Hademay osmonga qarata oʻq uziladi. Dastlabki toʻrt qatorda yigitlar, keyingi yonma-yon toʻrt yoʻlakda qizlar safga tizilishgan. Bellashuv oson koʻchmasligi muqarrar. Gʻoliblarga hozirlab qoʻyilgan sovgʻa-salomlarning choʻgʻi har safargidan anchagina balandligi raqobat shiddatiga moy sepishi tayin.
K. badani, qoʻl-oyogʻini qizdirish, undan-da muhimi, hayajonini bosish koʻyida dam turgan joyida irgʻishlab sakrab-sakrab qoʻyar, dam kiftiga, biqiniga, boldiriga ustma-ust mushtlab oʻziga oʻzi dalda berardi.
Uch raqibdan ikkitasini yaxshi taniydi. Ular bilan yuz metrli masofa poygasida ishtirok etgan, boʻsh kelmagan, lekin K. bu safar, ayniqsa, uloqni boy bermasligi shart. Moʻljali kamida oʻn soniya! Shu tezlikni ololsa ikki tanishiga qoʻshilib uchinchi raqibning ham masalasi hal boʻldi deyavering! Faqat gʻalati joyi – yigitlar bilan qizlarni yonma-yon safga tizish kimning xayoliga keldi?! Qanday zaruriyat tugʻildi bunday “yangilik”ni sinovdan oʻtkazishga – nomaʼlum! Toʻgʻri, yigitlar oʻzicha, qizlar oʻzlaricha yugurishadi, bir-birlariga daxl qilishmaydi, lekin qanday boʻlmasin, yonginangdagi yoʻlakda yugurib borayotgan qiz, tanishmi-notanishmi, xayolni chalgʻitishi tabiiy. Buning ustiga, qurʼaga koʻra K. “4” raqami ostida toʻrtinchi yoʻlkani egalladi, yaʼni “1” raqamli qiz bilan yonma-yon, yelkama-yelka yugurib oʻtishi kerak masofani. Yigitlar dastlabki uch-toʻrt soniyadayoq qizlardan ancha ilgarilab ketishlari esa tamomila boʻlak mavzu.
K. beixtiyor “Birinchi”ga koʻz tashladiyu shu zahoti hushini yigʻdi, oʻzidan norozilandi: yugurishingni oʻyla, masofani chamala, qaysi soniyalarda tezlikni qanchaga oshira olasan – puxtalab ol!
Odatda bunday damlarda hakamlar koʻp gapirishmaydi, chunki barcha shart-sharoitlar musobaqa maromida belgilangan, hech qanday gʻayriodatiy yoki favqulodda oʻzgarishga yoʻl qoʻyilmaydi, inchunin, oʻzaro bahs-munozara va gʻala-gʻovurga oʻrin yoʻq, mana, hozir oʻq uziladiyu sakkiz poygachi oyoq tirgovuchidan uzilib, qad rostlab-rostlamay oldinga tashlanadi. Yugurish mubohasasining eng qisqa masofasi bu, yuz metr – yuz odim degani.
Hayot haqiqatlarini, hikmatlarini oʻzida mujassam etgan timsol-tamsillarning sanogʻi yoʻq dunyoda. Adabiyot, sanʼat, sport olami ana shunday timsolu majozlar bilan tirik. Yuz odimli masofani bosib oʻtish esa umr sarhadlarining nechogʻli qisqaligi, vaqt shiddatining tutqich bermasligi, tezlik, tezlik va yana bir karra tezlik inson zotining oʻy-xayoli, kundalik turmushi, jamiki orzu-havaslari bormi, barcha-barchasini allaqachonlar mahv etib yuborayotganining, oʻz izmiga boʻysundirib ulgurganining alomati, timsoli, ramzi! Osuda koʻklam shabadasining bir nafaslik epkini yangligʻ omonat, ayni vaqtda sanoqqa ham dosh bermas ushbu lahzalarda bu yorugʻ maʼvoning oʻzidek uzun, mazmunlarga toʻlib-toshgan, hayajonu ehtiros mavjlariga limmo-lim voqealar namoyish etilguvchi oʻzgacha sehr-jodu mujassam masofa. Yaqin-yaqingacha bundayin hayot haqiqatlarini yigirma soniyada tasdiqlashga musharraf boʻlgan, yaʼni yuz odimlik masofani shu fursatda bosib oʻtgan yuguruvchilar xos