Jurnalist: – Tarix gʻildiragi aylanib oʻtaveradi, deb oʻylarkanmiz. Ammo u baʼzan qaytalar ham ekan. Keyingi bir yilda mamlakatimizda yuz berayotgan oʻsish-oʻzgarishlar, koʻpchilikning koʻtarinki kayfiyati, baʼzilarning esa kechayotgan voqealardan esankirab, nima qilarini bilmay qolayotganlari ayni Respublikamiz mustaqillikka erishish arafasidagi yillarga oʻxshab ketmoqda.
Mamlakatimiz rahbarining saʼy-harakatlari bilan tashkil etilgan Oʻzbekiston Prezidenti xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan xatlarda, bevosita joylarda oʻtkazilayotgan muloqotlarda odamlar yillar mobaynida yurak qatlarida toʻplanib qolgan dardlari, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar haqida hech bir toʻsiqsiz baralla aytishmoqda, ularni tuzatish choralari koʻrilmoqda.
Oʻsha biz ogʻzimizning suvi qochib gapiradigan Gorbachyovning qayta qurish yillarida ham haqiqatni aytish qiyin kechgan edi. Ulugʻ yozuvchimiz Odil Yoqubov SSSR xalqlari sʼyezdi minbaridan gapirish uchun yigirma kunlab kutgan. Oxirida oraga oʻsha paytda Qashqadaryo oblast partiya qoʻmitasining birinchi kotibi boʻlib ishlagan birinchi Prezidentimizning yordami bilangina tarixiy nutqini soʻzlash imkoniga ega boʻlgani koʻpchilikka nomaʼlum.
Shu maʼnoda, Nosir aka, siz xalqimizning taniqli adiblaridan biri sifatida mamlakatimizda kechayotgan jarayonlarni albatta, kuzatib borayotgan boʻlishingiz kerak. Xususan, Prezidentimizning Oʻrta Osiyodagi respublikalararo hamkorlik, birdamlikni mustahkamlash borasidagi harakatlari bu aloqalar uzilish holiga kelib qolgan bir paytda qanchalik muhim?
Nosir Fozilov: – Avval-boshdan aytayin, bu aloqalarni tiklash hayot-mamot darajasida muhim. Ikkinchidan, Odil Yoqubov oʻzining hatto Andrey Saxarovni ham tikka turib chapak bilan maʼqullashga undagan oʻsha mashhur nutqi haqida “Osiy banda” romanida shunday yozadi: “Bemehr, beshafqat Amerika plantatorlari oʻtgan asrlarda paxta dalalarida oʻzlari ishlashni istamay, Afrikadan minglab, oʻn minglab negrlarni qoʻl-oyoqlariga kishan solib olib kelganlar. Ular bu qullarni shafqatsiz ishlatdilar va ulardan sogʻlom nasl olish uchun qorinlarini toʻydirib boqdilar. Oqibatda Amerikada boʻylari ikki metr va hatto ikki yarim metr keladigan negrlar yetishib chiqdi. Ular hozir Amerika sportining va hatto Amerika sanʼatining ham asosini tashkil etadi. Xoʻsh, biz nima qildik? Biz bu shafqatsiz mehnatni tabiatan nozik qiz-juvonlarimiz zimmasiga yukladik. Oqibatda bizning shoʻr peshona xotin-qizlarimiz qoq suyak boʻlib qoldilar. Ularda na koʻkrak bor va na dumba…
Nutqim shu yerga kelganida zal bir tebranib, joʻr kulgi yangradi, kulgi esa qarsaklarga ulanib ketdi. Lukyanovning toqati toq boʻlib qoʻngʻirogʻini chalar edi.
Birinchi boʻlib qozoq doʻstlarimiz chopib kelishdi yonimga. Qozoq shoiri Muxtor Shaxanov:
– Nega bunday qilding, hali uch minut vaqting bor ediku, – deb tanbeh berdi.
