʻylasang-chi ertangi kunni.

Oʻldi Shabnam,

Chaqmoq va Quyosh,

Gʻamdan shoh ham boʻladi odosh.

Qarchigʻayshoh bosib kelar soʻng,

Murdalardan yasar katta doʻng.

Keng maydonga qalab archani,

Nozir,

Navkar,

Soqchi…

Barchani –

Tiriklayin yoqar gulxanda.

Boʻyi tengi sochar zar tanga,

Kimki boʻlsa unga sodiq qul…

 

Vaysar ekan Popishak nuqul,

Qamrab oldi soqchini vahma.

Xuddi oʻtda turgandek laqma,

Potirladi:

– Maqsadingni ayt!

– Yogʻochsaroy ichra ushbu payt

Qarchigʻayshoh menga muntazir.

Rozi boʻlsang,

Ikkimiz hozir

Kunbotarga qarab uchamiz,

Erta-indin manzil quchamiz.

Seni unda

Qilamiz toʻra,

Bu, gulxanda yonishdan koʻra –

Ancha qulay,

Toʻgʻrimi, oʻrtoq?

Oʻylab turib, dedi Qarqunoq:

– Bordir axir,

Xotinim, bolam…

– Olvolamiz ikkovini ham…

 

Xullas,

Oson sotildi soqchi,

Haryon boqib misli aygʻoqchi,

Shartta ochdi zindon eshigin.

Keyin pastga tushdi-da sekin,

Pichogʻini sugʻirib yondan,

Xalos etdi “doʻstin” arqondan.

Mahbus turdi qaddin qilib gʻoz…

Soʻng soqchiga tashlanib bexos,

Tortib oldi uning yarogʻin.

Ushlagancha lat yegan jagʻin,

Qichqirgan dam

xumbosh Qarqunoq,

Koʻkragiga sanchildi pichoq.

 

Tanlolmadi oʻzibop joʻra,

Boʻlolmadi yot yurtda toʻra,

Bulgʻandi el unga bergan tuz,

Qolib ketdi uyida yolgʻiz

Xotini tul,

Bolasi sagʻir…

O, sotqinning qismati ogʻir!

 

XIX

 

Nafas olar qiynalib Chaqmoq,

Joni tanda boʻlsa ham,

Biroq,

Ogʻir edi ahvoli juda.

Shohu vazir,

Qaynona-quda –

Yurishardi bedor, nobardam.

Tabib Kaptar,

Vafodor Shabnam –

Nari ketmay

Chaqmoq qoshidan,

Qonli terni artib boshidan,

Tomizishar edi labga suv.

Behushlikmi yo qattiq uyqu

Yaradorni qilgandi karaxt…

Oʻlsa – armon,

Tirik qolsa – baxt!

 

Tongga yaqin, telbaga oʻxshab,

Gangsib kirdi xonaga mirshab:

– Oʻlimimga roziman,

Shohim,

Ortib ketdi behad gunohim…

Zindonbonning sirli oʻlgani,

“Zamburugʻ”ning gʻoyib boʻlgani,

Shoh dilini tund qildi battar:

– Yoʻlga chiqsin

Qaldirgʻoch chopar,

Posbonlarni etsin u ogoh,

Chegaradan oʻtolmasin sogʻ

Birorta qush,

Birorta chivin!

…Soʻng oʻzicha shivirlab sekin,

Dedi:

– Balki, qolgandirmiz kech…

Tavba, aqlim yetmay qoldi hech,

Toshsaroyda nelar boʻlyapti?

Lak-lak ofat qaydan kelyapti?

 

XX

 

Burgutshohning ikki farzandin,

Ham vazirning yolgʻiz dilbandin,

Bir kundayoq tinchitganini,

Yovni boplab injitganini

Soʻylab berdi Popishak magʻrur.

Qargʻa dedi:

– Ishlaring manzur.

Shu qatorda jonsiz yo nosogʻ –

Yotgan boʻlsa edi Burgutshoh,

Unda, bahong boʻlardi “aʼlo”.

