“Navoiy oldiga qanday boraman…”

(2018 yil sheʼriyati talqini)

 

Soʻzimni yosh shoir Jontemirning bir sheʼri bilan boshlamoqchiman:

Soʻz izlayman bardoshdan ulkan,

Soʻz izlayman tasavvurdan keng.

Tegmaydigan biror koʻngilga,

Eng ogʻriqli, eng pokiza, eng…

Goʻdak kulgusidek jarangdor,

Gʻarq pishgan uzumdek bir shingil.

Pikasso suratidek rangdor,

Tamaki dudidek yengil.

Qaygʻudan ming karra qaygʻuli,

Tutqun er boʻgʻzidagi erk.

Dahshatga soluvchi ohuni,

Och arslonning boʻkirigʻidek

Soʻz izlayman.

Soʻz…

(“Yoshlik” 1-son, 32-b.)

Bu sheʼr bilan bahslashish, baʼzi oʻrinlariga qoʻshilmaslik mumkin. Biroq izlanayotgan soʻzning tasavvurdan keng boʻlish orzusi sheʼrga taʼrifday sergak torttiradi va bundan yarim asr oldingi Abdulla Oripovning “Sheʼr izlayman bugun Toshkent koʻchalaridan” satrini yo boʻlmasa Rauf Parfining “Bir soʻz bor…” sheʼrini beixtiyor esga soladi. Zero, ularda ham eʼtibor izlashga-izlanishga qaratilgan. Oʻzbek sheʼriyati bugun yoki kecha paydo boʻlib qolmagan. Shuning uchun ham 2018 yilda eʼlon qilingan (ehtimol, ancha oldin yozilgandir) sheʼrlar bilan tanishgan oʻquvchi Kolumbning holatiga tushadi, deyish qiyin. Sheʼriyatimiz davomiy va ayni holda yangi. Men jindak taskin bilan hozirgi zamon oʻzbek sheʼriyati dunyodagi eng ilgʻor sheʼriyatlardan biri boʻlsa ajab emas degan fikrdaman. Buning birinchi sababi boy tarixiy adabiy tajribaga merosxoʻrmiz. U ming yillik maktabga ega aruz, qolgan uchdan ikkisi barmoq vaznida va erkin sheʼrda oʻzini ifodalayotir. Bu vaznlarning moziyi ham aruzdagidan kam emas.

Uning ikkinchi oʻziga xosligi ayricha fikrlash tarzi va shunga yarasha yangroqligidir. Yangi sheʼrning bir qanoti izlanish, ikkinchisi iqtidorning oʻziga xosligi. Shu maʼnoda men imkonim qadar tanishgan “Yoshlik”, “Sharq yulduzi” jurnallari, “Kitob dunyosi”, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Adabiyot” gazetalarida avval yoshlarning chiqishlari borasida toʻxtalsam. Shular orasida Gulrux Xudoyorova, Bobur Elmurod, Sherzod Komil Xalil, Mirzohid Muzaffar, Kumush Abdusalomova, Qandilat Yusupova, Talant Bek, Jaloliddin Badalov, Shohsanam Nishonova, Olimjon Suyarov, Goʻzal Roʻziyeva, Mehrinoz Abbosova, Madina Norchayeva, Xurshid Abdurashid, Jontemir, Goʻzaloy Solih qizi, Dilnoza Abduhamidova, Zumrad Masharipova, Nasrullo, Asrorbek Solijonov, Normuhammad Abduzoirov, Munisa Aʼzamova, Raftor Mansur, Azamat Xudoybergan, Mansur Jumayev, Husan Maqsudlarning oʻz dunyosi, soʻzni oʻzgacha koʻrishlari sheʼrxonni befarq qoldirmaydi.

Kumush Abdusalomova sheʼrlari real, hatto ayrim oʻrinlari juda oddiy tuyuladi, ammo unda tadrij bor va satrlarning qayeridadir oʻzgacha fikr portlaydi. Misol uchun uning “Axtam devona”si shunday tugaydi:

Axtam devonaning, Axtam jinnining

Tanishi yoʻq edi… Xudodan boshqa!

(“Yoshlik”, 2-son, 54-b.)

Kumushning hayotdan topganlari yangi va maʼlum bir xulosa beradi. Qolaversa, bu yosh shoirada basirat koʻzi borligidan darak beradi.

Shoirlik kutilmagan tarzda nimanidir inkor etib, nimaningdir boshqa tomoniga eʼtibor qaratishdir. Shohsanam Nishonovaning muvaffaqiyatli bir jihat shu:

Men togʻni togʻ desam bir qara,

Koʻksi toʻla muz-qorligini.

Osmon, qaydan bilay men senda,

Osmon qadar dard borligini.

(“Yoshlik”, 4-son, 51-b.)

Oʻtgan yilda Mirzohid Muzaffar shoir va tarjimon sifatida vaqtli nashrlarda koʻp koʻrindi. Bu 19 yoshli yigitcha tuygʻularini moderncha ifodalashga harakat qiladi. Uning “Tonglarni ichadi chanqagan ruhim” doirasida “Meni olib ketdi shoirqalb Yomgʻir”ini oʻqib, Mirzohidning yaxshi va yangi sheʼrlari hali oldinda ekaniga ishonasiz.

