“Oʻtarchi” – “vaqtincha yashovchi”(mi?)

Oʻtarchi asli etnonimdir. Bu soʻz urugʻ nomi boʻlib, keyinchalik shu urugʻlar yashaydigan joy nomi, yaʼni toponimlarning bir shakliga (etnotoponimga) aylangan. Oʻtarchi urugʻ nomi sifatida XIII-XIX asarlargacha Oʻzbekiston aholisi orasida mavjud boʻlgan 92 bovli oʻzbek urugʻ-qabilalari roʻyxatidan oʻrin olgan. XIX-XX asrlarda oʻtarchi urugʻi 92 urugʻ-qabilalar qatori oʻzbek xalqi tarkibiga singib ketgan.

Bu urugʻ nomi Mulla Sayfiddin Axsikandiyning “Majmua at-tavorix” asarida qayd qilingan. Ushbu asarda ham “oʻtarchi” etnonimi qadimiy turkiy tilda “vaqtincha yashovchi” (koʻchmanchi) maʼnosini anglatganligi aytilgan. Ular tabobat bilan shugʻullanganlar, yaʼni oʻt-oʻlanlar orasida tarqalgan dorivor oʻsimliklarni yigʻuvchi xalq tabiblari boʻlishgan va shu tufayli togʻu dashtlarda vaqtincha yashab kelganlar.

N. Xanikovning “Buxoro xonligining tavsifi” nomli kitobida oʻtarchi urugʻi 32-oʻrinda qayd etilgan.

Taniqli olim Suyun Qorayevning “Oʻzbekiston viloyatlari toponimlari” nomli kitobida oʻtarchi urugʻi haqida maxsus maʼlumot berilgan. Olimning yozishicha, oʻtarchi urugʻi qipchoq-oʻzbeklari tarkibida boʻlgan. Aniqrogʻi, dastavval Dashtiqipchoq oʻzbeklari tarkibida boʻlgan oʻtarchi urugʻi XV-XVI asrlarda Movarounnahrga kelib, Fargʻona vodiysi, Zarafshon vohasida tarqoq holda yashagan. Oʻtarchi – “vaqtincha yashovchi” (koʻchmanchi) maʼnosini anglatgan. Oʻtarchi haqidagi ushbu izohdan ham maʼlumki, ular oʻz kasblari talabiga koʻra, avval koʻchib yurishgan va keyinchalik oʻtroq holda ham yashab qolishgan. Vaqt oʻtishi bilan oʻtarchi urugʻlari oʻzbek xalqi yoki millati tarkibiga singib ketgach, ular nomi yashab kelgan hududlardagina toponim sifatida saqlanib qolgan. Markaziy Osiyo, jumladan, Oʻzbekiston hududlarida “oʻtarchi” nomini olgan toponimlar hozir ham mavjud. Chunonchi, hozirgi vaqtda Kattaqoʻrgʻon, Ishtixon, Oqdaryo, Nurobod tumanlari va boshqa hududlarda ham oʻtarchi urugʻining nomi bilan atalgan qishloqlar bor.

 

Usmon SANAQULOV,

filologiya fanlari doktori

 

zarnews.uz

https://saviya.uz/ijod/tilshunoslik/otarchi-vaqtincha-yashovchi-mi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x