Ijodkorga oʻn savol
“Sovet Oʻzbekistoni sanʼati” jurnali anketasiga javob
- Ijodda aql va his-tuygʻuning roli haqida fikringiz qanday?
- Ilk muhabbat va uning ijodga taʼsiri haqida nima deysiz?
- Qanday odam va qanday gunohni kechirmaslik kerak?
- Hech yolgʻon gapirganmisiz?
- Nimadan tashvishdasiz?
- Buyuk shaxslardan kimlarni sevasiz? Nega?
- Yomon odam deganda aniq bir kishini koʻrsata olasizmi?
- Mukammal odamni uchratganmisiz?
- Sizga qaysi oʻzbek sanʼatkori (yozuvchi, rassom, aktyor, xonanda, sozanda) yoqadi? Nega?
- Boʻlgʻusi va yosh ijodkorlarga eng qisqa maslahatingiz?
- Bu ikki tushunchani bir-biridan ajratish mumkin emas. Bola tugʻilganida avval boshi, keyin qalbi yoki aksincha, avval qalbi, keyin boshi paydo boʻlmaydi. Ijodda aql bilan his-tuygʻu hamisha uygʻun boʻlmogʻi kerak. Ushbu ikki tushunchani ajratmoqchi boʻlganlar ham hech nimaga erisholmagan. Bir vaqtlar “sof sanʼat uchun” deb shovqin solganlar sanʼat asarida gʻoyalar boʻlmasligi kerak, deganga oʻxshash fikrni olgʻa surishgan edi. “Ratsionalistlar” esa, asarda faqat fikrning oʻzi boʻlishi kerak, “oh-vohlar” kerakmas, deganga oʻxshash gʻoyani ilgari surishdi. Biroq har ikkala fikr tarafdorlari ham boshi berk koʻchaga kirib qoldi. Yozuvchi asarida aql oʻrgatmaydi. Doimo hayotiy hodisalardan maʼlum xulosalar chiqaradi. Oʻquvchini nimagadir undaydi. Lekin bu faylasuf yoki nazariyotchi olimnikidan boshqacharoq boʻladi. Yozuvchi kitobxonning ongiga taʼsir qiladi. Biroq bu taʼsir kitobxonning qalbi orqali, tuygʻulari orqali roʻy beradi. Jahondagi jamiki klassiklar tuygʻularga boy asarlar yozishgan. Men ham his-tuygʻularga boy asarlarni sevaman, oʻz mashqlarimda ham shunday boʻlishini xohlayman.
- Ilk muhabbat… Nima desam ekan? Bu shunaqa bir narsaki, na ushlab, na eshitib, na koʻrib boʻladi. Xuddi atirgulning hidiga oʻxshaydi. Uni faqat his etasiz. His etasiz-da, mast odamdek boshingiz osmonga, oyogʻingiz yerga tegmay muallaq yuraverasiz. Menda gʻalati boʻlgan edi. Toʻqqizinchi sinfda oʻqib yurganimda bir qizchani yaxshi koʻrib qoldim. Kechalari uxlamay chiqaman. Aytadigan gaplarimni raqam bilan tartibga solib olaman. Oʻzini koʻrganimda esa arazlagan odamdek bir chaqirim nariga qochaman. Oxiri, titrab-qaqshab, qoʻliga xat tutqazdim. Ertasiga u… oʻxshatibgina burnini qiyshaytirdiyu burildi-ketdi. Oh, mening chekkan iztiroblarim… Hamon oʻsha dovdir muhabbatim ahyon-ahyonda tushimga kirib qoladi… Bu, albatta, biz tushungan ongli maʼnodagi muhabbat emas. Biroq nima boʻlganda ham muhabbat degan tuygʻu hamisha muqaddas. Aqalli bitta jihati uchun: qalbida muhabbati bor odam yovuz boʻlmaydi. Birovni oʻldirish, birovga yomonlik qilish qoʻlidan kelmaydi. Shuning uchun ham muhabbat degan soʻzni mehr degan soʻz bilan doim yonma-yon qoʻyishadi.
