Hazrat Alisher Navoiyning asarlarini oʻqir ekansiz, butun insoniyat, alalxusus, Sharq olami, vatanimiz, xalqimiz, dinimiz, madaniyat, adabiyot, sanʼatimiz, urf odatlarimiz bilan bogʻliq atamalar, soʻzlar, tarixiy va afsonaviy siymolarning ismlari, ular boshidan kechirgan voqealarga ishoralar, jugʻrofik va etnik nomlar, koinot va zamin, nabotot va hayvonot, qoʻyingki, har ikki dunyo va xayolot olamidagi jonli va jonsiz xilqatlar, koʻngilning nozik kechinmalari, ruhning tinimsiz izlanishlari ifodasi boʻlib kelgan soʻzlar, taʼriflar, tashbehlar, ramzu timsollar har sahifa, har baytda uchraydi.
Tushumda laʼliyu ruxsoridur, uygʻotmang mani, gar xud,
Masiho birla Yusuf boshim uzra yetsalar nogah.
Bu baytning mazmunini tushunishni istagan kishi Yusuf va Zulayho haqidagi koʻhna dostondan, Iso (a. s.) bilan bogʻliq rivoyatlardan ozdir – koʻpdir xabardor boʻlishi kerak. Ustoz Botirxon Akram Alisher Navoiyni “Fasohat mulkining sultoni” deb ataganlar: “Fasohat – sheʼriy nutq goʻzalligi, uning xos, inja qonun qoidalari. Shoir soʻz mulkining zarshunos xazinasi (xazinachisi), ulugʻ hakami va podshosi… Mir Alisher Navoiy “Fasohat mulkining sohibqironi”dir”. Darhaqiqat, hazrat nazm sanʼatining hamma vositalaridan mohirona foydalanib, qalam surganlar, bu sanʼatni yangi ifoda vositalari bilan boyitganlar. Bu zotning asarlari falsafiy mushohada, hikmat, ruhiy inkishof darajasidagi kuchli, teran, toza mazmunning favqulodda goʻzal, hayratbaxsh bir tarzda ifoda etilgani bilan qimmatlidir.
Maʼlumki, Alisher Navoiy hazratlari Sharq olamida VIII asrdan eʼtiboran yarala boshlagan hamda bu zot yashagan zamonlarga kelib oʻzining ayni yetuklik davrini boshidan kechirib, benazir samaralar berayotgan buyuk harakat, taʼlimot, falsafaning – tasavvufning yirik namoyandasi edilar. Ustoz Najmiddin Komilov “Tasavvuf” kitobida Navoiy asarlarida uchraydigan ishq, may, mayxona, xarobot, soqiy, sogʻar, qadah, xum, singari istiloh – tushunchalar, ramziy timsollarning maʼnosi haqida soʻz yuritib, shunday xulosaga keladilar: “Tasavvuf taʼlimotini yaxshi bilmay turib, Alisher Navoiy dunyoqarashi va adabiy merosini barcha murakkabliklari, falsafiy teranligi bilan toʻliq holda toʻgʻri, haqqoniy yoritib berish mushkul”.
Yuqoridagi satrlarni oʻqigan yoshlar: “Sizlar har qadamda bizni mumtoz madaniyatimizni suymaydi, mumtoz adabiyotimizni oʻqimaydi deb malomat qilasiz. Lekin, shunday asarlarni biz tugul, ana, katta odamlar ham, ustozlarimizning oʻzlari ham tushunishga qiynaladilar. Adabiyotshunos olimlarning bitta bayt ustida soatlab bahs surib oʻtirganlarini koʻrganmiz. Navoiyni oʻqigimiz keladi, lekin oʻqisagu, tushunmasak, nima qilaylik!” deyishi mumkin.
