OʻZBEK ULUSI

OʻZBEK ULUSI — Dashti Qipchoqning sharqiy qismi (Janubiy Gʻarbiy Sibir) da Abulxayrxon asos solgan (1428) davlat va uning aholisi. «Oʻzbek ulusi» atamasi Oʻzbekxon nomi bilan bogʻliq. Poytaxti — Chingi-Tura (hoz. Tura) shahri 1428—46 yillarda Oʻzbek ulusiga Orol dengizining shim. qirgʻoqlaridan to Irtish daryosining oʻrta oqimlarigacha, sharqda Sarisu va Chu daryolaridan gʻarbda Yoyiq (Ural) daryosining soʻl sohillarigacha boʻlgan yerlar qaragan. Oʻzbek ulusi urugʻqabilachilik munosabatlari asosida barpo etilgan. 1431—46 yillarda Abulxayrxon Joʻjixon naslidan boʻlgan koʻpgina sultonlar (Iboqxon, Burka Sulton, Jonibek, Gerayxon, Mustafoxon) ning ayirmachilik harakatlariga barham berish uchun kurash olib borgan.

15-asrning 30-y. larida Oltin Oʻrda, Ok Oʻrda, Moʻuliston va Temuriylar saltanatida ichki nizolar kuchayib ketganidan foydalanib Abulxayrxon Oʻzbek ulusi tarkibiga hoz. Markaziy va Sharqiy Qozogʻiston yerlarini, Sirdaryo boʻyidagi Sigʻnoq, Oqqoʻrgʻon, Arquq, Oʻzgan, Suzoq shahrilari va Xorazm viloyatini qoʻshib olgan (1431—35). 1447 yil Oʻ. u. ning poytaxti Turadan Sigʻnoqqa koʻchirilgan. Natijada Oʻzbek ulusi temuriylarning yon qoʻshnisiga aylangan. Dehqonchilik va hunarmandchilik mahsulotlariga boʻlgan ehtiyoj ularni har yili Movarounnahrga hujum qilishiga sabab boʻlgan. Shuningdek, Oʻzbek ulusi temuriylarning oʻzaro kurashlariga aralasha boshlagan. Mas, Abulxayrxon Abu Said mirzoning Samarqand taxtini egallashiga (1451) va Ulugʻbekning nabirasi Muhammad Joʻgiyning tojtaxt uchun kurashiga (1459—60) yordam bergan. Temuriylardan Sulton Husayn Boyqaro, Atouddavla, Manuchehr mirzolar Abulxayrxondan yordam soʻraganlar. Abulxayrxon vafoti (1468)dan soʻng Oʻzbek ulusi oʻzaro ichki nizolar natijasida inqirozga uchragan.

Abulxayrxon oʻrniga taxtga oʻtirgan oʻgʻli Haydarxon davrida Iboqxon, Burka Sulton, Jonibek, Gerayxon, mangʻit amirlaridan Yomgʻurchi va Muso Mirzolar Oltin Oʻrda xoni Ahmadxon bilan ittifoq tuzib, Haydarxonga qarshi kurash olib borib, gʻalabaga erishganlar. Haydarxon qatl etilgan. Iboqxon va uning ittifoqchilari Abulxayrxonning qarindoshurugʻlarini va tarafdorlarini qirgʻin qilishgan. Undan faqat Muhammad Shayboniyxon, uning ukasi Mahmud Sulton, Abulxayrxonning oʻgʻillari Suyunchxoʻjaxon va Koʻchkunchixon, Baxtiyor Sultonning oʻgʻli Mahdiy Sulton, Hamza Sulton va baʼzi beklargina qochib qutulgan, xolos.

Oʻzbek ulusi aholisi chorvachilik va dehqonchilik bilan shugʻullangan (q. Dashti Qipchoq oʻzbeklari).

Gulchehra Sultonova.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x