Filologiya fanlari nomzodi, navoiyshunos Karomat Mullaxoʻjayeva bilan Husan Maqsudov suhbati
Inson yaralibdiki, u jismoniy va maʼnaviy-ruhiy ehtiyoj qurshovida yashaydi. Jismoniy ehtiyoji qondirilgan vujud qoniqish hosil qilganidek, maʼnan ozuqlangan qalb (va albatta tafakkur ham) quvvatli boʻladi, tozaradi, yuksaladi… Taassufki, bugungi zamon kishisiga moddiyat birlamchi boʻlib, adabiyot va sanʼat vaqtni oladigan bir narsadek tuyilayotgani ham bor gap.
Moddiyat va maʼnaviyat kurashi ketayotgan shunday davrda mumtoz adabiyot, xususan, hazrat Navoiyni oʻqish va uqish koʻpchilikka erish tuyilayotgani achinarli, goʻyo shusiz ham yashash mumkinday…
Filologiya fanlari nomzodi, navoiyshunos olima Karomat Mullaxoʻjayeva bilan hazrat Alisher Navoiy ijodi xususida suhbatlashdik.
– Karomat opa, suhbatimiz yoshlar jurnalida chop etilishini inobatga olib, uni bevosita hazrat Alisher Navoiy asarlarini oʻrganish va oʻrgatish masalasiga qaratsak.
Bugungi globallashuv jarayonining yaxshi tomonlaridan koʻra kishilarga, aniqrogʻi, yosh avlodga yetkazayotgan ziyonini koʻrib, odamning koʻngli sal xira tortadi. Shunday esa-da, dilingiz nurafshon boʻladigan narsalar borligidan xursand boʻlasiz: yaxshiyam dinu diyonat bor, adabiyot bor, sanʼat bor. Shular vositasida kelajak egalarini turli maʼnaviy balolardan asrashga harakat qilamiz. Shukrki, Navoiy asarlarida biz istagan va bizga maʼnaviy koʻmakdosh boʻladigan barcha narsa bor. Zero, hazrat Navoiy doim insonni KOMIL koʻrishni istagan. Kishini nima komil qiladigan boʻlsa, barchasi Navoiy asarlarida aks etgan. Shunday emasmi?
– Globallashuv, aslida, insoniyatning azaliy orzusi boʻlgan. Vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniyning Amerika qitʼasi haqidagi farazlari, ispaniyalik Xristofor Kolumbning shu qitʼaga qancha mashaqqatlar bilan yetib borishi, va nihoyat, florensiyalik Amerigo Vespuchchi sharafiga ushbu qitʼaning nomlanishi… Boburning Hindistonda vatan qurishi, bizning mintaqadan ketgan olimlar Beruniy, Ibn Sino, Fargʻoniy va boshqalarning arab dunyosida shuhrat topib, nafaqat musulmon olamida, balki butun jahonda shuhrat topishi… Xohlaysizmi-yoʻqmi, ana oʻsha davrlarda globallashuvning ilk kurtaklari namoyon boʻlgan edi.
