Odam savdosidan ogoh bo‘ling!


Post Views:
231

Inson Alloh taolo tomonidan yaratilgan narsalarning gultojidir. Dunyodagi qolgan boshqa barcha narsalarni Alloh taolo inson foydasi uchun yaratgandir. Alloh taolo Qur’oni karimning “Isro” surasining 70 oyatida:       

 ولقد كرمنا بنى ءادم

“Batahqiq, Biz Bani Odamni mukarram qilib qo‘ydik” degan.

Bu haqiqatni tushunib olishimiz uchun “Shariatning maqsadlari nimalardan iborat?” degan savolga javob berilsa, shuning o‘zi kifoya. Bu savolga islom ummati o‘n to‘rt asrdan buyon bir ovozdan: Islom shariatining maqsadlari: dinni, jonni, aqlni, naslni va molni asrashdan iborat, deya javob berib kelmoqda.

Bugungi kunda masala qilib ko‘tarilayotgan insonning hurriyatidan ayrilishi haqida ketmayaptimi? Albatta, shu haqda ketmoqda.

Islom ana shu oliy maqsadni amalga oshirgan, yo‘lga qo‘ygan va ular bilan insonlarni mafaatlantirgan. Chunki Islomda hurriyat haqqi, mulkchilik haqqi, e’tiqod erkinligi haqqi, ishlash va kasb qilish haqqi, xohlagan joyda yashash vaboshpana so‘rash haqqi, oila qurish va unga tegishlihaq huquqlar, umuman olganda insoniylik qadr qiymati to‘la adolatli ravishda ta’minlangan.

Marhum Alloma Alixonto‘ra Sog‘uniy o‘zlarining “Turkiston qayg‘usi” nomli kitoblarida quyidagilarni aytib o‘tganlar:

Har bir insonning dunyo hayotida eng qadr qimmatlik 4 ta narsasi bor: 1. Uning ozodlik hurriyati, 2. O‘zi kasb qilib topgan mulkiga o‘zi egalik qilishi, 3. Tug‘ilib o‘sgan vatani, 4. Asrlar osha davom etib kelib unga yetgan muqaddas dinidir.

Qachoniki inson mazkur to‘rt narsaga ega bo‘lsagina inson o‘zini “inson” deya his qilaoladi. Agar bulardan inson mahrum bo‘lsa, inson o‘zini go‘yoki boshqa maxluqlar qatorida his qiladi”,  deya ta’kidlaydi.

O‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, kishida hurriyat bo‘lmasa unday insonni hayvondan farqi qolmaydi. Insonning erki  ozodligi, hurriyati o‘z qo‘lida bo‘lishi kerak. Shu kabi inson o‘zi kasb qilib topgan mulkiga o‘zi egalik qilaolish kerak. O‘zi peshona teri bilan topgan mulkiga o‘zgalarni zulumona egalik qilishlari, inson sharafiga putur yetkazishdir.

Hozirda dunyo manzarasiga nazar solsak, oddiy soddadil halol mehnat qilib farzandlarimni boqayin, degan niyatda ishsiz qolgan kimsalarni o‘z to‘riga ilintirib, oldindan ko‘p miqdorda pul va’da qilib, arzimas molu dunyoni deb o‘zgalar qo‘liga topshirib, hur, erkin bir insonni qullikka mahkum qilayotgan odamfurushlar o‘zlarining qora dog‘lari bilan huddi shaffof suvni loyqalatgandek jamiyatimizda o‘zaro odamlar o‘rtasida turli xil kelishmovchiliklarni keltirib chiqarib, oqibatda necha necha oilalar buzilishiga, necha necha farzandlarni ota qaromog‘idan mahrum bo‘lib, qarovsiz , och nahor qolishiga, necha necha kishilarni bu tinch zamonda, musaffo osmon ostida emin erkin hayot kechirishiga to‘g‘onoq bo‘lib kelayotgan insonni kim deb atash mumkin? Bir so‘z bilan aytganda, o‘zgalar haqqidan qo‘rqmay, hur odamni qullikka mahkum qilib, o‘zi esa nafsiga qul bo‘lgan zolimlardir. Kishi uchun o‘z nafsining quli bo‘lishdan ko‘ra og‘ir musibat     bormi aslida?

Chunki bu qilmishlari ochiqdan ochiq zulmku axir.

Rosululloh s.a.v. aytdilar: “Alloh taolo dedi: “Men uch toifa odamga xusumatchi raqibman va kimga xusumatchi bo‘lsam, uni aniq yengaman. Ular: Mening nomim bilan berilgan narsaga xiyonat qilgan kimsa, hur odamni sotib pulini yegan kimsa, mardikor yollab, ishini qildirib, haqini bermagan kishi”.

Mazkur hadisda zikr qilingan uch kishining barchasi odam savdosi bilan shug‘ullanuvchilarning aynan sifatidir. Chunki ular avval ko‘rishganda ko‘p pul va’da qilib yolg‘on gapiradilar, keyin hur odamni o‘zgalar qo‘liga topshirib evaziga anchagina mablag‘ga ega bo‘ladilar, ish egalari esa o‘z ishlarini qildirib, qildirib oxiri kasalvand bo‘lib qo‘lidan ish kelmay qolguniga qadar ishlatib, undan foydalanib bo‘lganidan keyin pulsiz qo‘yib yuboradi, ba’zalari esa go‘yo ayblarini yopib yuborgandek o‘ldirib yuboradi. Insof bilan ayting, kimsalarni kim deb atash mumkinmi?   

Musaffo dinimiz ta’limoti insonni e’zozlash, ulug‘lash dini bo‘lib bunday yo‘lda amalga oshirgan  har bir kishining xar bir xizmatini munosib baholaydi.

Hazrati Umar r.a.rivoyat qiladilar: “Rosululloh s.a.v. dan: “Alloh taologa bandalarning suyuklirog‘i qaysisi?” deb so‘rashdi. Rosululloh s.a.v. aytdilar: “Odamlarga eng ko‘p foydasi tegadigani. Amallarning afzalrog‘i haqida so‘rashganida, aytdilarki: “Mo‘minning qornini to‘yg‘azi, yoki g‘amini ketkazish yoki qarzini o‘tash bilan uning qalbiga xursanchilik kiritishdir. Kimki musulmonning hojatini chiqarish uchun u bilan birga yursa, go‘yo bir oy e’tikofda turib, ro‘za tutgan kabidir. Kimki mazlumga (zulmda qolgan) yordam berish uchun u bilan yursa, qadamlar toyiladigan kunda Alloh taolo uning qadamlarini sirotda toyilmaydigan qiladi. Kim g‘azabini yutsa, Alloh taolo uning avratini berkitadi. Yomon xulq sirka asalni buzgandek iymonni buzadi”.

Aziz yurtdoshim! Keling qo‘limizdan kelganicha bir birimizga mehr ulashaylik. Aqalli bir birimizga zulm sitam o‘tkazmaylik, shu ham bir yaxshilik.

Ilhomjon Madaliyev,
“Mo‘yi Muborak Ukkosha” jome’ masjidi imom xatibi

https://shosh.uz/uz/odam-savdosidan-ogoh-bo-ling/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x