Keyin yetib kelgan Oʻljas esa:
– Mayli, shu ham yetarli boʻldi, – deb menga tasalli berdi”.
Mana buni haqiqiy qardoshlik, tildoshlik, dindoshlik, hamdardlik desa boʻladi. Oʻsha voqealardan buyon orada qancha-qancha suvlar oqib oʻtdi… Biz bir-birlarimizni qoʻllab-quvvatlash u yoqda tursin, unutib qoʻyayozdik. Siz aytgandek, aloqalarimiz (garchi qoʻpolroq oʻxshatish boʻlsa-da) chirib bitayotgan zanjir holiga kelib qoldi. Endi bu zanjirni kimdir yangilashi payti kelgan edi. Bundan buyogʻiga munosabatlar avvalgiday davom etishini, taʼbir joiz boʻlsa, Alloh ham istamadi. Oʻzaro aloqalarning yangi, umrboqiy davrini boshlash Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev zimmasiga tushdi. Dunyodagi eng qadim xalqlardan hisoblangan turkiylarni qaytadan birlashtirish, ularning bir-birlariga nisbatan qalblaridagi qoʻrlarini qayta olovlantirish har kimga ham nasib etavermaydi.
Bir muhim jihatga eʼtibor bering, Prezidentimiz oʻz koʻnglida ardoqlab kelgan bu maqsadini uncha-muncha yerda emas, naqd Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oliy minbaridan turib butun jahonga bildirdi: “Oʻzbekiston, – dedi Shavkat Mirziyoev, – bugungi kunda oʻzining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasiga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Bu – har tomonlama chuqur oʻylab tanlangan yoʻldir.
Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan Oʻzbekiston shu mintaqa barqarorligi, izchil taraqqiyot va yaxshi qoʻshnichilik hududiga aylanishidan bevosita manfaatdordir”.
Jurnalist: – Prezidentimizning yuqoridagi gaplari chin yurakdan chiqqan, necha zamonlardan buyon, oʻylab-pishitib kelingan gaplar edi. Eramizdan avval yashagan Xitoy donishmandi Konfutsiyning bir gapi bor, u shunday deydi: “Rahmdil boʻlmoq uchun ustozdan izn soʻralmaydi”. Shavkat Mirziyoev oʻz tildoshlari, qardoshlari bilan aloqani mustahkamlashga kirishar ekan, birovdan izn soʻrab oʻtirmadi. Nima dedingiz?
Nosir Fozilov: – Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarimizda ancha yillar “barmoq vazni”da qadam tashlab keldik. Endi “sarbast vazni”da, yayrab qadam tashlash payti kelganga oʻxshaydi. Ilgari nima boʻlar edi? Prezidentlar bir-biriga borsa yoki u joy bu joyda uchrashib qolishsa, bir hafta oʻn kun tilimizdan “biz ogʻa-inilarmiz, yerimiz bir, suvimiz bir” deb javrashdan boʻshamas edik. Bugun oʻsha gaplarni voqelikka aylantiradigan shabadalar esmoqda. Masalani koʻndalang qoʻyib, soʻzdan amalga oʻtaylik endi deb jon kuydiryapti Prezidentimiz. Uning kunni tunga ulab qilayotgan harakatlarining boisi nima? Men qoyil qolaman bu insonga: har qanday rahbar ham bunday surʼat bilan ishlasa, toliqib qolishi tabiiy. Asablar charchaydi. Bugun Qirgʻizistonda, ertaga Qozogʻistonda, boshqa kuni esa Amerikada biznesmenlar, mamlakat rahbarlari bilan muloqot qilayotganiga guvoh boʻlasiz. Bir soʻz bilan aytganda, Prezidentimiz oʻz kuch-quvvati, sogʻligʻini ayamay shu yurt ravnaqi uchun harakat qilmoqda. Boisi, shuncha yillar yoʻqotilgan vaqtni yanada yaxshi, savobli ishlar bilan toʻldirish. Biz mana shunday paytda albatta, u kishini qoʻllashimiz kerak.
