Non isi

Yuriy KAZAKOV

 

Shoshilinchnomani birinchi yanvarda olishdi. Dusya oshxonada edi, eshikni eri ochdi. Kechagi ichkilik karaxti tarqamay, tinmay esnab imzo chekdi-da, tagʻin kimdandir qutlovxat kelganini chamaladi. Oʻsha-oʻsha ogʻzini yopolmay Dusyaning onasi – olis qishloqdagi yetmishga chiqqan kampirning vafoti haqidagi qisqa va qaygʻuli shoshilinchnomaga koʻz yugurtirdi.

“Topgan vaqtini qarang!” deb oʻyladi yuragi alagʻda boʻlib va xotinini chaqirdi. Dusya bir tomchi ham koʻzyosh qilmadi, faqat oqarinqirab ichkari xonaga kirdi, dasturxonni toʻgʻrilab, oʻtirdi. Eri stoldagi yarimlagan shishalarga moʻltirab oldi va quyib ichdi. Keyin oʻylab koʻrdi-da, Dusyaga ham quydi.

– Ich! – dedi. – Oʻlsin, boshim tars yorilay deyapti-ya. Oʻh-hoʻ, oʻh-hoʻ… Hammamiz ham bir kun oʻsha yoqqa boramiz. Xoʻsh, borasanmi?

Dusya miq etmadi. Dasturxon ustida qoʻllari siypalandi, keyin stakandagini sipqordi, xobxonaga kirdi-da, yotdi.

– Bilmadim, – dedi biror daqiqadan keyin.

– Hay, mayli… Nima qilamiz endi? Qandoq qilamiz-a endi! – er jonivor taskin berishga bundan boshqa soʻz topolmay yana shishadagini qulqullatdi. – Joyi jannatda boʻlsin! Hammamiz ham bir kun oʻsha yoqqa boramiz.

Kun boʻyi Dusya uyda ivirsib yurdi. Boshiga ogʻriq kirdi. Mehmondorchilikka ham bormadi. Yigʻlab yuragini boʻshatib olgisi keldi, biroq yigʻlolmadi, maʼyuslanib yuraverdi. Dusya onasini oʻn besh yildan beri koʻrmagandi. Qishloqdan chiqib ketib, oʻtmishi bilan bogʻliq xotiralarni esga olmagandi. Eslasa ham bolaligini yoki qizligida klubdan uyiga kuzatib qoʻyishlarini yodga olardi.

Dusya onasining fotosuratlarini koʻzdan kechira boshladi. Lekin bu safar ham yigʻlolmadi: fotosuratlarning barchasida onasi koʻzlari chaqchayib, yovqarash qilib qarab turardi.

Tunda Dusya eri bilan uzoq gaplashib yotdi va oxirida:

– Bormayman! Qayoqqa boraman? U yoqda hozir izgʻirin… Bor lash-lushlarniyam qarindoshlar tashib ketishgandir… U yoqda odam yetarli. Yoʻq, bormayman! – dedi.

2

Bir tutam qish kunlari oʻtdi-ketdi. Dusya onasi haqida butkul unutdi. Erining topish-tutishi yaxshi edi, begʻam, huzur-halovatda yashashardi. Bu orada Dusya yana-da toʻlishib, chiroy ochdi. Lekin mayning boshida Dusya bir qorin nari jiyani Mishadan xat oldi. Xat qiyalama tarzda, aytib turib yozilgandi. Misha koʻplab qarindosh-urugʻlardan salomlar aytib, momosining uyi hamda buyumlari bus-butunligini va Dusya xolasi, albatta, kelishi kerakligini yozgandi.

– Bora qol! – dedi eri. – Otlan! Ortiqcha tixirlik qilmasdan, borini tezroq sot. Yoʻqsa, boshqalar egalik qiladi yoki kolxozga oʻtib ketadi.

Xullas, Dusya yoʻlga tushdi. Anchadan beri safarga chiqmagandi, yoʻlda qiynalmadi. Tevarak-atrofni tomosha qilib zavqlanishga ham, odamlar bilan valaqlashib, tanishishga ham ulgurdi.

Dusya yoʻlga chiqqani haqida shoshilinchnoma joʻnatgandi, ammo uni negadir hech kim kutib olmadi. Yayov ketishga toʻgʻri keldi, lekin piyoda yurish Dusyaga yoqib tushdi. Odamlar qatnayverganidan yoʻl zaranglashib ketgandi, ikki tarafda qadrdon Smolensk dalalari, huv, osmon etagida esa siyrak oʻrmonlar.

Dusya qishloqqa uch soatdan keyin kirib keldi, sayoz daryo uzra uzalgan yangi koʻprikda toʻxtab, chor atrofga nazar soldi. Qishloq obod boʻlib ketibdi, ohaklangan fermalar hisobiga eniga kengayibdi. Koʻrib taniyolmaysan. Bu oʻzgarishlar Dusyaning koʻngliga allanechuk ogʻir botdi.