– Qizilishton degan bir balo

Rasvo qildi ishimni bevaqt,

Oʻzi, shohga keluvdi navbat.

– Qarchigʻayshoh

Uch kunki, kasal,

Qoʻrs va injiq boʻlib qoldi sal.

Kelganingni aytaman kirib,

“Zamburugʻ”ning zafarin bilib,

Koʻngli birdan yorishsa, zora…

Mukofotni

Qilamiz “ar-ra”.

 

XXI

 

Berib boʻlgach Popishak hisob,

Qarchigʻayshoh ayladi xitob:

– Burgutshoh-chi?!

– Vaqtincha…tirik…

Lekin shuncha qaygʻu, koʻrgilik

Uning jonin olishi kerak…

– Oʻlishini kutamiz, demak?

Aqling balo,

Maslahating zoʻr…

Soʻng qichqirdi:

– Yaramas! Nonkoʻr!

Xoʻb sovurding

moʻmay mablagʻni,

Oʻsha tojdor qari ablahni

Nechun qila olmading gumdon?

Balki…

Shirin tuyulgandir jon?

Botibsan sen azim gunohga!

Mendek mashhur

Qarchigʻayshohga

Shartta qurbon boʻlmagan

jonzot –

Iltifotga loyiqmas…

Jallod!!!

 

Tiz choʻkib dod soldi

“Zamburugʻ”:

– Ketingizga boʻlayin quyruq,

Bolangizga boʻlay oʻyinchoq,

Shafqat qiling,

Muruvvatli shoh!

 

Shoh koʻzidan soʻnmadi nafrat,

Popishakka etmadi shafqat.

Pinagini buzmasdan zarra,

“Mukofot”ni qilmasdan arra,

Surlik bilan

Yuz burdi vazir…

O, josusning qismati ogʻir!

 

 

XXII

 

Yov niyatin qilmoqchiday puch,

Bir oy oʻtib,

Yigʻib ancha kuch,

Chaqmoq asta turdi oyoqqa.

Suyanmasdan qoʻltiqtayoqqa,

Toshsaroydan chiqdi tashqari,

Unga tirak – vafodor yori.

 

Ochildi koʻk,

oq, sariq darcha,

Mamnun boqar

saroydan barcha:

Odil shohu

Aqlli vazir,

Oqsoch,

Mirshab,

Ulamo,

Nozir

Juft chechakdek bu ikki yoshga…

 

Taʼzim qilmoq uchun Quyoshga,

Birgalashib Shabnam va Chaqmoq,

Koʻzlaridan yosh tomib munchoq,

Sagʻanaga keldilar yaqin.

Bor degandek hayotda haqqim,

Goʻyo koʻkka qilardi nola

Goʻr ustidan chiqqan yosh lola.

Simirarkan

Tongning sabosin,

Eshitgandek giyoh nidosin,

Koʻz qadadi lolaga Chaqmoq.

 

Chaqmoq

Yurtga boʻlar bir kun shoh!

Qanday kunlar kelgay oʻshanda?

Oʻt ketmasmi ushbu gulshanga?

Saqlanarmi taxtda odillik?

Avj olmasmi qirgʻin, qotillik?

Moʻl boʻlgaymi sandiqlarda don?

Oʻylolgaymi navqiron xoqon

Oddiy xalqning taqdirin bedor?

Boqolgaymi yovlarga hushyor?

Bosqinchidan koʻrmasmi zavol

Soʻqmoqdagi munkillagan tol?

Yurt tarixin supurmasmi yel?

Oʻzligini saqlolgaymi el?

Buzilmasmi koʻhna qasrlar?

Toptalmasmi qutlugʻ qabrlar

Va undagi oʻychan lolalar?..

……..

……..

Ertak tamom…

Xayr… bolalar…

 

Anvar OBIDJON

https://saviya.uz/ijod/nasr/odil-burgutshoh-va-zamburug-laqabli-josus-haqida-ertak/

5 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x