Oʻzbekdagi “Mehr koʻzda” degan maqol, qozoqda ham, qirgʻiz va turkmanda ham bor. Bu xalqlarni hukumatlararo bordi-keldilar ham, adabiyot va sanʼat, madaniyat ham birlashtiradi. Lekin yana bir vosita borki, bu – xalq diplomatiyasi boʻlib, uning qudrati yuqoridagilardan-da kuchliroq. Xalq diplomatiyasi degani oddiy odamlar, yozuvchi va shoirlar, madaniyat arboblari va hatto davlat rahbarlarining ham oʻzaro shaxsiy aloqalariga quriladi. Aytaylik, toʻymi yo biron bir maʼraka oʻtkazyapsiz, oʻsha yigʻinga kelgan odamlarning oldida yoningizda tugʻishganlaringiz tursa, koʻkragingiz qandayin balandga koʻtariladi. Birodarlarning bir-birlariga eʼtiborlari juda ulugʻ sanaladi. Bunga misol shuki, Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyev Oʻzbekistonga yaqinda qilgan tashrifi davomida Prezidentimiz u kishiga “El-yurt hurmati” ordenini taqib qoʻyar ekan, Nursulton ogʻa bu eʼtibordan quvonib, men koʻp mamlakatlarning mukofotlariga loyiq koʻrilganman. Ammo oʻzbek xalqining hurmatiga sazovor boʻlish men uchun oʻta qadrli, degan gaplarini aytar ekan, toʻgʻrisi, koʻzimdan yosh chiqib ketdi. Bu ham xalq diplomatiyasi. Mana shunday bordi-keldilar, bir-birimizga boʻlgan eʼtiborni kuchaytirishimiz lozim. Tarixda Oybek, Fafur Fulom, Izzat Sultonlar bilan qozoq adiblari Muxtor Avezov, Sobit Muqonov, Fabit Musrepovlar oʻrtasida qanday doʻstlik, inoqlik mavjud edi.Fafur Fulom vafot etganida Sobit oqsoqol “Voy bovurim!” deb oʻkirib yigʻlab, oʻsha paytning oʻzidayoq Toshkentga uchib ketganini Qozogʻistonda haligacha gapirib yurishadi.
Jurnalist: – Nosir aka, boya ishni iqtisoddan boshlash kerak dedingiz-u, fikringizni davom ettirmasdan, boshqa mavzuga oʻtib ketdingiz. Bu bilan nimani nazarda tutgan edingiz?
Nosir Fozilov: – Hozir shunga kelyapman. Jahon davlatlari bugungi kunda bir-birlariga yanada yaqinlashmoqda. Olaylik, Yevropa ittifoqi, hozirda ularda bir xil valyuta joriy etildi. Men Yevropadan ulgu olaylik demayman. Lekin, bir oʻylab koʻrsa boʻladigan ibrat. Markaziy Osiyoda beshta davlat bor. Bu yaqin yetmish million aholi degani. Bordi-keldilarimizni osonlashtirish uchun shu mamlakatlarning barchasida qoʻllanadigan, shuningdek, chet ellarda almashtirish qobiliyatiga ega yagona pul birligini joriy etsak, qanday zoʻr ish boʻlardi! Beshta respublika, bu – beshta barmoq degani. Xudoning oʻzi musht qilib birlashtirib qoʻyibdi-ku. Yagona pul birligi boʻlsa, koʻp muammolarimiz hal boʻlardi.
Jurnalist: – Maʼlumki, oʻtgan asrning yigirmanchi yillari soʻngida arab imlosidan lotinga, qirq birinchi yillarga kelib esa, lotindan kirill imlosiga oʻtkazish sobiq SSSRning turkiy xalqlarga nisbatan qoʻllagan siyosati bilan bogʻliq boʻlgan. Bir paytlar qirgʻiz yozuvchisi, Oʻzbekistonda koʻp oʻqilgan “Singan qilich” romanining muallifi Toʻlagan Qosimbekovning: “Stalin nafaqat oʻzbek, qozoq, qirgʻizlarning yurtparvar shoir va yozuvchilarini, olimlarini, shuningdek, ularning imlosini ham qatagʻon qildi” degani yodimda. Demak, SSSR paytidagi imlo oʻzgarishlari bejiz boʻlmagan. Mustaqillik yillariga kelib, Oʻzbekistonda imloni oʻzgartirishga nima majbur qildi, deb oʻylaysiz?