Koʻchada bir-bir odimlarkan, yoʻlida uchraganlar kimligini eslashga urinardi. Lekin tayinli biror kishini tanimadi, uni esa koʻpchilik tanib, toʻxtab, durkun boʻlib ketganiga ajablanib qarashardi.

Opasi Dusyaning diydorini koʻrib terisiga sigʻmay ketdi, yigʻi-sigʻi qilib oldi va shoshib samovarning tagiga oʻt qaladi. Dusya sumkasidan sovgʻa-salomlarni olib ulashdi. Opasi yana koʻziga yosh oldi, Dusyani bagʻriga bosdi. Misha esa eshakka oʻtirgancha, bular nega yigʻlayotganiga hayron tikilardi.

Opa-singil choy ichishdi. Dusya koʻp narsalarni uzoq-yaqinlari olib ketganini bilib oldi. Choʻchqa bolalari, uchta toʻqlicha, echki va tovuqlarni opasi oʻziga olib qolibdi. Avvaliga Dusyaning ichidan bir qirindi oʻtdi, keyin sadqai sar dedi ichida, shoyadki, ancha-muncha narsa, asosiysi, uy joyida-ku. Choy ichib, miriqib gurunglashib olishgach, opa-singillar hovlini koʻrgani chiqishdi. Tomorqa haydalgandi, Dusya hayron boʻldi. Opasining aytishicha, yer zoye boʻlmasligi uchun qoʻshnilar haydab berishibdi. Uy Dusyaning koʻziga burungidek kattakon boʻlib koʻrinmadi.

Derazalarga taxta qoqib tashlangan, eshikka qulf urilgandi. Opasi qulfni ochaman deb ancha urindi, soʻngra Dusya chiranib koʻrdi, keyin yana opasi. Xullas, ikkovlon to eshikni ochishguncha toza ovora boʻlishdi.

Ichkari qorongʻi edi, taxtalar orasidan zaif nur tushib turardi. Uy namiqibdi, odam yashamaydigan yaroqsiz holga kelibdi, ammo-lekin bolaligidan qadrdon boʻlgan non isi kelib turardi. Dusyaning yuragi orziqib ketdi. Boloxonaga chiqdi, koʻzi qorongʻilikka koʻnikib, nigohlari uydagi barcha narsada sirpandi. Dolchinrang shift past edi. Devorlarda hamon fotosuratlar osigʻliq turardi, lekin sal mundayrogʻidan tashqari, barcha but-sanamlar allaqachon yoʻq edi. Pechka va sandiqlardagi yoʻrmadoʻzilar ham koʻrinmasdi.

Yolgʻiz qolgach, Dusya sandiqni ochdi – onasining isi gup etib dimogʻiga urildi. Sandiqdan kampirlarbop qoramtir yubka, sarafan, toʻzgʻigan poʻstincha chiqdi. Dusya hammasini chiqarib, koʻzdan kechirdi, soʻng yana bir bor uyni aylanib chiqdi, huvillagan hovliga boqdi. Bularning barchasi qachonlardir tushiga kirganday, endi oʻsha tushiga qaytganday tuyuldi.

3

Arzon-garov savdo boʻlayotganini eshitib, qoʻshnilar yopirilib chiqishdi. Har bitta buyumni sinchiklab ushlab koʻrishdi, Dusya qimmat soʻramadi va ashqol-dashqollar zumda sotilib ketdi.

Eng asosiysi uy edi! Dusya narx-navoni soʻrab-surishtirdi, uylarning bahosi koʻtarilganini eshitib xursand boʻldi. Uyga darrov uchta xaridor chiqdi – ikkitasi shu qishloqdan, yana bittasi qoʻshni qishloqdan. Lekin Dusya hovliqmadi, u onasidan qolgan pullardan xavotirda edi. Uch kun izladi: devorlarni taqillatib koʻrdi, koʻrpa-toʻshaklarni paypaslab chiqdi, yertoʻla va chordoqqa chiqib-tushdi. Biroq hech vaqo topolmadi.

Xaridorlar bilan narx-navoni kelishib olib, Dusya tuman markaziga bordi, notariusda uy savdosini rasmiylashtirdi va tushumni omonat kassa daftarchasiga tashladi. Yoʻl-yoʻlakay opasiga tagʻin ul-bul sotib oldi va Moskvaga ketishga hozirlik koʻra boshladi. Opasi fermaga ketdi, Dusya esa onasining qabrini ziyorat qilgani otlandi. Misha xolasini kuzatib boradigan boʻldi.

