Navoiyni anglash – oʻzlikka qaytish

Ulugʻ bobokalonimiz Alisher Navoiyning nomi barchamiz uchun qadrli. Besh asrdan oshibdiki, buyuk mutafakkirning ijodi, yuksak gumanizm ruhi bilan yoʻgʻrilgan sheʼriyati, yuksak axloqiy fazilatlar targʻib etilgan dostonlari va nasriy asarlari millionlab muxlislarni oʻziga rom etib, ibratli hayot yoʻli tillarda doston boʻlib kelmoqda.

Uning asarlari toʻligʻicha jamiyat tarbiyasiga qaratilgan. U shaklan goʻzal, mazmunan teran va badiiy yuksak tarzda komil inson gʻoyasini kuyladi. Uning asarlarida oddiy fuqarodan podshohgacha, dehqon boʻladimi, talaba boʻladimi, hunarmandmi, savdogarmi, saroy amaldori yoxud shahzoda, sulton boʻladimi, bariga tegishli pand-nasihatlarni, hayotda oʻzini tutish, qanday axloqiy fazilatlarga ega boʻlish, millatga va davlatga xizmat qilishda qanday prinsiplarga suyanish masalalarida atroflicha yoʻl-yoʻriqlar berilgan. Yoshlar tarbiyasi, ayniqsa, bosh oʻrinda turadi. Yoshlarning jamiyatga, ota-onaga, ilm olishga, qadriyatlarga munosabatlari hamisha buyuk shoirimizning diqqat markazida boʻlgan. Bu oʻgitlar bugun ham dolzarb.

Yurtimiz mustaqilligidan soʻng Navoiy shaxsiyati, uning asarlariga boʻlgan ehtirom yanada yuksaldi. Alohida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov istiqlolimizning ilk yilini “Alisher Navoiy yili” deb eʼlon qildilar, poytaxtimizda qad rostlagan Milliy bogʻ Navoiy nomi bilan ataldi. Shunisi eʼtiborliki, Birinchi Prezidentimiz umrining soʻnggi oylarida Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etib, unga Alisher Navoiy nomini berdi. Bu yana bir karra Buyuk Yoʻlboshchimiz qalbida Alisher Navoiyga boʻlgan farzandlik muhabbati kuchli boʻlganidan, ul zotning xalqimiz maʼnaviy hayotida tutgan bemisl ahamiyatini yuksak qadrlaganidan darak beradi. Navoiyning ulugʻ shoirligi, buyuk reformator ekani, insoniyat tarixidagi eng faol va ayni paytda, kurrai zaminning juda katta qismini vatan tutgan turkiy tilli xalqlarning madaniyati va maʼnaviyati rivojiga beqiyos taʼsir koʻrsatgan millatparvar valiulloh zotlardan biri ekanini bugun butun dunyo tan olmoqda. Buning bir necha sabablari bor.

Avvalo, Alisher Navoiy Sharq Renessansining yirik namoyandasi sifatida jahon sivilizatsiyasi tarixida alohida oʻrin tutadigan yorqin shaxs. U oʻzining gumanistik gʻoyalari, badiiy-falsafiy qarashlari, oʻlmas sheʼriy asarlari bilan insoniyat tafakkuri rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk shoir va mutafakkirdir. Uning adabiy merosi nihoyatda ulkan va boy. Yetti yirik devon va besh dostondan iborat “Xamsa”ning oʻziyoq uning dahosi nechogʻli yuksak ekanligini koʻrsatib turadi. Uning qalamiga mansub doston va qasidalar, ilmiy va didaktik asarlar asrlar osha bugungi kunlarda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmasdan kelmoqda. Sharq adabiyotining deyarli toʻliq 20 janrida ijod etgan bunday shoir jahon adabiyotida sanoqli desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Insonni har tomonlama yetuk, barkamol va bagʻrikeng, yurtni tinch va obod, raiyatning tinchligi va farovonligini taʼminlash, turli xalqlarni oʻzaro doʻstlik va hamjihatlikka, ezgu maqsadlar yoʻlida hamkorlikka chaqirish – mutafakkir ijodining asosiy leytmotivini tashkil etadi. Uning asarlari, ayniqsa, “Xamsa” epopeyasi badiiy-falsafiy jihatdan oʻta taʼsirchanligi, betakror sheʼriy sanʼatlarni oʻzida aks ettirgani uchun ham jahon adabiyotining noyob obidalaridan biriga aylandi.

