Oʻlkamiz tarixiga doir qimmatli manba

Muhammad Tolib ibn Tojiddin Hasanxoja al-Husayniy as-Siddiqiyning fors tilidagi “Matlab ut-tolibin” (“Toliblar matlabi”) asari taxminan 1673 yilda yozib tugatilgan. Jahon manbashunoslik faniga “Matlab ut-tolibin”ning oʻnta qoʻlyozmasi maʼlum boʻlib, shulardan yettitasi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti xazinasida, bittasi Rossiyada, bittasi Germaniyada va yana bittasi Tojikistonda saqlanadi. Asar XVI-XVII asrlarda Buxoro xonligining siyosiy, diniy va iqtisodiy hayotida yuqori mavqega ega boʻlgan mashhur Joʻybor shayxlari yoki xojalari xonadonining bir necha avlodi faoliyatiga bagʻishlangan. Muallif oʻzi ham ushbu xonadonga mansub boʻlgani tufayli, Joʻybor xojalarining hayot tarzi, mol-mulki, muridlari va xizmatkorlari, qurdirgan imoratlari hamda Buxoro xonlari va baʼzi xorijiy oʻlkalar, ayniqsa, Eron va Hindiston hukmdorlari bilan munosabatlari haqida mufassal maʼlumotlar beradi.

Asar muallifi Muhammad Tolib hijriy 1017 (melodiy 1608–1609) yilda tugʻilgan. Uning otasi Tojiddin Hasanxojaning kutubxonasida turli sohalarga oid ming jilddan ortiq kitoblar saqlangan. Muhammad Tolib, ayniqsa, tarix ilmini chuqur egallagan. “Matlab ut-tolibin”ning qoʻlyozma nusxalari orasida tafovutlar boʻlgani uchun Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida avvalo asarning asliyat tilidagi ilmiy-tanqidiy matnini yaratishga qaror qilindi. Bu ish institut ilmiy xodimlari tarafidan muvaffaqiyat bilan yakunlandi. Shundan soʻng mazkur tanqidiy matn asosida asar oʻzbek tiliga toʻla tarjima qilishga kirishildi.

“Matlab ut-tolibin”ning bir nechta boblari tarjimasi “Sharq yulduzi” jurnali oʻquvchilari eʼtiboriga havola qilinmoqda. Mazkur boblar muallifning amakilari Abdurahimxoja va Abdixojaga bagʻishlangan.

 

Gʻulom KARIMIY,

Erkin MIRKOMILOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–3

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/olkamiz-tarixiga-doir-qimmatli-manba/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x