Koʻnglingizda shunday savol uygʻonganining oʻzi muhim, chunki uning ortida shu adabiyotni oʻqishim kerak, degan yaxshi niyat bor. Mana shu niyatni ehtiyot qiling. Faqat, buning uchun koʻnglingizdagi oʻktam niyat, men shu adabiyotni oʻqishga majburman, deya oʻzni zoʻrlash, ogʻir majburiyat ustiga emas, bu – mening adabiyotim, mening mulkim, boyligim, uni ne-ne buyuk bobokalonlarim koʻz nuri, qalb qoʻrini toʻkib men uchun, faqat men uchun yaratganlar, uni qancha koʻp oʻqisam, shuncha kuchliroq, qudratliroq, boyroq boʻlaman, oʻqimasligim otamdan qolgan boylikni xor qilish, isrof etish boʻladi, deya yurak-yurakdan anglab, his etilgan burch ustida yetilsa, maʼnaviy quvvat topasiz!
Ulugʻlarimiz tomonidan yaratilgan asarlar jahondagi kamdan-kam millatga nasib qiladigan noyob, tuganmas xazinadir va agar uning kalitini topishga ojizlik qilsak, undagi Koʻhinurdek noyob olmosu gavharlarni chin sohibi boʻlib foydalana bilmasak, maʼnaviyatimizni toʻkis deyish mumkinmi?!
Bugun harakatga kirishsangiz, oʻn kun-oʻn besh kun, bir oydan keyin hamma narsani tushunishdek natijaga erishib qolmaysiz. Biroq, bu oʻrinda harakatning boshlangani, sobitligi, ahdning qatʼiyligi muhim. Hazrat bilan har kuni loaqal yarim soat suhbat qurishning oʻzi yaxshi natija! Hech kim sizni shoshiltirayotgani yoʻq, bu – keyin nima boʻlarkin, deb oʻqiladigan “oldi-qochdi” kitob emas. Dam olish, ermak uchun oʻqiladigan nimarsa emas. Chalamullolar har oyda bittadan yozib tashlayotgan roʻmonlarni oʻqish boshqa, yangi bilimlar olish, ruhu dilni parvarish qilish, olam va odam oldida turgan mangu savollarga javob izlash, yuksalish boshqa. Bu oʻrinda mutolaa jarayonining oʻzi muhim, bu – ana shunday sokin, ohista, mushohada bilan olib boriladigan, tushunganini, mushohada qilib topganini shuurga darj etib, koʻngilga singdirib ketiladigan intellektual mutolaa.
Dastlabki davrlarda gʻazallar, baytlarning usti qabatidagi fikrlarni anglashga harakat qiling. Shuning oʻzi ham talab vodiysida borayotgan yoʻlchi koʻngulga olam-olam zavqu nashida baxsh etadi. Chunki, bu fikrlar benihoyat chiroyli, yorqin, taʼsirlidir, hamda behad goʻzal, nafis bir tarzda ifoda etilgandir. Zavq ola bilish, qoʻshimcha bilimlar hosil qilib, komillik kasb etib borish, hayrat va nashʼalar tuyish bilan muhabbat paydo boʻladi, muhabbatning qarshisida esa har qanday zahmat – mashaqqat hechdir.
Sheʼriyat sanʼatining, fasohatning hazrat qoʻllagan rangin vositalariga ahamiyat bering, koʻnglingizga ayniqsa manzur boʻlgan shirin oʻxshatish, nafis tashbeh, xayolotning favqulodda goʻzal samaralari, hasbu holning inju izhorlarini ham daftaringizga koʻchirib oling, keyin qayta-qayta oʻqib turing, ovoz chiqarib oʻqing, tilingizda taʼmi qolsin. Qarabsizki, shohbaytlar hofizangizga muhrlanib qoladi, davralarda nuktadon, zarifsoʻz sohibi sifatida eʼtibor topasiz.
