OʻRINDOSHLIK

OʻRINDOSHLIK — asosiy lavozim bilan bir vaktda boshqa maoshli lavozimni egallab turish, shuningdek, asosiy ishdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa ishni muntazam bajarish. Oʻzbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligiga koʻra, Oʻrindoshlik boʻyicha ishga qabul qilish mehnat shartnomasi tuzish va ishga qabul qilish haqida buyruq chiqarish yoʻli bilan rasmiylashtiriladi. Oʻrindoshlik boʻyicha ishga kirayotgan shaxsdan u ishlab turgan korxona tomonidan ruxsat berilishi, mehnat daftarchasi talab etilmaydi, uning oʻrniga doimiy ish joyidan maʼlumotnoma taqdim etilishi lozim. Xodimning iltimosi bilan uning doimiy ish joyida Oʻrindoshlik boʻyicha ishlayotgani haqida daftarchasiga yozuv kiritilishi mumkin. Oʻrindoshlik boʻyicha ishlayotgan shaxs oʻrniga doimiy xodim ishga qabul qilinishi munosabati bilan ishdan boʻshatilishi mumkin (Oʻzbekiston Respublikasining MK, 100-modda, 2-qism, 5band). Oʻrindoshlik boʻyicha ishlayotgan shaxsning ish vaqti 1 kunda 4 soatdan koʻp boʻlishi mumkin emas (dam olish kunlari toʻliq ish kuni). Oʻrindoshning ish vakti jami oylik ish vaqti normasining yarmidan koʻpayib ketishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Faqat bitta joyda Oʻrindoshlik asosida ishlash mumkin. Oʻrindoshlik boʻyicha ishlayotgan shaxs umumiy asoslarda yillik mehnat taʼtilidan foydalanadi va unga asosiy ish joyidagi taʼtil bilan bir vaqtda taʼtil berilishi lozim. Taʼtil vaqti uchun oʻrindosh xodimning ish joyi (lavozimi) hamda oʻrtacha ish haqi saqlanadi. Bir paytning oʻzida ikki rahbarlik lavozimida Oʻrindoshlik boʻyicha ishlash mumkin emas. Oʻrindosh xodimga amalda bajargan ish hajmiga koʻra (agar ishbay ishlasa) yoki ishlagan va ishiga mutanosib holda (vaqtbay ishlasa — 0,5 stavkadan koʻp boʻlmagan miqdorda) ish haqi toʻlanadi. Korxonada belgilangan mukofot va boshqalar ustama haqlar jamoa shartnomasida belgilab qoʻyilgani boʻyicha oʻrindosh xodimga ham toʻlanishi, unga korxona xodimlari uchun belgilangan boshqa imtiyozlar berilishi, kafolatli toʻlovlar toʻlanishi mumkin. Ularni xizmat safariga yuborish kelishuvga koʻra va asosiy ish joyidagi ish xususiyatlari hisobga olingani holda amalga oshiriladi.

Taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sanʼat va boshqalar ayrim soha mutaxassislarining baʼzi toifalariga bir necha muassasada Oʻrindoshlik boʻyicha ishlashiga ruxsat etiladi.

18 yoshga toʻlmagan xodimlarning Oʻrindoshlik boʻyicha ishlashiga ruxsat etilmaydi. Shuningdek, ishining xususiyati (intensivligi, xatarlilik darajasi va boshqalar) hisobga olingani holda ayrim toifa xodimlarning Oʻrindoshlik boʻyicha ishlashi korxona ish beruvchisi tomonidan xodimlar vakillik organi bilan kelishilgan holda cheklab qoʻyilishi mumkin. Davlat xizmatchilarining ayrim toifalari (mas, prokuratura, davlat soliq xizmati organlari xodimlari, sudyalar, notariuslar, bank boshqaruvchilari va boshqalar) uchun Oʻrindoshlik boʻyicha ishlash qonun hujjatlari bilan taqiqlanadi.

Yoʻldosh Tursunov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x