kishilar yangligʻ qahramonlarga aylanishgan, ularning nomlari zarhal iplarda bitilib, oʻzlari olqishlarga koʻmilgan (endi ular qayerda?!). Biroq “tezlik”, “shiddat” deya nom olgan allatovur koʻz ilgʻamas maxluqlar hamon betoqat – odamlarga qoʻshilib zamonlar, zamonlarga ergashib odamlar oʻzgarmoqda, shuning sharofati ila dunyo aql bovar qilmas shiddat izmiga koʻchmoqda. Shiddat etagini tutqazmayapti, u bandasiga bezak oʻrnida oʻtguvchi azaliy halovatni, bosiqlik, vazminlik kuylarini yutib yubormoqda, mashoyixlar aytmoqchi, bu iznga mubtalo insonlar tugul ona zamin, unga tobe samoviy sayyoralar oʻzlarining ilohiy oʻqlari atrofida odatdagidan tezroq, jadalroq aylanishga yuz tutmishlar. Bunga sayin hayotning choʻng haqiqatini oʻn sakkiz, oʻn olti, oʻn besh, oʻn toʻrt soniyada tasdiqlaganlar boʻldi. Inson imkoniyatlarining cheksizligi moʻjiza yangligʻ poygachilarni, ularga qoʻshilib butun olam ahlini hayratlarga solmoqda. Aqllar lol, tafakkurlar shiddat oldida mahzunu mazlum. Shiddatning suratini chizmoq istagidagilar sarosimada. Endi… endi esa yuz odimni ortda qoldirish uchun oʻn soniyadan ortigʻi – ortiq! Yashin tezligi, chaqmoq tezligini talab etmoqda hayot haqiqatlari – mohiyatini anglash va tasdiqlash istagi, ehtiyoji!
K. raqiblariga emas, oʻng yondagi “Qoʻshni”ga rov koʻz tashladi. U ham oʻz tashvishi-oʻylariga andarmon – poygada oʻzib ketish, yonidagilarning imkoniyatlarini oʻlchash-chamalash. Lekin bu dilbar qizgina sanoqli soniyalar ichida yana qanaqangi moʻjiza voqea-hodisalar yuz berishi mumkinligini, bu tezkor zamon shiddati taqdir, qismat savdolarini oʻrtaga qoʻyayotganini his qilayotirmikan? E, ha-a, K. anglab qoldi poygani tashkil etishdagi yangilikning boisini. Tashkilotchilar yuz odimli masofani bosib oʻtish asnosidagi sanoqli lahzalarda erkaklar nimalarga qodiru ayol-qizlar nimalarga qodirligini bir yoʻla sinashga qaror qilishgan! Ha, shunday – bir yoʻla-bir paytda, bir zumda! Zero, hayotning muhimdan-muhim haqiqatlarini anglash damlarini sinovdan oʻtkazish, tadqiq va tasdiq etish istagi inson aql-idrokidan gʻoyatda kutilmagan, gʻoyatda shakkok uslublarni-da sinovdan oʻtkazishni taqozo etmoqda.
– Diqqat!
Oyoqlar tirgovuchga qadaldi, bukilgan tizzalarning shiddat bilan rostlanishi poygachini oldinga itqitib yuboradi, soatning eng tezkor va shiddatli oʻlchov mili joyidan qoʻzgʻaldi. Yuz odimli yugurishda biron qadam hayallash tuzatib boʻlmas armonu afsuslarga, adoqsiz nadomatlarga olib borishi muqarrar, yashin tezligi ham oz, nigoh tezligi darkor, nigoh-nazar tezligi, binobarin, oʻqning uzilishi – shiddatli hayot yoʻlining boshlanishi, ortga yoʻl yoʻq, buyogʻiga koʻngil tubidagi tuganmas orzu-umidlar zarracha sustkashlikka toqat qilmaydi, zero hamon oʻqdek otilib hayot yoʻliga otlandingmi, ke-ye-yetding, shu ondayoq yoningdagilardan loaqal bir qadam, loaqal bir qarich, loaqal bir bahya ilgarilash, oʻzish epini topishga majbursan, majbur!
– Olgʻa!!
K. poyganing xoʻp hadisini olgan, shunga koʻra har bosar qadamini avvaldan oʻylab qoʻyar, lahzaning lahzasini qaytmas boylik, gʻanimat hisoblardi.
