Neʼmat Aminov 1937 yil 17 iyulda Buxoro viloyatining Romitan tumanida temirchi oilasida tugʻildi. Fayzulla Xoʻjayev nomidagi Buxoro pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetida tahsil oldi (1954–1959).
Mehnat faoliyatini Buxoro viloyat radioeshittirish qoʻmitasida boshlagan Neʼmat Aminov 1973 yil Toshkentga – “Mushtum” jurnaliga ishga taklif etildi va 1985 yilgacha masʼul kotib boʻlib ishladi. Shundan soʻng “Sharq yulduzi” jurnalida bosh muharrir oʻrinbosari, “Mushtum” jurnalida bosh muharrir, respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” jamoatchilik markazi rahbari lavozimlari – da xizmat qildi.
Uning dastlabki hajviyasi 1965 yilda “Ustoz aʼlam” nomi bilan “Mushtum” jurnalida bosildi. Birinchi hikoyalar toʻplami “Ikki pullik obroʻ” 1970 yilda nashr etildi. Shundan keyin adibning “Qirq uchinchi pochcha” (1970), “Labihovuz xandalari” (1977), “Chinorlar qoʻshigʻi” (1984), “Yelkasiz polvon” (1986), “Oʻgʻri mushukcha” (1987), “Qahqaha” (1987), “Yallama yorim” (1988), “Cholbolaning ertaklari” (1990) kabi kitoblari bosilib chiqdi.
Neʼmat Aminov haqida gapirganda, eng avvalo uning “Yolgʻonchi farishtalar” (1976–1984) deb nomlangan yirik satirik romani tilga olinadi. Asar “Yelvizak” va “Suvarak” qissalaridan iborat. Neʼmat Aminov “Yolgʻonchi farishtalar” kitobi uchun 1987 yilda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Oybek nomidagi yillik mukofotiga sazovor boʻldi.
Uning soʻnggi “Bir asr hikoyati” asari oʻzining ibratomuzligi bilan zamondoshlar dunyoqarashini shakllantirishda, maʼnaviyatini koʻtarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Neʼmat Aminovning hikoyalari polyak, bolgar, rumin, chex, rus, ukrain, belorus, tojik, turkman, ozarbayjon, gruzin, qalmiq, moʻgʻil, afgʻon, uygʻur, urdu tillarida ham bosilgan.
Neʼmat Aminov oʻzbek adabiyotini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun 1992 yilda “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi” unvoniga sazovor boʻlgan edi.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/nemat-aminov-1937-2005/