Soʻnggi paytlarda oʻz ishiga vijdonan yondashadigan hamda millat kelajagi uchun masʼullikni oʻzining har qanday shaxsiy manfaatlaridan hamisha ustun qoʻya oladigan oʻqituvchilar zarurligi haqida bot-bot aytilyapti. Prezidentimizning 2018 yil 14 avgustdagi “Yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʼlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ham ayni shu dolzarb masalaga qaratilgan. Endilikda xalq taʼlimi tizimida oʻqituvchi mavqei va nufuzini oshirish, uning xalq orasidagi hurmati va obroʻsiga ehtirom bilan munosabatda boʻlishni tizimli tashkil qilish uchun nimalar zarur?
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov va vazirlik masʼullari ishtirokida oʻqituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish bilan bogʻliq muammolar va ularning yechimlari mavzusiga bagʻishlab oʻtkazilgan matbuot anjumanida shu kabi savollar oʻrtaga tashlandi.
– Bugun oʻqituvchilarning oʻz ustida ishlab, oʻquvchilarga sifatli taʼlim berishi, shuning barobarida taʼlim samaradorligini oshirishi uchun asosiy toʻsiqlardan biri ortiqcha qogʻozbozlik hamda oʻz xizmat vazifasiga aloqador boʻlmagan ishlarga jalb etilishi boʻlmoqda. Buning oldini olish hamda oʻqituvchiga qulay mehnat sharoiti yaratib berish borasida vazirlik qanday ishlarni amalga oshiryapti?
– Bu toʻgʻri mulohaza, – dedi ushbu savolga javob berar ekan xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov. – Qogʻozbozlik yoʻq boʻlmaydi, biz uni kamaytirishga erishish choralarini koʻryapmiz. Vazirlik sifatida biz koʻpaytirish tarafdori emasmiz, aksincha, uni kamaytirish niyatidamiz.
Oldingi paytlarda maktabning “egasi” koʻp boʻlgan. Biz ularni kamaytirishni oʻylayapmiz. Masalan, oʻtgan yilda umumtaʼlim maktablarida 200 dan ziyod tekshiruv boʻlgan. Unda nima boʻlsa ham maktablardan ayb topishga harakat qilingan. Bunday maqsad bilan qilingan tekshiruvlarda maktabdan istalgancha muammo topsa boʻladi.
Shuningdek, soha boʻyicha juda koʻp qonunlar bor. Huquqshunoslar bilan birgalikda ana shu qonunlarni oʻrganib chiqib, maktab direktori uchun toʻplam yoki “maktab kodeksi” ishlab chiqish niyatidamiz.
Yaqinda xorijda taʼlim forumi boʻlib oʻtdi. U yerda ellikdan ortiq davlatdan vazirlar ishtirok etdi. Angliyalik hamkasbimdan “Oʻqituvchilar oyligidan asossiz ravishda ushlab qolish, direktor ustidan shikoyat qilish kabi muammolar sizlarda qanday hal qilinadi?” deb soʻradim. U savolimdan hayron boʻldi. “Axir, qonun bor-ku! Agar oʻqituvchi va direktor oʻrtasida mehnat munosabati buzilsa, tegishli organ Mehnat kodeksi asosida koʻrib chiqadi”, dedi.
Aytmoqchimanki, oʻqituvchining oyligidan noqonuniy ushlab qolish, majburiy mehnat kabi muammolar Mehnat kodeksida taqiqlab qoʻyilgan. Lekin nimagadir bu masala boʻyicha biz shugʻullanishimizga toʻgʻri kelmoqda. Bu notoʻgʻri nazarimda.
Yana bir gap. Keyingi paytlardagi islohotlar, jumladan, oʻqituvchilarning nufuzini koʻtarish hamda ularning oylik maoshlarini oshirish borasidagi ishlar ijobiy natija bera boshladi. Biz oʻn uch mingdan ziyod erkak oʻqituvchini maktabga qaytarishga muvaffaq boʻldik.
“Oila davrasida” muxbiri
Bekzod NASIMBOYEV
yozib oldi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/oqituvchi-nufuzi-qogozbozlik-va-majburiy-mehnat-barham-topishiga-qanchalik-bogliq/