Adabiyotshunos Valijon Qodirov gʻazal poetikasiga bagʻishlangan nomzodlik dissertatsiyasida Sharq mumtoz sheʼriyati poetikasining barcha qirralari (vazn, qofiya, obrazlar tizimi va ular oʻrtasidagi munosabatlar, obrazlarning tavsifi va tasviri) qatʼiy qoliplarga solinganligi, ana shu qoliplar doirasida qilingan yangilik, kashfiyotlar muallifning oʻziga xosligi, mahorat darajasini belgilab berishini qayd etgan edi.[1] Sharq dunyosida, xususan, oʻzbek adabiyotida juda koʻplab shoirlar qalam tebratib oʻtganlar. Lekin ular ichida sanoqli shoirlar mumtoz (saralangan)lar maqomida eʼtirof etiladilar. Chunki zikr etilgan qoliplar doirasida qayta-qayta ishlangan, qayta-qayta murojaat qilingan va koʻplab kashfiyotlarga muvaffaq boʻlingan badiiy voqeliklar orqali koʻrsatish hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Haqiqatan ham bu davra ichra kirmoq oson emas. Navoiyning sheʼriyatdagi dahosi ham lirik asarlarida mavjud anʼanalarni davom ettirgan holda turkiy xalqlarning yashash tarzi, eʼtiqodi, dunyoqarashidan kelib chiqib bu adabiy turdagi ifodalar, badiiy detal hamda tasvir yoʻsinini yangilashga erishganida nomoyon boʻladi. Fikrimizni birgina detal – qosh bilan bogʻliq tasvir va ifodalarning berilishidagi ayrim chizgilarni keltirish bilan dalillashga harakat qilamiz.
Maʼlumki, Sharq sheʼriyatida, Sharq adabiyoti anʼanalaridan taʼsirlangan xalqlar nazmida yor qoshi egik, yoysimon tasvirlanib, hilolga qiyos qilinadi. Navoiy ham bu tasvir qolipiga qatʼiy amal qiladi. “Qoshi yosinmu deyin, koʻzi qarosinmu deyin” tarzidagi anʼanaviy ifoda qoliplarini shoir devonlaridan istagancha topish mumkin. Ular bir qarashda anʼanaviy qaytariqlarga oʻxshasa-da, boshqa badiiy detal, unsurlarning yangi qirralarini ochishga xizmat qilayotgan boʻladi. Lekin bu alohida mavzu. Mazkur fikr isboti uchun birgina baytni keltirish bilan kifoyalanamiz.
Quyoshni boʻlmas, ey gardun, ul oyga aylamak tashbih,
Ogʻiz gar zarra, choʻlpon – koʻz, yangi oy anga qosh boʻlsun.
Ogʻizni zarra, koʻzni choʻlpon, qoshni yangi oy deyish Navoiy davri uchun ham eski, yaʼni koʻp aytilgan ifodadir. Ammo bu anʼanaviy tasvirlar original fikr – “ul oy” (maʼshuqa)ga quyoshni tashbeh qilib boʻlmasligining sababi sifatida aytilmoqda. Chunki quyosh bor ekan, boshqa zarra ham, choʻlpon yulduzi ham, yangi oy ham boʻlishi mantiqqa zid.
Biz quyida Navoiyning qosh tasviridagi oʻziga xosligi namoyon boʻlgan ayrim jihatlarga eʼtibor qaratamiz.
Maʼlumki, hozirgi zamonaviy chiroqlar boʻlmagan oʻtmishda pilikli chiroqlar ishlatilgan boʻlib, ularning yonib boʻlgan qismini maxsus qaychi – minqosh bilan qiyib, tozalab turilgan. Navoiy ana shu maishiy holatdan ham poetik yangilik uchun asos topadi:
Orazin husnin fuzun qilgʻon hiloli qosh erur,
Yoxud ul oy shamini yorutgʻali minqosh erur.