Bugun “tamaddunlar toʻqnashuvi”ni ham keltirib chiqarayotgan globallashuv bizning oʻzimiz yashayotgan olam haqida koʻproq bilishga boʻlgan qiziqishlarimiz, orzularimizning mahsuli. Bitta sayyorada yashab turib, unda kechayotgan voqealardan bexabarlikni bugun koʻpchilik tasavvur ham qilolmaydi. Yer yuzida kechayotgan voqealarni, insonlar hayoti, turmush tarzi va boshqa ikir-chikirlarigacha kirib borishga bugungi kundagidek hech qachon yaqinlashmaganmiz. Baʼzan, butun dunyo kichik bir shaharcha, toʻgʻrirogʻi, qishloqqa aylanib qolgandek tuyuladi. Hamma voqealardan tongdayoq (uyqudan koʻz ochib-ochmay) xabardor boʻlib ulgurasan. Televideniye, radio va asosiysi, internet tufayli. Bu qaysidir maʼnoda qiziq ham. Chunki dunyodagi qancha-qancha voqealardan, ulkan kashfiyotlardan bir zumda xabar topasan. Ayni paytda, har kuni negativ xabarlarni eshitish, agressiyaga toʻla zoʻravonliklar, axloqsizlikka undovchi reklamalarni tomosha qilish, oʻqish har birimizning ruhiyatimizga taʼsir qiladi. Koʻp vaziyatlarda boʻlganidek, globallashuvning ham salbiy va ijobiy tomonlari bor. Shu bois, biz har safar uning nozik taʼsir kuchiga ega boʻlgan ommaviy madaniyat bilan bogʻliq jihatlariga eʼtibor berishga majburmiz. Balki tez-tez ijobiy voqeahodisa va masalalarga eʼtibor qaratsak va ularni koʻproq targʻib etsak, foydaliroq boʻlardi. Chunki har bir mamlakatning siyosati, iqtisodi va boshqa sohalari bilan birga madaniyati, mumtoz sanʼati va adabiyoti bor. Har bir insonda ruhiy yuksaklikka undaydigan maʼnaviy ruhoniy ehtiyojlar bor. Ayniqsa, tarbiyachilar, muallimlar, va albatta, ota-onalar inson tarbiyasida shu jihatga koʻproq eʼtibor qilishlari zarur. Insonni kamolotga yetkazishda, avvalo, uning shaxs sifatidagi xususiyatlarini shakllantirish masalasi muhim oʻrin tutadi. Tarbiyada bosh masala shu. Chunki shaxs sifatida shakllangan inson oʻz fikriga ega boʻladi, har bir voqea-hodisaga oʻz munosabatini bildira oladi. Har kimga ergashib ketavermaydi. Ehtimol, bugun bot-bot takrorlayotganimiz maʼnaviy immunitetni shakllantirishning bir yoʻli mana shudir. Adabiyot, shu jumladan, hazrat Alisher Navoiy ijodi bu masalada yaqindan yordam beradi, albatta. Chunki Navoiyning oʻzgalar xizmatida, soʻzning xizmatida kechgan umri, agar masalaning mohiyati anglab yetilsa, har bir inson uchun ibrat boʻladi. Toʻgʻri taʼkidlaganingizdek, Navoiy asarlari qahramonlari kamolotga intilishi bilan ajralib turadi. Ularni hayotdan uzoq bir mifga, qoʻl yetmas orzuga aylantirib qoʻymaslik kerak. Har birida insonning baxti va baxtsizligi bilan aloqador tuygʻularni his etish, kitobxonni shu tuygʻularni kechirishga, yashab oʻtishga oʻrgatish kerak va mana shundagina biror natijaga erishish mumkin. Buning uchun Navoiy asarlarini oʻqitayotgan mualllimning – rahnamoning oʻzi shaxs sifatidagi xususiyatlarga ega boʻlishi kerak. Agar biz Navoiyni tushunish darajasiga yaqinlasha boshlasak, koʻplab muammolar oʻz-oʻzidan hal boʻlib ketardi, deb oʻylayman.
– Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid bir sheʼrida: “Hazrat Navoiyga yetmoq-chun, ey, dil, Yana besh yuz yillar yurmoq kerakdir”, deb yozgan edi. Shoir shu oʻrinda Alisher Navoiy ijodiy olamining kengligiga ishora qilib, inson bolasi bu zoti muborakning asarlaridagi maʼno-mazmunni toʻlaligicha anglay olmaydi, demoqchi. Ammo bu satrlar bizning hazrat Navoiydan borgan sari uzoqlashayotganimizga ham ishoraday tuyiladi. Ulugʻ mutafakkir shoirimiz ijodi haqida yozilgan kitoblarni, tadqiqot ishlarini jamlasak, kattagina kutubxona boʻlsa kerak. Ammo baribir Navoiy xalqning, ayniqsa, yosh avlodning koʻngliga bor boʻy-basti bilan kirib bormayotgandek…
– Haqrost, Navoiy haqida koʻp tadqiqotlar olib borilgan, yuzlab kitoblar, minglab maqolalar yozilgan. Bundan keyin ham yozilaveradi. Aytish mumkin boʻlsa, ular Navoiyni tushunish, toʻgʻri idrok etish yoʻlidagi urinishlar. Albatta, ushbu kitob va maqolalarning muayyan qismi Navoiyni tushunishga koʻmak beradi. Biroq biz Navoiy asarlarini, iloji boʻlsa, asliyatda oʻqishga oʻrganishimiz kerak. Lugʻat bilan, yordamchi izoh va sharhlar bilan boʻlsa-da, Navoiy qalamidan toʻkilgan soʻzlarni anglashga urinishimiz lozim. Mehnat qilishdan choʻchimasligimiz kerak. Maktablarda oʻquvchilarni shunga yoʻnaltirib tarbiyalash, taʼlim berish burchimizdir.