Ikkinchidan, Navoiy turkiy xalqlarning barchasi uchun yagona boʻlgan turkiy adabiy til asoslarini, uning adabiy janrlari, poetikasi qonuniyatlarini bir sistemaga keltirib, mukammal adabiy til namunasini yaratib bergan, soʻz sanʼatini yuksaklikka olib chiqib, dunyoga lugʻat koʻlami bilan ham, rang-barangligi bilan ham, turkiy va oʻzlashma soʻzlarning boyligi bilan ham bebaho boʻlgan goʻzal turkiy adabiyotni taqdim etgan buyuk shoir va mutafakkir, ulkan olim va reformatordir. Shu maʼnoda Navoiyning:

Agar bir qavm, gar yuz, yoʻqsa mingdur,

Muayyan turk ulusi meningdur.

Olibmen tahti farmonimga oson,

Cherik tortmay Xitodin to Xuroson.

Xuroson demakim, Sherozu Tabriz,

Ki qilmishdur nayi kilkim shakarrez.

Koʻngil bermish soʻzimga turk, jon ham,

Ne yolgʻuz turk, balkim turkmon ham –

degan eʼtirofi mubolagʻadan mutlaqo xolidir. Buning isbotini uning zamondoshi Davlatshoh Samarqandiyning quyidagi eʼtirofida ham koʻrish mumkin: “Ulugʻ amirning turkiy devonlari hukmdorlar hamda aslzodalarning yigʻinlariga bezakdir… Uning dovrugʻi turkiy ellardan Hijozgacha tarqaldi, dabdabasi Nishopurdan Isfahongacha yetdi. Ajam xalqlari bu sadoni qulogʻiga sirgʻa qildi, dunyoning barcha burchaklari bu daryo gavhari ila toʻlib-toshdi”.

Uchinchidan, u faqat turkiy til rivojiga hissa qoʻshibgina qolmay, forsiy adabiyotning XV asrga kelib unutilayozgan koʻplab sheʼriy, nasriy adabiy tur, janr va shakllarni qayta isteʼmolga kiritishga harakat qildi. Bu uning Abdurahmon Jomiyni turli janrlarda ijod etishga undagani, koʻplab forsigoʻy shoirlarni qoʻllab-quvvatlab, ragʻbatlantirib turganidan yaxshi maʼlum. Uning fors sheʼriyati anʼanalarini tiklashga boʻlgan ragʻbatini Abdurahmon Jomiy shunday eʼtirof etgan:

Zi charx ofarinho bar on kilk bod!

Ki in naqshi matbuʼ az on kilkzod.

Bebaxshid bar forsiy gavhar on,

Ba nazmi dariy durri nazm ovaron.

(Maʼnosi: Shunday ajoyib naqsh tushirgan ul qalamga falakdan ofarinlar yogʻilsin! Forsiyga gavhar, dariy nazmiga nuktadonlar durini inʼom etdi.)

Toʻrtinchidan, u butun umri davomida turkiy xalqlar sivilizatsiyasi, uning eroniy xalqlar sivilizatsiyasidan hech qolishmaydigan zalvorli yutuqlari, yuksak madaniyati va maʼnaviyati borligini dunyoga maʼlum qilish va milliy gʻururni tiklash, milliy oʻzlikni anglash, Sharq mamlakatlarida Chingizxon va uning sulolasining varvarlik siyosati oqibatida turkiy xalqlarga nisbatan past nazar bilan qarash tendensiyasiga qarshi ilmiy, diniy-falsafiy va adabiy asarlari bilan kurashgan turkiy xalqlarning tarixiy buyuk vatanparvar va millatparvar bahodir oʻgʻloni edi.

