Oʻylayapmiz, yozayapmiz, yashayapmiz…

Ikki fikr, ikki hissiyot, ikki nigoh, ikki dard, ikki haqiqat, ikki yolgʻon, ikki did bilan bir tom ostida yashayotganlar talaygina. Gulni koʻrgan kulga, kulni koʻrgan gulga qayrilib qaragisi kelmaydi. Nachora! “Muqaddas rishta” – toʻda ovozi, qolaversa, “maʼsum bolalarning maʼyus baxti”. Shukrki ikki nigoh bilan ham bir xayolni kechirayotganlar, borliqni birgalikda tuyayotganlar yoʻq emas. Bu birlik qarshisida qaygʻuning-da qaddi bukiladi.

Oʻzbek ayollar nasri borasidagi qoliplashgan tasavvurlarimizni puchga chiqarayotgan, nigohini ruhiyatning ziddiyatli chigʻiriqlariga, jamiyat jarohatlariga qaratayotgan adiba Zulfiya Qurolboy qizi necha yildirki zalvorli yurak egasi, isteʼdodli yozuvchi, taniqli jurnalist Abduqayum Yoʻldoshga hamrohlik qilib kelyapti.

 

– Sanʼat – muhabbat va nafrat, haqiqat va yolgʻon, jaholat va ezgulik, hissiyot va tafakkur, xayol va hayot, taskinlar va afsuslar, xullas, yeru osmon visolidan mavjud boʻlgan YOLGʻIZLIKning inʼikosi. Balki, shu uchun ham ijodkor farzandi oʻzining yoʻlidan ketishini istamas. Oʻzi chekayotgan ruhiy iztiroblardan, evrilishlardan, vijdon toʻlgʻoqlaridan, yutqiziqlardan bolasini ayash uchundir, ehtimol?..

Z. Yoʻldosheva: – Yoʻq, baribir, men istayman. Chunki adabiyotga yaqin odamdan yomonlik chiqmaydi. Qolaversa, shuni aniq ayta olamanki, oʻgʻlim bilan katta qizimda adabiyotga nafaqat havas, balki jichchagina isteʼdod ham borday. Toʻgʻri, ular hozircha boshqa sohani tanlashdi. Ammo boʻsh vaqtlarida tuzukkina hikoyalar qoralab turishibdi. Qolganini vaqt koʻrsatar…

A. Yoʻldoshev: – Bu mening xohishim bilan boʻladigan ish emas-da. Isteʼdodning toʻqson toʻqqiz foizi mehnat deyishadi. Lekin hamma sir oʻsha bir foizda! Iqtidorsiz odam oʻzini kursiga bogʻlab qoʻyib, bir hafta bosh koʻtarmay nimadir yozishi mumkin, lekin bu asar emas, tuzsiz oshdek bemaza narsa boʻladi.

Umuman olganda esa, men yozuvchi boʻlish uchun filologiya yoki jurnalistika boʻyicha oliy maʼlumot olish shart emas, degan fikrdaman. Aksincha, hayot maktabining saboqlari qoʻshilgan isteʼdod muhimroq. Chexovning vrach, Dostoyevskiyning injener, Soljenitsinning matematik, Aytmatovning zootexnik boʻlganini eslang. Agar isteʼdod haqiqatan bor boʻlsa, u bir kuni baribir yuzaga chiqadi.

– Muallif sifatida yozganlaringizdan dil xira tortgan damlar uchrab tursa kerak?

A. Yoʻldoshev: – Bir paytlar Sergey Mixalkovning “Yozayotganda hech boʻlmasa harf teruvchini oʻylang”, degan satriga koʻzim tushib qolgandi. Bu ogohlantirish “goryachiy nabor”, yaʼni qoʻrgʻoshinga harf terishlar davri oʻtgan boʻlsayam, baribir ahamiyatini yoʻqotmagan. Maktabda oʻqib yurganimda esa geometriya oʻqituvchimiz nadomat ila: “Bizda qogʻoz ishlab chiqarish sanoati juda yaxshi ishlayapti-yu, lekin har xil yozuvchi-pozuvchilar koʻpayib ketdi-da”, deb turib, menga maʼnodor qarab qoʻygandi. Bu dakki hech esimdan chiqmaydi. Ichki masʼuliyatni tutib turadigan, asaringni oʻzing qayta oʻqigan paytingda yuzing qizarib ketishidan asraydigan zalvorli-zalvorli sabablar koʻp, faqat ularga rioya etish qiyinroq kechadi-da.

