Madayev deganlari shu

– Borsam taniysiz, domla, bizga dars oʻtgansiz…

Ishxonada telefon goʻshagini joyiga ilib ulgurmay, miyamga yilt etib urilgan oʻydan, rosti, oʻngʻaysizlandim. Borsam taniysiz emish. Nimamga ishonib. Minglab oʻquvchiga dars oʻtgan, minglab-a! Men-chi, men… kimman – oʻsha minglardan biri, xolos. Qisqasi, 46-avtobusning orqa oʻrindigʻida oynaga bosh suyab, Koʻkchadan oʻtib Gulzorga, aniqrogʻi, Degrezga – ustoz bilan suhbat qurgani borayapman. Xayolimda domla meni koʻrishi bilan “Akmal!” deb koʻzlari chaqnab ketadigandek. Quvonchdan terimga sigʻmay goho kulib qoʻyaman. Kulaman-u, yoʻlovchilardan xijolat tortib, qosh-qovogʻimni zumda yigʻib olaman. Ammo bu “niqob”ni toʻrt-besh, nari borsa oʻn soniya “taqib” oʻtirishim mumkin. Soʻng yana jilmayib, bosh chayqab-bosh chayqab orziqaman…

…Bundan toʻqqiz yil oldin. Oʻzbekiston Milliy universitetida oʻqigan paytlarimda jurnalistika fakulteti hozirgidek oʻtroq emasdi. Birinchi kurslar fizika fakulteti binosida dars oʻtardik. 215-auditoriya zinasidan vazmin odimlab tushayotgan bu kishim magʻrurmi-yey, salobati bosdimi, xullas, nimasidir bor, gʻala-gʻovur toʻxtadi-turdi.

– Omonulla Madayev deganlari shu! – oʻrtogʻim domladan koʻz uzmay, yelkasi yelkamga yaqin, shipshitib qoʻydi: – “Alpomish”ni suvday ichirarkan.

– Kim shunday dedi?

– Katta kursdagilar.

Madayev deganlari chindan shu boʻlsa, yodimda, salom-alikdan soʻng jurnalni ocha solib: “Birma-bir oʻqiyman, hamma oʻz raqamini eslab qolsin. Xotiradan noliydiganlar daftarining koʻrinadigan joyiga yozib qoʻysin. Takrorlab oʻtirmayman”, – dedi.

– Abduvaliyev Farhod?

– Men.

– Bir.

– Abdullayeva Mohigul?

– Men.

– Ikki…

– Jumamurodov Akmal?

Oʻshanda bu holga – domla bizni raqamlayotganiga gʻashim kelib, ism-familiyamni oʻqiganida indamay oʻtiraverdim.

– Jumamurodov kim?

Doʻstim biqinimga azbaroyi qattiq turtganidan “Men!” deb yubordim.

– Yigirma olti…

– Nimaga turtasan?!

– Sal qolsa “yoʻq” qip qoʻyardi-ku!

Domla aytgan oʻsha, xotiradan noliydiganlardan biri – oʻzim.

26! Raqamni daftarning ichki muqovasiga qip-qizil qilib boʻyab yozdim-da, yetmagandek doiraga olib qoʻydim. Ustozning oʻshanda nima uchun bunday yoʻl tutgani haqida uzoq oʻylab yurdim. Oʻzimcha asos topdim: guruhda bir yuz oʻn oltita edik. Agar ismimiz hijjalab oʻqilsa va “men-men”imiz ham qoʻshib chamalansa, darsning 10-15 daqiqasi, shubhasiz, yoʻqlamaga ketadi. Mana, maqsad nima – vaqtdan yutish!

Domla bir gal darsda: “Gʻazalning shakli ayol, matni erkak”, deb qoldi. Joʻyali fikr aytganga oʻn ball qoʻyarmish. Shu, joʻyali fikr masalasi yaxshi-yu, talabgorlar oz emas-da. Oʻn ball uchun terlab-pishib ohanjama qilgani qancha?! Eshilib-toʻlgʻanib yoddan gʻazal oʻqigani qancha?! Oʻsha qanchalardan a-a-ancha keyin jurʼat yutib, qoʻl koʻtarganimni eslayman.