Bir qarashda Navoiy anʼanaviy tasvirni takrorlayotganday tuyuladi: yorning qoshi hilol, goʻzalligi bois uni oy deb ataydi, yuzi oqligi va husni sababli atrofni sham kabi yoritadi. Lekin shoir kutilmaganda bu koʻrinishga yangi qiyos topadi: Shamning yorugʻligini minqosh (sham piligini tozalab turish uchun ishlatiladigan qaychi[2]) yordamida yanada yoritilganidek, yor husnini orttirgan bu uning minqoshga monand hilol qoshlaridir. Navoiygacha minqoshning qoshga nisbatlanganini bilmaymiz. Bu – tabiiy. Chunki sham piligi qaychi bilan tozalab turilsa, haqiqatan ham yorugʻligi ortadi, lekin qosh bilan minqoshning shakliy tomondan (egikligi jihatdan) oʻxshashligi yoʻq. Lekin mutafakkir shoir boshqalar nigohidan chetda qolgan umumiylikni topadi. Shoirona talqinga koʻra ularning bajaradigan vazifasi bir xil: manzar (tasvirlanayotgan obʼyekt) yorugʻligini (goʻzalligini) orttirishga xizmat qiladi. Ikkinchi tomondan, minqosh (qaychi) pichoqlarining payvastaligini yor qoshlarining tutashligiga ham ishora qiladi. Qolaversa, lafziy jihatdan qosh va minqosh soʻzlarining ohangdoshligi, qofiyadoshligi ham muallifning eʼtiborini tortgan boʻlsa, ajab emas.
Quyidagi baytda ham Navoiyning doimiy tasvir va ifodaga oʻzgacharoq yondashganiga guvoh boʻlamiz:
Koʻkda har oy bir hilol ul mashqdirkim, kilki sunʼ
Aylamish chizgʻonda ul muqavvas qoshni.
Butun islom ahli, xususan, boshqa turkiy xalqlar kabi oʻzbeklarda ham yangi chiqqan oyga oʻzgacha eʼtimod bilan qaraladi. Yangi oy chiqqanda, el quvonadi va “keyingi oyga ham eson-omon yetaylik”, deya duo qiladi. Mazkur baytdagi fikr barchaga tanish koʻkda har oy yangilanib turadigan hilolning egik qoshni eslatishiga asoslanadi. Lekin bu boshqa barcha shoirlar oʻylaganidek, qosh hilolning mazhari emas. Balki, aksincha, yaʼni har oy boshida koʻrinadigan yangilangan oyning suratlari yorning muqavvas (qavsga oʻxshash, egik) qoshini chizishga boʻlgan mashqlar edi.
El yangi oy koʻrdi-yu, men koʻrmadim qoshi xamin,
Elga bayram boʻldi, ammo bizga bayram boʻlmadi.
Ushbu baytdagi poetik fikr xalqning eʼtiqodi, udumlari bilan bogʻliq. Yangi oy va bayram ifodalari musulmon xalqlarning ikki asosiy bayrami – ramazon va hayit bayramlariga ishora. Bu bayramlarning kirishi, yaʼni nishonlanadigan kuni yangi oy koʻrinishi bilan bogʻliqligini bilamiz. Navoiy shunga shama qilayapti. Yangi oy koʻringanda, bayram kirganligini bilib el quvonadi. Lekin lirik qahramon yor qoshlarini koʻrgani yoʻq, undan ayriliqda, shu bois hamma shod yursa-da, u quvonolmaydi. Ayni paytda, “qoshi xamin” birikmasidagi xam soʻzi qoshning egikligini ifodalash bilan birga, bu soʻz bilan aksar holda qoʻllanadigan qad (oshiqning qadi)ning xamligini-da taʼkidlab keladi.
Quyidagi ikki baytda ham shoir qosh bilan bogʻliq badiiy topilmada millatning eʼtiqodi bilan bogʻliq islomiy tushunchalardan unumli foydalangan.
Qalb erur koʻnglimga bogʻlatur soching zunnorini,
Turfa bukim, bir nafas qochmas qoshing mehrobidin.
Koʻnglimga soching zunnorini bogʻlagan qalbdir. Bu shunday ajabtovurkim, bir nafas ham u (koʻnglim) qoshing mehrobidan qochmaydi. Zunnor – butparastlik alomati. Zunnor bogʻlagan kishi mehrobdan (musulmonlar masjididan) ketadi. Shunisi qiziqki, mening zunnor (bu ishq zunnori) bogʻlagan koʻnglim islom ramzi boʻlgan mehrobdek egik qoshing oldidan keta olmay qoldi, deydi oshiq.
Qut bir bodomu yerim goʻshai mehrob edi,
Gʻorati din etti nogah bir baloligʻ koʻzu qosh.
Bu baytda lirik qahramonning ozuqasi, yemak-ichmagi bir bodom va uning tutgan maskani, mehrob boʻlganligi ifodalangan. Demak, u uzlatga chekingan darvesh. Bu zohid oʻz nafsi bilan mujodalaga borib, kunlik ozuqasi uchun faqatgina bitta bodom bilan kifoyalanadi va masjidda kunu tunini toat-ibodat bilan oʻtkazadi. Nogahon oʻta goʻzal maʼshuqa: koʻz-qabogʻi bodomday, qoshi mehrob yangligʻ baloligʻ yor riyozat chekayotgan zohidning dinini gʻorat qilib yuboradi. Tasvir beixtiyor “Lison ut-tayr”dagi shayx Sanʼon qissasini yodga soladi.