Yozganlarimdan uyalmayman. Ularning hammasi men uchun aziz. Muhimi shu.

Z. Yoʻldosheva: – Men esa ayrimlaridan uyalaman. Bir vaqtlar “sariq matbuot”da ishlab yurgan kezlarim gonorar uchun koʻp narsalarni yozib tashlaganman. Ularni asar deb boʻlmaydi. Lekin oʻquvchilar shunaqa narsalarga qiziqib, talab qilishsa, gazeta rahbarlari bozorgir mavzularni uzluksiz buyurtma qilib turishsa va yana yaxshigina qalam haqi toʻlashsa… odam qiziqib ketganini bilmay qolarkan-da. Oʻgʻlim Shahriyor: “Onaginam Alvarado, qushlarni boʻyab sotishni qachon bas qilasiz?” derdi. “Vaqti-soati kelganda,” deb javob berardim. Mana, oʻsha vaqti-soat kelgan shekilli, ikki yildan buyon koʻngilochar nashrlar uchun hech narsa yozmayapman. Lekin mundoq olib qaraganda, hozircha sal-pal durust deb eʼtirof etilayotgan asarlarimning aksariyati aynan oʻsha vaqtlarda qogʻozga tushgan.

A. Yoʻldoshev: – Qozoqboy aka (Yoʻldoshev) baʼzan buyurtma sabab boʻlib yaxshi asar yaratilishi mumkin, degandi. Rost ekan. Zulfiyaning “Koʻlanka” hikoyasi “Tafakkur” jurnali bosh muharriri Erkin akaning “Bizgayam bir narsa yozib bering, faqat ikki-uch hafta ichida” degan “qatʼiy buyurtmasi”dan keyin paydo boʻlganiga oʻzim guvohman.

– Ijodkor agar isteʼdodini qoʻshqoʻllab havoga sovurmoqchi, oʻzini esa hechlikka hukm etmoqchi boʻlsa, marhamat qilib kundalik nashrda gazetada ishlasin, degan fikr tez-tez xayolimdan oʻtadi.

A. Yoʻldoshev: – Institutni bitirgandan keyin besh yil zavodda ishlaganman. U davrlar… boshqacha edi. Kunlik reja ado etildimi, jismoniy charchoq, ish ustidagi baqir-chaqirlar birdan yoddan chiqadi, Adabiyotga ehtiyoj tugʻiladi: huzur qilib zoʻr asar oʻqimasang yoki nimanidir qoralamasang, yotib uxlab boʻlmaydi. Oʻzimga maʼqul koʻpgina mashqlarim aynan oʻshanda qogʻozga tushgan yoki koʻngilning bir chekkasiga tugib qoʻyilgan. Balki shu sabablidir, hamon zavodni, begʻubor ish muhitini sogʻinaman, tushlarimda koʻrib chiqaman… Biroq kun boʻyi tahririyatda ishlab, aksar hollarda oʻzingni mutlaqo koniqtirmaydigan qoʻlyozmalarni, sahifalarni qayta-qayta oʻqiyvergandan soʻng shu qadar (faqat jismoniy emas) charchaysanki, kechqurun uyda qogʻozga qarashga istak ham, hol ham qolmaydi: qoʻlingdan kelgani qurbonlikka ketgan yana bir kuningga besamara achinish boʻladi, xolos.

