Noyob tamoyillar, yangicha kuzatishlar

  1. Kimdir adabiyotimiz yuksalish pallasida desa, kimdir buning aksini tasdiqlaydi. Sizningcha, qay biri haq va nega?

  2. Hozirgi adabiy jarayondagi qaysi muammo sizni eng koʻp tashvishga soladi. Ushbu muammoni bartaraf etishning qanday samarali yoʻlini koʻrsata olasiz?

  3. Keyingi paytda zamondosh adiblarimizdan kimlarning kitoblarini oʻqidingiz? Qaysi asar sizga maʼqul keldi-yu, qaysi asardan koʻnglingiz toʻlmadi? Buning sabablari nimada?

 

Mazkur anketa yordamida bugungi adabiy jarayonning yutuq va kamchiliklari haqida bir qur fikrlashib olsak, foydadan xoli boʻlmas. Axir, aytadilar-ku, “Kengashli toʻy – tarqamas”, deb. Shunday ezgu niyat ila anketamiz savollariga navbatdagi javobni eʼtiboringizga havola etayotirmiz.

 

  1. Ardoqli gazetamiz tahririyati qoʻygan savollar bir qarashda oddiy, tushunarli, ayni paytda jiddiy oʻylab koʻrilgudek – oʻta murakkab hamda ziddiyatli. Ilk savolda aytilganidek, kimdir adabiyotimiz yuksalish pallasida desa, kimdir uning aksini tasdiqlaydi. “Sizningcha, qay biri haq va nega?” deya dovdiratib qoʻyadi. Darhaqiqat, hozirgi adabiy jarayonga sinchiklab nazar tashlansa, bir tomondan, u yuksalish pallasida, buning tasdigʻi uchun istalgancha dalillar keltirish mumkin. Ikkinchi tomondan, boshqa bir kitobxon, boringki, munaqqid nazdida, u inqiroz jarayonini boshdan kechirayotgandek. Oʻta talabchan kitobxon, qolaversa, munaqqidlarimiz oʻtgan asrda yaratilgan dovrugʻli asarlarni birma-bir roʻkach qilib, qani ularga tenglasha oladigan sheʼr, hikoya, qissa, romanlar, deya tilingizni tiyib qoʻymoqchi boʻladi. Dalil sifatida Qodiriy romanlari, Choʻlpon, Fitrat, Hamza, oʻ.oʻulom, Oybek, A.Qahhor, Said Ahmad, O.Yoqubov, P.Qodirov nasri, dramalarini, E.Vohidov, A.Oripov sheʼriyatini yodga soladi. Bularga chidash mumkin, ammo bu oʻjar muxolif-munaqqid kitobxonning mana bu daʼvosi oldida til tishlab qolasiz: ular aytganidek, mamlakat aholisi 15-20 milliondan iborat boʻlgan oʻsha kezlari adabiy gazeta, jurnallar, chop etilgan kitoblar adadi hozirgidan 50-100 barobar ortiq edi. Oʻtgan asr oxirida “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi adadi salkam million nusxaga yetgani koʻpchilikka ayon. Hozirda 32 millionli xalqning loaqal oʻttizdan biri ham adabiy kitob, gazeta, jurnal oʻqimay qoʻygan boʻlsa, bu ajab hol-ku! Kishini taajjubga soladigan mana bu holga nima deysiz: yaqinda XX asr oʻzbek adabiyoti dargʻasi Abdulla Qodiriyning besh jildli hozircha eng mukammal asarlari majmuasi chop etildi. Majmuadan adib hayoti, ijodiga oid muhim maqolalar ham oʻrin olgan. Har bir jildning adadi bor-yoʻgʻi 1000 nusxadan deb belgilangan. Buni koʻrib yoqa ushlaysan kishi…

Kamina adabiyotshunos sifatida salkam oltmish yillik faoliyatimning deyarli yarmini Qodiriy mavzusiga bagʻishlaganman, koʻplab maqola, kitoblarim chop etilgan. Oʻzga yetuk adiblarni aslo kamsitmagan holda, millat erki, ozodligi, ruhiyati, maʼnaviyati, orzu-intilishlari ifodasi, kashfi borasida oʻtgan asrda badiiy ijod ahli orasida hech kim bu alloma darajasiga koʻtarilmaganini eʼtirof etish kerak. Har bir oʻzbek xonadoni toʻridagi kitob tokchasida Qurʼoni karim, Navoiy “Xamsa”si yonida “Oʻtkan kunlar” ham turishi lozim deb bilaman.