Hozir Vatan madhida nimadir deyishni sheʼr deb tushunadiganlar “armiyasi” paydo boʻlayozdi. Bunga tahririyatlar ham yaxshigina hissa qoʻshishdi. Shuning uchun bu soxta vatanparvarlikni doʻndirib, ikki-uch “kitobcha”si bilan shoirlikni daʼvo qiladiganlar ancha-muncha topiladi. Lekin bu yozmalarning sheʼriyatga hech qanaqa aloqasi yoʻq. Harqalay, vatan haqida isteʼdodli yoshlarning yurakdan chiqqan ohorli sheʼrlari ham yoʻq emas. Shundaylardan biri Gulrux Xudoyorovaning “Otang har kun namoz oʻqigan, belbogʻingning toʻrt yogʻi Vatan” misralarini biz ham milliy, ham badiiy topilma sifatida qabul qildik.

Sheʼrdagi yangilanish qarashning yangilanishidan boshlanadi. Men Mehrinoz Abbosovaning 4–5 yil oldin “Sharq yulduzi”da eʼlon qilingan bir sheʼrida oʻsha oʻzbekona qarashning yangi hovurini koʻrib quvonganman, undan mumtoz tushunchalarimiz alangasi lovullab turgan. Endigi Mehrnoz nazarimda oʻzini bir qolipga solib olganday nimani yozishni biladi va shunga moslab yangi fikr, ifoda topishga urinayotganday…: “Tugʻildimu taqdirlandim ulugʻ Oʻzbekiston bilan…”

Yosh shoir Jontemir 2018 yilning kashfi. Shu yili uning sheʼrlari adabiy nashrlarimizning barida koʻrindi, “Darvesh qoʻshigʻi” degan birinchi kitobi yorugʻlikka chiqdi va sheʼriyatimizga yana bir umidli yosh shoir kirib kelganidan darak berdi. Shoirlikning birinchi oʻziga xos belgisi soʻz shoir talqinida yangi maʼno tugʻadi. Uning “Bashorat” sheʼrida shuni kuzatamiz.

“SEN”deyman uni,

“SIZ” deydi u mayin tovushda.

Va bilamanki bir kuni,

Bu ikki soʻz qovushgay.

Shunda meni burdalab tashlar

“SENSIZ” degan ulkan ajdaho…

Soʻzlar qoʻshildi, yangi soʻz va yangi maʼno paydo boʻldi. Paradoks: qoʻshilishdan ayrilish. Mumtoz sheʼriyatimizda ham koʻpincha har bir misrada ana shu ziddiyatning yonma-yonligi yangilikni taʼminlaydi, sanʼatning koʻzini ochadi.

Jontemirning sheʼrlaridagi boshqa bir jihat qotgan tushunchalar qay darajadadir yangilanadi, maʼnosi chuqurlashtiriladi, gohida esa shu paytgacha eʼtibor qaratilmagan taraf manzarasi tuman ichidan olib chiqiladi.

Muhabbat bu aslida qimor,

Desam, kimlar yigʻladi… Kuldi.

Mendan oldin visolingni, yor,

Oʻzga yutib olmasa boʻldi.

(“Sening qalbing…”)

 

Yomgʻirga chayilgan havodan

Toʻyib-toʻyib nafas olar chang.

(“Kun botdi”)

Men Jontemirning “Qachondir” sheʼrini “Qiyomatda” deb ham atasa boʻlarkan, deb oʻyladim. U koʻp mutolaa qilayotgani, bu uning yozganlariga yuqayotgani va quvvat berayotgani seziladi. Deylik u yozadi: “Ayo Haq deb ming Majnun, Tarqab ketar sarosar”. Rauf Parfi esa bir sheʼrida “Qirq Majnunning biri men”, deb yozgan. Yoki uning”Mushtdek izidan otning

Yetmish ming shahid nishlar”i shunga yaqin maʼnodagi hadisu sharifni;

“Xudo bilan yuzma-yuz Turib soʻzlashgay odam”i Alloh taolo Qurʼonda moʻminlarga bildirgan xushxabarning sheʼriy bir koʻrinishi. Albatta, haqiqiy sheʼr shunday ulugʻ maʼnaviyat chashmalaridan tashnaligini qondirmasdan, kamolotga yetishi dushvor. Biroq uning ayrim sheʼrlarida Mashrab, Rumiy, Yunus Emro, Yesenin va Lorkaning sheʼriy ohanglari taʼsiri keragidan ortiqroq.

Taʼsirlarsiz hech bir ijodn koʻz ochishi mumkin emas. Muhimi, kelgusida oʻsha taʼsirlar doirasida qolib ketmaslik. Men yosh shoirlarning birinchi kitobchalari ichida ushbu yilda nashr etilgan Shahnoza Nazarovaning “Ohang” kitobini ham jiddiy toʻplam sifatida alohida taʼkidlashni istar edim.