U besh-olti odimdayoq uchala raqibidan oʻzib ketdi, tezlikka zoʻr berdi. Shu shiddatni boʻshashtirmasa hamda yettinchi, sakkizinchi soniyalarda yana jindek gʻayrat koʻrsatsa olam gulistonligini his qilar, hayotning bitmas-tuganmas mazmunlarini bor-yoʻgʻi oʻn soniyada bashariyat koʻz oʻngida namoyon etishi qanchalar ulkan shodiyonaga aylanishiga ishonchi komil edi.
Beshinchi soniya. Beixtiyor “Qoʻshni”ga nazari tushdi. Tushdiyu “Birinchi”ning chehrasida mujassam shiddatni koʻrib yuragi gupirib ketdi. Qayerdadir koʻrgandek, juda-juda tanish chehra. “Qoʻshni” duv qizardi, shu qadar koʻz ilgʻar-ilgʻamas holat ham yigitning xayolini algʻov-dalgʻov qilib yubordi. Sezildi, “Birinchi” tortinchoq, iboli, hayoli! Poygachi qizlarning orasida bunaqasi kam uchraydi.
K. tezlikni oshirdi. Oshira turib oʻng tomoniga oʻgʻrincha razm soldi. Ayni payti – koʻrib-tanib-bilib-sinab olmasa, keyingi soniyalarda ulgurmaydi, fursatni boy beradi, ahvoli voy boʻladi, voy! Uning razm solganini qiz fahmladi, lekin sir boy bermadi, boshini burmadi, aksincha tezlikka tezlik qoʻshdi. Ohu misol yugurib bormoqda – oyoq olishlari biram chiroyli, biram bejirim, biram shaxdam. Oʻzi xipchagina, koʻzlari shahlogina, bilaklari oppoqqina, sochlari uzungina – ishqilib ortda qolmasin-da, raqibalariga boʻsh kelmasin-da!
Yettinchi soniya. Shu lahza K. qiz ham unga oʻgʻrincha nigoh tashlaganini payqab qoldi. Sevinib ketdi, hatto kulgidan tiya olmadi oʻzini, “Ha-a, qoʻlga tushdingmi?!” deb yubordi. Shunday dediyu yugurish shiddatidan hosil boʻlgan tana harorati gugurt chaqilishidan oʻt olgandek gurillab alanga oldi, alanga vujudini, aʼzoi badanini qopladi.
Chap yonidagi raqibi unga tenglashdi. Shundan K. tezligi susayganini sezdi. Biroq tezlikni oshirsa “Qoʻshni” ortda qoladi – nigohlar rishtasi uziladi. E-endi topdim deganida oʻzib ketsa qiz nima deb oʻylaydi, ne xayollarga boradi? Unga xiyonat qilgan boʻladi-ku, K.!
K. tabiatan qizlarga eʼtiborsizroq edi. Oʻsmirlik pallasi ortda qoldi, voyaga yetdi, u tengi oʻrtoqlari birin-sirin chimildiqqa kira boshladilar. Shunda onasi harakatga tushib qoldi – “Koʻz ostingga olganing bormi, ayt, borib koʻray, sen topmasang, oʻzim topay”, deb qisdi-bastiga oldi. “Koʻcha toʻla qiz, jigaringdan urgani yoʻqmi?!” deya dangaliga koʻchdi otasi. Biroq koʻz ostiga olish yoxud jigaridan urish qanday boʻlishini bilmasa, biron qizning ohanrabosi tortmagan boʻlsa uni, nima deb ogʻiz ochadi ota-onasiga?! Undayini qaydan topadi, qanday topadi, qayerdan topadi? Tanish-notanish qizlarga emin-erkin, bamaylixotir eʼtibor berishga fursat boʻlmasa. Mana shunday bir paytda, ittifoqo, shiddat ila yugurib borayotib… koʻz ostiga olish, “jigaridan urishi” shu boʻlsa kerak-da?!
– Chalgʻimang! Chalgʻimang! Tezlashing!
