OʻRMON — bir-biriga va oʻsish sharoitiga taʼsir etuvchi va geografik landshaft elementini hosil qiluvchi daraxtsimon oʻsimliklar majmui; Yer oʻsimlik qoplamining asosiy tiplaridan biri, biosferaning tarkibiy va juda muhim qismi. Oʻsimliklarning koʻpgina hayotiy shakllaridan iborat boʻlib, bular orasida daraxt va butalar asosiy, oʻtlar, butachalar, yoʻsinlar, lishayniklar va h. k. ikkinchi darajali rolʼ oʻynaydi. Oʻ. Antarktidadan tashqari hamma qitʼalarda oʻsadi, Yer sharidagi quruqlikning 30% ni ishgʻol qiladi. Yerning Oʻrmon li maydoni 4 mlrd. ga maydonni egallaydi (Oʻzbekistonda 8,5 mln. ga ni tashkil etadi, 2004).
Oʻsish sharoitiga qarab, koʻpchilik daraxt turlari qimmatli oʻrmon formatsiyasi (mas, qaragʻayli Oʻrmon, kedrli Oʻrmon, oqqaragʻayli Oʻrmon, tilogʻochli Oʻrmon va h. k.) ni hosil etadi. Oʻrta Osiyoda archazor Oʻ. lar koʻp. Oʻrmonlar turli zonalarda togʻ va daryo qayirlarida ham tarqalgan. Oʻrmonning tur tarkibi, muhim oʻsimliklarning biologik xususiyatlari, yoshi va maʼlum tabiiygeografik sharoitiga qarab oʻsimliklarning bir nechta pogonasi rivojlanadi. Moʻtadil mintaqa Oʻ. lari tarkibi boʻyicha: birinchi kattalikdagi daraxtlar va Oʻrmon hosil qiluvchi dovdaraxtlar (qaragʻay, qoraqaragʻay, tilogʻoch, eman, shumtol)dan iborat 1pogʻona, ikkinchi kattalikdagi daraxtlar (oqqaragʻay, qoraqayin, lipa, zarang va boshqalar)dan iborat 2pogʻona, butalar (oʻrmon yongʻogʻi, itjumrut, normushk va boshqalar)dan iborat 3pogʻona hamda oʻtbutachali va yoʻsinlishaynikli qoplamadan iborat 4—5 (quyi) pogʻonalar boʻladi. Oʻrmonda baʼzan, pogʻonalarga kirmaydigan chirmashuvchi va ilashuvchi oʻsimliklar ham uchraydi.
Oʻrmon tabiiy (urugʻidan, vegetativ, bachkisidan) hamda sunʼiy (urugʻ yoki koʻchat ekib) yoʻl bilan tiklanadi. Tabiiy oʻrmonlar asosiy maydonni egallaydi. Oʻrmon tarkibi va rivojlanishiga koʻra bir qancha tiplarga ajratiladi. Har bir tip muayyan bir turdagi daraxtlar, butalar, shuningdek, oʻtlar, butachalar, yoʻsin va lishayniklardan iborat. Oʻsish mintaqalariga koʻra, Oʻrmonlar Shim. yarim sharda tropik, subtropik, geografik zonallikka koʻra tundra, tayga, dasht, choʻl, toʻqay va boshqalar, oʻsimlikdaraxtlar tarkibiga koʻra qaragʻay, archa, qayin, eman va h. k. Oʻlariga boʻlinadi. Oʻrmonning rivojlanishi tuproq, iqlim sharoiti, hayvonlar ishtiroki va roli, insonning bevosita aralashuvi bilan bogʻliq. Oʻrmondan unumli foydalanilsa, yetilgan daraxtlar tanlab qirqilsa, Oʻrmon uzoq yashaydi, yaxshi tiklanadi. Oʻrmon, oʻz navbatida, tuproq sharoitiga, uning suv rejimiga, strukturasiga, organik va mineral moddalarning toʻplanishiga, tuproq unumdorligiga katta taʼsir koʻrsatadi. Oʻrmonda nam koʻpligi tufayli gumus (chirindi) moʻl toʻplanadi, tuproq tez ishqorsizlanadi, kislotaliligi ortadi, ildizlar chuqur tarqaladi. Oʻrmon yozgi, ayniqsa, qishki yogʻinlarning taqsimlanishi va toʻplanishiga taʼsir koʻrsatib, oʻsimlik hamda hayvonlar uchun mikroiqlim yaratadi. Yerning Oʻrmon qoplami — tirik moddalarning planetar akkumulyatorlaridan biri boʻlib, Oʻrmon biosferada bir qator kimyoviy elementlar va suvni saqlab turadi, troposfera bilan oʻzaro faol taʼsirlashadi va kislorod hamda uglerod balansi darajasini belgilaydi. Oʻrmonlar odamzod uchun kerakli boʻlgan kislorodning 60% ni ishlab chiqaradi. Oʻrmon rekreatsiya va sogʻlomlashtirish ahamiyatiga ega. Tuproqni shamol va suv eroziyasidan, temir va avtomobil yoʻllari, kanallar, qishloq xoʻjaligi ekinlari ekilgan maydonlarni, aholi ggunktlarini turli noqulay tabiiy hodisalardan himoya qiladi. Oʻrmonlar togʻlarda sel oqimlarining vujudga kelishiga yoʻl qoʻymaydi, qor koʻchishi, tuproqlar siljishining oldini oladi. Oʻrmon yogʻochlaridan 20 mingdan ortiq mahsulotlar ishlab chiqariladi. Oʻzbekiston Respublikasida Oʻrmonga oid munosabatlar 1999 yil 15 apr. da qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining «Oʻrmon toʻgʻrisida» qonuni bilan tartibga solinadi (yana q. Oʻrmon resurslari, Oʻrmon fondi).
Ad.: Xonazarov A. A., Oʻzbekistonda oʻrmonzorlar barpo etish asoslari, T., 2002.