– Hozirgi maktab oʻquvchilariga “Alisher Navoiyning qaysi sheʼrlarini bilasiz?” deb savol bersangiz, deyarli barchasi “Kelmadi”, “Sanga” radifli gʻazallari va “Gʻurbatda gʻarib…” deb boshlanuvchi ruboiysini aytishadi, xolos. Buning sabablarini oʻzimcha anglaganday boʻlaman: necha yillardan beri u darslikdan bu darslikka bir xil gʻazallar va bir xil tahlillar koʻchib oʻtyapti; mumtoz adabiyot, xususan, Alisher Navoiy asarlarini taʼlim jarayonlarida oʻqitishda yaxshi tizim yaratilmayotgandek… Umuman, maktab darsliklaridagi mumtoz adabiyot, xususan, Navoiy ijodining yoritilishi qoniqarli darajadami?
– Bir paytlari professor Natan Mallayevning maktablar uchun yaratilgan darsliklarini bugun tez-tez eslaydigan boʻlib qoldik. Muayyan sistemaga ega boʻlgan bu darsliklarda materiallar bolaning yosh xususiyatlari bilan bogʻliq holda taqdim etilardi. Yuqori sinflar uchun adabiyot darslari ikki asosiy kitob – nazariy masalalar oʻz ifodasini topgan maxsus darslik hamda manbalar saralab jamlangan xrestomatiyaga asoslanib oʻtilardi. Oʻqituvchi uchun ham, oʻquvchi uchun ham ishlash oson kechardi. Bugungi adabiyot darsliklarini qoʻlga olganda, nafaqat oʻquvchi, balki oʻqituvchining ham hafsalasi pir boʻladigan oʻrinlar talaygina. Nega bu ahvolga tushib qoldik? Katta-katta olimlarimizning mehnati nega samara bermayapti? Nega maktabda, litseyda oʻqiyotgan oʻquvchining chetdan qoʻshimcha dars olishga ehtiyoji haddan ortiq kuchayib ketdi, bunday “taʼlim” uchun xususiy yoʻl bilan qoʻshimcha “darslik” va “qoʻllanmalar” chop etilyapti? Qoʻshimcha darslarning hammasi, u adabiyot boʻladimi, matematikami, buning farqi yoʻq, taʼlim-tarbiya bilan birga olib borilmaydi, kerak boʻlsa, koʻp fanlardan faqat yodlatish yoʻli bilan maqsadga erishiladi. Qarabsizki, shunday usulda oʻqib, oliy oʻquv yurtiga yuqori ball bilan kirgan talaba hamma narsani qaytadan boshlashi kerakligini tez orada tushunib yetadi. Nazarimda, qoʻshimcha darslarga ruju qoʻyib oʻqishga kirayotganlarda muayyan tizim yoʻq, ular koʻpincha fanlararo integratsiyani his qilmaydilar. Chunki ular fanni bilimli boʻlish uchun emas, faqat imtihondan oʻtish uchungina oʻzlashtiradilar.
