Inson deb atalmish xilqat makoni — Yer sayyorasini qamrab olgan globallashuv va axborot maydonining raqamlashuvi jarayonlari, ular ortidan “olomon madaniyat”ning yoyiluvi millatlarning xos xususiyatlarini tobora yemirmoqda. Xalqning oʻzligini belgilash(identifikatsiyasi)da ming yillar davomida sinov va tajribadan oʻtgan milliy qadriyatlar, ajdodlardan qolgan oʻlmas meros bu tahdidlarga qarshi asosiy himoya toʻsigʻiga aylanayotir. Teran ildizlaridan oziqlanmaydigan, oʻzga qadriyatlar domiga tushgan har qanday millat kelajagi xavf ostida qolishi aniq.Shu jihatdan, oʻzbek xalqining mingyilliklar bilan boʻylashadigan yozma yodgorliklari, ayniqsa, ular orasida bemisl shaxs — hazrat Alisher Navoiyning biz avlodlarga qoldirgan boqiy merosi millat maʼnaviyatini oʻzlikka qaytaradigan, maʼnaviy ozuqa berib turadigan oʻq tomirdir.
Buning uchun boy merosimizga, xususan Navoiy asarlariga tez-tez murojat etish, hozirga qadar qoʻlga kiritilgan natijalarni umumlashtirish maqsadida jiddiy ilmiy izlanishlarga ehtiyoj yuzaga kelmoqda. Yangi, uchinchi mingyillik navoiyshunosligi vazifalarini belgilab olish uchun ham bunday tadqiqotlar juda zarur. Alisherning doʻsti va maslakdoshi sulton Husayn Bayqaroning ilmiy-adabiy kuzatuvlari asosida yuzaga kelgan oʻzbek navoiyshunosligi XX yuzyillik soʻngiga qadar besh asrlik taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi. Navoiy asarlarining dastlabki oʻquvchilaridan biri sifatida Abdurahmon Jomiy xizmatlarini eʼtirof etgan holda, Husayn Boyqaroning ilk navoiyshunos va sohaga tamal toshi qoʻygan yorqin izlanuvchi ekanini belgilab qoʻyish zarur. U yoshlik kezlaridayoq kichik Alisher asarlari haqida birinchi boʻlib oʻz qarashlarini aytgani, adabiy maslahatlarini bergani tarixdan ayon. Muhimi, Navoiy asarlari toʻgʻrisida barcha zamonlar uchun birdek qadrli xolis fikrlarni aytib qoldirgan.
Husayn Boyqarodan boshlangan oʻzbek navoiyshunosligining birinchi bosqichida asosiy eʼtibor Navoiy asarlari qoʻlyozmalarining koʻchirilishi va butun Sharqqa yoyilishiga qaratildi. Bu bosqichda Navoiyni tushunishga bagʻishlangan oʻndan ortiq lugʻat va grammatikalar yaratildi. XX yuzyillikning boshlarida navoiyshunoslikning bosh vazifasi sifatida ulugʻ shoir asarlari va gʻoyalarining targʻiboti maydonga chiqdi. Mazkur bosqichda Navoiy asarlari va gʻoyalari kirib bormagan oʻzbek xonadoni deyarli qolmadi, Navoiy oʻzbek xalqining Samarqand, Buxoro shaharlari singari umumjahon eʼtirof etguvchi milliy brendiga aylandi.
Hozir oʻzbek navoiyshunosligining uchinchi mingyillik boʻsagʻasidagi yangi davri boshlanmoqda. Ayniqsa, mamlakatimizda yaqinda “Oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda oʻrganish va targʻib qilishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro konferensiyaning boʻlib oʻtgani bu borada amalga oshiriladigan tadqiqotlar koʻlamining kengayishida ayni muddaodir. XXI yuzyillik, umuman, uchinchi mingyillik navoiyshunosligi bundan buyon qaysi yoʻldan ketadi? U keyingi taraqqiyotida Navoiy asarlarini qaysi mezonlar asosida oʻrganadi? Raqamli dunyo sohiblari sanalmish bugunning yoshlariga Navoiy asarlarining qay jihatlari muhim? Ularda hazrat asarlariga qay tarzda muhabbat uygʻotish mumkin? Ana shu masalalar bugungi oʻzbek navoiyshunoslari oldida turibdi.
Bizningcha, yangi davr oʻzbek navoiyshunosligi quyidagilarga alohida eʼtibor qaratmogʻi lozim.