– Qirq yildan ziyod vaqt oʻtgan boʻlsa-da, “Noviʼy mir” jurnali tilga olinganda, shubhasiz, Aleksandr Tvardovskiy nomi eslanadi. Bunga sabab, u yolgʻon va oʻzining orasidan ingichka chiziq tortib olgan edi, deydi zamondoshlari. Yolgʻon bilan yuzma-yuz, yonma-yon yashashi mumkin, ahyon-ahyonda ketsa boydan ketibdi-da qabilida istehzoli tabassum ham ulashar. Lekin oʻsha sezilmas chiziqni oʻzi uchun “xitoy devori”ga aylantirib olish ruhiy riyozatsiz kechmaydi. Bu muxolifatchi yoki inqilobchi boʻlishdan-da mushkul, deb oʻylayman. Shu maʼnoda bunday qaltis sinovdan amal-taqal qilib oʻtgan va oʻtayotgan Bosh muharrirlar sifatida jamiyat alvon ranglarga boʻyalgan davrdagi “Guliston” jurnali – Asqad Muxtor, bugungi “Tafakkur” jurnali – Erkin Aʼzam, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi – Ahmadjon Meliboyev va “Mohiyat” gazetasining sobiq bosh muharriri Abduqayum Yoʻldoshni bilamiz…

A. Yoʻldoshev: – Siz aytgan odamlar biz uchun qoʻl yetmas orzudek gap… Gazetada esa vijdonan ishlashga harakat qildik, xolos. Albatta, ozgina yoshlik romantikasi ham bor edi, busiz mumkin emas-da. Undan keyin, juda qoyillatib tashladik, deb aytolmayman, oʻzimizga yarasha xatolarimiz ham bor edi. Shukrullo aka, Ahmadjon aka (Meliboyev), Xurshid aka (Doʻstmuhammad) kabi kuyinchak ustozlarning maslahatlariga imkon darajasida amal qilishga urindik. Gazeta sal tilga tusha boshlagandan keyin esa uning atrofida turli “gʻilof bandalari”yu Charli Chaplinning oʻt oʻchiruvchi qahramoniga oʻxshash kimsalar oʻralashib qolishdi: miltillagan choʻgʻ koʻrinib qolsa ham boʻldi, dod solib suv sepaverishadi. Jamoa bilan kelishgan holda, shamol tegirmonlariga qarshi ot solib, tinka-madorimizni quritgandan koʻra oʻz ixtiyorimiz bilan boʻshab qoʻya qolaylik, degan qarorga keldik.

Men ertalabdan kioskaga chopib, yangi gazetalarni sotib olishni, ularni oʻqib chiqishni orzu qilaman. Lekin sakkiz sahifasini besh daqiqada bemalol qarab chiqish mumkin boʻlgan nashrlar koʻpaygan sari doʻkonga chiqish istagi teskari proporsiya asosida susayib bormoqda. Ikki tomchi suvday bir-biriga oʻxshash, odam bolasi gapirmaydigan qup-quruq tilda bitilgan sip-silliq maqolalar. Mana, jurnalning nomi “JannatMakon”. Kim ham yer yuzining jannatga aylanishini istamaydi. Yaxshi niyat-da. Ammo biz aynan mana shunday makonda yashayapmiz, tamom-vassalom, deb daʼvo qilish “Quyosh shahri” voqelikka aylandi deyish bilan barobar emasmi? Axir inson, jamiyat bor ekan, albatta, katta-kichik muammolar, tashvishlar boʻladi. Chexovni eslang: “Prazdnaya jizn ne mojet biʼt chistoy”. Aytmoqchi boʻlganim, har kishining oʻz oʻrnida vijdonan va halol ishlashi bizni yer yuzining behishti boʻlgan Komil Jamiyat sari qanchalik yaqinlashtirsa, jurnalistlarning soxta maqolalari undan shunchalik uzoqlashtiradi.