Tabdillardan foydalaning. Hazratning “Xamsa” turkumidagi dostonlari asl matn va hozirgi oʻzbek tilidagi nasriy bayon sharhlar, izohlar qoʻshib chop etilgan… Bugungi kunda u kishining gʻazallarini ham sharhlar, izohlar qoʻshib chop etmoqdalar. Avval asliyatni oʻqiysiz, keyin nasriy bayon bilan tanishasiz. Ham Navoiyning oltin qalami yaratgan moʻjizalardan bahramand boʻlasiz, ham matnni oʻzlashtirishingiz osonroq kechadi. Ushbu usul shunisi bilan afzalki, kundan-kunga, oydan – oyga oʻtgan sayin nasriy bayonga kamroq murojaat qiladigan boʻlib borasiz.
Harakat davom etar ekan, bora-bora tagmaʼnolarni, ikkinchi, uchinchi qabatlarda mujassam boʻlgan sufiyona mazmun-mohiyatni tushunish istagi ham tugʻilsa, shoyad.
Yana zarur adabiyotlarni topib oʻqiysiz, “soʻrab-oʻrganib” olim boʻlasiz. Bu miqyoslarni inkishof etgan kishi muazzam bir falsafadan, yuksak insoniy ideallar taʼlimotidan voqif boʻladi. Ustoz Najmiddin Komil bu taʼlimot mohiyatida xalq qalbidan joy olgan insonparvarlik gʻoyalari, ulugʻ adiblarga ilhom bergan Soflik, Haqiqat, Goʻzallik, Kamolot ideallari yotishini taʼkidlagan edi. “Hazrat Navoiy taʼriflaganday, deb yozadi alloma, tasavvuf xilofu ixtilofi boʻlmagan, riyo va manmanlik, daʼvoyu taʼmani inkor etadigan bir ulugʻ taʼlimotkim, u inson ziynati, tiynatini poklovchi obihayotdir”.
Alisher Navoiyni oʻqish, tushunish sizga oʻz navbatida nafaqat oʻzbek, balki butun sharq mumtoz madaniyati va adabiyotini tushunish uchun keng yoʻl ochadi. Alisher hazratlari rahnamo boʻlib, sizni qutbi kirom valiylar, yozganlari “charx avroqiga ziynat” boʻlgudek shoirlar yashaydigan oʻlkaga olib boradilar. Bir yurtkim, uning har goʻshasida haqiqat va adolat, yaxshilik va joʻmardlik, goʻzal xulq va adab kabi ezgu fazilatlar borasida suhbatlar bardavomdir. Bu yurtning bulbullari yuragingizning tilini biladilar, uning nechuk orzu-armonlar bilan yashayotganidan boxabarlar, shular haqida kuylay oladilar. Tomiringiz ularning tomiriga ulanganini his etasiz, qalbingiz ular qalbida kechgan jarayonni davom ettiradi.
Yurtboshimiz: “Ota-bobolarimizning asrlar davomida toʻplagan hayotiy tajribalari, diniy, axloqiy, ilmiy qarashlarini oʻzida mujassam etgan nodir qoʻlyozmalarni jiddiy oʻrganishning davri keldi”, deganida ham ayni shu haqiqatni nazarda tutgan edi.
Hazrat Alisher Navoiy millatimiz peshonasiga bitgan ulugʻ baxt, haq taoloning bizga ato etgan tengsiz marhamatidir. Bu zotning borligi mushkul damlarda bosh urib borgudek, ruhiy madad, taskin, ishonch, quvvat topgudek qutlugʻ ostonaning, peshonamizni silaydigan ustozning, ilkimizdan tutib yoʻlga soladigan rahnamoning, duogoʻy pirning mavjudligidir. Hazratning suhbatlariga borishdan erinmang, bu suhbatlardan har kun bahramand oling. Siz Navoiy siymosida qaysi millat va eʼtiqodga, qaysi yurt va davrga mansubligidan qatʼi nazar, har qanday odam tahsinlar aytib taʼzim qilishi tayin boʻlgan fayzu fazilatlar sohibi boʻlmish komil insonni, ideal insonni, iymon eʼtiqodli, porso zotni, bilimlarining miqyosi aql bovar qilmas darajada keng donishmand allomani topasiz.