– Gapir!

– Ayol… gʻazalning matlaʼdan maqtaʼgacha boʻlgan shakliy strukturasi.

– Yaʼni?

– Qofiyasi, radifi, bahri, rukni…

– Yaxshi-i-i, davom et.

– Erkak esa tabiatan dangalchi, choʻrtkesar boʻladi. Gʻazalda mazmun jihatdan shunday oʻtkirlik talab qilinadi, deyilmoqchi.

– Xulosa qil.

Tushunmay qoldim, yana qanday xulosalash?!

– E-e, senam boʻlmading. Oʻtir…

Domla oʻshanda hech kimga oʻn qoʻygani yoʻq, ammo bir-ikkita ism-familiya toʻgʻrisiga qalamda qandaydir belgi tashladi. Plyus boʻlsa kerak. Haytovur, ular orasida men ham bor edim.

– Sizda nima, oka? – doʻrildoq ovozdan oʻylarim tumandek tarqab ketdi. Koʻrsamki, roʻparamda lanj, behafsala chiptachi yigit turardi. Shoshganda labbay topilmas. Qaniydi, chiqa qolsa shu… yoʻlchipta degani. Xayriyat, oʻzimda ekan. Attang, rassom emasman-da! Yigitning avzoyini koʻrsangiz edi: xuddiki, men uning jigarini soʻrab olayotgandek oʻqrayib, ichida toʻngʻillab, oʻrta eshik tomon qoʻzgʻaldi. Bu payt endi Koʻkchadan oʻtayotuvdik. Oynaga bosh suyab, yana toʻqqiz yil oldinga, oʻsha qadrdon auditoriyaga qaytdim. Domla “Alpomish”dan imtihon olmoqda edi. Atigi oltita savol. Oʻn ikki ball! Har savolga ikki balldan.

– Oʻttizgacha raqamlilar xonada qolsin… Boshqalar tashqarida kutsin. Aytaman, kirasizlar.

Shunda kursdoshim Malika (u ham biz bilan birinchi oʻttiztalik ichida edi): “Yaxshi tayyorlanmaganman, past baho olib qoʻymay, yordam ber”, dedi. Daftarim orasidan ikki varaq yulib oldim. Malika mendan oldinroqda – ruchka-qogʻoz tutib, oʻzini yozganga solib oʻtiribdi. Domla savolni oʻqiydi, bir daqiqa vaqt beradi. Ana shu daqiqada javobni kirill alifbosida (oʻzim uchun!), lotinda (unga!) qoralab ulgurishim kerak. Tagʻinam ikki shaklda: birini qiyaroq, unikini esa xatiga yaqin – tikka yozish kerak. Muhimi, domla sezmasin.

Keyingi darsda baholarni oʻqib eshittirgach:

– Kimda savol bor? – dedi ustoz.

– Menda! Balimni aytmadingiz.

– Nechinchi raqam?

– Yigirma olti.

– Xoʻ-oʻ-oʻsh, yigirma olti… Jumamurodov, olti ball!

Kayfiyatim buzilib, joyimga qayta oʻtirayotsam:

– Oʻtirma, tur! Malika kim, u ham tursin! – deb qoldi.

Ustimdan muzdek suv quygandek etim junjikib ketdi. Oʻyladimki, hozir butun kurs oldida ikkimizniyam sharmanda qiladi.

– Bahoying aslida oʻn ikki, ammo koʻchirtirgansan, shuning uchun olti. Tan ol, koʻchirtirganmisan? – dedi ustoz jahl aralash xitob bilan.

Domlaning chimirilgan quyuq qoshlari nuqul iqrorga undardi. Tan olsam, xato boʻlmaydimi?! Malika-chi, gina qilmaydimi? Bu yogʻi kursdoshlar… E-ey, olti boʻlsa olti-da. Qiziq, qanday sezdiykin? Axir, oʻzimga kirillchada (atayin qiyalatib!) yozgandim.

– Unda sen ayt, koʻchirganmisan? – mendan sado chiqmagach, domla Malikaga yuzlandi. U ham oʻylamay-netmay:

– Koʻchirganman, – dedi.