Muhabbatning ijodga taʼsiri masalasiga kelsak, menimcha, bu qudratli kuchning ahamiyati sanʼatkor uchun nihoyatda katta. Hozirgi zamon atom fizikasi fanida “uskoritel” – “tezlashtiruvchi” degan qurilma bor. Bu qurilma yadro reaksiyasini tezlashtirib beradi. Muhabbat ham qalamkash uchun, umuman, sanʼatkor uchun mana shunday vazifani oʻtaydi. Qalbida muhabbat olovi yongan shoir yoki yozuvchining ijodi birdaniga barq urib ketadi. Ayniqsa, erishilmagan muhabbat, hijronda qolgan sevgi haqida koʻp ajoyib asarlar yaratilgan. Rostini aytganda, erishilgan muhabbat har qancha quvonchli boʻlmasin, hijronli muhabbatning taʼsiri baribir kuchliroq…
- Eʼtiqodsizlikni. Hech kimga ishonmaydigan, hech nimaga eʼtiqod qilmaydigan odam har qanday yovuzlikdan qaytmaydi. Vijdonsizlikni. Odam hayotda xato qilishi, gunoh qilishi mumkin. Biroq qiliqni qilib qoʻyib, “Men vijdonim oldida pokman”, deb labini yalab turadigan odam vijdonsiz boʻladi. Bunaqa odam oʻzining razilligiga vijdonni “sherik” qilib oladi. Yaʼni, vijdonsizga aylanadi.
Nihoyat, tagʻin bir toifani – hasadgoʻylarni juda yomon koʻraman. Hasadgoʻyning psixikasi gʻalati: oʻzi bir narsani eplayolmaydi, el nazariga tushgan odamga gʻayirligi keladi. Falonchi boʻlmaganida mening ishim yurishib ketardi, deb oʻylaydi. Oʻzi bilmagan holda iztirob chekadi. Harom kurash usullarini oʻylaydi. Shuning oʻrniga xayrli ishlar qilsa-ku, oʻzi ham oʻsib-unadi… Baʼzan ijodkorlar orasida hasad ruju qilishga hech aqlim bovar etmaydi. Aytaylik, Xayriddin Sultonov, Erkin Aʼzamov, Murod Muhammad Doʻst singari ukalarim ertaga mendan yaxshiroq ijod qilsa, men nega ularni tirsagim bilan turtishim kerak? Axir, bu adabiyotga xiyonat qilish bilan teng-ku!
- Bu savolga kim “yoʻq” deb javob bersa, qurtdakkina qilib yana bir marta yolgʻon gapirgan boʻladi. Tabiiyki, hammamiz ham gunohkor bandalarmiz. Ammo bu – ijodda ham istagancha yolgʻon toʻqish mumkin, degani emas. Ijtimoiy hayotda, ijodda yolgʻon gapirish, yaʼni, oʻzi ishonmagan narsalarni oʻzgalarga tiqishtirish millionlab kitobxonni aldashdir. Albatta, bu – hayot nusxasini badiiy asarga koʻchirish, degan maʼnoni anglatmaydi. Har qanday chinakam badiiy kitobda umumlashmalar boʻladi. Biroq bu umumlashmalar hayot haqiqatining oʻzidan ham kengroq, hayotiyroq boʻlishi kerak. Bunga erishish esa, avvalo, isteʼdodga bogʻliq.
- Odamzod qiziq. Tashvish boʻlmasa uni oʻzi qidirib topadi… Keyingi paytlarda samimiyat kamayib ketyapti. Shunaqa shaxslar borki, samimiy odamni ahmoq deb hisoblaydi. Keyingi paytlarda sadoqat taqchil boʻlib qolyapti. Ehtimol, men adashayotgandirman. Koshki shundoq boʻlsa!
- Qalamkash boʻlganim uchun oʻz sohamizdagi odamlar haqida gapirgim keladi. Navoiy bilan Tolstoyni. Hech qachon oʻz eʼtiqodidan qaytmagani uchun. Inson bolasini pok va baxtiyor qiyofada koʻrishni istagani uchun. Chingiz Aytmatovni. Oʻz xalqini jahonga tanitgani uchun. Aytishlaricha, Finlyandiya prezidenti Urxo Kekkonen Moskvaga kelganida, undan “Nimani xohlaysiz?” deb soʻrashganida u: “Chingiz Aytmatov tugʻilib oʻsgan ovulni bir koʻrish orzusidaman”, deb javob bergan ekan. Navoiy nomli teatr binosida Osiyo va Afrika mamlakatlari yozuvchilarining katta anjumani boʻlayotganida zalning turli joyida oʻtirgan afrikaliklar, amerikaliklar qoʻli bilan imo qilib “Ana, Aytmatov, ana, Aytmatov”, deya hayajonlanib bir-birlariga koʻrsatishar edi. Bu baxt faqat yozuvchining oʻzigagina emas, xalqiga ham, umuman, mamlakatimizga ham taalluqli deb bilaman.