Maktab darsliklarida Alisher Navoiy ijodining taqdim etilishida muayyan sistema yoʻq. Bolaning yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda oddiylikdan murakkablikka qarab borishdek eng muhim prinsip buzilgan. Qoʻpol boʻlsa ham aytish kerak, takrorlar, oʻrinsiz taqdim etilgan matnlar har bir sinf darsligida uchraydi. Bugun taʼlim-tarbiyani bogʻchadan maktabgacha, yaʼni tarbiya muassasalaridan boshlash muhim masala sifatida koʻtarilgan paytda, kerak boʻlsa, maktabgacha taʼlim muassasalari, umumtaʼlim maktablari va oliy taʼlim mutaxassislari birgalashib mumtoz adabiyot boʻyicha mavzularning uzviyligini taʼminlash boʻyicha dasturlarni birgalikda tuzib olishlari, ularning konsepsiyasini puxta ishlab chiqishlariga jiddiy ehtiyoj tugʻilgan. Shunda Alisher Navoiy ijodiga ham shu nuqtai nazardan maxsus murojaat qilish imkoniyati tugʻiladi.
Endi, siz aytgandek, Navoiyning faqat “Kelmadi”, “Sanga” radifli gʻazallari va “Gʻurbatda gʻarib…” deb boshlanuvchi ruboiysining ommalashib ketishiga kelsak, bu ayrim oʻqituvchilar “mehnati”ning samarasi. Aslida, bolalarimizning imkoniyatlari juda baland. Ayniqsa, yodlash qobiliyati. Yaqinda Surxondaryoning Sariosiyo tumanidagi 12-maktabda boʻldik. Navoiydan, boshqa mumtoz shoirlarning asarlaridan yuzdan ortiq sheʼr yod olgan oʻquvchilarni koʻrdik. Gʻazalxonlikdan musobaqa boshlandi. Ishtirokchilar orasida boshlangʻich sinf oʻquvchilari ham bor edi. Hatto shoirning katta-katta dostonlarini yod olganlar bor. Tumandagi boshqa maktablardan ham vakillar keldi. Hayratda qoldik… Bunday muvaffaqiyatlar ortida oʻz kasbini sevadigan, fidoyi oʻqituvchilar bor edi. Menimcha, oʻz kasbini sevish, halol mehnat qilish, bu ommaviy hayqiriqlarni bir chetga qoʻyib, koʻngilning tubiga choʻkib, vatanni sevish demakdir. Shu narsa aniqki, oʻquvchining nechta gʻazal yodlashi-yu, qaysi kitobni oʻqishi, eng avvalo, oʻqituvchiga bogʻliq. Yaxshi oʻqituvchi oʻquvchiga qanot beradi. Navoiydek buyuk insonlarni shunchaki emas, balki asarlari orqali, ibratli hayot yoʻlini anglatish orqali sevishga oʻrgatadi. Balki vatanni sevishga shu yoʻl bilan borilar…
– Shu oʻrinda bir voqea yodimga keldi. Talaba paytimiz, aniqrogʻi, oʻzbek tili va adabiyoti yoʻnalishining ikkinchi bosqichida tahsil olib yurgan chogʻlarimiz edi. Biz seminar darsi deb ataydigan, maʼruzalar oʻqib boʻlingach, oʻzlashtirilgan bilimlar alohida baholab boriladigan yakka tartibdagi dars mashgʻulotimizni mumtoz adabiyotdan unchalik uzoq boʻlmagan bir fan nomzodi olib borardi. Mavzu Navoiy “Xamsa”sidagi “Layli va Majnun” dostoni, uning mazmun-mohiyati haqida edi. Xullas, talabalarning fikridan unchalik qoniqmadi shekilli, ustozimizning oʻzi dostondagi oshiqlik, jununlik haqida soʻzlay ketdi: “Majnun shunday sevganki, uning koʻziga hech nima koʻrinmay qoladi, boshqa narsalarda ham u Laylining jamolini koʻrganday boʻladi. Mana, masalan, yigitlar qaysidir qizni sevib qolsa, hatto avtobusdagi chiptachi ham unga oʻz sevgilisi boʻlib koʻrinadi, chipta oling, desa, unga tikilib turaveradi. Sevgi shunday boʻladi”, degan mazmundagi gaplarni aytdi hamda ishqi ilohiyni oʻquvchilarga shunday sodda, zamonga moslab oʻrgatish kerak degan nuqtai nazarni boʻlajak til va adabiyot mutaxassislariga uqtirdi. Xoʻsh, aslida bu qanchalik toʻgʻri? Sizningcha, Navoiy nazdidagi ISHQni qanday tushunmoq va tushuntirmoq lozim?