Hazratning har bir asarida uning oʻz millatiga buyuk muhabbati va faxr tuygʻusi barq urib turadi. Shuning uchun ham butun turk dunyosida uning asarlari bugungi kungacha sevib oʻqiladi va uning MILLATni tarbiyalash, dunyoda uni yuksak maʼnaviyatli va madaniyatli xalq sifatida tan oldirishdagi xizmatlari alohida ehtirom bilan yodga olinadi. Shoir asarlari koʻplab tillarga tarjima qilinmoqda. Bugun butun jahon Navoiyni qaytadan kashf etmoqda. Navoiy garchi Hirotda tugʻilgan boʻlsa-da, uning asl vatani Oʻzbekistondir. Uning ota-bobolari temuriylar xonadoniga yaqin insonlar boʻlgan va muayyan shahzodalarni tarbiyalash uchun masʼul etib tayinlanganlar. Shu sababli temuriylar sulolasi anʼanalariga koʻra oʻzlari voyaga yetkazgan shahzodalar va ularning avlodlari qayerda hukmronlik qilsalar, oʻsha yerga koʻchib borishlariga toʻgʻri kelgan. Bu tarixiy haqiqatni dunyo oʻzbekshunoslari tan oladilar va Navoiyni oʻzbek millatiga mansub deb biladilar. Dunyoning turli burchaklarida oʻtkazib kelinayotgan Oʻzbekiston kunlarida Alisher Navoiy ijodiga bagʻishlangan ilmiy-maʼrifiy kecha va anjumanlarning tashkil etilayotgani, Uzoq Sharq va Yevropa mamlakatlari, Amerika Qoʻshma Shtatlarida Navoiyni oʻrganish markazlari tuzilayotgani shundan dalolat beradi va bizga cheksiz faxr bagʻishlaydi.

Hazrat Navoiy oʻzining hayotini xalqimiz ilm-fani va sanʼatini rivojlantirishga, mamlakat ravnaqi, xalq va millatning tinch-totuv yashashi hamda davlat qudratini mustahkamlashga bagʻishladi. Sulton Husayn Boyqaro ul zotni “mamlakat ustuni, davlat tayanchi” deb bejiz nomlamagan. Hazrat Navoiy davlat xizmatini mansab va obroʻ uchun emas, balki ilm-fanni rivojlantirish, millat qadriyatlarini tiklash va umumbashariy qadriyatlarni singdirishdek ulkan vazifani amalga oshirish uchun bir imkoniyat va vosita deb bildi. Alisher Navoiy tomonidan taʼsis etilgan oliy taʼlim muassasalari – madrasalar, xattotlik, tarixnavislik, sheʼrshunoslik, dinshunoslik, sanʼat va musiqa maktablari dovrugʻi oʻz davridayoq yetti iqlimga mashhur boʻlgan edi.

Beshinchidan, Navoiy Xudo yarlaqagan zot. Unga Olloh taolo beqiyos iqtidor inʼom etgani va insoniyat tarbiyasi bilan shugʻullanish kabi ilohiy missiyani qismat etib belgilagani uning yoshligida mashhur tarixchi olim va donishmand zohid Sharafiddin Ali Yazdiy, Mavlono Lutfiy, keyinchalik Abdurahmon Jomiy, Sayyid Hasan Ardasher, Xoja Ahror Vali qatorida koʻplab zamona ulugʻlari va mashoyixu avliyoullohlarning unga bergan baholaridan seziladi. Sulton Abulqosim Bobur, Sulton Husayn Boyqaro kabi donishmand temuriy sultonlarning unga mehr bilan qaraganliklari, ehtirom koʻrsatganliklarida ham chuqur hikmat bor. Hatto uning oʻzi:

Ulugʻ komlardin edim baxtiyor

Ki yoʻq erdi anda manga ixtiyor.

Ne tong boʻlsa koʻpdin-koʻp ar qaygʻuliq,

Tamaʼ boʻlsa kimga ulugʻdin ulugʻ.

Va lekin ne gʻam, tengri aylab karam,

Ulugʻ muddao bersa, maqsud ham! –

deya zimmasidagi vazifalarni ilohiy topshiriq deb eʼtirof etgan.

Darhaqiqat, Navoiyning asarlari faqat bir qavm yoki xalq uchun yozilmagan. U oʻrtaga tashlagan gʻoyalar, muammolar – barchasi umumbashariy ahamiyatga ega. Ulugʻ mutafakkir hamisha oʻzini global muammolarga daxldor deb bildi, komil inson tarbiyasi va umuminsoniy qadriyatlarni ulugʻlash va targʻib etishni oʻzining bosh vazifasi deb hisobladi.

Alisher Navoiyning “Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanligʻ, Yor oʻlung bir-biringizgakim, erur yorligʻ – ish!” degan xitobi bugun ham butun insoniyatga, xalqaro hamjamiyatga ogohlikka daʼvatdek yangramaydimi? Asrlar qaʼridan kelajakka yuzlanib, turli-tuman xatarlar va tahdidlarni oldindan koʻra olgan, insoniyatni toʻgʻri yoʻlga solishga intilgan bu buyuk mutafakkirning asarlarini oʻqisangiz, bugungi murakkab muammolar yechimiga yoʻl topgandek boʻlasiz. Navoiy har bir urush keltirib chiqaradigan holat faqat muzokara va tinchlik yoʻli bilan hal etilmogʻi kerakligi haqida aytgan quyidagi sheʼriy nasihatga quloq tutaylik:

Xusho, iki ozodai nomurod

Ki, bir-birga zohir qilib ittihod.