Sheʼriyatimizning toʻrt-besh oqim, yoʻnalishlarga xos adabiy xaritasiga baholi qudrat koʻz tashlaymiz.

2018 yilda ham oʻzbek sheʼrxoni boshiga ogʻir musibat tushdi. Oʻzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva vafot etdi. Bu ulugʻ isteʼdodni shoirlik saodati soʻnggi kunlarigacha tark qilmadi. Bunga uning “Sharq yulduzi” jurnalining 2018 yil 6 sonida bosilgan sheʼrlari va unda birinchi bor oʻqiganimiz “Shukr” sheʼri ham dalolat qiladi.

Bir ayolman baxt tuygan, goho baxtidan kuygan,

Saltanatim, saroyim, sultonim oʻzim bilan.

Uning shunga oʻxshash yuzlab ulugʻ oqinga xos baxshiyona, haqgoʻy, mehr-muhabbatli sheʼrlari buyuk onaning bizga, butun turkiygoʻylarga qoldirgan tafti sovimas yoniq vasiyatidir.

Oʻtgan yili Oʻzbekiston xalq shoiri, ulugʻ tarjimonimiz Jamol Kamol 80 yoshni qarshiladi. Shoirning “Sharq yulduzi” jurnalining 9 sonida eʼlon qilingan turkumi, ayniqsa, “Ulugʻbek”, “Sheʼriyat” nomli sheʼrlari bugun sheʼrchiligimizning eng yaxshi namunalaridan. Jamol Kamol mumtoz sheʼriyatimiz vazni aruzda ham samarali ijod qilmoqda. Uning hozirgi aruzchilardan bir farqi gʻazallaridagi bugunning nafasi, ilhomning mavji sheʼrxonga tez taʼsir qiladi.

Oqsoqolligi yozganlaridan sezilmaydigan taniqli shoir, olim, tarjimon, 75 yoshdan hatlab oʻtgan Abdulla Sherning 2018 yilda yangi sheʼrlardan iborat “Chayqalgan qayiqlarda” kitobi “Sharq” nashriyotida chop etildi. Adabiy nashrlarda ham yangi turkumlarini oʻqidik. Bu sheʼrlarning ikki jihati diqqatga molik. Abdulla akaning hislari navqiron va topgan detallari oʻquvchini oddiy holatdan chiqaradi. “Qish” turkumi buning dalili. Keyin shoirning talabchanligi va oʻzidan shu yoshda ham qoniqmasligi ibratlidir.

Qor tilab bahordan, gul soʻrab qishdan,

Faslini unutgan bir ovvoraman.

Ayting nima qildim, oshib yetmishdan,

Navoiy oldiga qanday boraman.

(“OʻzAS”, 51-son)

Faloncha anʼanaviy yoʻlda yozadi, degan bir pisanda bor. Bu aslida badiiy anʼananing darajasini bilmaslikdan. Zero, anʼana faqat ergashish emas, balki mumtoz bir holatda adabiyotda qabul qilingan nizomga yetish, oʻshaning oʻlchami va talabidan chiqmay kashfiyot qilishdir. Bir soʻz bilan aytganda, sanʼati bilan oʻquvchini lol etadigan mahorat maktabiga mansublikdir. U ustozlar bilan ijodiy bellashish ham. Ming yillik anʼanalarga ergashib, oʻsha mumtoz ufqlarni koʻzlab, maʼlum bir natijalarga erishilgan sheʼrlar 2018 javonida ham talaygina.

Real hayot bilan uyqash yozadigan shoirlarimizdan Abdusaid Koʻchimovning keyingi sheʼrlarida tarbiyaviy ahamiyatga molik hikmatgoʻylikka intilish yorqin koʻzga tashlanadi. Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Onamning kulchalari”da milliy ruh kuchli, “Onamga oʻtinlarim”( biroz choʻzilgan boʻlsa ham)ning realistik ifodasi, hikmatning choʻngligi oʻquvchi qalbini algʻov-dalgʻov qiladi. Shu yil yozuvchi sifatida bir qissa va roman eʼlon qilgan Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo oʻziga xos dilbar sheʼrlari bilan ommaning qalbini zabt etgan. Uning shoirona yengil hajvi bugungi sheʼrlarining yangi qirrasi deyish mumkin. Ammo undagi samimiyat hamon hammasidan oʻtadi. Deylik “Qiyofalar” sheʼrini oxirgi ikki misrasigacha odatiy oʻqib boramiz va shu joyda u chin, yurak shoirligini birdan namoyon etadi:

Onamning oʻxshashin topmadim aslo,

Olamda onamdek inson koʻrmadim.

Anʼanaviy sheʼriyatimizning xos vakillaridan Salim Ashurning oʻtgan yilgi yangi turkumlari hamishagidek ruhi yengil va rangin. Xalqona tashbehlari esa ohorli.

Bugun shanba, erta – yakshanba,

Pichan chaynar shamol – koʻk otim.

Kulbaning bir kunjida nonday

Sinib yotar boʻron – qanotim.

(“Bugun shanba…” “Yoshlik” 9-son 12-b.)