Men ahmoq, uni himoya qilayotganim qayerda qoldi! Balki ishonmassiz, shundan soʻng domlaning yuziga kulgi yugurib, aslo sir boy bermasdan, maʼruzaga koʻchdi. Dars tugagach, ikkimizni yoniga chaqirib, Malikaga qarab:

– Mardsan, mard! – dedi va koʻz oʻngimizda mening olti ballimni oʻn ikkiga tiklab qoʻydi…

46-avtobus bekatda toʻxtadi. Men tushib qoldim. Domlaning uyini bir soʻrashimda koʻrsatib yuborishdi. Mana, eshik qoʻngʻirogʻini chalyapman. Ishqilib, tanisin-da.

– Assalomu alaykum, ustoz!

– Salom. “Yosh kuch”dan, shundaymi? – domla shevamdan ilgʻamadi.

Demak, tanimadi. Oʻsha aytgan gapim gap – minglardan biri… Hovli oʻngidan xonaga kirdik. Xontaxta atrofiga solingan koʻrpachaga chordana qurdik. Lom-mim demayman, hech nimani eslatmayman, yodlariga solmayman, urinmayman ham. Joʻngina savolim bor, javob olaman-u, qaytaman.

– Soz chalishni bilasiz-a, ustoz?

Domla avval ajabsindi, soʻng miyigʻida kulib oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Xonadan chiqdi-yu, zum oʻtmay qoʻlida dutori bilan koʻrindi.

– Anvar Hojiahmedovni eshitgansan-a, professor, togʻam, – ustoz suhbatga koʻcharkan, dutorini qoʻlidan qoʻymay, xontaxta boshiga oʻrnashib soʻzida davom etdi: – Ular oltmish besh yil avval: “Ertaga tuzukroq kiyinib ol, bir joyga oboraman”, deganlarida uchinchi sinfda oʻqirdim. Oʻsha kech shimimni koʻrpam tagiga qoʻyib, “dazmollash”ga yotdim. Togʻam aytgan “bir joy”ga borishni oʻylab uxlolmadim hisob. U paytlari brezent tufli urfda edi. Usti oq, tagi charmdan. Agar tish poroshogini suvda ivitib, boʻyasang, qurigach, tufli oppoq boʻlardi. Uni ham boʻyab tayyorlab qoʻydim. Xullas, yangiday oyoq kiyim, yangiday boʻlmasa ham qoʻlbola dazmollangan shimda “start”da turibman.

…Tramvay keldi. Chorsudan chiqib, Beshyogʻochda tushdik. Oʻzimda yoʻq xursandligimni koʻrsang. Kinoga tushamiz, deb oʻylaganman. “Navoiy” kinoteatri shu tomonda edi-da. Yoʻq, pedagogika texnikumi (hozirgi Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti)dan oʻtib, eski darvozadan ichkari hatladik. Narida rassomlar texnikumi, beriroqda esa Glier musiqa maktabi joylashgandi. Bir oʻris xotin kelib, togʻam va men bilan soʻrasha ketdi. Ruschani bilmaymanmi, biyron-biyron gapirdim. Oʻris xotin bir xumcha tilla topgandek yuzlari yorishdi. Keyin u eshitish qobiliyatimni sinadi. Qoʻlida qalam bilan partani toʻq-toʻq urib ohangga soldi. Xuddi oʻzidek takrorladim va maktabga qabul qilindim: oʻyladimki, 1-sinfga. Yoʻq, 5-sinfga ekan. Oʻsha paytda bolalarni musiqaga qiziqtirish uchun beshinchi sinfdan stipendiya berilar edi: 150 soʻm. Bu uncha katta pul emasdi. Bozorda taxminan uch kilo qoʻy goʻshti shuncha turardi.

– Xullas, sizni qabul qilishdi.

– Ha! Abdusamad Ilyosovdan gʻijjak darsini oʻtay boshladim. U boʻshab ketganidan keyin Serdyukov degan kishi…

– Ismi?

– Yodimda yoʻq. Shu kishi gʻijjakdan dars oʻtdi. Bilasanmi, Akmal, musiqa maktabida oʻzbek musiqalari oʻrgatilmasdi. Gaydn, Glinka, Chaykovskiy…ni gʻijjakda chalardik. Uch yil oʻqidim.