 – “Falonchi ustoz boʻlganlarida edi, bunga hech yoʻl qoʻymasdilar,” deganga oʻxshash gaplar quloqqa chalinib turadi. Biroq sinchiklab kuzatsang, oʻsha qiyofalarning ham “mana adabiyot” deb koʻtar-koʻtar qilgan baʼzi narsalari soʻz sanʼatining bor-yoʻgʻi soyasi, ruhiyatning xomaki chizgilari ekanini fahmlash qiyin emas… Adabiy jarayondagi ayrim tomoshalarni koʻrib, ichi boʻm-boʻsh nogʻoradan “Choʻli iroq”ni chiqarishga urinish bir anʼana ekan-da, degan koʻnikma paydo boʻlyapti, menda…

A. Yoʻldoshev: – Lermontovda “Zamondosh naslimga qarayman gʻamgin”, degan misra bor. Men bugun adabiy jarayonda oʻralashib yurgan koʻplab “yozgʻuvchi” va “shigʻirchi”largayu, ularning koʻp sonli “muxlislari”ga achinib qarayman. Sizning kuyinganingizcha bor, bunday qalamkashlarning oshigʻi olchi: qalin muqovalarda, katta-katta tirajlarda ketma-ket kitoblar chiqarib yotishibdi, biron joyga borishsa gʻurur bilan oʻzlarini “men yozuvchiman” yoki “men shoirman” deb tanitishadi. Tushunmayman: yurakdan chiqqan bitta samimiy jumla yoki misra yozmasdan ham “yozuvchi” yoki “shoir” boʻlish mumkin ekan-da, a? Lekin bu gʻalatilikning boshqa tomoni ham bor: bunday “yozgʻuvchi” va “shigʻirchi”lar toʻdasi ortida ular ishongan, ularni jon-jahdlari bilan qoʻriqlaydigan nomdor “falonchi-pistonchi akaxon”lari turishadi. Bir emas, bir necha bor shunday boʻldi: taqrizga berilgan “tanqiddan tuban” asar haqidagi nomdor yozuvchilarning “oq yoʻli”yu, muallifni salkam klassik adibga chiqarib qoʻygan serkoʻpik maqolalarga eʼtibor bermasdan xolis fikrlarni yozib berasan. Ertasi kundan esa qoʻngʻiroq yoki ishxonangga “vizitlar” boshlanadi: “Tushunmadik, falonchi-pistonchi akaxonlarga juda yoqqan asar nega endi sizga yoqmaydi?”.

Bunday guruh va guruhchalar bugun yoki ertaga yoʻq boʻlib ketmaydi, albatta. Ehtimol, ularning ishlari yanada yurishib ketar. Ammo, shukrki, adabiyotimiz saviyasini bundaylar begilamaydi. Nazarimda, keyingi besh-olti yil ichida ogʻirkarvon nasrimizda bir guruh haqiqiy iqtidor sohiblari chiqishayotandek. Gap ularni asrab-avaylashda, hamishagiday, isteʼdodsizlar bemalol oʻz yoʻllarini topib ketayotgan bir sharoitda isteʼdodlarga yordam berishda, ularni tushunishga urinishda. Toki bu salohiyatli qalamkashlarning ham ovozi “ikki daryo oraligʻida” qolib ketmasin…

Keyingi paytlarda paydo boʻlgan yana bir turkum “yostiqday-yostiqday” asarlarni oʻqib esa, beixtiyor oʻtgan asrning 50-60-yillari sandigʻida qolib ketgan “konfliktsizlik nazariyasi” yana reabilititsiya qilindimi, kechagi kunga bugungi kun nuqtai nazaridan baho berish koʻnikmasi urchib ketmayaptimi, degan xavotirga borasan kishi. Ijodkorni xalqning vijdoniga oʻxshatishadi. Vijdonga esa adabiy maddohlik, haqiqatni soxtalashtirish yarashmaydi…

