Muyulishdan chiqib kelgan oppoq “Lasetti” qassobxona biqinida jonsarak turgan, olacha chopon, koʻk sallali, jikkak jussa qariya yonida toʻxtadi.
— Yoʻl boʻlsin, otaxon? — deb soʻradi old oʻrindiqda oʻtirgan, xumkalla, qosh-qabogʻi soliq, qop-qora odam.
Qariya sersavlat ulovga hurkinqirab yaqinlashdi.
— Jalpoqtoshga.
— Oʻtiring, Chalpaktepagacha yetib olasiz.
— Maʼqul, ulim, baraka toping, — dedi qariya mashina orqa eshigiga qoʻl choʻzarkan, — nariyogʻi yaqin, bir amallarman.
— Tezroq qimirlang, buva, — deb qoʻydi haydovchi norizo ohangda.
Orqa oʻrindiqqa yastanib olgan quyuq sochlari orasta, silliq kishi ilkis surilib qariyaga joy bergan boʻldi.
— Keling, otaginam.
Qariya joylasha-joylasha mashinadagi har uch kishi ham kulrang “komuflyajka” kiyimda ekanini payqadi.
“Askarlarmi deyman” — xayolidan oʻtdi uning.
— Ota, tortinmang, — dedi orqa oʻrindiqdagi hamroh uzun-qisqa salom-alikdan soʻng. — Chalpaktepagacha, e-he-e, yana qirq kilometr, yoʻl nobop, qulay joylashib oʻtiring.
— Rahmat, ulim, rahmat.
Tuman markazi, gavjum koʻchalar, serhasham uylar hash-pash deguncha ortda qoldi. “Lasetti” dala-dasht yoʻliga chiqib oldi. Oʻngu soʻlda ekin maydonlari, ariq-zovurlar, yakkam-dukkam uylar koʻzga tashlanadi.
— Haligi yerda nima qilib turgandingiz, buva? — deb soʻradi haydovchi peshoynadan qariyaga koʻz tashlab.
— Ulashningma, Jobirningma “Damas”i kep qolarmikan deb kutib turgandim. Shu ikkovi Jalpoqtoshdan qatnaydi-da.
— Markazga nega kelgandingiz? Bozorga tushdingizmi? — yana soʻradi haydovchi.
— E-e, bozor qayoqda, bolam, — deb qariya siyrak soqolini oʻychan silab qoʻydi, — sa-al tashvish bilan hokimlikka kelgandim.
Uning yonidagi hamroh cholga ajablanib koʻz tashladi.
— Hokimlikka deysizmi?
— Ha, hokim qabuliga kelgandim. Bizning Jalpoqtosh tap-taqir dasht. Ovulimizga, hechqursa, bitta quduq kerak. Qoʻni-qoʻshni meni iltimos bilan joʻnatishdi. Hokimga uchrashib, arzimizni yetkazing, deyishdi. Shuytib markazga kelib edim.
— Hokimga uchrashdingizmi? — yana soʻradi yon hamroh.
— Ha, — oʻychan bosh irgʻadi qariya, — kirdim, koʻrdim.
— Qanday odam ekan hokim?
— Oppoq, kelishgan, boʻyinbogʻli odam ekan.
Yon hamroh piqillab kulib yubordi. Haydovchi ham iljaygan koʻyi peshoynadan qarab qoʻydi.
— Ey, — deb poʻngʻilladi xumkalla, — gʻiybat qilishga hokimdan boshqa odam qurib qolganmi sanlarga.
Qariya, bular soʻzlarimga ishonmadi, degan xayolda shosha-pisha aytganlarini isbotlashga kirishdi.
— Chin, yaxshi odam ekan. Meni kulib kutib oldi, choy quyib berdi.
— Hatto, choy ham quyib berdimi, — yon hamroh qariyaga xuddi hayratlangandek tikildi.
— Ha. Eshikkacha kuzatib ham qoʻydi.
— Arzingizni tingladimi?
— Ha, hal qilib beramiz deb aytdi.
— Sizni aldab-suldab chiqarib yuborgan, — dedi yon hamroh bosh chayqab, — U iltimosingizni bajarmaydi.
— Nega bajarmaydi? — ajablanib unga tikildi qariya, — ana, Prezidentimiz xalqqa qayish, yordam ber deb har kuni aytib turibdi-ku. Yurtboshimizning ishongan vakili boʻlgandan keyin bajaradi-da.
— Siz hokim Prezidentning ishongan vakili deb oʻylaysizmi?
— Ha-da, ishonganidan unga amal bergan-da. Birov bir nimani ishonib topshirgandan keyin bajarish kerak, esam, lafzsizlik boʻladi, ulim. Bu katta gunoh.
— Demak, — yana zavq bilan kuldi yon hamroh, — siz ham hamqishloqlarning ishonchini qozonib, ishni doʻndirib qaytayapsiz-da.
Qariya kaftlari bilan yuzini silagan boʻlib koʻzini yashirdi.
— Ha, endi…qoʻldan kelganicha…
Mashina sap-sariq, tap-taqir dasht qoʻynida uzalib ketgan, egri-bugri, past-baland yoʻl boʻylab ohista yelib borardi. Ur-kaltakdan shishib ketgan badanday qir-tepaliklar birin-ketin ortda qola boshladi.
— Uzr, ulim, — dedi yon hamrohiga yuzlanib qariya, — sizlarga yoʻl boʻlsin? Choʻponlarning otariga borasizlarma?