Yomon shoʻx edim-da oʻziyam. Bir gal sinfimiz oynasini sindirganman. Bilmasdan emas, atay. Baribir jazolashadi deb, kutubxonadan olgan barcha notalarni qaytarib berdim-da, oʻzim oʻqiydigan 82-maktabga qaytdim.

– Beshyogʻochga-chi, qaytib bormadingizmi?

– Yoʻq, bormadim. Chunki maktabimizdagi musiqa toʻgaragi ham undan qolishmasdi. Toʻgarak rahbari Sharif Solayev men haqimda eshitib, yoniga chaqirdi. Bir muddat gʻijjak chalib yurdim. Shunda otam: “Oʻgʻlim, gʻijjak yaxshi-yu, shu… rubob oʻrgangin, men rubobni yaxshi koʻraman”, dedilar va 500 soʻmga rubob sotib olib berdilar. Pardalari kichkina – bolalarga moʻljallangan edi. Ulgʻayganim sayin, bu rubob qoʻlimga kelishmay qoldi. Otam: “Senga boshqasini olib beraman”, dedilar. Sharif akadan soʻrasam, 59-maktabning yonida cholgʻu yasaydigan mashhur ustani aytdilar. Bordik. Usta Usmondan oʻyma rubob oldik – 800 soʻmga.

– Bayramlarda ham soz chalganmisiz?

– Bilsang, maktabimizdagi ommaviy yigʻinlar mening vaqtimga qarab oʻtkazilardi. Chunki maktabda mendan boshqa rubobchi yoʻq edi. Oʻzimga yarasha taniqli boʻlib qolgandim. Bilagimdagi mana bu chandiqni koʻryapsanmi? Oʻsha paytlari Raj Kapurning “Daydi”, “Janob 420” filmlariga yaqin ellik marta tushganmiz. Ishonaver, biletga navbat kutishlarning asorati bu. Musiqaga shunchalar qiziqishardiki, yodimdan chiqmaydi, maktabimizning katta zali tomoshabin bilan toʻla. Tasavvur qil. Atayin musiqa eshitishga kelishgan. “Daydi”, “Janob 420” kuylarining hammasini boshdan-oyoq chalganman. Bir yarim soat! Sen buni baribir tasavvur qilolmaysan. Dahsha-a-at!

Maktabni ellik sakkizinchi yil bitirdim. Sharqshunoslikning hind tillari boʻlimiga hujjat topshirdim, ammo oʻqishga kirolmadim. Boʻsh ham yurolmasdim. Shunda 1-maktab-internat direktori Gʻaffor aka Rashidov: “Omonulla menga bir uchrashsin”, deb odam yuboribdilar. Uchrashdim. Dars beradigan boʻldim. Oʻn olti yasharligimda maktab-internatda musiqa toʻgaragini yurgizdim. Oʻsha kezlari pionerlar saroyi musiqa toʻgaragi boshligʻi Gʻulom Qoʻchqorov men bilan birga ishlagin, deb qoldilar. Maktab nima boʻladi desam, ishlayverasan dedilar. Gʻulom akaga yordamchi boʻlib oʻtdim. U yerda rubobni professional oʻrganishga kirishdim.

…Bu orada maktabni bitirganlar ikki yillik stajga ega boʻlmasa, universitetning kunduzgi boʻlimiga oʻqishga qabul qilinmasligi haqida buyruq chiqdi. Kunduzgiga topshirolmadim. Rus jurnalistikasi kechki boʻlimida oʻqishga qaror qildim.

– Va siz boshqa sohaga yoʻnaldingiz…

– Yoʻq, butkul emas. Oʻqishga kirganimdan keyin bir safar qandaydir munosabat bilan fakultetda konsert uyushtirishdi. Nimayam boʻlib, tadbir orasida: “Shuyam rubob chalishmi”, deb yubordim. Gapim zalda oʻtirgan kattalardan birining qulogʻiga yoqmadimi: “Rubob chalish qanaqa boʻlishini oʻzlari koʻrsatsinlar”, deb piching qildi. Shuyam rubobmi? Toʻgʻrisini aytdim. Chunki ruboblar ikki xil boʻladi: qovurgʻa va oʻyma. “Qovurgʻa” asosan toʻgaraklarda qoʻl keladi. Narxi arzon boʻladi. “Oʻyma”dan esa professionallar foydalanadi. “Qovurgʻa” boʻlsayam rubobni chaldim-ku endi, butun zal ogʻzi ochilib qoldi. Keyin bilsam, musiqa toʻgarak rahbarining oʻzi doirachi ekan, rubob chalishni hatto menchalik bilmas ekan. Shu boʻlib, toʻgarakka keling, deyishdi.

