Oʻtirik

Muyulishdan chiqib kelgan oppoq “Lasetti” qassobxona biqinida jonsarak turgan, olacha chopon, koʻk sallali, jikkak jussa qariya yonida toʻxtadi.

— Yoʻl boʻlsin, otaxon? — deb soʻradi old oʻrindiqda oʻtirgan, xumkalla, qosh-qabogʻi soliq, qop-qora odam.

Qariya sersavlat ulovga hurkinqirab yaqinlashdi.

— Jalpoqtoshga.

— Oʻtiring, Chalpaktepagacha yetib olasiz.

— Maʼqul, ulim, baraka toping, — dedi qariya mashina orqa eshigiga qoʻl choʻzarkan, — nariyogʻi yaqin, bir amallarman.

— Tezroq qimirlang, buva, —  deb qoʻydi haydovchi norizo ohangda.

Orqa oʻrindiqqa yastanib olgan quyuq sochlari orasta, silliq kishi ilkis surilib qariyaga joy bergan boʻldi.

— Keling, otaginam.

Qariya joylasha-joylasha mashinadagi har uch kishi ham kulrang “komuflyajka” kiyimda ekanini payqadi.

“Askarlarmi deyman” — xayolidan oʻtdi uning.

— Ota, tortinmang, — dedi orqa oʻrindiqdagi hamroh uzun-qisqa salom-alikdan soʻng. — Chalpaktepagacha, e-he-e, yana qirq kilometr, yoʻl nobop, qulay joylashib oʻtiring.

— Rahmat, ulim, rahmat.

Tuman markazi, gavjum koʻchalar, serhasham uylar hash-pash deguncha ortda qoldi. “Lasetti” dala-dasht yoʻliga chiqib oldi. Oʻngu soʻlda ekin maydonlari, ariq-zovurlar, yakkam-dukkam uylar koʻzga tashlanadi.

— Haligi yerda nima qilib turgandingiz, buva? — deb soʻradi haydovchi peshoynadan qariyaga koʻz tashlab.

— Ulashningma, Jobirningma “Damas”i kep qolarmikan deb kutib turgandim. Shu ikkovi Jalpoqtoshdan qatnaydi-da.

— Markazga nega kelgandingiz? Bozorga tushdingizmi? — yana soʻradi haydovchi.

— E-e, bozor qayoqda, bolam, — deb qariya siyrak soqolini oʻychan silab qoʻydi, — sa-al tashvish bilan hokimlikka kelgandim.

Uning yonidagi hamroh cholga ajablanib koʻz tashladi.

— Hokimlikka deysizmi?

— Ha, hokim qabuliga kelgandim. Bizning Jalpoqtosh tap-taqir dasht. Ovulimizga, hechqursa, bitta quduq kerak. Qoʻni-qoʻshni meni iltimos bilan joʻnatishdi. Hokimga uchrashib, arzimizni yetkazing, deyishdi. Shuytib markazga kelib edim.

— Hokimga uchrashdingizmi? — yana soʻradi yon hamroh.

— Ha, — oʻychan bosh irgʻadi qariya, — kirdim, koʻrdim.

— Qanday odam ekan hokim?

— Oppoq, kelishgan, boʻyinbogʻli odam ekan.

Yon hamroh piqillab kulib yubordi. Haydovchi ham iljaygan koʻyi peshoynadan qarab qoʻydi.

— Ey, — deb poʻngʻilladi xumkalla, — gʻiybat qilishga hokimdan boshqa odam qurib qolganmi sanlarga.

Qariya, bular soʻzlarimga ishonmadi, degan xayolda shosha-pisha aytganlarini isbotlashga kirishdi.

— Chin, yaxshi odam ekan. Meni kulib  kutib oldi, choy quyib berdi.

— Hatto, choy ham quyib berdimi, — yon hamroh qariyaga xuddi hayratlangandek tikildi.

— Ha. Eshikkacha kuzatib ham qoʻydi.

— Arzingizni tingladimi?

— Ha, hal qilib beramiz deb aytdi.

— Sizni aldab-suldab chiqarib yuborgan, — dedi yon hamroh bosh chayqab, — U iltimosingizni bajarmaydi.

— Nega bajarmaydi? — ajablanib unga tikildi qariya, — ana, Prezidentimiz xalqqa qayish, yordam ber deb har kuni aytib turibdi-ku. Yurtboshimizning ishongan vakili boʻlgandan keyin bajaradi-da.

— Siz hokim Prezidentning ishongan vakili deb oʻylaysizmi?

— Ha-da, ishonganidan unga amal bergan-da. Birov bir nimani ishonib topshirgandan keyin bajarish kerak, esam, lafzsizlik boʻladi, ulim. Bu katta gunoh.

—  Demak, — yana zavq bilan kuldi yon hamroh, — siz ham hamqishloqlarning ishonchini qozonib, ishni doʻndirib qaytayapsiz-da.

Qariya kaftlari bilan yuzini silagan boʻlib koʻzini yashirdi.

— Ha, endi…qoʻldan kelganicha…

Mashina  sap-sariq, tap-taqir dasht qoʻynida uzalib ketgan, egri-bugri, past-baland yoʻl boʻylab ohista yelib borardi. Ur-kaltakdan shishib ketgan badanday qir-tepaliklar birin-ketin ortda qola boshladi.

— Uzr, ulim, — dedi yon hamrohiga yuzlanib qariya, — sizlarga yoʻl boʻlsin? Choʻponlarning otariga borasizlarma?