Nosir Fozilov: – Oʻsha paytda buni taklif deymizmi, buyruq deymizmi dastlab kimdan chiqqani nomaʼlum. Farmon chiqqani bor gap. Lekin farmongacha nima gap boʻlgan, biz buni bilmaymiz. Maʼlum narsa shuki, dunyo xalqlari bilan aloqaga kirishish kirillga nisbatan lotinda tezroq koʻchadi, jahondagi koʻp davlatlar lotin imlosida yozadi, demak, bu imlo mamlakatni kompyuterlashtirishda ham qoʻl keladi, degan qarashlar bilan qoʻl urildi. Yaqinda bir joyda oʻqib qoldim. Bir tilda gaplashadigan ikki yarim ming kishilik elatning imlosi ham kompyuterga tushirilibdi. Yaponiya, Xitoy, Koreyaning imlosi tamgʻalardan iborat. Ular kompyuterda yoʻqmi?
Bir paytlar Qozogʻiston xalq yozuvchisi Abdulla ogʻa Tojiboyev shunday degan edi: “Qozogʻistonda sharqiy tumanlar (yigirmanchi yillarda. – N. F.) oʻzicha avtonomiya atalib, janubdagi – hozirgi Qizil Oʻrda, Chimkent, Jambil hamda Qirgʻiziston Respublikasi Oʻrta Osiyo Respublikalari qatorida qoldi. Bunday talotoʻp zamonlarda adabiyotlarimizni doʻstlashtirish, ularning zamonga xos bordi-keldilarini yoʻlga qoʻyish haqida hech qanaqa gap-soʻz boʻlgani yoʻq, binobarin, bunga oʻsha paytda fursat ham boʻlmagan. Shuning uchun boʻlsa kerak, biz oʻzimizning qadimiy odatimiz boʻyicha chigʻatoy tilida bosilgan adabiyotlarni oʻqib, mutolaa qilib yuraverganmiz. Toshkentda chop etilgan oʻshanday asarlarni oʻzbek tiliga yoxud turkman, qirgʻiz tillariga oʻgirishning hojati yoʻq edi. Bir-birlarimizni tarjimasizoq tushunaverar edik”.
Endi-chi? U alifbodan bu alifboga oʻtaverib savodsizlik urchidi. Lotinda qoladigan boʻlsak, uning harflarini isloh qilib, tovushlarimizni toʻla ifoda etadigan harflarga toʻxtam qilaylik. Yigirmanchi, oʻttizinchi yillarda oʻrta turk adabiy tilini yaratish ustida ish olib borilgan edi. Bu maqsadlar ham qirgʻiz adibi aytganidek, qatagʻonga uchrab yoʻq boʻldi. Endi nima qilamiz? Endi Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, istasa Tojikiston ham bir yumaloq stol atrofiga oʻtirib imlomizni tartibga solishni, uni turkiy til – hammamiz gaplashadigan til normalariga moslashtirishni oʻylashimiz kerak. Aks holda kelgusi avlodlar bir-birlaridan bugungidan ham yiroqlashib ketadi. Shunday qilib yagona pul va yozuv masalasi hal boʻlsa, qadimgiday bir xalq, bir millat boʻlishimizga shubha yoʻq.