Z. Yoʻldosheva: – Toʻgʻrisini aytsam, mening birovlarga achinishga ham, ularni tanqid qilishga ham vaqtim yoʻq. Avvaldan shoshib yashardim, xuddi hech narsaga ulgurolmay qoladiganday. Hozir ham shunday. Qolaversa, uy-roʻzgʻor, toʻrtta bola, keldi-ketdi, bordi-keldilardan ortgan ozgina vaqtimni adabiyot uchun, oʻzim uchun sarflayotganimning oʻzi katta gapday tuyuladi. Maddohlar, mahalliychilik bilan ham ishim yoʻq. Koʻpgina isteʼdodli kishilar alamzadalik tufayli chekkada qolib ketishgan. “Men ularning “togʻorasi”ga sigʻmadim, bor-e, hammasini berdim oʻshalarga!” deb qoʻl siltab ketish ham yaxshilikka olib kelmaydi. Shu oʻrinda Frans Kafkaning bir gapi menga yoqadi: “Xonaga kir. Eshikni yop. Yozuv stoliga oʻtir. Va kut. Kut. Shunda senga butunlay boshqa olam yuz ochadi…”

– Bu jiddiy gaplardan keyin oilani ham eslab oʻtmasak boʻlmas…

A. Yoʻldoshev: – Oilaning asosi muhabbat va er-xotinning bir-birini tushunishi boʻlsa kerak. Keyingi qatorda farzandlar oldidagi masʼuliyat turadi.

Z.Yoʻldosheva: – Biz farzandlarimizni oʻstiryapmiz, ishlayapmiz, oʻylayapmiz, ijod qilyapmiz, charchayapmiz, iztirob chekyapmiz, sevinyapmiz, bir soʻz bilan aytganda yashayapmiz.

– Shoir Eshqobil Shukurning bir sheʼrida “Lahzada yasha, lahzani ushlab qol” degan maʼnodagi fikr bor. Lekin tutqich bermas lahzalar, yashalmagan umr armonini har kim har xil tushunadi…

A. Yoʻldoshev: – Vaqt. Eng qimmat va eng arzon boyligimiz… Oʻzbekda nima koʻp – toʻy koʻp, bazm koʻp. Bunga soʻnggi paytlari yomgʻirdan keyingi qoʻziqorinday koʻpayib ketgan “gaplar”u “osh”larni qoʻshing. Ishqilib, bemalol yilning 365 kuniga yetib ortadi. Deylik, uyimdan yuz chaqirim narida yashaydigan tanishimning soat beshda tarqatiladigan nahorgi oshiga yetib bormasam, osmon uzilib yerga tushadimi? Yo men odamgarchilikdan chiqib qolamanmi? Axir, bu ahvolda qachon ishlaymiz, qachon ijod qilamiz, qachon FIKRLAYMIZ?

Zulfiya meni bunaqa tadbirlarga qatnashishga undaydi: “Axir bir kun siz ham elga osh berasiz, shunda mana shu ulfatlaringiz yoningizda turadi”. Bunaqa manfaat ilinji meni battar qoniqtirmaydi, unga Erkin Aʼzamning bir qahramoni gaplarini oʻqib berdim. Mana, kompyuterning “Rabochiy stol”ida turibdi: “Hali xoʻroz qichqirmay turib shaharning bir chekkasidan narigi chekkasiga oshga borib, keyin kun boʻyi ishxonada mudrab oʻtiramiz! Unisi kamdek, peshin boʻlar-boʻlmas, tagʻin oshxoʻrlikka otlanamiz. Tushlik bahona, tish kavlab soat ikki-uchlarda qaytamiz. Qorin shishgan, qoʻl ishga bormaydi, yana talay zamon lanj! Stol ustini saranjomlab, endi ishga kirishaman deganingizda ish kuni tugab qoladi… Bunaqa bagʻrikeng hukumat qayda bor-a?! ”

Lekin, taassufki, aksar hollarda urf-odatlar, anʼanalar odamdan ustun keladi. Misol uchun ortiqcha sarf-xarajatli, dabdabali toʻy hech kimga kerak emasligini hamma biladi, ammo “kimoʻzar”ga toʻy qilish kuchaygandan kuchayib borayapti. Men ham elga qoʻshilish, ajralib qolmaslik uchun ora-sira “osh” va “gap”larga borib turaman. Oʻzimni ishontirish uchun “xonanishinlikni davr koʻtarmaydi” deb qoʻyaman.