– Fan nomzodi degan nomni koʻtarib yurgan bu oʻqituvchingiz Navoiyni juda joʻn tushuntiribdi, degan gapni faqat men emas, bu voqeani eshitgan har qanday odam aytishi mumkin. Albatta, sizlar uning sayoz gapirganini bilib turgansiz.
Navoiy asarlari mazmun-mohiyatini tashkil etgan ishqni mukammal tushunish uchun uning asarlarini toʻliq oʻqish kerak. Shoirning asarlari tizimli adabiy olam. Undagi bir masalani tushunish uchun ikkinchisiga murojaat qilish va uchinchisidan asosli sharh topish mumkin. Shoir bir dostonida: “Boʻlmasa ishq ikki jahon boʻlmasun, Ikki jahon demaki, jon boʻlmasin”, degan boʻlsa, boshqasida “Ey ishq gʻarib kimyosan…” degan fikrlarini beradi. “Mahbub ul-qulub”da ishqqa mukammal taʼrif berib, uning darajalarini koʻrsatadi. Bular Navoiyning boshdan-oyoq ishqning sirlariga koʻmilgan minglab gʻazallarini tushunishda bir ochqich vazifasini oʻtashi mumkin.
Navoiyning barcha asarlarini mukammal oʻzlashtirishni hammadan talab qilib boʻlmas, biroq shoir ijodi bilan shugʻullanayotgan, uning asarlari yuzasidan tadqiqotlar olib borayotgan xodimlar bunga amal qilishi kerak. Chunki toʻgʻri xulosaga kelish uchun Navoiy badiiy olamidan, uning dunyoqarashidan yaxshi xabardor boʻlish kerak, zero, tadqiqotlarning natijalari Navoiy asarlarini oʻqitish va anglatishga xizmat qilishi zarur.
– “Xamsa” dostoni Hazrat Navoiy ijodining yuksak choʻqqisi. Ushbu “panj ganj”ning butun ichki botiniy maʼno-mazmunini oʻquvchilarga ochib berish borasida, ayniqsa, istiqlol yillarida koʻzga koʻrinarli ishlar amalga oshirildi. Kutubxonalarda doim bir narsaga koʻzim tushadi: yoshlar (hatto til va adabiyot mutaxassisligi talabalari ham) “Xamsa”ning zamonaviy oʻzbek tiliga tabdil qilingan (deyish mumkin boʻlsa) yoxud nasriy holda bayon etilgan, faqat syujet tizimidan iborat talqinini oʻqishmoqda. Shu kitoblar vositasida Navoiy ularning koʻz oʻngida gavdalanmoqda. Bu xavotirli hol, deb oʻylayman. Negaki, bunday kitoblar yoshlarni Navoiydan uzoqlashtiradi, hazrat aytmoqchi boʻlgan maqsad-muddaolar yoʻqolib ketadi, oshiqlarning Yorni koʻrib, hushdan ayrilishlari kulgili, xayoliy holday koʻrinaveradi…
– Navoiy asarlarini, jumladan, “Xamsa”ni tushunish faqat bugun emas, hamma zamonlarda ham oson kechmagan. Buning koʻp sabablari bor. Jumladan, shoirning oʻzi ham “Xamsa”ning yaratilish sabablari haqida gapirganida, uncha-muncha odam unga yaqinlasha olmasligini bashorat qilgan edi. Albatta, shoirning ushbu fikrlari uning taqlidchilariga qaratilgan boʻlsa-da, “Xamsa” botinidagi mazmundan koʻpchilikning aqli shoshib qolishi haqidagi gaplari ham bejiz aytilgan emas. Demak, “Xamsa” yozilishidan oldinroq, uning tarhi tuzilayotgan paytidayoq mukammallik va teranlik maqsad qilib olingan. Bu Navoiy dahosining hosilasi. Shuning uchun oʻz zamonidayoq Navoiy asarlari lugʻati