Shu oʻrinda yana bir-ikkita masalani aytib oʻtsam. Aks holda, boshqa yoqlarga chalgʻib, oʻtlab ketmaylik. Aytmoqchi boʻlganlarimdan biri, bu – tarix darsliklari masalasidir. Xabaringiz bor, shoʻro paytida hamma maktab va oliy, oʻrta-maxsus oʻquv yurtlarida SSSR tarixi darsligi majburiy oʻqitilgan. Mana chorak asrdan koʻp boʻldi, SSSR yoʻq, oʻsha tarix ham yoʻq. Albatta, hozir ham oʻquv yurtlarida chet mamlakatlar tarixi oʻtilayotgan boʻlsa ajabmas. Oʻzimizda yaratilayotgan baʼzi tarixiy kitoblarni oʻqib hayron qolaman. Ularda mualliflar tarixiy voqealar haqida soʻzlar ekan, buvilarining, koʻkalarining, togʻa, bobolarining xotiralarini bizga tarix oʻrnida taqdim etishmoqda. Bu ham kerak. Ammo tarix bu alohida fan. Rostdan ham boʻlib oʻtgan voqealarga, aniq manbalarga asoslanadi. Qachon, qayerda, qanday, kim va nima degan aniq savollarga javob berishi kerak oʻsha tarix. Hozir kunimiz “qoʻlbola” solnomalarga qolmoqda.
Vatanimiz qadimiy Turkiston oʻzining shon-shavkatli tarixiga ega. Keyingi ming yilliklarni qoʻying, hatto miloddan avvalgi bu yerlar bilan bogʻliq manbalar bor. Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, barcha qoʻshni davlatlar oʻquv yurtlarida “Turkiston yoki Turon tarixi” degan fan oʻqitilsa. Bu sohada zarur darsliklar yaratilsa, degan taklifim bor. Mazkur tarix kimgadir yoqish-yoqmasligidan qatʼi nazar, u mavjud. Oʻrganish esa yer-suvi, togʻi-bogʻi bir, ammo keyingi yigirma yillarda yangi tarixlari boshqa-boshqa boʻlgan xalqlarimizni faqat birlashtiradi, deb oʻylayman.
Endi savolni men beray. Mana siz Qirgʻizistonda tugʻilgansiz, men Qozogʻistonda. Ikkalamiz ham ota yurtimizga imkon qadar borib turamiz. Shavkat Mirziyoevning Qirgʻizistonga tashrifidan soʻng bordi-keldilar osonlashdi, chegaralar ochildi. Borganingizda yurtdoshlaringiz sizdan nima soʻrashadi?
Jurnalist: – Albatta sogʻlik-salomatligimni, keyin esa Oʻzbekistonda yuz berayotgan yangiliklar, oʻzgarishlarni, koʻpchilik doʻstlarim yangi kitob olib kelganim yoki yoʻqligini surishtirishadi.
Nosir Fozilov: – Kam boʻlmang. Oʻsha odamlar Oʻzbekistonda kechayotgan jarayonlarni bilishga oʻta intiq. Axir Qirgʻizistonda rasmiy maʼlumotlarga koʻra bir millionga yaqin, Qozogʻistonda olti yuz mingdan koʻp, Turkmaniston, Tojikiston, Afgʻoniston va boshqa oʻnlab mamlakatlarda ham oʻzbeklar istiqomat qiladi. Bundan taxminan oʻn yil ilgarigi hisob-kitoblarga koʻra butun dunyoda qirq milliondan ortiq oʻzbek bor edi. Hozirda bu raqam yanada oshgani tabiiy. Shuncha odamning bitta koʻzi tarixiy vatanlari boʻlgan Oʻzbekistonda turadi. Biz shu muborak yurtda yashar ekanmiz, chetlarda umrguzaronlik qilayotgan oʻzimizning oʻzbeklarni unutmasligimiz farz. Ular bizdan non-tuz talab qilishmaydi. Bu odamlarni avvalo yurt sogʻinchi, qolaversa, Oʻzbekistonda chop etilayotgan gazeta-jurnallar, badiiy kitoblar, yurtda kechayotgan oʻzgarishlar haqida axborotlar koʻproq qiziqtiradi. Qisqasi, ularning oʻshanday ehtiyojlarini qondirishga Oʻzbekistonni masʼul deb bilaman.