Yon hamroh uzun bir homuza tortib olgach:

— Shoʻrsoyda ishlayotgan geologlarni koʻrganmisiz, — dedi.

— Anovi burovoychilarni aytayapsizmi? Yer kovlagichlarni? Ha, koʻrganman.

— Men oʻshalarning boshligʻi boʻlaman. Ishga ketyapman.

Qariya beixtiyor uning qoʻlidan ushladi.

— Sizni menga Xudo yetkazdi, ulim. Xuddi siz kerak edingiz menga?

— Iya, nega?! Tinchlikmi? — dedi yon hamroh chinakamiga ajablanib.

Haydovchi ham peshoynadan qiziqsinib qarab qoʻydi.

— Ha, siz kerak edingiz, — dedi qariya quvonchdan koʻzlari porlab.

— Xizmat bormi?

— Ha. Bizning qishloqqa quduq kovlatib bering, iltimos.

— Iya, gapingiz qiziq boʻldi-yu, hozirgina idoraga kirib chiqdim, hokim muammoni hal qilib beradi, deb aytdingiz-ku?!

Qariya xuddi ichi ogʻriyotganday yuzlarini burishtirdi.

— Tuvrasini aytaymi sizga?

— Tuvrasini ayting.

— Boya, — dedi qariya ming bir xijolat ichida, — sal-pal oʻtirik surgandim.

— Oʻtirik?! Oʻtirik surgandim?! Nima deganingiz bu?

— Yolgʻon gapirgandim demoqchilar, — izoh bergan boʻldi haydovchi.

Yon hamroh iljaydi.

— Ha-a, shunaqami hali….ja-a..quv koʻrinasiz-a, otaxon.

— Shunday boʻp qoldi-da, ulim. Gapning tuvrasi, hokimlikning imoratini koʻrgan paytim tizzam qaltirab ketdi. Axir bu yerda chakana odamlar oʻtirmaydi-da, tuvrama?

— Tuvra.

— Shuytib, ana keyin…oʻyladim, hokim davlatning odami, zaril-zaril ishlari koʻp, bizdaychakinlar bilan shugʻullanishga vaqtiyam, hafsalasi ham yoʻq, mayda-chuyda iltimos bilan u kishining boshini qotirmaylik deb…ana keyin…eshikning oldida turib-turib izimga qaytdim.

— Iya, gʻalati-yu, otaxon, hamqishloqlarning iltimosi nima boʻldi, hali oʻzingiz aytganday, ishonch masalasi nima boʻldi?

— Gapni oxirigacha eshiting, ulim…ana ­keyin…qishloqqa borib, hokimga uchrashdim, shanba kuni kel, mablagʻ beraman, shu pulga quduq qazdirib olasizlar, deb aytdi deyman.

— Nega aynan shanba kuni? — soʻradi yon hamroh tobora qiziqishi ortib.

— Ana keyin…shanba kuni besh-olti qoʻy haydab bozorga tushaman, sotaman, pulini ovulga olib boraman, mana, hokim soʻzida turdi, mablagʻ berib yubordi, deyman, burovoychilar bilan gaplashib, shu pulga quduq kovlatamiz, deb maslahat solaman.

Peshoynadan qarab-qarab qoʻyayotgan haydovchi taajjublanib soʻradi:

— Oʻzingizning hisobingizdan quduq kovlatmoqchimisiz?

— Ha, endi-i, ulim, mol ketsa, ketar,    lekin odamlarning ishonchi oʻlmasin, uydan  shu ishni boʻyinga olib chiqqanman, oʻrtada  lafz bor, xarajat qilaman-da. Boshlanishiga shu pul yetar, qolganiga ham Xudo poshsho.

— Xarajatni siz qilasiz, yugur-yugur ham sizning boʻyningizda, izzat-obroʻ hokimga ekan-da, — dedi yon hamroh qariyaga sinovchan koʻz tashlab.

— Ha, endi-i, — deb jilmaydi qariya, — u kishi ham shu el uchun kuyib-pishib yuribdi, qayishganimiz maʼqul-da.

— Siz ja-a gʻalati fikrlar ekansiz, otaxon.

— Ulim, — qariya yana yon hamrohning qoʻlini kaftiga oldi, — iltimos, yordam bering, xarajatga tayyorman, aytganingizni beraman, yuzimni yorugʻ qiling.

Yon hamroh yayrab kuldi.

— Otaxon, sizning yuzingiz hamisha yorugʻ. Siz oʻtirik surganingiz yoʻq. Siz chindan ham hokimga uchrashdingiz, iltimosni yetkazdingiz.

— Yoʻgʻ-a, qaytib?

— Ana, — yon hamroh old oʻrindiqda oʻtirib, goʻyo dala-dashtni kuzatib ketayotgan xumkalla, qop-qora kishiga ishora qildi, — siz aytgan oppoq, kelishgan hokim shu yerda…

Haydovchi baralla kulib yubordi.

Hokim ham miyigʻida iljayib ortga oʻgirildi.

— Nega kulasanlar? Otaxon oʻtirik surmaydi, koʻngli oppoq, niyati toza odamlar bular, shuning uchun  koʻzlariga hamma oppoq, kelishgan koʻrinadi.

Mashina saloni yana qah-qahalardan larzaga keldi.

Ey, sen, maynavoz, — dedi hokim haydovchiga yuzlanib, — tuvra Jalpoqtoshga hayda. Otaxon hokimni ham, quduq kavlovchini ham oldiga solib kelganini hamma koʻrib qoʻysin.

 

Luqmon BOʻRIXON

 

uzas.uz

https://saviya.uz/ijod/nasr/otirik/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x