Ayni paytda, Navoiy ushbu juzv tasvirida ayollarimizning milliy oroyish ashyolariga ham eʼtibor qaratadi. Ulardan biri boʻlmish oʻsma qoʻyilganda, qosh maʼlum bir muddat shu oʻsma rangida boʻladi.
Lojuvardiy voʻsma birlan zeb bergan qoshlaring
Jilvagar boʻlgʻon ikki tovus erur gulzor aro.
Maʼshuqa qoshlariga oʻsma qoʻyib zeb bergan va shu tufayli u koʻk tusga kirgan. Keyingi misrada bu tasvir sharqona bir koʻrinish bilan qiyoslanadi: zeb bergan qoshlar gulzorda yurgan ikki tovusga oʻxshaydi. Bizga maʼlumki, ajdodlarimiz bogʻ yaratib, gulzor barpo etarkan, shu gulzorga chiroy bagʻishlasin uchun tovus asraganlar. Demak, yorning beqiyos husnga ega yuzi gulzor boʻlsa, qoshlari shu gulzorga yanada oro berayotgan tovusdir.
Lojuvardiy qoshing uzra zarvaraq tobonmudir?
Yo magar koʻk toqi uzra anjumi raxshonmudir?
Baytda peshonasiga tillaqosh taqqan maʼshuqa tasviri chizilgan. Lirik qahramon unga qarata “Sening lojuvardiy qoshing ustidagi porlagan tillaqoshmi yoki osmon toqi uzra porlagan yulduzmi?” deya murojaat qiladi. Bu yerda oʻsma qoʻyish haqida soʻz ketmasa-da, “lojuvardiy” soʻzi buni ifodalab kelmoqda.
Sharqqa koʻra oshiqlik oʻzni fido qilish, sevgili oldida bosh egish, cheksiz sadoqat demakdir. Ana shu jihatni ham shoir qosh orqali gʻoyat taʼsirli tarzda tasvirlay olgan.
Goʻyiyo bir-biriga oshiq erur ul ikki qosh
Kim, qoʻyar bir-birisi bir-birining ollida bosh.
Baytda ikki qoshga bir-biriga koʻngil qoʻygan oshiqlar sifatida qaraladi. Ularning hech biri oʻzini maʼshuq deb bilmaydi: oʻzini oshiq, juftini maʼshuq sanaydi. Shuning uchun ham qaysi biri bosh egib turgani nomaʼlum, toʻgʻrirogʻi, bir-birining oldida bosh qoʻyadilar. Ikkisining ham boshi egik, koʻrinishlari yoysimon, goʻyo ishq tufayli qadlari shu holatga kelgan.
Mana bu baytda esa Navoiyning tashbehda hayotiy vaziyatlarga naqadar ustalik bilan murojaat qilishiga guvoh boʻlamiz.
Gar kabutardek emas tutmoq uchun koʻnglim qushin
Nevchun ochmish qulochin har taraf ul ikki qosh.
Koʻnglim qushini kabutardek tutib boʻlmaydi. Shuni bila turib nima uchun yorning qoshi uni tutaman, yoʻlini toʻsaman deb ikki tarafga qulochini yozadi? Baytda qoshlar koʻrinishi qushni tutaman deb qulochini behuda yoygan odamning holatiga oʻxshatiladi.
Navoiyshunos Yoqubjon Isʼhoqov Navoiyning vasf xarakteridagi gʻazallari haqida yozar ekan, “… ularning tasvir obʼyekti ham, tasvir yoʻli ham shunday rang-barangki, ular orasida biror yangi fikr, yangicha talqin yoxud original detaldan holi boʻlgan takror sheʼrni uchratish qiyin”,[3] deb taʼkidlagan edi. Qosh tasviri bilan bogʻliq kuzatishlardan koʻrinadiki, bu fikrni shoir sheʼriyatidagi obrazlar bilan bogʻliq har bir tasvir, detal hamda kechinma ifodasiga nisbatan aytish mumkin.
Oybek QOʻChQAROV
“Sharq yulduzi”, 2014–4
[1] Qodirov V. Hozirgi zamon oʻzbek gʻazallari poetikasining ayrim xususiyatlari. NDQ. – T.: 1993. 97-bet.
[2] Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lugʻati. Toʻrt jildlik, 2-jild. – T.: “Fan”, 1983. 307-bet.
[3] Isʼhoqov Yo. Navoiy poetikasi. – T.: “Fan”, 1983 y. 57 b.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/navoiy-sheriyatida-qosh-tasviri/