Odamgarchilik

(“Otamning oʻgitlari” turkumidan)

Biron noxush xabar boʻlsa, u butun mahallaga yashin tezligida tarqaladi. Bir mahalladoshimizning yigirma yashar oʻgʻli xorijda baxtsiz hodisa tufayli halok boʻldi.

Bu voqeani eshitgan borki, hali oʻn gulidan bir guli ochilmagan yigitga ham, bagʻri qon boʻlib “voy, bolam”lab boʻzlayotgan ota-onasiga ham chin dildan achinishdi. Toʻgʻrirogʻi, bu voqeani eshitgan borki, oʻzini tutolmadi, yigʻlagan ham, yigʻlamagan ham yigʻladi. Hamma u xonadonga borib taʼziya bildirib chiqar, kimdanki yordam kerak boʻlsa, hamma xizmatga shay boʻlib turdi. Mahalla-koʻy boshqacha-da, ana shunday kunlaringda asqatadi. Axir, Maxtumquli aytadi-ku: “Ursa, soʻksa, xoʻrlasa ham el yaxshi”, deb. Xullas, uch kun deganda tonggi soat beshlarda mayitni olib kelishdi. Janozani peshin paytiga belgilashdi.

Eng yomoni, oʻsha kuni bir mahalladoshimizning uyiga kelin tushayotgandi. Mahallaning koʻpni koʻrgan faollari borib, toʻy egasini ogohlantirib kelishgan edi. “Mayli, toʻyingni qil, ammo ana u matohingning ovozini sal pastlatib qoʻy, u yerda qon yutib turishibdi, ularning koʻngliga hozir soz sigʻmaydi, bilasan. Bir mahallamiz-a…”

Toʻy egasi “xoʻp, akalar, sizlar nima desangingiz shu”, deb qolibdi, ammo kelin kelganida oʻz bilganini qilib, karnay – surnayni varanglatib yubordi deng. Garchi oʻsha azador oila bilan toʻy beruvchi xonadon oʻrtasi uzoqroq boʻlsa-da, janoza oʻqilayotgan paytida karnay-surnayning ovozi eshitilib turdi. Janozaga toʻplanganlar boshini “ha, attang” deganday chayqab qoʻyardi.

Bu voqeadan juda taʼsirlandim. Beixtiyor oʻzimning toʻyim boʻlgan davrlar yodimga tushdi. 1978 yil edi oʻshanda. Otam meni uylantirish tadorigini boshlab yubordi. Shu orada bir hammahallamiz oʻtib qoldi. Otam toʻyning vaqtini picha choʻzdi. Oʻsha kishining maʼrakalari oʻtib boʻlgach, toʻyni boshlab yubordi. Toʻy kuni yoniga mahallaning ikki-uch gapga yetarmanlarini olib, tugunga u-bu solib, azador oilanikiga yoʻlga tushdi.

Borib, oilaning kattasiga: “Toʻy boshlab qoʻygan edik, shunga sizlardan ruxsatga keldim. Toʻgʻri, hozir koʻnglingizga bu gaplar sigʻmaydi, ammo nima qilamiz, hammamizning ham boʻlarimiz shu”, – degan ekan. Ular:

– Ota, biz ojiz bandamiz, Xudoning xohlagani. Endi nima deymiz, hammasidan xabarimiz bor. Sizga rahmat. Garchi molingizni soʻygan boʻlishingizga qaramay, otamning maʼrakalari oʻtguncha kutdingiz. Imon boyi boʻling, bizdan ruxsat, toʻyingizni boshlayvering, – degan ekan.

Otam qushdek yengil boʻlib qaytgach, toʻyni boshlab yuborgan edi. Qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻning muzlatgichlariga berib yuborgan goʻshtlarni oldirib, qozon ostirgani yodimga tushdi.

Eh, oʻsha yillari odamlar oʻrtasida qadr-qimmat, ahillik kuchli edi. Hatto mahallada birov oʻtib qolsa, otam uyda uch kungacha televizor qoʻydirmasdi. Qoʻshnimiz azada oʻtirsa, bizning koʻnglimizga soz sigʻadimi, derdi. Oʻsha paytlarda bular menga erish tuyulgan boʻlsa, bu gaplarda insoniy fazilatlar, odamgarchilik boʻlganini endi-endi sezyapman.

Yangi uylangan yillarim “Vesna” degan magnitofonim boʻlardi. Tomorqada otam buyurgan ishlarni keliningiz bilan birgalikda qilib yurgan edim. Yoshlik-da, yuragimiz joʻshib turgan payt emasmi. Magnitofonni dalaga olib chiqib, varanglatib qoʻyibman deng. Bir payt baland ovozni eshitib, otam uydan chiqib keldi. Kelinning oldida koyishni ep koʻrmadi shekilli, meni imlab chaqirdi.

– Sobir otaning oʻtganiga yetti kun ham boʻlmadi, oʻgʻlim, bu ishingiz yaxshi emas. Eshitgan quloq nima deydi. Darrov anavining unini oʻchiring, ichkariga kirib eshitinglar.

Men boʻlsam, rahmatli Sobir otaning vafot etganini ham esimdan chiqarib yuborgan ekanman. Darrov magnitofonni oʻchirib, ichkariga kiritib qoʻydim.

Otamning el bilan boʻl, bolam, oʻz elingdek joy bormi. Eling yonsa, yon, kuysa kuy. Ursa, soʻksa, xoʻrlasa ham el yaxshi, degan oʻgitlari qulogʻim ostida jaranglaydi.

 

Boltaboy MUHAMMAD QURBON

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/odamgarchilik/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x