Z. Yoʻldosheva: – Lekin odam odamlar orasida boʻlgani, ularga aralashib turgani yaxshi. Agar shu narsalar bahona boʻladigan boʻlsa, men bir satr ham yoza olmasligim kerak edi. Ochigʻini aytaman, dugonalarim bilan “gap”imiz bor. Ammo bu yerda gap erta toʻy qilsam, shular yonimda turadi, degan manfaatda emas aslida. Boshqalarni bilmadim-u, ammo men odamlar orasida boʻlganimda ulardan koʻp narsani oʻrganaman, eshitaman, har xil fikrlar, syujetlar mana shunday damlarda paydo boʻlgan miyamda. Gohida oʻzimga ham gʻalati tuyuladi-yu, lekin aytmasam boʻlmaydi, men oʻsha “gap”larga, toʻylarga odamlardan nimadir eshitish uchun borayotganday boʻlaman. Mana shuni manfaat desa boʻladi menimcha…

– Sizlardagi ruhiy muvozanatni nima buzib, asabiylashtirishi mumkin?

A. Yoʻldoshev: – Hasad bilan gʻiybat; isteʼdodsizning isteʼdod daʼvo qilishi.

Z. Yoʻldosheva: – Hasad bilan gʻiybatni hamma ham yoqtirmasa kerak. Lekin yomon koʻrish bilan biron narsaga erishib boʻlmaydi. Yaxshisi shunaqa narsalardan yuqoriroq turishga harakat qilish kerak deyman. Dunyo ikki qarama-qarshilik – yaxshilik va yomonlik asosiga qurilgan boʻlsa, nailoj! Shunday ekan, odamlardan har narsani kutish mumkin. Hatto oʻz yaqiningizdan ham. Bundan dil ogʻriydi, albatta. Oʻzingizni tubsiz jarlikka tushib qolganday his qilasiz. Muhimi, ana shu “jar”likda qolib ketmaslik! Mana shuni tushunib yetgunimcha, eh-he…

A. Yoʻldoshev: – Qachon shunaqangi illatlarga duch kelsam, ulardan uzoqroq yurishga harakat qilaman. Oʻzim ishlab turgan joyda bunaqangi hol qayta-qayta uchrayversa “soʻnggi chora” sifatida shartta boʻshash haqida ariza yozaman.

Toʻgʻri, oʻzim ham farishta emasman. Ancha yillar burun oʻzim oʻzimga nazmiy tashxis ham qoʻygandim: “Oʻzim beisteʼdod, injiq odamman, Izzat-nafsim esa naq osmoncha bor…” deb boshlanardi bu shigʻir.

Z. Yoʻldosheva: – Iqbol, nimagadir menga Abduqayum akaning sheʼrlari koʻproq yoqadi. Men sheʼr yozolmayman.

A. Yoʻldoshev: – Erishilmagan narsaning jilvasi kuchliroq boʻladi-da.

– Yoʻq, menga ham yoqadi. Yaxshi eslayman, 2004 yilda yozilgan “Serviqor liboslar siymin tanda xor, Koʻrkam chehralarda jahoniy malol…” deb boshlanuvchi balladalari hanuzgacha yuragimda oʻrmalab yuradi…