Dadaxon Hasanov toʻgarakka qoʻshildi. Begali Qosimov rubob oʻrgandi. Konsertlar bera boshladik. Ansambl endi ansamblga oʻxshadi. Bundan televideniyedagilar xabar topib, taklif qilishdi. Har payshanba 18:00da televizion konsert! Oʻh-oʻh, u paytlarda televizorga chiqish… Nasiba Qambarova dutor chaladi, men rubob, yana nay, gʻijjak, changchilar bor.

Taqdir taqozosi bilan oʻzbek filologiyasiga oʻtdim, kunduzgi boʻlimga. Ansamblni tark etmadim. Yana besh yil rahbarlik qildim. Oʻsha-oʻsha, hayot meni ikki sohaga yoʻnaltirdi: adabiyot va sanʼat. Ora-sirada toʻylarga ham yurganmiz. Bu yogʻi studentchilik. Ishonsang, poytaxtda men rubob chalmagan sahnaning oʻzi qolmagan. Buning barchasi togʻam Anvar Hojiahmedovning “ertaga tuzukroq kiyinib ol”idan boshlangan gaplar. “Glier”da professional musiqa darajasida oʻqiganmiz. Notani mukammal bilardik. Bu sen oʻylayotgan narsa emas. Bilsang, musiqadan diktant yozardik. Diktant-a, diktant! Oʻqituvchimiz pianinoda kuy chaladi, biz esa kuyni eshita turib notalarni qogʻozga tushiramiz. Bu umuman goʻzal holat. Qara, oʻzing ham angrayib qolding.

– Diktant deganingizga… ona tili, adabiyot yodga keldi-da, ustoz.

– Oʻlma, keyinchalik musiqa adabiyot oʻqituvchisi boʻlishimda ham yordam bergan. Agar oʻqituvchi, ayniqsa, adabiyot muallimi dutor yo rubob chalishni bilsa, undan zoʻri boʻlmaydi. Sababi bor. Diqqat qil, sinfda sozni shunday olaman-da…

Domla dutorni oʻziga oʻnglab turib, “Qaro koʻzum”ni boshlab qoldi, “…mardum kibi vatan qilgʻil”dan keyin taqqa toʻxtab:

– Ovoz muhim emas, – dedi. – Har holda, sinfda muhim emas. Oʻquvchi dutorning oʻziga “qotib qoladi”. Ana undan soʻng “…mubtalo boʻldim sango”ni aytsang, tamom – dars seniki! Senga aytsam, bunday uslub, pedtexnologiyani Subutoy Dolimovdan oʻrgandim. Domlamizning Uspenskiyni yigʻlatganini eshitganmisan?

– Axir… qanday qilib?

– “Nasrulloyi”ni chalib. Mana senga yana bir fakt. “Nasrulloyi” – musiqada oʻlchov. Uni chalib bilmagan sozanda sozanda emas. Uni kuylolmagan xonanda ham shunday. Axir, “Nasrulloyi” oʻn ikki daqiqa ijro etiladi. Aytmoqchimanki, zoʻr adabiyot oʻqituvchisi boʻlishimda (harqalay, oʻzimni “zoʻr” deb bilaman!) Subutoy domlaning, sanʼatning oʻrni beqiyos. Musiqaning ahamiyati, deylik, oltmish foizni tashkil etadi.

– Demak, adabiyot oʻqituvchisi…

– Buncha shoshding, nima demoqchi ekaningni tushundim. Kutsang, gapni oʻsha yoqqa oboryapman. Zinhor sen oʻylayotgan narsa emas. Musiqaning roli oltmish foiz deganim bilan adabiyotning qiymati tushib qolmaydi. Maktabda hamisha yangi metodlarni qoʻllashning tarafdori boʻlib kelganman. Mana qara, oʻquvchi “Ruboiy nima?” deb savol bersa, oʻqituvchi qanday javob beradi?