Navoiyning hayot yoʻli, ijodiy faoliyati boʻyicha shu choqqacha yaratilgan tadqiqotlarni mutlaqo kamsitmagan holda, shoirning ilmiy biografiyasini qaytadan yozish kerak. Bunda Navoiyning oʻz asarlaridagi maʼlumotlar bilan birga alloma tirikligidayoq u haqda yozila boshlagan turkiy va forsiy tildagi asarlardan tortib hozirgacha yaratilgan barcha ilmiy tadqiqotlarni qamrab olmoq zarur. Biografiyada oʻsha davr ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, diniy, maʼnaviy muhitini hisobga olgan holda, oʻsha davr temuriylar saltanatining boshkentlari — Hirot va Samarqandning Sharq ilmiy, madaniy hayotidagi hamda Navoiy fenomenini shakllantirishdagi oʻrni ham koʻrsatib berilmogʻi lozim. Navoiyning hayot yoʻli bashariyat uchun katta ibrat maktabidir.
Navoiy asarlarini matnshunoslik va manbashunoslik nuqtai nazaridan keng koʻlamda oʻrganish va ularning mukammal ilmiy nashrlarini tayyorlash kerak. Bu oʻrinda biz dunyoning yetakchi sharqshunoslik markazlarida shakllangan ilmiy mezonlarga amal qilgan holda, Navoiy asarlarining ilmiy transkripsion nashrlarini tayyorlashni koʻzda tutamiz. Shuningdek, Navoiy asarlari boʻyicha elektron lugʻatlar hamda hazrat qalamiga mansub barcha yozma asarlarning elektron korpusini yaratmoq lozim. Navoiy asarlarining dunyo fondlarida saqlanayotgan qoʻlyozma va toshbosmalari faksimilini ham internet tarmogʻiga joylashtirish bugunning talabi.
Yangi davr navoiyshunoslari avlodini tarbiyalash ham kechiktirib boʻlmas vazifalardan biridir. Zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan, vositalaridan samarali foydalanib, oliy oʻquv yurtlarida Navoiy ijodi chuqur oʻrgatilmogʻi, oʻquv rejalarida navoiyshunoslik, ulugʻ mutafakkir yozma merosi bilan bogʻliq darslar kompleksi oʻrin olmogʻi kerak. Soha vakillarining jamiyatdagi mavqei(imiji)ni koʻtarish ham shu siradagi vazifalardan hisoblanadi. Bugunning yoshlari pragmatik avlod sifatida koʻproq iqtisodiy jihatga eʼtibor qaratmoqda. Agar soha vakillarining ijtimoiy-iqtisodiy mavqei oshirilsa, iqtidorli oʻgʻil, qizlarda sohaga qiziqish oʻygʻonadi hamda navoiyshunoslarning yangi avlodi yetishadi.
Global internet tarmogʻida yangi davr — oʻzbek navoiyshunosligi portalini ochish taqozo etiladi. Bu portalga Navoiy asarlariga bagʻishlangan ilmiy ishlar va maqolalarning toʻliq elektron variantlarini joylashtirib borish kerak. Bunda oʻquvchilar bilan bogʻlanish uchun chat ochish ham foydadan holi emas. Toki kitobxonda Navoiy asarlaridan tushunmagan har bir bayt boʻyicha oʻz soʻrogʻini yoʻllash va unga javob olish imkoniyati boʻlsin. Portalda navoiyshunoslikning turli masalalari tahliliga qaratilgan bir necha blogerlar faoliyatini ham yoʻlga qoʻymoq kerak. Hatto bu joydan Navoiyning oʻlmas baytlari asosida tayyorlangan, yoshlarni biror maqsadga yoʻllovchi, biror-bir ishga chogʻlantiruvchi suratli matn(demotivator)lar ham oʻrin olgan boʻlsin. Yoshlar bir-birlari bilan virtual olamda muloqot qilganda, matnli xabarlarni yoʻllaganda yoki ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari oʻz sahifasida mavqei(statusi)ni koʻrsatganda ana shu suratli matn(demotivator)lardan foydalansin. Bu borada, ayniqsa, Turkiyada mavlono Jaloliddin Rumiy asarlari boʻyicha yaratilgan demotivatorlar tajribasini oʻrganish qoʻl keladi. Yangi davr oʻzbek navoiyshunosligi portalining turli ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda ham kanallari ishga tushirilsa, yoshlarning oʻz “qurol”laridan Navoiy asarlarini oʻrgatish yoʻlida foydalangan boʻlar edik.