Z. Yoʻldosheva: – Ballada gazetada chiqqanida hamkasb dugonalarim bilan oʻqiyverib-oʻqiyverib, yod olib qoʻygandik. Yolgʻiz ayol. Baxtga, muhabbatga tashna ayol, oʻta magʻrur Ayol. “Kalit buraladi… Muzday manglayin Muzdayin koʻzguga bosadi Ayol – Parda yopilgan soʻng oqqush libosin Yulqigan kampirdan yashringan misol”. U sevilgan Ayol. Moʻjizaviy muhabbat esa Ayolni qoʻl yetmas yuksaklikka koʻtaradi: Ayol Qorbobo qiyofasida keladigan suyuklisi bilan uchrashadi. “Qorbobo ayolni quchar avaylab, Lablaridan boʻsa olar beozor. Tashqarida… Tunni kunduzga ulab Elanib-elanib yogʻar oppoq qor”. Ammo suyukli yor qaytib ketmogʻi lozim… “Ayol tushunadi… Beun bosh eggan, Yigitning qoʻllarin mahkam ushlaydi. Mana shu turishda vidolashyotgan Yarador oqqushga juda oʻxshaydi… ” Oʻsha lahzalar uchun ham yashasa arziydi. Kimdir kimnidir sevarkan, muhabbat tugamaguncha dunyo ham parchalanib ketmaydi.

– Meni bir-birlaringizning ijodlaringizga munosabatingiz qiziqtiradi.

A.Yoʻldoshev: – Albatta, biz “sotsialistik musobaqa” oʻynab qalam tebratmaymiz. Buning ustiga ikkalamizning yozish uslubimiz bir-biridan keskin farq qiladi. Zulfiya yozganlarining birinchi oʻquvchisi va albatta birinchi tanqidchisi oʻzim boʻlaman. Pashshaday kamchilik topib olsam bas, “Shu ham asar boʻldimi? Bunaqalarni men chap qoʻlim bilan yozib tashlayman!” qabilida “urganim-urgan”. Lekin “Tafakkur”, “Momo Havo”, “Ayol”, “Koʻlanka” kabi hikoyalarini, “Armon asirasi” romanini oʻqiganimda ikkala qoʻlimni koʻtarib taslim boʻlganman: “Jengding, Qurolboy qizi!” deb.

Zulfiya yozganlarimni tanqid qila boshlasa, rosti, bu menga yoqmaydi. “Sen filologsan, adabiyotni tushunmaysan!” tarzida qarshi hujumga oʻtaman. Keyinroq, yolgʻiz qolgach, oʻsha tanqid qilingan joylarni qaytadan oʻqib chiqaman. Koʻpincha u haq boʻlib chiqadi. Nimayam derdim…

Z. Yoʻldosheva: – Menga Abduqayum akaning “Shayx-ur-rais”, “Tushov”, “Uch qop un” kabi hikoyalari yoqadi. Ammo… toʻgʻrisini aytsam, “Alvido, goʻzallik”ni men sal boshqacharoq yozgan boʻlardim.

– Sizlarga soʻnggi taʼsir qilgan voqea…

A. Yoʻldoshev: – Shuncha urinsam ham hech esimdan chiqmayotgani toʻsatdan ellik yoshning bostirib kelishi boʻlsa kerak. Birdan qoʻngʻiroqlar, qutlovlar. Xijolatdan issigʻing chiqib, qayerga yashirinishingni bilmay qolarkansan. Xuddi qandaydir tushunmovchilik boʻlayotganday, gap men emas, boshqa birov haqida ketayotganday. Axir, qanday qilib bir pasda yarim asr yashab qoʻydim? Agar hujjatlar bilan kalendar aldamayotgan boʻlsa, unda shu yoshga yetib qoʻyib ham nega shuncha kam ish qildim? Nega dilga tugib qoʻyilgan orzu-armonlarning asosiy qismi hamon taxi buzilmay turibdi? Nega koʻp vaqtimni bekorchi yumushlarga sovurdim?…

Z. Yoʻldosheva: – Bolalagimda ellik yoshli odam deganda koʻz oldimga munkillab qolgan chol kelardi. Bugun turmush oʻrtogʻimga qarasam, bu tushuncha xatoday. Abduqayum aka haliyam oʻsha-oʻsha, sochlarida bir tola oq yoʻq, moʻylov ham joyida…

 

 

Iqbol Qoʻshshayeva

yozib oldi.

 

“Ijod olami”, 2018/6

https://saviya.uz/hayot/suhbat/oylayapmiz-yozayapmiz-yashayapmiz/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x