Bugungi adabiy jarayonda zaif, adabiy tanqid iborasi bilan aytganda, “tanqiddan tuban” asarlar toʻlib-toshib yotibdi. Kamina bir vaqtlar munaqqid tahlil, tadqiqqa arziydigan chin asarlar ustidagina bosh qotirishi, “tanqiddan tuban” bitiklardan uzoqda turishi lozim degan fikrda yurardim. Adashgan ekanman. Keyingi yillarda “tanqiddan tuban” bu xil bitiklar shu qadar oʻtlab ketdiki, ularni cheklash chorasi topilmay qoldi. “Pul boʻlsa – changalda shoʻrva” deganlaridek, adabiyot dargohiga yopirilib kirib kelayotgan “tadbirkor” shovvozlar sayoz bitiklarini kitob holida chop ettirishda hammamizni dogʻda qoldiryapti…

Omadni qarangki, qalbaki, yasama bitiklar toʻzoni ichida ham yarq etib koʻzga tashlanadigan chin, ardoqli, yurak amri, ilhom shavqi bilan bitilgan, teran tahlil, talqinlarga, qizgʻin bahs-munozaralarga oziq beradigan asarlar ham yaratil­yapti. Ular faqat oʻzimizda emas, xorijda ham  qadr-qimmatini topmoqda. Oʻtgan asr oxiri, keyingi yangi asr davomida Xurshid Doʻstmuhammad, Ulugʻbek Hamdam, Nazar Eshon­qul, Iqbol Mirzo, Isajon Sulton singari, shoir iborasi bilan aytganda,“avvalgilarga oʻxshamas” zamonaviy jahon adabiyoti namoyandalari qatorida turishga loyiq yangi avlod qad rostladi, ularning nasriy, sheʼriy bitiklari faqat diyorimizda emas, undan tashqarida ham katta qiziqish uygʻotmoqda. Birgina misol. “Istiqlol davri adabiyoti” ruknida “Isajon Sulton nasri badiiyati” nomi ostida qirqdan ortiq xorijiy va oʻz yurtimiz yetuk munaqqidlarining Isajon Sulton ijodiga oid maqolalaridan iborat qariyb 400 sahifali salmoqdor toʻplam chop etildi. Ayni shunday toʻplamni Isajonning safdoshlari ijodi haqida ham tayyorlash mumkin, ular bisotida ham jahonga koʻz-koʻz qilgudek yetuk, benazir asarlar bisyor. Ularning saʼy-harakati, izlanishlari tufayli zamonaviy jahon adabiyotidagi yangicha tamoyillarga tutash, ayni paytda milliy qadriyatlarimiz zaminida shakllangan betakror adabiy oqimlar yuzaga chiqayotir.

Tan olish darkor, boshda oʻarbga xos modern yoʻnalishdagi oqimlarga baʼzan koʻr-koʻrona ergashish hollari ham yuz berdi, ular tevaragida qizgʻin bahs-munozaralar ham boʻlib oʻtdi. Ajab hol, sinchiklab nazar solinsa, aksar yetuk yangi avlod adiblarimiz gʻarbdagilardan oʻzgacha yoʻnalishdan bordilar, ular bu borada milliy-islomiy qadriyatlarimiz anʼanalariga sodiq qoldilar. Bu oʻziga xos adabiy hodisa xorijlik adib va adabiyotshunoslar diqqatini ham tortmoqda. Yaqin oʻtmishda oʻzimizda sodir boʻlgan bu gʻaroyib jarayon, qolaversa, bugungi adabiyotimizda kechayotgan noyob tamoyillar yangicha talqinlarni taqozo etayotir. Qisqasi, bugungi yetuk adabiy avlod tafakkur tarzi, izlanishlari tufayli zamonaviy jahon adabiyotidagi yangicha tamoyillarga tutash, ayni paytda milliy qadriyatlarimiz zaminida shakllanayotgan betakror, oʻziga xos milliy adabiy oqim tarzida namoyon boʻlmoqda. Eng muhimi, bu jarayon xorijdagi zukko adabiyot namoyandalari tomonidan ham eʼtirof etilmoqda, uning sara namunalari xorijiy tillarga tarjima qilinmoqda. Mana shu noyob hodisadan bexabar holda nuqul bugungi adabiyotimiz holidan noliyotgan kimsalarga achinasan kishi.

