NURULLABOY SAROYI

NURULLABOY SAROYI — Xivadagi meʼmoriy yodgorlik. Asfandiyorxonning sobiq rasmiy qabulxonasi (20-a.). Bu saroy-bogʻni Xiva xoni Muhammad Rahimxon II Feruz oʻgʻli Asfandiyorxon uchun qurdirgan (Nurullaboy degan shaxsning bogʻi oʻrniga qurilgani uchun Nurullaboy saroyi deb ataladi). Nurullaboy saroyi 9 ta katta-kichik xonalar, darvozaxona, saroy, qabulxona, arzxona, Madrasa, xizmatchilar uchun turar joy, bogʻ, gulzorli hovlilardan iborat. Majmuaga (185,6×143,0 m) jan. dagi ariq ustiga qurilgan koʻprik orqali darvozadan kiriladi. Darvozaxonaning dalonida bir necha xonalar bor. Saroy toʻgʻri toʻrtburchak tarhli (87,1×65,0 m), 4 hovlili, qalʼaband devor (bal. — 7,5 m) bilan oʻralib, burjlar ishlangan. 3 hovlida 2 qavat-li, jan.-gʻarbiy hovlida 1 qavatli xonalar joylashgan. Bosh tarzi darvo-zasi Madrasa, turar joy va arzxona bilan oʻzaro bogʻlangan. Saroy shim. dagi 2 hovli ayvonlarning tomi ikkinchi qavat uchun oʻtish joyi vazifasini oʻtaydi. Katta hovli saroyning shim.gʻarbiy qismini egallagan. Hovlida quduq bor.

Qabulxona (27,5×32,1 m) saroyning shim.-sharqida, oʻziga xos yevro-pacha uslubda qurilgan. Bosh tarzi jan. ga qaratilgan. 1 qavatli, 7 xonasi bor. Old va orqa tomoni ayvonli.

Arzxona (82,0×71,0 m) saroyning sharqida joylashgan. Tarhi «G» shaklida, jan. qismi uch burchakli, shim. va gʻarbga qaratilgan ayvonlari mavjud.

Madrasa bosh tarzi sharqqa qaragan. Jan.-sharqiy burchagida 4 ustunli 2 qavatli masjid, shim.-gʻarbida ayvon, hovli atrofida darsxona va hujralar joylashgan. Tashqi devorlari va 4 burchagidagi guldastalar pishiq gʻisht va koshin bilan bezatilgan.

Bogʻ saroyga tushgan boʻlib, baland qalʼaband devor bilan oʻralgan, burjlar ishlangan. Bogʻning 3 tomonida eshik boʻlib, 2 eshik saroy b-n, sharqdagisi arzxona, qabulxona bilan bogʻlangan. Bogʻ oʻrtasida 8 qirrali hovuz bor.

Nurullaboy saroyining ganchkor devorlari oltin va kumush bilan hallangan, zalning «oltin shifti» nihoyatda kurkam, undagi murak-kab girix. naqshlar oʻziga xos, ichki va tashqi darvozalari, eshiklari, ayvon ustunlaridagi naqshlar Xorazm yogʻoch oʻymakorligining yuksak namunasidir. Qabulxonadagi baland eshiklar, katta rangdor oynalar, parket pollar va koshinkor pechlar yevropa meʼmorligi b-n uygʻunlashgan. Tashqi tomoni silliq gʻishtlar va feruza rang koshinlar bilan shaxmat taxtasi shaklida bezatilgan. Uni qurishda ganchkor ustalar Xudoybergan hoji, usta Nurmat, Roʻzimat Mashari-pov, yogʻoch oʻymakorligi va uni boʻyash us-talari Bobojon Qalandarov, Ota Shayx, Ismoil Abduniyozov, gʻisht teruvchi Qu-ryoz Bobojonov va b. qatnashgan.

Nurullaboy saroyi mujassamotida Xorazm milliy uy-joy qurilishining anʼanaviy xususiyati oʻz ifodasini topgan.

Ad.: Mankovskaya L ., Bulatova V., Pamyatniki zodchestva Xorezma, T., 1978.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x