Choshgohdan keyin chang-gʻubor koʻtarildi, osmon qovogʻini uyib oldi, ammo shomga yaqin havo ochilib ketdi, faqat ufqda, Dusya bilan Misha ketishayotgan tomonda kulrang-qizgʻish bulutlar tizmasi osilib turardi.

Qishloqdan ikki chaqirim narida daryo halqa hosil qilardi, ana shu halqaning oʻng qirgʻogʻida xuddi yarimorolday mozor bor edi. Bir zamonlar qabriston pishiq gʻishtli devor bilan oʻralgandi, ichkariga baland arkali darvozadan kirilardi. Urushdan keyin vayron boʻlgan devorning gʻishtlarini imorat solishga tashib ketildi. Negadir darvoza joyida qolavergandi. Endilikda qabristonga har tomondan soʻqmoqlar yugurgilab kelgandi.

Yoʻlda Dusya Mishadan maktab, mehnat kunlari, rais, yigʻim-terim haqida soʻradi va oʻzini dadil, xotirjam tutib ketaverdi. Ana, shom quyoshining alvon nurlariga burkangan eski mozor koʻrindi. Chetlarida, bir vaqtlar devor boʻlgan, naʼmataklar oʻsgan yerlarda qabrga ham oʻxshamay qolgan doʻngliklar qaqqayib turibdi. Doʻngliklar yon-verida butalar orasidan yogʻoch yodgorliklar – qardoshlar mozorining yaqinda boʻyalgan toʻsiqlari koʻrinib turibdi…

Dusya bilan Misha darvozadan kirishdi, oʻngga, soʻngra chapga burilishdi. Tarvaqaylab ketgan qayinlar, oʻtkir hid tarqatayotgan butalar orasida Dusyaning rangi oqarib, ogʻzi ochilib borardi.

– Hov, ana, momomniki… – dedi Misha.

Dusya choʻkib qolgan, yakkam-dukkam tikanli oʻtlar bosgan doʻnglikka koʻzi tushdi. Oʻtlar orasidan qumoq tuproq koʻrinmoqda. Qishdan buyon toʻgʻrilab qoʻyilmagan koʻkimtir chogʻroq xoch qiyshayib turardi.

Dusyaning rangida rang qolmadi. Qoʻqqisdan yuragiga pichoq sanchilganday boʻldi. Yurak-bagʻrini shunday zil-zambil sogʻinch ezdiki, nafasi qaytdi, qalt-qalt titradi, jazava bilan baqirib, choʻk tushdi. Qabrga emaklab bordi-da, aytib-aytib uvvos tortdi. Misha ham choʻkka tushdi.

– U-u-u-uv, – boʻzladi Dusya yuzini qabrga ishqab. Qoʻllari nam tuproqni changallab oldi. – Oʻzimning bebaho onajonginam… Mehribonim, aziz onajonim… U-u-u-uv… E, voh, bu yorugʻ dunyoda endi hech qachon koʻrishmaymiz! Moʻtabarimsiz endi qandoq qilaman? Kim meni erkalaydi, kim meni yupatadi? Onajonim-farishtam, kimlarga tashlab ketdingiz meni?

– Dusya xola… Dusya xola, – hiqillardi Misha qoʻrqqanidan xolasining yengidan tortib. Dusya xirillab, ikki bukilib, boshini qabrga ura boshlagach, Misha oyogʻini qoʻliga olib qishloqqa chopib ketdi.

Bir soatdan soʻng atrof-javonib zimistonga aylanganda, Dusyaning oldiga qishloqdan halloslab kelishdi. Dusya yotgan joyida qolgan, hushi-boshini yoʻqotgandi. Na yigʻlar, na gapira olar, hattoki, oʻylay ham olmasdi. Mahkam qisilgan tishlari orasidan ingrardi, xolos. Yuzlari qorayib, dahshatli tusga kirgandi.

Uni oʻrnidan turgʻazib, chakkalarini artishdi, taskin-tasalli berishdi va uyga olib ketishdi. Dusya nima boʻlayotganini anglamasdi, shishib-qizarib ketgan koʻzlari bilan hammaga alang-jalang qarardi. Hayot unga qaro tundek koʻrinib ketdi. Opasining uyiga olib kelishganda, arang karavotga yetib bordi-da, tappa tashlab uxladi-qoldi.

Ertasiga yoʻlga chiqishdan oldin opasi bilan choy ichdi, oʻzini quvnoq tutib, Moskvadagi shinam kvartirasi haqida gapirib berdi.

Alqissa, Dusya Mishaga oʻn rubl inʼom qilib, xushchaqchaq, ogʻir-vazmin boʻlib joʻnab ketdi. Ikki haftadan soʻng marhumaning uyini ochishib, pollarni yuvishdi, taqir-tuqurlarni keltirib, yangi odamlar yashay boshlashdi.

 

1961

 

Saidjalol SAIDMURODOV tarjimasi

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/non-isi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x