  1. “Hozirgi adabiy jarayondagi qaysi muammo sizni eng koʻp tashvishga soladi? Ushbu muammoni bartaraf etishning qanday samarali yoʻlini koʻrsata olasiz?” degan savolga yuqorida qisman javob berib oʻtdim. Kishini tashvishga soladigan, hal etilishi lozim boʻlgan muammolar bisyor, ularni bartaraf etish yoʻllarini belgilash – koʻrsatish aytishga oson. Afsus, ming afsus, uni amalda ijro etish… nima ­desam ekan, hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Buning uchun jasorat, shijoat, mislsiz fidoyilik lozim. Ochigʻi, hozir cizu bizda ayni shu xislat, saʼy-harakat yetishmayapti.
  2. Ochigʻini aytay, avvallari adabiyotimizda paydo boʻlgan jamiki asarlarni qoldirmay oʻqib borar edim. Boz ustiga, meni hayajonga solgan barcha asarlar xususidagi taassurotlarimni, avvalo, universitet talabalariga, soʻng matbuot orqali keng kitobxonlarga yetkazish yoʻlini tutardim. Hozirgi yoshimda buning iloji yoʻq. Dilga yaqin hamkasb kitobxon shogirdlarim tavsiya qilgan, oʻqishga arziydigan asarlarnigina mutolaa qilib boraman. Oʻqishga arzigulik asarlarning ham darajasi turlicha. Koʻnglim toʻlmagan asarlar haqida gapirmay qoʻya qolay. Lekin ular orasida qalbni junbishga keltiradigan, hayajonga soladigan, oʻy-mushohadalarga undaydigan bitiklar ham borligi kaminaga quvonch baxsh etadi. Yana oʻsha qadrdon inilarim – Xurshid, Ulugʻbek, Isajon, Iqbollar qalamiga mansub asarlar shu kunda kechagi va ertangi adabiyotimizni oʻzaro bogʻlovchi koʻprik boʻlmoqda, nazarimda. Xurshid Doʻstmuhammadning “Yolgʻiz”, Iqbol Mirzoning “Zarb”, Isajon Sultonning “Hazrati Xizr izidan” qissalari qoʻlma-qoʻl oʻqilyapti, davralarda ular haqida bahs-munozaralar boʻlyapti… Chunonchi, Islom Akademiyasi tinglovchilari davrasida diniy-islomiy ruh bilan yoʻgʻrilgan “Hazrati Xizr izidan” qissasi tevaragida teran ilmiy ruhda kechgan muhokama-munozara, jumladan, kaminada yaxshi taassurot qoldirdi. Muhokama chogʻi amin boʻldimki, bu turdagi asar ruhi, mohiyatini anglash, u haqida soʻzlash, yozish uchun adabiy-tanqidiy bilimdan tash­qari malaka, diniy-islomiy saboq ham darkor ekan munaqqidga.

Yuzlab nashriyotlarda chiqayotgan yuzlab adabiy-badiiy kitob­lar orasida oz boʻlsa-da, ana shunday nodir namunalar borligidan quvonasan kishi. Bugungi kunda shunday asarlar borligi, yaratilayotgani koʻngilga taskin beradi, milliy adabiyotimizning buguni hamda ertasiga  umid uygʻotadi.

 

Umarali NORMATOV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

uzas.uz

https://saviya.uz/hayot/suhbat/noyob-tamoyillar-yangicha-kuzatishlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x