DO`STLARGA ULASHING:
Hademay Navro‘zdir, hademay Navro‘z!
Hademay nastarin gullaydi bodrab,
Osmonga hushimni eltib ifori.
Quyoshli shudringlar tushar ertalab.
Yuvib dillardagi qishning g‘uborin.
Hademay qaldirg‘och keladi qaytib,
O‘rik shohlarida bo‘rtar dovuchcha,
Turnalar azaliy qo‘shig‘in aytib,
Sumalak pishadi tong otgunicha.
Hademay lolalar bo‘sadek titrab,
Tog‘lar viqoriga munis boqarlar,
Yana necha-necha oshiqlar yig‘lab,
Bir-birin bag‘rida gulhan yoqarlar.
Mening bir kunim ham kun deb Qish nochor,
Ketolmay qor sepib turadi hanuz,
Bir kuy yaraladi,Quyosh bastakor,
Hademay Navro‘zdir, hademay Navro‘z!
Navro‘z qo‘shig‘i
Bahorni bilmagan ellarni ko‘rdim,
Bir chechak kulmagan yerlarni ko‘rdim.
O‘zingni sog‘inib keladi navro‘z,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.
Chuchmoma chayqalib, chalar qo‘ng‘iroq,
Hayot hidin sochar uyg‘ongan tuproq,
Ildiz suvratini chizadi chaqmoq,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.
Mehmonni chorlaydi sumalaklaring,
Qizlaring bog‘laydi jamalaklarin.
Saodatga ko‘prik kamalaklaring,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.
Ey, kafti qadog‘u ko‘ngli yumshoq el,
Quyoshda qoraygan, yuragi oq el,
Duoga qo‘l ochgan, tilagi oq el,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.
Muqaddas yering bor, qutlug‘ osmon bor,
Suyangan tog‘ing bor, dilda iymon bor.
Ulug‘ bog‘istonga buyuk bog‘bon bor,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.