Yon hamroh uzun bir homuza tortib olgach:
— Shoʻrsoyda ishlayotgan geologlarni koʻrganmisiz, — dedi.
— Anovi burovoychilarni aytayapsizmi? Yer kovlagichlarni? Ha, koʻrganman.
— Men oʻshalarning boshligʻi boʻlaman. Ishga ketyapman.
Qariya beixtiyor uning qoʻlidan ushladi.
— Sizni menga Xudo yetkazdi, ulim. Xuddi siz kerak edingiz menga?
— Iya, nega?! Tinchlikmi? — dedi yon hamroh chinakamiga ajablanib.
Haydovchi ham peshoynadan qiziqsinib qarab qoʻydi.
— Ha, siz kerak edingiz, — dedi qariya quvonchdan koʻzlari porlab.
— Xizmat bormi?
— Ha. Bizning qishloqqa quduq kovlatib bering, iltimos.
— Iya, gapingiz qiziq boʻldi-yu, hozirgina idoraga kirib chiqdim, hokim muammoni hal qilib beradi, deb aytdingiz-ku?!
Qariya xuddi ichi ogʻriyotganday yuzlarini burishtirdi.
— Tuvrasini aytaymi sizga?
— Tuvrasini ayting.
— Boya, — dedi qariya ming bir xijolat ichida, — sal-pal oʻtirik surgandim.
— Oʻtirik?! Oʻtirik surgandim?! Nima deganingiz bu?
— Yolgʻon gapirgandim demoqchilar, — izoh bergan boʻldi haydovchi.
Yon hamroh iljaydi.
— Ha-a, shunaqami hali….ja-a..quv koʻrinasiz-a, otaxon.
— Shunday boʻp qoldi-da, ulim. Gapning tuvrasi, hokimlikning imoratini koʻrgan paytim tizzam qaltirab ketdi. Axir bu yerda chakana odamlar oʻtirmaydi-da, tuvrama?
— Tuvra.
— Shuytib, ana keyin…oʻyladim, hokim davlatning odami, zaril-zaril ishlari koʻp, bizdaychakinlar bilan shugʻullanishga vaqtiyam, hafsalasi ham yoʻq, mayda-chuyda iltimos bilan u kishining boshini qotirmaylik deb…ana keyin…eshikning oldida turib-turib izimga qaytdim.
— Iya, gʻalati-yu, otaxon, hamqishloqlarning iltimosi nima boʻldi, hali oʻzingiz aytganday, ishonch masalasi nima boʻldi?
— Gapni oxirigacha eshiting, ulim…ana keyin…qishloqqa borib, hokimga uchrashdim, shanba kuni kel, mablagʻ beraman, shu pulga quduq qazdirib olasizlar, deb aytdi deyman.
— Nega aynan shanba kuni? — soʻradi yon hamroh tobora qiziqishi ortib.
— Ana keyin…shanba kuni besh-olti qoʻy haydab bozorga tushaman, sotaman, pulini ovulga olib boraman, mana, hokim soʻzida turdi, mablagʻ berib yubordi, deyman, burovoychilar bilan gaplashib, shu pulga quduq kovlatamiz, deb maslahat solaman.
Peshoynadan qarab-qarab qoʻyayotgan haydovchi taajjublanib soʻradi:
— Oʻzingizning hisobingizdan quduq kovlatmoqchimisiz?
— Ha, endi-i, ulim, mol ketsa, ketar, lekin odamlarning ishonchi oʻlmasin, uydan shu ishni boʻyinga olib chiqqanman, oʻrtada lafz bor, xarajat qilaman-da. Boshlanishiga shu pul yetar, qolganiga ham Xudo poshsho.
— Xarajatni siz qilasiz, yugur-yugur ham sizning boʻyningizda, izzat-obroʻ hokimga ekan-da, — dedi yon hamroh qariyaga sinovchan koʻz tashlab.
— Ha, endi-i, — deb jilmaydi qariya, — u kishi ham shu el uchun kuyib-pishib yuribdi, qayishganimiz maʼqul-da.
— Siz ja-a gʻalati fikrlar ekansiz, otaxon.
— Ulim, — qariya yana yon hamrohning qoʻlini kaftiga oldi, — iltimos, yordam bering, xarajatga tayyorman, aytganingizni beraman, yuzimni yorugʻ qiling.
Yon hamroh yayrab kuldi.
— Otaxon, sizning yuzingiz hamisha yorugʻ. Siz oʻtirik surganingiz yoʻq. Siz chindan ham hokimga uchrashdingiz, iltimosni yetkazdingiz.
— Yoʻgʻ-a, qaytib?
— Ana, — yon hamroh old oʻrindiqda oʻtirib, goʻyo dala-dashtni kuzatib ketayotgan xumkalla, qop-qora kishiga ishora qildi, — siz aytgan oppoq, kelishgan hokim shu yerda…
Haydovchi baralla kulib yubordi.
Hokim ham miyigʻida iljayib ortga oʻgirildi.
— Nega kulasanlar? Otaxon oʻtirik surmaydi, koʻngli oppoq, niyati toza odamlar bular, shuning uchun koʻzlariga hamma oppoq, kelishgan koʻrinadi.
Mashina saloni yana qah-qahalardan larzaga keldi.
Ey, sen, maynavoz, — dedi hokim haydovchiga yuzlanib, — tuvra Jalpoqtoshga hayda. Otaxon hokimni ham, quduq kavlovchini ham oldiga solib kelganini hamma koʻrib qoʻysin.
Luqmon BOʻRIXON
https://saviya.uz/ijod/nasr/otirik/