tuzila boshladi. Bilamiz, shoir asarlarining tili ancha murakkab. Chunki shoir “Xamsa”da turkiy tilning butun imkoniyatlarini, jumladan, soʻz oʻzlashtirish imkoniyatlarini ham koʻrsatgan edi. Qadimgi turkiy tildagi, kerak boʻlsa, shevalardagi soʻzlarning, arabiy, forsiy va boshqa tillardan ham oʻzlashgan soʻzlarning qoʻllanilishi turkiy tilning va, albatta, Navoiy imkoniyatlari ulkanligining namoyishi. Shu bois oʻsha davrdayoq lugʻatlar yaratilgan. Bugun ham ularni tushunishda qiynalayotganimizdan qoʻrqmasligimiz, lugʻatlar bilan ishlayotganimizdan uyalmasligimiz kerak. Biroq masalaning ikkinchi tomoni bor. Bu asarlar mazmun-mohiyatini toʻgʻri tushunish masalasi. U idrok etish bilan, tafakkur bilan bogʻliq jihat. Eʼtibor qilsak, Navoiydan keyin XX asr boshlarigacha boʻlgan vaqt mobaynida yaratilgan adabiy manbalar ichida shoir “Xamsa”sining nasriy bayonlari asosida maxsus asarlar, muallifi maʼlum yoki nomaʼlum boʻlgan alohida-alohida dostonlar, kitoblar vujudga keldi. XX asrda va bugun XXI asrda ham shoir asarlarini kitobxonlarga yaqinlashtirish uchun turli nashrlar amalga oshirilmoqda. Bir paytlari Sadriddin Ayniy boshlagan, kitobxonga “Xamsa”ni oson tushuntirishga moʻljallab yaratilgan nashr bugun ham dolzarbligini yoʻqotmagan. Akademik Gʻafur Gʻulomning “Xamsa” dostonlaridan biri – “Farhod va Shirin”ni tabdil qilishi kitobxonni Navoiyga yaqinlashtirish istagidagi harakatlar edi.
Bugun “Xamsa” dostonlarining baytma-bayt nasriylashtirilgan nashrlari, tabdillari hamda nasriy bayonlari kitobxonlarga yetib borgan. Siz aytmoqchi, bu nashrlar baʼzan kitobxonni Navoiydan uzoqlashtirib qoʻyishi ham mumkin.
Albatta, toʻgʻri bajarilmagan tabdil va nasriy bayonlar shunday xulosaga olib kelishi mumkindir. Ammo ustoz Ayniy va akademik Gʻafur Gʻulomdek ilmiy-badiiy tafakkur sohiblari bu ishga qoʻl urayotganda nimanidir oʻylagandir. Ruslarning “Igor jangnomasi” deb nomlangan kitobi bor. Oʻsha kitobning oʻnga yaqin yangicha tabdil, tarjima nashrlari mavjud. Bu sanoq men bilganlarim. Yana qancha nashrlari bordir. Aytmoqchimanki, muayyan asarni tushunish uchun bu kabi tajribalardan choʻchimaslik kerak. Axir asarni muzey uchun saqlab qoʻymaymiz-ku! Biroq har qanday ishda boʻlgani kabi bu oʻrinda ham muayyan prinsiplarga rioya qilishimiz, Navoiy dahosining hurmatini oʻz oʻrnida saqlashimiz kerak. Shunda har xil chalgʻituvchi fikrlarga yoʻl qoʻymaymiz.
Bugun faqat biz emas, balki butun dunyo Navoiydek daholarning asarlariga ehtiyojmand. Shunday ekan, Navoiyni oʻqishdan, uqishdan hech qachon charchamaylik.
– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat. Siz ham Navoiy asarlarini oʻqitishda, xalqqa yaqinlashtirishda xizmat qilishdan tolmang.
“Yoshlik”, 2018/2
https://saviya.uz/hayot/suhbat/navoiyni-anglash-vatanni-sevish-yolidagi-ulkan-qadam/