Ne ul aylasa bu madoro qilib,

Anga ham bu rifq oshkora qilib.

Aning komi bu birga maqsud oʻlub,

Munung raddi ul birga mardud oʻlub…

Kerak ul nasihat dogʻi narmroʻy

Ki, to mustamiʼ boʻlmagʻay tundxoʻy.

Ki tund oʻlsa koʻp vahshat imkoni bor

Ki nosihga ham bim nuqsoni bor.

Nizo ichra mundoq marotibni bil,

Qila olmogʻing chun yaqin boʻldi, qil!

(Maʼnosi: Qanday yaxshi ikki tomon ham, bir-biri bilan ittifoq tuzsa. Biri murosa qilsayu, ikkinchisi doʻstlik oʻrnatishga xohish bildirsa. Bir-biriga tushuntirishda muloyim boʻlishsa toki ikkinchi tomonni gʻazablantiradigan gap boʻlmasa. oʻazablantirishning oqibati yomon boʻladi, nasihat qiluvchiga ham zarari tegadi.)

Navoiy gʻoyalari umumiy maxrajga keltirilsa, undan insoniyat taqdiri va taraqqiyotini hal qiluvchi uchta prinsipial asos kelib chiqadi. Ular ezgulik, mehr (ishq) va bagʻrikenglikdir. Ularni roʻyobga chiqarish masʼuliyati barkamol shaxsga yuklanadi.

Navoiyning barkamol shaxs haqidagi qarashlari uning barcha asarlarida oʻz ifodasini topgan. Lekin ushbu maʼnoda “Mahbub ul-qulub” alohida ajralib turadi. Asar faqat shoir yashagan davr uchun emas, balki insoniyat taraqqiyotining barcha bosqichlarida yuksak insoniy va maʼnaviy fazilatlar kodeksi vazifasini bajarib kelayotgan benazir bitikdir. Unda barkamollikning 10 sharti tadrijiy va mantiqiy ketma-ketlikda ochib beriladi. Shartlarning nomlanishida Sharq mutafakkirlariga xos tasavvufiy istilohlardan foydalanilgan. Biroq ularning mazmun-mohiyatiga qaralsa, davr va zamonlar osha oʻzgarmas, inson uchun hamisha aktual boʻlib qolaveradigan, bugungi sharoitda esa, har qachongidan koʻra dolzarb boʻlgan oʻgitlar majmuasini koʻrish mumkin. Masalan, zuhd – tasavvufda tarkidunyochilik, uzlatga chekinishni anglatadi. Navoiy talqinida esa, u mutlaqo boshqacha, aytish mumkinki, ijtimoiy mohiyat kasb etadi, yaʼni zuhd – boʻlar-boʻlmas orzulardan voz kechmoq, molu mansab ketidan quvmaslik, nomahram yuzdan koʻzni asrashlik va yomon soʻzlardan tilni tiymoqdir. Kimki bu maqomga erishsa, uning koʻnglida shunday nur paydo boʻladiki, u abadiy xurramlikni taʼminlaydi.

Mutafakkir asarlarida adolat va insof, sabr va qanoat, ezgulik va saxovat, mehr va muruvvat qanchalik ulugʻlansa, kibr va havo, taʼma va manmanlik bilan bogʻliq illatlar shu darajada qoralanadi. Nafsoniy lazzatlarga berilish, hayot mazmunini faqat shaxsiy manfaatlarni qondirishdan iborat deb bilish insonni tubanlashtiradi. Ilm oʻrganish – kamolot sari intilishning asosiy vositasidir. Ilm orqali inson borliqning mazmuni, hayotning mohiyati va umuminsoniy qadriyatlarning azaliyligi haqida mulohaza yuritadi, ularni tajribadan oʻtkazish orqali haqiqatni idrok etadi. Nafsoniy illatlar iskanjasidan qutuladi, zimmasidagi bosh vazifa – moddiy olam uchun masʼullik, tabiat va jamiyatni taraqqiy ettirish burchini tushunib yetadi. Ushbu masʼuliyat va vazifa insonni yer yuzida kechayotgan barcha siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa jarayonlar, insoniyat taqdiriga xavf tugʻdiruvchi omillarga loqayd boʻlmaslik, ezgulik hukmronligiga erishuv uchun kurashga chorlaydi. “Ezgulik eng ulugʻ ishdir, – deydi Navoiy. – Butun dunyo xalqlari oldida isbotlangan haqiqat shuki, ezgulikning mukofoti ezgulikdir. Ezgulikni oʻzingga shior qil va uni abadiy baxtning garovi deb bil. Odamgarchilikning eng qimmat gavhari ezgulikdir”.

