Nurday sizib kirar qalbimga shodlik

Manzara

 

Tong quyoshi taratadi nur,

Shivirlaydi yaproqlar shodon.

Mayin sabo – koʻngilga huzur,

Shoshiladi ishga olomon…

 

… Bolasini yetaklab asta

Uydan kulib chiqadi juvon.

Quchogʻida katta guldasta,

Chehrasida baxt porlar chunon…

 

Hovlidagi gulzordan hadya,

Gul oʻpadi qirmiz yanogʻin.

Gulzor emas, ul yordan hadya –

Yonib turar doim nigohi.

 

Bola qoʻlin u mahkam tutar,

Munis ona – sarishta beka.

Ayol koʻngli toʻq boʻlsa, yetar,

Aslo hayot koʻrinmas bekam.

 

Suv sepilgan, koʻcha orasta…

Shoshiladi ishga olomon.

Bolasini yetaklab asta

Uydan kulib chiqadi juvon…

 

 

Birinchi parta

 

Sinfxonadagi birinchi parta,

Orzular kemasi edi u goʻyo.

Eslasam, qalbimda hayajon ortar,

Begʻubor ekan-da oʻsha dam dunyo.

 

Qarshimda oʻtirgan muallim kabi

Ravshan koʻrinardi kelajagim ham.

Sinf tor edi-yu, qalbim matlabi –

Muhabbatim kabi sarhadsiz olam.

 

Yonimda koʻzlari moviy dilrabo,

Ishqda koʻp ekan-da siru sinoat.

Tanaffus. Saboqlar oʻzgarar, ammo

Men uchun muhabbat darsi har soat.

 

Kitobimni uyda qoldirib atay,

Uning kitobiga termulaman jim.

Soʻng izn beradi, bir zum ham oʻtmay,

Qirmizi yuzida yonar tabassum.

 

Yana chulgʻanadi olam ranglarga,

Maktab quchogʻida lahzalar totli.

Har kun tahsin aytib oppoq tonglarga,

Nurday sizib kirar qalbimga shodlik.

 

Sinfxonadagi birinchi parta –

Muhabbat koʻshki bu, ishqim qoʻrgʻoni.

Yodga olaman-u, koʻzimda qatra

Yosh paydo boʻladi, oʻrtanar jonim…

 

O sen, yuragimning qaysi qatida

Yashaysan muhabbat qoʻshigʻi boʻlib.

Meni dunyolarga koʻrmaysan ravo,

Meni dunyolardan olasan uzib.

 

Sinfxonadagi birinchi parta…

 

 

Chillak

 

Chillak otdim,

Devoringdan oshib ketdi.

Hayajondan terga botdim,

Shoshib ketdim.

 

Boray desam,

Boʻysunmaydi oyogʻim-a,

Uyaltirib qoʻydi

Chillak tayogʻim-a.

 

Devoringdan moʻralayman,

Jonim halak.

Koʻrinasan

Gul hovlida, xushroʻy malak.

 

Kapalakdek raqs tushasan

Kuylab qoʻshiq.

Har satrida

Men dallining ismin qoʻshib.

 

Soddaman-a, savlati bor,

Surʼati yoʻq.

Fahmi kalta, bir choʻpchalik

Jurʼati yoʻq.

 

Chillak sabab, bildim,

Koʻngling mendaligin.

Isming yozib toʻldiraman

Kundaligim…

 

 

Daryo dunyo

 

Daryo ichidaman, koʻksimda mavji,

Tovonim qitiqlar qum zarralari.

Sochimga ilinar tomchilar sapchib,

Maysalarga qoʻngan shabnam singari.

 

Dunyo ichidaman, koʻksimda olov,

Yonib yashayapman – quyoshga taqlid.

O, mening yuragim sevishga qodir,

Ey, mening yuragim sevishga haqli…

 

 

Qalamtarosh

 

Qoshni qaro qilgan qalamga rahmat,

Tunning boʻyogʻidan zeb berar qoshga.

Toʻqmoqni ignaday yoʻngan vallomat,

Nahot, hech vaqo yoʻq qalamtaroshga?!

 

Men-ku, unutmayman aytmoqni tahsin,

Toʻxtamaguncha to koʻksimda dukur:

Oʻzimni anglatgan ozorlar uchun

Yaratgan Egamga ming bora shukur!

 

 

Suratkash

 

Kapalak gʻunchaga qoʻnadi nafis,

Muhabbat vasfini etar ifoda.

Suratkash gulzorda choʻkkalaydi tiz,

Ilhom baxsh etadi soʻngsiz iroda.

 

Tongga qadaladi uning nigohi,

Soʻng quyosh taftidan harorat olar.

Bunchalar rang-barang olam boʻyogʻi,

Bir butun hayotga tatir lahzalar.

 

Aslida tabiat ulkan musavvir,

Beizn tushmagay manglayga chiziq.

Yillar chehramizga solgan bu tasvir –

Hayot daraxtining shonli ildizi.

 

Baʼzan unutamiz shukurni beiz,

Tavbalar qilmaymiz gunohimizga.

Gʻaflat uyqusini muhrlaymiz biz

Mudrab borayotgan nigohimizga.

 

“Yoshlik” jurnalining 2016 yil 5-sonida chop etilgan.

https://saviya.uz/ijod/nazm/nurday-sizib-kirar-qalbimga-shodlik/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x