Rustam Musurmon hamon oʻzining xalq dostonlari ohangi va obrazlash tarziga yaqin koʻlvor ovozi va ifodalash uslubiga sodiq. Uning “Ishonchning qanoti – orzu va xayol” turkumi ushbu shakllangan uslubidagi yangi namunalar. Qish oqshomi mavzuida yuzlab sheʼrlar yozilgan. Rustamniki esa oʻzbekona detallari, ayni shoirning oʻziga xos tashbehlari bilan sheʼrxonning tasavvurini kengaytiradi.

Qattiq kishnayapti ayoz – oppoq ot,

Yaltiraydi suvning billur kovushi.

Shamol jon holatda qoqmoqda qanot,

Eshitilar qorning oyoq tovushi.

(“Sharq yulduzi”, 1-son, 15-b.)

Shu toʻrt satrdagi toʻrt evrilishni tashbehlar oʻz zimmasiga oladi. Qiyoslardan tevarak jonlanadi. Bu sheʼrdan “Alpomish” dostonini sevgan va bunaqa tafakkur va mushohadaga koʻnikma hosil qilgan oʻquvchi bir boshqacha sururlanadi. Rustam rivojlantirayotgan milliy fikr tarzi, obrazlar halqasi boshqa xalqlar sheʼriyatida uchramaydi. Shuning uchun ham koʻnglimizning ochqichi sifatida u jahon xalqlarini, millatning fikriy oʻziga xosligi sifatida qiziqtirishi shubhasiz. Shunga yarasha tarjima qilinsa, albatta.

Soʻz, sheʼr – turkiy sheʼriyatda Yassaviylardan boshlab Haqni tanish vositasi, komillikni goʻzal bir tarzda ifodalash imkoni boʻlgani uchun ham qadrlanadi. Sheʼriy hikmatlar Qurʼoni karim oyatlari, hadisu shariflar maʼnosining taʼsirli va qaynoq yombilari boʻlib xotirada naqshlangan. Ammo bu oʻzan sobiq sovet davrida koʻmib tashlandi. Sheʼriyatga aloqasiz didaktika, nasihatbozlik deb past nazar bilan qaraldi. Aslida turkiy sheʼriyat mulkining sohibqironi hazrat Navoiy sheʼrning ulugʻi maʼvizatomuz boʻlishini “Badoyi ul bidoya” debochasida alohida taʼkidlaydilar. Mustaqillik arafasida bu maktabga qaytadan asos solindi. Umuman, eʼtiqod erkinligiga yetgan sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi barcha xalqlar sheʼriyatlarida shunday iymoniy uygʻonishni kuzatish mumkin. Jumladan, rus sheʼriyatining oʻzida ham.

Oʻtgan yilgi sheʼriyat xirmonida bu yoʻsinda koʻz ochgan sheʼrlar alohida yogʻdulanib turibdi. Ularda nasihat ohangi yoʻq emas. Ammo avvalo sheʼr sifatida ruhiyatimizga yorib kiradi, irfoni bilan koʻnglimizni charagʻon qiladi. Botinning tadqiqi boʻlib ongu shuurimizni, amalimizni sarhisobga undaydi. Aforizmlarga hamisha ehtiyoj bor. Bu borada esa Sharq, musulmon sheʼriyatining oldiga tushadigani yoʻq. Bugun ham bu yoʻlda iqtidor shiddati, iymon talabi bilan qalam tebratayotganlar ichida Yoʻldosh Eshbek, Mirzo Kenjabek, Shukur Qurbon, Eshqobil Shukur, Muhtarama Ulugʻova, Behzod Fazliddin, Dilfuza Komillarning nashrlarni ziynatlagan sheʼrlari bu yoʻnalishning eng yaxshi namunalaridandir. Ularning ruhi yuksak, ifodasi nafis. Misol uchun taniqli shoir Mirzo Kenjabekning “Imom Buxoriy ziyoratida”, “Ustoz boʻlmasa”, “Qurʼon oʻqi” sheʼrlaridagi ustuvor ruh, baland shavq va ohang, vazmin tashbehlar uygʻunligi maʼnaviy saboqlar beradi.

Qurʼon nurdir, zamiringni yoritgaydir,

Rahmat, shifo: dardlaringni aritgaydir,

Rabbim Alloh Oʻzin goʻzal tanitgaydir,

Umrim irfon boʻlsin desang, Qurʼon oʻqi.

(“Yoshlik”, 4-son, 11-b.)

Fikr sheʼriyati, modern sheʼr, sarbast, mansur sheʼrlar degan atamalar qulogʻimizga chalinganiga ham oʻttiz yildan kam boʻlmadi. Aslida bu sheʼr shakllariga Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Choʻlponlar oʻtgan asr boshida asos solishgan. Mirtemirning sochmalari, Asqad Muxtorning intellektual sheʼriyati bu yoʻlda alohida yorqin sahifalar hisoblanadi. Rauf Parfi bu yoʻnalishni oʻziga xos takomilga yetkazdi. Oʻtgan asrning yetmishinchi yillarida sheʼriyatga kirganlarning ijodida ham bu oqimning goʻzal namunalari uchraydi.