Uning bagʻrikenglik haqidagi qarashlari ham oʻziga xosdir. “Hayrat ul-abror” asarida koʻngil – ruhning hayrati ifodasi orqali oʻzining din haqidagi falsafiy qarashlarini moʻjaz tarzda bayon etgan. Navoiy fikricha, dinlar turlicha boʻlishiga qaramay, ularning asosida yagona Parvardigorga sigʻinish yotadi. Shuning uchun ham har qanday dinni qoralash, murosasiz boʻlish notoʻgʻridir. Shu fikr “Lison ut-tayr” asarida ham tasdiqlanadi:

Qolmasa olam matoidin jihot,

Oʻzga navʼ oʻlgʻay sanga ul dam sifot.

Kufr ila imongʻa urgʻaysan ilik,

Bu tamaʼdin ochilgʻay bir eshik.

Chun eshik ochildi ne kufru ne din,

Ichkari kirgach, qutulding barchadin.

Kufru imon rohravgʻa kesh emas,

Asl yoʻlda bandi rohe, besh emas.

(Maʼnosi: Inson ijtimoiy illatlardan xalos boʻlsa, yaʼni yuksak maʼnaviy fazilatlarni egallasa, dunyoga boshqacha nazar tashlay boshlaydi. Kufr va imon mohiyati haqida tafakkur qila boshlasa, bu harakatdan bir haqiqat oydin boʻladi. Barcha mavjud diniy va eʼtiqodiy farqlar, kelishmovchiliklar, diniy ixtiloflar arzimas narsalar ekanligini tushunadi. Turli dinlar oʻrtasida murosasizlikni avj oldirish Olloh haqiqatini bilish, yaʼni dinning tub mohiyatini anglash yoʻlida toʻsiqdan boshqa hech narsa emasligini anglaydi.)

“Mahbub ul-qulub”da “Tangri rizosiga erishgan kishi xitoy yoki islomiy suvratni koʻrsa, ularning har ikkalasini ham Tangri sanʼati mahsuli deb biladi, Kalomullohni madh eta turib, Firʼavnni yerga urmagay, Ibrohim paygʻambar bilan malʼun Namrudni bir-biriga muxolif koʻrmagay”, deya taʼkidlaydi.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, shoir hamisha xalq manfaatini koʻzlab ish tutgan, xalqning ogʻirini yengillashtirish, uning dardiga malham boʻlishni oʻzining muqaddas vazifasi deb bilgan. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev 2017 yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb eʼlon qilar ekanlar, Navoiyning quyidagi:

Odamiy ersang, demagil odami

Onikim, yoʻq xalq gʻamidin gʻami –

misralarini keltirganlari bejiz emas. Ushbu satrlar davrimizning shioriga, har bir vatandoshimizning faoliyat mezoniga aylanmogʻi lozim. Muhtaram Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, “xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, shundagina xalq davlatga ishonadi. Ishonch boʻlsa, xalq jipslashadi. Xalq jipslashsa, biz oʻz maqsadlarimizni qoʻrqmay amalga oshiramiz. Maqsadlarimiz amalga oshsa, xalqimiz boy, baxtli va farovon hayot kechiradi. Darhaqiqat, ahillik va gʻamxoʻrlik xalqimizni saodatga eltuvchi eng yorugʻ yoʻldir. Bu borada buyuk mutafakkir bobomizning nasihati bor:

Kim bu chaman ichra xiromon erur

Borchasi bir-biriga mehmon erur.

Har kishikim bor esa, yore anga,

Har kishikim yor esa, bore anga.

Alisher Navoiy: “Bu zaminda yashayotgan barcha odamlar bir-biriga mehmondir, – deydi. – Hamma bir-biriga doʻst boʻlishi lozim. Kimki doʻstlikni qadrlasa, barcha niyatlariga yetadi”.

 

Shuhrat SIROJIDDINOV,

filologiya fanlari doktori,

professor

 

“OʻzAS”dan olindi

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/navoiyni-anglash-ozlikka-qaytish/

1 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x