– Toʻrtlik deb…

– Toʻgʻri. Endi qara, oʻqituvchi “ruboiy” arab tilidagi “arbaʼun”dan olingan boʻlib, toʻrt misradan iborat, tugal maʼno ifodalovchi; birinchi, ikkinchi va toʻrtinchi misralari yoki toʻrtala misrasi ham qofiyadosh falsafiy ruhdagi sheʼr desa va shu onning oʻzida biror namuna oʻqib bersa… mana bu – chinakam adabiyot muallimining javobi boʻladi.

– Qaysi maktablarda ishlagansiz, ustoz?

– Qaysi maktablarda ishlamagansiz desang, javob berishim osonroq, – hazil qildi domla. – Toshkentdagi 82, 169, 40, 106, 36, 1-maktablarda dars berganim esimda. Zangiota tumanida 4-maktab bor. Mirzo Ulugʻbek nomidagi, qozoq va oʻzbek maktabi. Oʻsha joyga taklif qilishganida bir shart bilan boraman, dedim. Bilsang, bir sinfda adabiyotdan haftada toʻrt soat dars beriladi. Qoida boʻyicha kuniga ikki soatdan ortigʻi mumkin emas. Shuning uchun hamma maktab adabiyot darsini ikki kunga (asosan chorshanba va jumaga) taqsimlaydi. Shartim shu: toʻrt soat adabiyot va bir soat ona tili darsini – haftada bir kun oʻtaman. Maktabgacha 13 kilometr. Agar uch kunlab qatnagudek boʻlsam, “Bergan pulingiz benzinimgayam yetmaydi”, dedim.

– Shu tariqa ancha-muncha benzin tejab qoldingiz…

– Aslida-ku, gap benzinda emas. Oʻsha maktabda ikki yil dars berdim. Agar guruhga biror nimani eʼlon qilishmoqchi boʻlishsa, payshanba kunini moʻljallashardi. Sinfda 23 bolaning hammasi faqat oʻsha kuni toʻliq oʻtirishardi. Endi tanaffusga chiqmasdan besh soat dars oʻtishni oʻylab koʻrgin-da. Men buni tanaffussiz dars demayman. Chunki har oyda kamida bir marta rubobni oʻzim bilan olib borardim. Nima qilaman de: “Hozir biz sizlar bilan safarga otlanamiz, – deyman. – Qoʻllarni partaga qoʻying. Koʻzlarni yumib, dam oling. Boʻstonliqqa yoʻl olamiz. Mana, avtobus keldi. Dilbar chiqdi, Umid, Sodiq…. hammamiz yoʻldamiz. Hu-uv uzoqdan qoyalar koʻrinayapti. Mana, togʻ etagidamiz, tepaga koʻtarilayapmiz. Atrof choʻgʻday lolazor. Butalar chayqalayapti. Mayin kuy taralmoqda…”. Darsning shu joyida rubob chalib beraman, sheʼrlar oʻqiyman va yana avtobusda maktabga qaytamiz. Xoh ishon, xoh ishonma, yigirma uch boladan toʻqqiz-oʻntasi mutlaq uxlab qolardi. Mana senga katta tanaffus.

– Kuni boʻyi besh soat dars oʻtish, bolalarni zeriktirmasdan ushlab turish baribir qiyin…

– Qiyin emas, ogʻir. Dars oʻrtasida koʻchaga chiqqing kelsa, ishing boʻlsa, mendan soʻrab oʻtirma, kirayotganingda ham, ustoz, mumkinmi, dema. Indamasdan chiq va darsga xalaqit bermasdan kir. Bola indamasdan chiqib ketardi-da, hansirab qaytib kelardi. Nima uchun? Chunki u darsdan qolib ketmaslikka urinardi. Eshikni ochiboq: “Kirsam maylimi”, derdi. Oʻzimgayam qiziq, ming aytmay, oʻquvchilarim biror marotaba ruxsat soʻramasdan kirmagan.