Navoiy bilan muloqotlar chogʻida oʻzingizni qiynagan hamma savollarga asta-sekin javob olasiz: hazratning asarlari hayotning hamma jabhalari boʻyicha, butun dunyo va har bitta inson uchramogʻi mumkin muammolar boʻyicha saboq, maslahatlar, yoʻl-yoʻriqlar beradigan benazir maktabdir, dorilfunundir.
Bu dorilfununning saboqlari hamma zamon va makon uchun baravar qimmatli, umuminsoniy tabiatga ega. Shuning uchun ham, jahon afkor ommasi Alisher Navoiyni tarix maydonga chiqargan eng buyuk daholardan biri sifatida hurmat, ehtirom etadi va allaqachon uning hayoti va ijodini jiddiy oʻrganishga kirishgan. Dunyoning turli mamlakatlariga shoirning haykallari oʻrnatilgan, asarlari koʻplab tillarga tarjima qilingan, yangi va yangi tarjimalar, tadqiqotlar paydo boʻlmoqda.
Olimlardan biri aytganidek, badiiy tafakkur va sheʼriyatning serqirraligi nuqtai nazaridan olganda jahon adabiyotida Navoiyga teng keladigan biror siymo yoʻq. Ulugʻ bobomiz haqida oʻzimizning dunyoning taniqli ijodkorlari, munaqqidlari koʻp taʼsirchan, koʻnglimizni faxru iftixorga toʻldiradigan eʼtiroflar izhor etganlar. Ijozatingiz bilan ulardan bir nechasini yodingizga solsam.
Muso Toshmuhammad oʻgʻli Oybek: “U chinakam sheʼr sihrbozi! U har qanday oʻjar fikrni, ruhning eng ingichka, eng tutqich bermas jilvalarini, yurakdagi hislarning mavjlanishlarini soʻz orqali ajoyib yorqin tajassumlantirar, qatrada daryoni mavjlantirar, uchqunda quyoshlarni aylantirar, ishqdan hayot yasar, oddiy hayotdan esa ulugʻ, tiyran afsonalar toʻqur… U minglarcha yilgi madaniyatni, asrlarning fikr boyligini qamragan shoir edi. Uning sheʼriy dahosi arab, eron, va turkiy xalqlarning sanʼat, fikr zaminiga chuqur ildiz otib, uning abadiy kuchidan gullagan edi”.
Italyan olimi R. Zippoli “Navoiy oʻz ijodida butun Sharq sheʼriyatini mujassam qilib, turli xalqlarning orzu armonlarini ifoda eta olgan shoirdir. Italiya adabiyotida Navoiyni faqat Dante bilan tenglashtirish, balki undan balandroq qoʻyish mumkin”.
Frantsuz shoiri Lui Aragon: “Navoiy jahon shoirlari orasida turib, baralla ovoz bilan oʻz gʻazallarini oʻqimoqda. Zamonaning eng buyuk shoirlari – chililik Neruda, kubalik Gilen, ispaniyalik Alberti, filadelfiyalik Longfello, vatanidan gʻurbatda yashaydigan Nozim Hikmat va Nezvallar bu zot qarshisida tiz bukadilar. Navoiyning adabiy merosi dunyo xalqlari qalbida asrlar davomida yashab keldi va bundan keyin ham yashayveradi”.
Bunday eʼtiroflarni oʻqir ekansan, maʼlum bir xalqning jahon tan olib, tahsin olib turgan shoirini ana shu xalqning oʻzi oʻqib, tushunishi kerakmi-yoʻqmi, degan mavzuda bahslashib oʻtirish ortiqchaligiga qayta-qayta amin boʻlasan.
Lutfullo MAHMUD
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/navoiyni-tushunish/