Bugungi modernchi, postmodernchi shoirlar nazmimizni yana ham ranginlashtirayapti, deyishga asosimiz yetarli. Fikrimni boshqalarning eʼtirofi bilan boshlasam. 2010 yil Moskvada chop etilgan “Anor” – “Granat” Oʻzbekiston sheʼriyati antalogiyasi bilan tanishgan rus shoir doʻstim Vladislav Seliyov “Oʻzbek modern sheʼriyati biznikiga qaraganda chuqurroq ekan”, deya kitobdaga ayrim sheʼrlarni oʻzi uchun yozib olgan edi.

2018 yilga qaytaylik. Bu yoʻlda jiddiy izlanishlar olib borib, tobora oʻzini topishga intilayotgan Goʻzal Begimning yangi sheʼrlardan iborat “Yoki” kitobi nashrdan chiqdi. Shu oʻrinda “Yoki”ning muharriri shoira Oydinnisoning fikri xarakterli. “Goʻzal Begim ancha-muncha nozik sanalgan dil bilan ham ilgʻash mushkul boʻlgan eng nozik hislarni tuyib, ularni qogʻozga tushurguncha yana-da noziklashtirishni xush koʻradi”. Biz bu fikrlarga shuni qoʻshimcha qilishimiz mumkinki, uning sarbast sheʼrlarini ohang boshqaradi.

Yoki chumchuq

yoki chumchuq ovoziga monand bir fasl

yoki tomchidagi uchqur harakat

yoki yomgʻirga tushayotgan ayolning aksi

yoki uchib ketayotgan soʻzlar.

Qizigʻi, takrorlanayotgan soʻz, takrorsiz tashbehni ortidan ergashtiradi, uning kutilmagani sheʼrxonni asir etadi, ana shu tashbeh harakatida fikr koʻz ochadi. Fikrning boʻrtib koʻzga tashlanmasligi, uning hisga uygʻunligi tashqi manzaradan botiniy chizgiga boshlab ketadi. Reallik idealni oʻylashga turtki beradi.

Goʻzalning bu yoʻsindagi sheʼrlari avvalo borliqdan, jamiyatdagi voqealardan koʻz ochadi. Ularning maʼnaviy manzillari bor. Misol uchun “Qabristonda” degan sheʼri xotirani uygʻotuvchan. Sheʼrda bir tashqi ishora boʻlmasa-da, beixtiyor shaxsan men “Minor” qabristonida qoʻshni yotgan shoirlarimiz Rauf Parfi bilan Usmon Qoʻchqorni oʻylab ketdim.

chayqaladi ichimda achchiq

qalampir surkalgan bir yurak

dunyo tutunlarni shopirib

sheʼr ichadi shoir qabridan

kuzgi shoir qabriga qoʻshni

shoir qabridan

dunyo xotirlaydi tugʻilgan kunni

(“Kitob dunyosi”, 21-son, 4-b.)

Maʼlum boʻladiki bu sheʼr oʻlim haqida emas, tugʻilish, barhayotlik haqida ekan.

Fikr sheʼriyatining yana bir vakili Davron Rajabda kuy va rang tashbehlari, Tursun Alida real manzaralarning erkin va samimiy bayoni (“Bir tarovat ila kechar togʻlarda yoz” turkumi, “Yoshlik” 8–son) boʻrtib koʻzga tashlanadi. Tinib-tinchimas, izlanuvchan shoir Tursun Alining bugungi sheʼrlariga hammadan koʻra oʻzining mana bu satrlari xolis baho, xolis fikrdir:

Baʼzan zerikaman oʻzimdan,

Yoʻqotib qoʻyaman oʻzimni.

Kimdir kuzatganday izimdan

Havoga sochaman soʻzimni.

(“OʻzAS”, 20-son)

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, bu ajib toʻrtlik barmoq vaznida koʻz ochgan. Demak, xuddi shunday Davron Rajab va Goʻzal Begimning ancha-muncha sheʼrlari ularning bu yoʻnalishda ham oʻziga xos tajriba va mahorat egasi ekanliklarini koʻrsatadi. Bu esa shakliy ifodalar shoir uchun nisbiyligiga dalildir.

Sarbastchilar orasida shoir Shermurod Subhonning oʻz oʻrni bor. Oddiy oʻquvchi uning yozganlariga bir koʻz tashlasa hech narsa topolmasligi, hatto tushunmay talmovsirab qolishi mumkin. Aslida moʻjaz yomgʻir tomchisidek sezilarsiz oʻqiladigan bu sheʼrlarda hamisha yangi nimadir sheʼrxonga taqdim etiladi.

tong otgach ne tong

otlanamiz koʻcha-koʻy

yumush ortidan

shom tushgach

tushamiz

hovur otidan

Bu sheʼr anʼanaviy va noanʼanaviy fikr, tashbeh qurilishidan tiklangan. Gohida uning moʻjaz sheʼri shu qadar keskin yangrab, topqirligi koʻzimizni ochadi.

tongga yetib boʻlmas

na yurib

na-da yugurib

tong mehmondir

kutilgay xolos

(“Kitob dunyosi”, 12-son, 6-b.)