Maktabda bir yil ishlagach, keyingi yili direktor meni yoniga chaqirib: “Yigirma uch bolangizdan yettitasi ketdi”, dedi. Biri kolxozda ishlagani, biri texnikumga kirgan va hokazo. Xullas, endi sinfimda oʻn olti bola oʻqir ekan. Tasavvur qilasanmi, payshanba kuni sinfga kirsam, yigirma uchta oʻquvchining hammasi oʻtiribdi. Oʻqish boshlanishiga hurmat qilib kelishgandir desam, yil boʻyi hamma darsimda toʻliq qatnashishdi.

– Soz sehri shudir-da.

– Nimasini aytasan. Davradagi ulfating rubobmi, dutormi chalolsa, gap-gashtak qizigandan qiziydi. Yetmishinchi yil Xivaga borganimda, Bola baxshi bizni yaxshi kutib olmadi. Rahbariyatdan kelgan mehmonlarni baxshi xush koʻrmas ekan. Na bir ochilib gaplashadi, na savollarimga javob beradi. Topib olgani faqat “xoʻsh asa, xoʻsh asa”, “alashtirmiysiz”. Ishonasanmi, tushdan shomgacha poylab oʻtirganman. Bola baxshi axiyri oʻgʻlini chaqirib: “Norbek, ogʻang rubob eshitjak oʻxshiydi, bir narsalar cholib bar”, dedi. Shunda oʻgʻli rubobni uzoq vaqt sozlolmadi. Menga ber rubobni, dedim. “Munojot”ni boshlab yubordim-ku. Avjini olganimda baxshi “pax” deb choponini yelkadan otib urdi. Oʻrnidan turdi-da, chiqdi-ketdi. Oradan oʻn minutcha oʻtib, qaytib keldi. Koʻrsang, boya besh soatdan beri “xoʻsh asa”, “alashtirmiysiz” deb oʻtirgan odamdan asar ham yoʻq. Butunlay boshqa. Gapirib yotir, “Oshiq Gʻarib…”dan aytib yotir. Men ham qoʻlim qoʻlimga tegmay yozib yotirman. Mana bu endi soz sehri boʻladi.

– Baxshi bilan gurungingiz shu kuni qiyildi, tamommi?

– Yoʻq. Oʻsha yili Urganchda, Toshkentda Xorazm dostonchiligiga bagʻishlangan jonli koʻrsatuvimda shogirdlari bilan ishtirok etdilar. Toʻylarimga kelib doston aytib berdilar. Bir marta kelganlarida birinchi rubobimni Yetmishvoy oʻgʻliga soʻradilar.

– Pardalari kichkina, bolalarga moʻljallangan…

Oʻzimcha, domlaga xotiradan hech bir nolishim yoʻqligini isbotlashga urinar chogʻim “Ana oʻsha rubobni Yetmishvoyga berganman”, deganida aʼzoyi badanim jimirlab ketdi. “Senga hali Bochellidan chalib bermadim-ku”, deb “Besame mucho”ni dutorda chalganida yuragim jizillab ketdi. Yigʻi keldi. Oxiri oʻrnimdan qoʻzgʻaldim. Suhbatga qoʻshimcha yana nimadir zarur boʻlgan taqdirda, domlaning telefon raqami bor, 46-avtobus yurib turibdi, uylarini bilaman…

Eshikka tomon yurdim. Tutqichga qoʻl solgan edim hamki:

– Toʻxta, – dedi ustoz. – Men seni endi tanidim!

Ortga oʻgirildim. Doʻppichan, dutori qoʻlida, piyoladagi choyidan hoʻplab, tirsagini xontaxta burchiga suyagancha qad rostlab, talabasini (aynan talabasini, muxbirni emas!) kuzatib qoʻyishga chogʻlangan domlani negadir birinchi safardagidek bir zum fizika fakulteti binosida, 215-auditoriyaning yuqori zinasida tasavvur qildim. Xayolimda esa oʻrtogʻim domladan koʻz uzmay, yelkasi yelkamga yaqin, shipshitib qoʻyayotgandek sezdim oʻzimni:

“Omonulla Madayev deganlari shu!”.

 

Akmal Murod

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/madayev-deganlari-shu/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x