Sanoqsiz tomoshabinlarning hayqiriqlari orasidan qulogʻiga chalingan bu mehribona dalda-daʼvat qulogʻiga shu qadar yoqimli eshitildiki! Sal boʻlmasa toʻxtab yonida ohu misol yugurib borayotgan qizning ipakday mayin-muloyim va mehr toʻla kiroyi bir tovushda dalda berishini jon qulogʻi bilan tinglagisi keldi. Shunda chap tomonidagi yigitlar emas, oʻng yonidagi qiz ham undan uzoqlashib borayotganini payqadi. “Qoʻshni”ning bir tutam qilib bogʻlangan sochi yelkalari, beli aralash talash boʻlayotganini roʻyi-rost koʻrdi.
Nahotki?! Nahotki, u uzoqlashib ketsa?! K. ni ortda yolgʻiz qoldirib, bir oʻzi marraga yetsa?!
Marra, marra, marra. Har kim oʻz marrasini koʻzlaydi, qachon va qay tariqa yetishi esa… qoqilmasa bas, oyogʻi toymasa bas! Baxtiyor marra, shukuhli marra – qismat marrasi, saodat marrasi!..
K. tezlikka zoʻr berdi. Sakkizinchi soniyada gʻoliblikning taqdiri hal boʻladi! Shu on mutlaqo kutilmagan voqea yuz berdi – K. poyga natijasini, taqdirini oʻylamay qoʻydi! Ne-ne poygalarda “jon olib-jon berib” sherdek olgʻa tashlanishning kiftini keltirgan K., mana, ilk dafʼa gʻoliblikni emas, u bilan yonma-yon yoʻlkada yugurib borayotgan qizning “qadam olishi”ga qarab qoldi. “Qoʻshni” chalgʻitdi uni, yomon chalgʻitdi!
Toʻqqizinchi soniya. Koʻz ochib yumguncha-ya! Hayot shu, umr yoʻli shu. Adoqsiz tuyulgan yillar koʻz ochib yumguncha ortda qoladi – anglaganing qancha, anglamaganing-chi? Yuz odim va oʻn soniyada ham ahvol oʻsha-oʻsha – anglamagan lahzalar va odimlari qancha?! Hayot-mamot, taqdir muhri bosilmoqda shu soniyalarda, ushbu yuz odimlik masofa oraligʻida.
K. necha dafʼalar yugurib, gʻoliblik nashidalarini bearmon surib ham hozirgidek, bu safardagidek huzur topmagan, joni rohat tuymagandi.
Oʻninchi soniya. Ana, marra! Ana, qiyqiriq! Ana, olqish! Muhimi, muhimi, K. qizga yetib oldi, u bilan yonma-yon. Xuddi qoʻl ushlashib yugurib kelishgandek, oʻn soniyalik masofada tugʻilgan mehr-muhabbat haqqi-hurmati ular bu yogʻiga toabad yetaklashib-yetaklashib yurishga, yugurishga ahd-paymon qilishgandek… Darvoqe, marra boʻsagʻasida K. tortinmay-netmay “Qoʻshni”ning qoʻlini tutib oldi. Tavakkal qildi. Shundayiga ham uyalib-qizarib yugurgan qiz yanayam alanganing yalligʻlangan tilidek, bir quchoq qizil atirguldek lovullab ketdi, lekin muhimi, e-eng muhimi, qoʻlini tortib olmadi.
Olqishlar har qachongidan oʻzgacha yangradi. Qayerdadir tomoshabinlar tomondan karnay-surnay, childirma-nogʻora sadolari taraldi. Yosh-yalang yigit-qizlarning shodiyona qiyqirigʻi tutdi atrofni. K. qizning qoʻlini biron lahza boʻshatmas, oyoqlari ostiga toʻshalgan oppoq shoyi matoga irgʻitilayotgan anvoyi gullardan battar mutaassirlashayotgan edilar. Ularni tabriklash, qutlash niyatida, ilojini topdi deguncha, birga-birga suratga tushish istagidagilar izdihomi ortgandan-ortayotgandi.
K. bilan qiz oʻzlarini tamom yoʻqotishdi. K. negadir oʻzini gʻolibdek tutar, undagi bu tuygʻu qizga ham koʻchgan, u ham bu tarz gʻoliblikdan uyalgandek boshini quyi solib olgan, dam kulgisi-dam yigʻlagisi kelar, tobora qizgʻin tus olayotgan olqishlarga bosh koʻtarib minnatdorlik bildirolmas, ibo-hayo yoshlarini tiya olmayotgan edi…
Xurshid DOʻSTMUHAMMAD
https://saviya.uz/ijod/nasr/on-soniya/