Toshkentning Shota Rustaveli koʻchasi bilan eski Zavodskaya koʻchasi kesishgan joyda qardosh xalqlarning kitob doʻkoni boʻlar edi. Hozirda oʻsha doʻkon yoʻq. Unga oʻxshagan doʻkonlar barcha qardosh respublikalarning hech yoʻgʻi katta shaharlarida boʻlishi kerak.
Yaqinda Oʻzbekistonda chet el valyutalarining rasmiy konvertatsiyasi ochildi. Gazeta-jurnallarimiz, nashriyotlarimizning vakillari endi qardosh Respublikalarga borishsin, odamlar bilan suhbat qilishsin. Ular oʻz obunachilarini, xaridorlarini albatta topishadi.
Jurnalist: – Oʻtgan asrning saksoninchi yillarida “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining nufuzi salkam sakkiz yuz mingga chiqqan edi. Shundan oʻttiz mingga yaqini Qirgʻizistonga joʻnatilganini bilaman. Nosir aka gap maʼnaviyat va madaniyat masalasiga kelib taqalar ekan…
Nosir Fozilov: – Qardosh respublikalarda oʻzbek tilida oʻqitiladigan maktablar, oʻqituvchilar yildan-yilga kamayib borayotgani haqida ham toʻxtalaylik demoqchisizda? Bu juda ogʻriqli masala…
Jurnalist: – Qirgʻizistonning Jalolobod viloyatida oʻzbek maktablarining yopilish holatlari mavjud. Birinchidan, darsliklar yoʻq. Borlari ham talabga javob bermaydi. Ikkinchidan, oliy oʻquv yurtlarida darslar qirgʻiz tilida yoki rus tilida olib boriladi. Oʻzbek tiliga ehtiyoj qolmayapti. Shu bois aholining koʻpchiligi oʻz bolalarini rus yoki qirgʻiz maktablariga oʻqishga berishyapti.
Nosir Fozilov: – Bir paytlar Toshkentda Oʻrta Osiyo davlat universiteti boʻlar edi. Qoʻshni respublikalardagi koʻplab mutaxassislar oʻsha dargohni bitirishgan. Jumladan, oʻzim ham. Keyingi yigirma besh yilda Toshkent va boshqa shaharlardagi oliy oʻquv yurtlari qoʻshni respublikalarda yashaydigan qancha abituriyentga joy berdi ekan. Bitta-ikkita boʻlsa bordir. Koʻngilni kengroq qilishimiz kerak. Qoʻshni respublikalardagi turkiy millatdoshlarimizning bolalari uchun oliy oʻquv yurtlarida maʼlum imtiyozlar berib, ularning oʻqishlariga sharoit yaratish oʻta muhim.
Xullas, gapiramiz desak, gap koʻp. Eng muhimi, oʻzaro aloqalarni yoʻlga qoʻyish uchun qadam tashlandi. Ana shu qadam bardavom boʻlsin.
Prezidentimiz yaqinda boʻlib oʻtgan adabiyot va sanʼat, madaniyat xodimlari bilan boʻlgan uchrashuv chogʻida yigʻilish ahliga qarab shunday dedi: “…biz hammamiz bir-birimizni yaxshi bilamiz, mashhur bir qoʻshiqda aytilganidek, “oʻrtada begona yoʻq”. Bu gaplarni Oʻrta Osiyo xalqlariga ham tatbiq etsa boʻladi. Maʼqul topilsa, respublikalar rahbarlari bir stol atrofiga oʻtirib, bu xalqlarning hamkorlikda, birdamlikda ogʻa-ini boʻlib hayot kechirish yoʻriqlarini bamaslahat kelishib olishsa, nur ustiga nur boʻlar edi. Zero, oʻrtada begona yoʻq.
Suhbatni Yoqubjon XOʻJAMBERDIYEV
yozib oldi.
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/suhbat/ortada-begona-yoq/