- Odam sifatida men kimni yaxshi koʻrishim, kimni yomon koʻrishimning unchalik ahamiyati yoʻq. Nima qipti, menga yoqmagan odam boshqa birovga binoyidek tuyulishi mumkin. Tirik odam aybsiz boʻlmaydi. Biroq men ham odam sifatida, ham qalamkash sifatida jinimdan yomon koʻradigan shaxslar bor. Mana shular haqida gapirishim mumkin. Bular oʻz vazifasini choʻtalsiz bajarsa, kechasi bilan tikanak ustiga agʻanagandek uxlayolmay chiqadigan poraxoʻrlar; yolgʻon-yashiq axborot beradigan, oʻzining amali bir pogʻona oshishi yoʻlida hech kimni ayamaydigan, xalqni ham, davlatni ham aldaydigan amalparastlar; kezi kelsa, otangdan ulugʻ odamga nasihat qiladigan, axloqiy kodeksdan leksiya oʻqiydigan, ammo oʻzi, qizi tengi xodimini yoʻldan urib, “ajina bazm” qiladigan ipirisqi shaxslar, oʻzi nari borsa sakkiz yil oʻqib, akademikdan badavlatroq yashaydigan va bu ham yetmagandek, diyonatli odamlar ustidan kuladigan yulgʻichlar – shunga oʻxshash illatlarni juda yomon koʻraman. Bular haqida qatʼiy va halol pozitsiyada turib jiddiy asarlar yozish kerak, deb hisoblayman.
Kunlardan birida bir tanqidchi doʻstim aytib qoldi: “Nur borki, soya bor” romaningizdagi koʻp gaplar erta-indin hal boʻladigan mayda masalalar, shu problemalar hal boʻlsa, asaringizning qiymati qolmaydi-ku”, dedi. Qaniydi, shunaqa masalalar tezroq hal boʻla qolsa-yu, asarim qimmatini yoʻqota qolsa. Rozi edim. Aslida, bular oʻsha tanqidchi doʻstim aytganidek, “mayda-chuyda” gaplar emas. Axir oʻsha nopok amaldorning, oʻsha poraxoʻrning, oʻsha yulgʻichning, oʻsha maʼnaviy puch shaxsning basharasiga tupursangiz, bir zarrasi oʻsha kimsa nooʻrin egallab oʻtirgan halol kursiga ham sachraydi-da. Bular yengil-yelpi masalalar emas. Yoʻq, aksincha, jamiyat taraqqiyotiga nihoyatda qattiq halal beradigan juda jiddiy masalalardir.
- Yoʻq, uchratgan emasman. Menga mukammal boʻlib tuyulgan odam boshqalarga nomukammal boʻlib koʻrinishi hech gap emas. Umuman, beayb Parvardigor, degan gap toʻgʻri. Shunday boʻlsa-da, bir narsani koʻp oʻylayman. Men bolaligimda oʻz otamni mukammal odam deb oʻylardim. Otam bir umr oddiy ishchi boʻlgan. Koʻpchilikka namuna boʻladigan, koʻpchilik qoyil qoladigan bironta qahramonlik koʻrsatgan emas. Ammo gʻalati odati bor edi. Nohaqlikni koʻrsa, lovullab yonib ketardi. “Yotib olib” olishardi. Mana shu qaysarlikni menga yuqtirgani uchun marhum otamdan doim minnatdorman.
- Oʻzimizning adiblardan Abdulla Qodiriy, Oybek, Gʻafur Gʻulom, Said Ahmadni, Erkin Vohidovni yoqtiraman. Ijodidagi samimiyat uchun, kuyib-yonib yozgani uchun. Rassomlardan Oʻrol Tansiqboyevni sevaman. Oʻlkamiz tabiatining salobatini, goʻzalligini juda katta masshtabda kuylagani uchun Aktyor Shukur Burhonovni yaxshi koʻraman. Gʻoyat ulkan tabiiy talanti borligi uchun. Raqs sanʼatining sirlarini uncha yaxshi tushunmasam-da, Mukarrama Turgʻunboyevani juda qadrlayman. Oʻzbek sanʼatini jahon miqyosiga olib chiqqani, shu tariqa koʻp millatli sovet sanʼatining rivojiga katta ulush qoʻshgani uchun.
- Haqiqatni, oʻzingiz yagona haqiqat deb hisoblagan narsani yozing. Ijodda yolgʻonchilik qilgan odam oʻzidan boshqa hech kimni alday olmaydi.
Oʻtkir HOSHIMOV
1980 yil
“Yarim asr daftari”dan
https://saviya.uz/hayot/suhbat/on-savolga-javob/