OʻZBEKISTON KONSERVATORIYASI

OʻZBEKISTON KONSERVATORIYASI, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi — musiqa sanʼati sohasida respublikada yetakchi taʼlim muassasasi. 1936 yil Oliy musiqa maktabi (1934) negizida Toshkent konservatoriyasi sifatida tashkil topgan. 1976—2002-yillarda Muxtor Ashrafiy nomida, 2002-yildan hoz. nomda. Oʻzbekiston konservatoriyasida 5 ft, 24 kafedra, bakalavriat, magistratura, assistentstajyorlik, aspirantura va malaka oshirish bosqichlari, iqtidorli bolalar akademik litseyi mavjud. 1000 dan ziyod talaba va oʻquvchilar kompozitsiya, musiqashunoslik, xor va operasimfonik dirijyorligi, yevropa klassik, milliy va estrada yoʻnalishidagi ijrochilik (sozandalik va xonandalik turlari), zamonaviy texnologiyalar (musiqiy ovoz rejissyorligi), musiqiy pedagogika, tanqid va jurnalistika kabi ixtisosliklar boʻyicha taʼlim olmoqda (2005). Shuningdek, uning tarkibida musiqali teatrstudiya, simfonik, oʻzbek xalq, puflama va estrada cholgʻulari orkestr va ansambllari (mas, Faxriddin Sodiqov nomidagi «Maqom» ansambli, bigbend, torli kvartetlar va boshqalar), xor jamoalari, «Milliy cholgʻular» muzeyi va ilmiy ishlab chiqarish lab., Ixtisoslashgan ilmiy tekshirish markazi, «Musiqa» nashriyoti, fonoteka, kutubxona, «Xalq musiqa ijodiyoti» lab., ovoz yozish studiyalari faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston konservatoriyasida turli yillarda K. Lisovskiy, V. Uspenskiy, Ya. Pekker, ʼ. Nadejdin, M. Ashrafiy, A. Kozlovskiy, B. Zeydman, N. Yablonovskiy, ʼ. Giyenko, Ham. Rahimov, N. Hoshimov, Il. Akbarov, I. Rajabov, F. Sodiqov, F. Karomatli, F. Mamadaliyev, M. Reyson, A. Gekkelman, V. Poʻlatov va boshqalar dars bergan. Konservatoriyada 2004—2005 oʻquv yilida 50 prof. (S. Qobulova, T. Alimatov, Z. Haqnazarov, Q. Muhiddinov, O. Yusupova, F. YanovYanovskiy, A. Odilov, T. Gʻafurbekov, R. Yunusov va boshqalar), 70 dan ziyod dotsent ishladi.

Oʻzbekiston konservatoriyasida oʻquv jarayonining muhim bosqichi — ijodiy faoliyatidir. Konservatoriya jamoasi yiliga 300 dan ziyod turli konsert oʻtkazmoqda. Konsertijrochilik faoliyatiga 38 ta Oʻzbekiston xalq artisti, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist va boshqalar faxriy unvonlarga ega mutaxassislar, shuningdek, 80 dan ziyod xalqaro va respublika tanlov laureatlari oʻz hissalarini qoʻshmoqda. Konservatoriyaning ilmiyuslubiy faoliyati, asosan, oʻzbek mumtoz va zamonaviy musiqa, Markaziy Osiyo va jahon xalklari musiqa ijodi, musiqa nazariyasi va tarixi, ijrochilik masalalari bilan bogʻliq.

2002-yilda OʻzR Prezidenti I. Karimov tashabbusi bilan qurilgan yangi binosi (bosh meʼmor V. Spivak, meʼmorlar A. Kalislomov, R. Shokirov va boshqalar, rassomlar O. Xabibulin, V. Gan, R. Xudoyberganov va boshqalar) eng zamonaviy uskunalar va cholgʻular bilan taʼminlangan. Umumiy hajmi 35.180 kv. m, 305 auditoriyasi, 4 konsert zali, 4 ovoz yozish studiyasi, sport zallari va boshqalar mavjud.

Dilora Murodova.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x