Shoir Barnobek Eshpoʻlatov vaqtli matbuotda juda kam koʻrinadi. Yozganlari esa shakl va maʼnoga eng erkin, eng erka yondashish deyish mumkin. Ehtimol, shuning uchun ham Barnobekning sheʼrlari oʻzbek sheʼriyatida hech kimnikiga oʻxshamas bir maqomga yetgandir. Uning bir turkum sheʼrlarini “Kitob dunyosi” gazetiga taqdim etgan shoir Tursun Ali Barnobek sheʼr qoralashi va uning ustida ishlashi haqida oʻrinli toʻxtalibdi. Mana uning ikki sheʼri.

Hademay bahor keladir,

Qizaloqlar,

Kuting kechgacha,

Bir qop Ertak tutib keladirman

Koʻldan muzlarni yorib.

Tasavvurning goʻzalligini. Ikkinchi sheʼr esa dagʻalligi darajasida falsafiy ham:

Hayot nima oʻzi?

Maktab,

Dorilfununda dumin tutqazmay,

Javobini umr boʻyi izlashga undagan

Uyga vazifa, xolos.

(“Kitob dunyosi”, 2-son, 6-b.)

Modern yoʻnalishdagi bunday erkin, ohangni fikr bosib ketgan, qofiyasiz, hayotni hikoyaday tasvirlash uslubi qadimiy turkiy tosh bitiklarga ham xos. Biz esa uni yapon uchlik va beshliklari, yoki fransuz verlibrlari taʼsirida sheʼrimizga kirib keldi ham dedik. Balki bu mulohaza uchun ham asoslar yetarlidir. Endi esa mustahkam bir yoʻlga tushgan modernistik izlanishlar koʻproq oʻzimizning adabiy manbalarimizdan suv ichayotganiga duch kelayotirmiz. Buni Faxriyor ijodida ham kuzatish mumkin. Shoirning “Yana bitta qabirgʻamni…” deb boshlanguvchi sheʼri visol va hijron haqida. Ammo oradagi toʻsiqlarning detali yoxud voqeasi sifatida oʻzbek xalq ertaklaridagi yolmogʻizning bahodirning yoʻliga tashlagan hiyla qurollaridan ramzan oʻrinli foydalanadiki, daryo – oyna, oʻrmon – taroq, va hokazolar bu sheʼriyatning yangi bir olami boʻlib tasavvurga kuch beradi. Ayniqsa, uning milliyligi absurdga emas, tiniq mohiyatga xizmat qiladi. Shuning uchun modern sheʼriyatga ham begana, bizga yot deb qaramaslik kerak. Aslida har qanday sheʼriy shakllar maʼnoga qafas yo panjara boʻlmasligi kerak.

Biz oʻtgan asrning 90 yillaridan boshlab xorijdagi zamonaviy oʻzbek adabiyoti vakillarini tanishtirishni boshlangan edik. Negadir keyingi yillarda bu tamoman unutildi. “Kitob dunyosi” bultur oʻtgan asr oxirlarida oʻz ovozi bilan sheʼriyatimizga kirib kelgan, hozirda xorijda boʻlgan Farhod Arziyev, Xayrullolar ijodidan namunalar berdi. Adabiyotshunos Bahodir Karim tanishtirgan turkmanistonlik oʻzbek shoiri Abduvohid Muhammad Sayid ijodi ham biz uchun yangilik boʻldi. Umuman, dunyo adabiyotini bizga, bizning milliy adabiyotni dunyoga tanishtirishda adabiy nashrlarimiz ichida “Kitob dunyosi”ning faolligini alohida taʼkidlashni istar edim.

Har bir sheʼr yorugʻ ogʻriqdir. U qanchalik koʻpning dardi-sevinchi boʻlsa, shunchalik tosh bosadi. Ijtimoiylik bilan shaxsiy dard oʻrtasida Xitoy devori yoʻq. Ijtimoiy dard, muammo aslida shaxsiydan shaxsiy boʻlib koʻz ochadi. Shaxsiy turmushda koʻz ochgan chinlik bir kuni ijtimoiy ahamiyat kasb etadi. Yaxshi sheʼr shakl va maʼnoda shoirning oʻzini ham, oʻzga ijodkorlarni ham takrorlamaydi. Men 2018 yilning eng yaxshi sheʼrlari sifatida Gʻulom Mirzo, Nodira Afoqova, Mashʼal Xushvaqt, Mirzo Kenjabek, Halima Ahmedova, Yoʻldosh Eshbek sheʼrlarini aytgan boʻlar edim.

Gʻulom Mirzoning har bir sheʼri oʻz shakli, gʻoyasi, ifodasi, obrazlash tarzi bilan koʻz ochadi. Ularni shuning uchun ham bir-biriga solishtira olmaysiz. Gʻulomning kuyinishlari samimiy. Nazarimda, u har bir sheʼriga shaklni, mavzuga hamohang muhitdan oladi. Mahalliychilik va xudbinlikdan oʻrtangan quyidagi sheʼri anaʼanaviy yoʻsinda koʻz ochgan, zero, bu elga murojaat ekan, xalqona ohanglar oʻrtada koʻprik boʻla olishi shubhasiz:

Oh, birimiz Amir Temur chevarasi,

voh, birimiz Mirzo Bobur nevarasi,

bormi oʻzi oramizda begonasi –

fursat qachon yetgay bunday soʻroqlarga.