Navoiyning har bir misrasi, bayti mingyilliklar qaʼridan otilib chiqqan hikmatlar bilan yoʻgʻrilgan. Ushbu misralar oʻz zamonida qanchalik xizmat qilgan boʻlsa, bugun ham zamondoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun shunchalik ahamiyatli. Binobarin, shoirning bagʻrikenglik, mehr-oqibat, ogohlik, elsevarlik, xalqlar doʻstligi singari gʻoyalar singdirilgan baytlari aks etgan mafkuraviy bannerlar, tabrik-bitig(otkritka)lar, pochta markalari, esdalik sovgʻalari ishlab chiqarilmogʻi zarur. Bir misol: Sharq mamlakatlarida ajdodlar merosini yoyishga qaratilgan ajoyib, ulgu olsa arzirli targʻibot usullari bor. Chunonchi, Xitoy oshxonalarida yemak uchun tayyorlanadigan stollarning usti oynavand qilib yasalgan. Ana shu oynaning osti kitob javoniga mengzab chizilgan. Unda xitoyliklarning mingyilliklardan kelayotgan hikmatli soʻzlari, ulugʻ ijodkorlarning oʻlmas satrlari xitoycha iroglif bilan sanʼat darajasida, husnixatda bitib qoʻyilgan. Har bir xoʻranda yemak buyurtma qilgandan soʻng taom keltirilgunga qadar istasa-istamasa koʻzi oʻsha bitiglarga tushadi va hech boʻlmaganda bir kalimani eslab qoladi. Yana bir misol. Yaponiyada koʻp ishlatiladigan jihozlar — ruchka, piyola, kiyim-kechak, yelpigʻich, bosh kiyimlarga ham qadimgi bitiglardan oʻrnaklar yozilgan. Bu ham jamiyatni oʻz ildizlariga bogʻlashning oqilona bir vositasi. Tasavvur qiling, hazratning “Nafʼing agar xalqqa beshakdurur. Bilki, bu nafʼ oʻzungga koʻprakdurur”; “Oʻz vujudingga tafakkur aylagil, Har ne istarsen, oʻzungdin istagil”; “Yigitlikda yigʻ ilmning maxzanin, Qarilik chogʻi sarf qilgʻil ani” singari mangu baytlari tushirilgan buyumlar inglizcha tarjimalari bilan berilsa, qanday soz ish boʻlar edi! Qolaversa, yurtimizni manzil tutgan sayyohlar uchun munosib sovgʻa hamdir.
Alisher Navoiy oʻz asarlarini yozishda oziqlangan yozma yodgorliklar, ulugʻ mutafakkir ijodiy merosining manbalari — tadqiq etilmagan mavzular sirasidandir. Navoiy merosiga qadimgi turkiy adabiyot, qoraxoniylar davri soʻz sanʼatining taʼsiri hali oʻrganilgan emas. Navoiyning epik tafakkuri va turkiy xalqlar eposini tipologik tadqiq etish ham muhim masala. Navoiyning adabiy, falsafiy, tilshunoslik, adabiyotshunoslik, tarixiy, diniy mazmundagi asarlarini soha bilgichlari — tarixchi, ilohiyotchi, tilchi, adabiyotchi, faylasuflar bilan hamkorlikda tahlil etish yaxshi natijalar beradi.
Navoiy asarlari yangi mezondagi leksikografik tadqiqotlarga muhtoj. Ulugʻ shoir ijodida asrlar davomida xalqning nutq amaliyotida sinovdan oʻtgan va soʻzlashuvda muqim oʻrnashgan minglab sof oʻzbekcha leksik birliklar borki, ularni bugungi oʻzbek tili muloqot amaliyotida qoʻllash va izohli lugʻatlarga kiritish vaqti keldi.
Alisher Navoiy va uning asarlarini oʻrganish asosiy yoʻnalish qilib belgilangan alohida ilmiy-tekshirish muassasasi — institut yoki markaz tuzish vaqti keldi. Keyingi oʻnyilliklarda dunyo miqyosida Navoiy ijodi keng koʻlamda oʻrganilmoqda. Chunonchi, burungi yil Afgʻonistonda Navoiy asarlarining koʻpjildligi chop etildi. Yoki Turkiyada yirik adabiyotshunos Kamol Eraslan Navoiy asarlarining katta qismini qaytadan nashr ettirdi. Institut yoki markaz dunyo bilim kishilarining Navoiy boʻyicha yaratayotgan tadqiqotlarini muvofiqlashtirib, yoʻllab turadi. Bu muassasaning oʻz ilmiy nashri ham boʻlishi kerak. Shunda uning olib borayotgan ishlari natijasi jamoatchilikka yetib boradi.
Umuman, jamiyatda kechayotgan tub oʻzgarishlar, maʼnaviy tiklanishlar davrida Alisher Navoiy ijodini, ajdodlarimiz merosini yangicha ilmiy qarashlar, yondashuvlar asosida tahlil va targʻib etish yangi davr oʻzbek navoiyshunosligining bosh vazifasidir.
Abdurahim MANNONOV, filologiya fanlari doktori, professor,
Qudrat OMONOV, filologiya fanlari doktori
https://saviya.uz/hayot/nigoh/navoiy-va-uchinchi-mingyillik-milliy-ozlikning-tiniq-bulogi/