“Niqob teatri” endi modern yoʻnalishida qolipga tushgan boʻlib, uni Samuel Bekketning dramasiday oʻqishimiz kerak boʻladi. “Telefonsizlikda” esa bugungi Yer yuzi odamining timsoli:

Qoʻl telefondan

voz kechdim, goʻyo –

mendan kechgan kabi

bu dunyo.

Menga esa uning “Mumkinmi”si hammasidan koʻra teranroq tuyuldi:

Mumkinmi oʻzimga yetmogʻim?

Kurashib, yengmogʻim oʻzimni?

Osonmi oʻzimdan oʻtmogʻim?

Yoʻlingga tushmogʻim Oʻzingning?

Mumkinmi, osonmi, dushvormi?

Men uchun oʻzga bir yoʻl bormi!?

(“Sharq yulduzi”, 1-son, 61-b.)

Nodira Afoqovaning sheʼrlaridagi ustuvor ruh avvalo oʻziga rom etadi. Misralarida choʻgʻday tovlanadigan soʻzlarning fasohati u mumtoz sheʼriyatimizni olima sifatida ham teran tushunishidan boʻlsa kerak, deb oʻyladim. Ammo hammasidan ham uning shafqatsiz realizimi, lirik kechinmasi, oʻziga teng bir shitobli ohangda sel qilib yurakka kiradi. Unda bir hikoya syujeti jamuljam esa-da, bunday sheʼrlarni oʻylab yozib boʻlmaydi. Bir misol.

Xat keldi.

Yotibdi darcham rafida

Don axtarib kelgan qushlardek yuvvosh.

Olmayman. Ochmayman.

Xuddi qasdimga

Paypaslanar oʻsha tokchada quyosh.

Qavjirab yotibman – mangulik bir dasht.

Koʻksimni yigʻiday qisar tarahhum.

Faqat, faqat Seni deganim-ku haq.

Xatni oʻqimoqqa emasman mahkum.

Olmayman. Mahsharday guvlaydi alam.

Tentiymay shivirlab afsunday xuddi:

Axir, seni sevib baxtli boʻlmadim,

Axir, kim ham sevib baxtli boʻlibdi?

(“Kitob dunyosi”, 3-son, 6-b.)

Bu sheʼr taqdirning sirli bitigiday. Nomaʼlumligida qancha xayolga botish mumkin. Shunda ham xulosasiga qoʻshilish, qoʻshilmaslik sheʼrxonning ixtiyorida qolaveradi…

XX asr sheʼriyatida A. Oripov, R. Parfining ayrim sheʼrlari epik, ijtimoiy yuki, hofiza quvvatining koʻlvorligi bilan ushbu davr dostonlaridan ustun turadi. Keyingi yillarda Halima Ahmedova ijodida ham shunday jarayon kuzatilyapti. Uning “Katta tanaffuslar”ining oʻzi 134 misra. Ammo sheʼrxon uni shu qadar yutoqib mutolaa qiladi. Buning birinchi jihati satrlar rangin tashbehlardan tiklangani. Ammo sheʼrda bir hikoya maromi tabiiy harakatlanadi. Obrazlarning ramziyligi uni qatlamlashtiradi va maʼnoni polifonik quyuqlashtiradi. Shu ifoda jarayonida katta maʼnolar ijtimoiy muammolarni ochib tashlaydiki, falsafiy xulosaga olib borishi bilan ham, jahon maʼnaviyatidagi eng dalzarb, inson va tabiat, inson nafsi va vertikallashayotgan olam uygʻunligida xavotirlarimizni qoʻzgʻab yuboradi. Azaliy va abadiy hayotning savollariga javob, javoblaridan qoniqmaslik boʻlib aqlu shuurimizni oʻrtab turib, poklaydi.

Ayrim parchalar:

Sening nigohingda boqib olamga,

Angladim, pushaymon na afsusdamiz.

Koʻngil sabogʻidan allaqachonlar

Ketib, hanuz katta tanaffusdamiz.

Qoʻrqaman, odamzot bir olma yangligʻ

Seni ham yemasmi, ey ona zamin?

Zulmatning aksi yorugʻlikni ham esidan chiqarmaydi:

Nurning bulogʻi bor rizvondayin pok,

Shu buloq boʻyida koʻngil maktabi.

( “Sharq yulduzi”, 4-son, 62–63-b.)

Halima Ahmedova mumtoz Sharq sheʼriyatini koʻp mutolla qiladi. Shuning uchun uning “Dard bilan man, dard bilan man, dard bilan…” sheʼri xuddi Jaloliddin Rumiyning “Devoni kabir”idagi gʻazallaridek oqib kelaveradi. Ammo bular Halimaniki.

Shoiramiz nazmidagi yana bir fazl, uning ovozida chiranish yoxud soxtakorlik yoʻq, har bir sheʼrining turtkisi esa fasllarning oʻzgarishidagi manzara yoxud insonlarning xatti-harakatiga bir koʻzgu solish ila “men”ning oʻziga qaytishiga, eng falsafiy maʼnolarning koʻz ochishiga tabiiy bir holda sababchi boʻlaveradi. Shuning uchun ham uning sheʼrlarida quyosh bir kuni “Halima qani?” deb soʻroqlab yurishiga yoki uning oʻzi bahorni soʻroqqa tutib “Senga manzilimni kim berdi bahor” deyishiga chippa-chin ishonamiz. Bir soʻz bilan aytganda, Halima Ahmedovaning bugungi bu tarona bitiklari koʻngilda moʻjizalar suratini solayotir.

Shoirimiz Mashʼal Xushvaqt ham adabiy nashrlarda kam koʻrinadi. Sheʼrlari esa hajman ixcham, yana timsoliy. Biroq uning hayot murakkabliklaridan ushlagan lahzalari yoxud qismatlarga obrazli baholari juda katta ijodkorning qalbidagi toʻfonlardek taassurot qoldirdi menda. Bir sheʼrining oxirgi bandi:

Havas bilan boqar oʻchoqqa ayol,

Havas bilan boqar, tanida titroq.

Faqat tongga yaqin osh muzlab qolar,

Faqat tongga yaqin boʻshaydi quchoq…

(“Kutish”)

Bu sadoqat va xiyonatning tasviri kishini qanchalik dahshatga soladi. Odamzod haqida qayta-qayta oʻylatadi. Uning “Shoir xalqi” sheʼridagi chizgilar bu qismat egalarining ayovsiz bir taqdirini qalbga birma-bir muhrlab borar ekan, u mana bu soʻnggi satr ila ushbu dunyo qopqasini yopadi: “Yuragi boʻyniga osilgan toʻrva”.

Har bir shoir har kuni diliga murojaat qiladi, uni tinimsiz tadqiq etadi. Lekin ayni paytda menga dil haqida Mashʼal Xushvaqtning ushbu sheʼridan oʻtadigani yoʻq: Hajmni qizgʻanib uning ham oxirgi bandini keltiraman:

Dunyo dilga dushman,

Dil ozor gʻamdan.

Nafsim unga gʻayir, badan doʻst boʻlmas.

Bilaman, bu dilim boshqa olamdan,

Bilaman, bu dilim bu yerlik emas.

(“Kitob dunyosi”, 18-son)

Men baholi qudrat oʻtgan yili adabiy nashrlarimizda chop etilgan sheʼrlarni, zehnim, imkonim yetganicha, kayfiyatim koʻtarganicha tahlilga tortdim. Endi ayrim sheʼriyatimizdagi xastaliklarning umumiy jihatlari haqida bir ogʻiz.

Dardsiz va toʻqilgan, sunʼiy yasalgan sheʼrlar.

Vatan, xalqqa, ulugʻ siymolarga atalgan soxta bagʻishlovlar. Bunga yosh qalamkashlar ilmsizliklaridan yoʻliqishgan boʻlishsa, qalamkash sifatida shakllanganlar esa afsuski, koʻra-bila turib… Ulardan taʼma isi keladi…

Kuchli taʼsir va taqlidlar… Bu ham faqat yoshlarning yozganlaridagina kuzatilmaydi…

Toʻrtinchi bir xastalikka maʼrifiy ilmsizligimiz sababchi deb bilaman.

Umr oʻtkinchi. U 2018 yil kabi ortga qaytmaydi. Biz ham. Lekin goʻzal sheʼrning, haq sheʼrning, yorugʻ sheʼrning umri uzoqdir. Oʻtgan yilimizni bezagan shunday sheʼrlardan biridan olingan parcha bilan soʻzimni yakunlamoqchiman.

Bir baxt yashar, koʻzing qamashar,

Moviy oʻlka, bir nufuz ichra.

Bir taxt yashar, koʻrmagan bashar,

Bir kuy ichra, bir shoh soʻz ichra

Men esa yoʻqman…

Bir ulkan qishloq bor, oqqushlar qoʻnar –

Ulkan koʻllari tor, nilufar unar,

Sovuqlar gullaydi, issiqlar koʻnar,

Men esa yoʻqman…

Bir jajji shahar bor – bu ulkan olam,

Alamdan qochganning bari shunda jam,

Bulbullar yelkangga qoʻnib olar dam,

Men esa yoʻqman…

Bir kuychi kuylaydi, yuragi billur,

Yurtdoshlari uni sulton deb bilur,

Sultonlari qulday qulogʻin ilur,

Men esa yoʻqman…

(Yoʻldosh Eshbek. Men esa yoʻqman. “Yoshlik” jurnali, 5-son, 7-b.)

 

Vafo FAYZULLOH

 

(Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi sheʼriyat kengashi maʼruzalaridan)

 

ijod.uz

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/navoiy-oldiga-qanday-boraman/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x