Navoiy ko‘chasi


Post Views:
1 315

NAVOIY KO‘CHASI – poytaxtning eng qadimiy va markaziy ko‘chalaridan biri. Amir Temur shohko‘chasi va Beruniy ko‘chasi oralig‘ida. Uzunligi 4 km atrofida. Dastlab Hadra maydonidan Anhor kanali oralig‘ida bo‘lgan. 1966 yilgi Toshkent zilzilasidan so‘ng O‘rda ko‘prigidan hozirgi Amir Temur shohko‘chasigacha uzaytirilgan.

1893 yilgacha Toshko‘cha, Kattako‘cha nomlari bilan yuritilgan. So‘ng Shayxontohur ko‘chasi nomi berilgan. 1938 yil ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Navoiy nomi berilgan.

19-asrning 2-yarmi va 20-asrning boshida Eski shaharni Yangi shahar bilan bog‘lashda muhim ahamiyat kasb etgan. Shayxontohur dahasini kesib o‘tgan (eski nomi shundan). Ko‘chada asosan hunarmandlar yashagan. Unda Shayx Xovandi Tohur maqbarasi (15-asr), Yunusxon maqbarasi (19-asr), Eshonquli dodxoh madrasasi (19-asr, saqlanmagan; bu yerda 1884 yil birinchi rus-tuzem maktabi ochilgan)dan boshqa yirik binolar bo‘lmagan.

20-asr boshlarida Eski shaharning eng gavjum ko‘chasi hisoblangan. 20-asr boshida birinchi ko‘nka va tramvay harakati aynan shu ko‘cha orqali yo‘lga qo‘yilgan. 1908 yil ilk kerosin-kalil fonarlari o‘rnatilgan.

Ko‘chadagi yangi qurilishlar va uning rekonstruksiyasi 1930–70 yillarda amalga oshirilgan, kengaytirilgan transport magistrali o‘tkazilgan, ko‘p qavatli binolar qurilgan. 1930-yillarda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi (hozirgi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi), «O‘zdavlatloyiha» (keyinchalik Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi joylashgan), Markaziy telegraf binolari va boshqalar barpo qilingan. 1940 yil Madaniyat va mehnat saroyi (me’mor S.N.Polupanov; keyinchalik bu binoda Adabiyot muzeyi, Yosh tomoshabinlar teatri joylashgan) qurilgan. 1949 yil bino oldidagi maydonda Navoiy haykali o‘rnatilgan (me’mor V.Volchek, haykaltarosh N.Ditrix). 1968 yil maydoni rekonstruksiya qilingan va shu yili Alisher Navoiy tavalludining 525 yillik yubileyi munosabati bilan haykal o‘rnatilgan joyda «Shoirlar xiyoboni» tashkil etilgan. 1991 yil 9 fevralda shoirning 550 yillik yubileyi munosabati bilan «Shoirlar xiyoboni»da shoirning yangi tagsupaga o‘rnatilgan haykali qayta ochilgan. 1937–40 yillarda «Vatan» kinoteatri (me’morlar A.Sidorov, N.Timofeyev) qurilgan. Toshkent zilzilasi (1966)dan keyin bu bino o‘rnida Hamza nomidagi teatr (hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatri)ning yangi binosi qurildi; bino 2001 yilda zamonaviy talablarga javob beradigan qilib qayta ta’mirlandi va butunlay yangi qiyofaga ega bo‘ldi. 2000 yil ko‘chada keng qamrovli rekonstruksiya, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi. Ko‘cha eniga kengaytirilib, tramvay yo‘li, jamoat transporti bekatlari tubdan yangilandi. Abay ko‘chasi va Hadra maydoni oralig‘idagi savdo yarmarkasi tartibga keltirildi. Ikki yoqlama 3 qator transport vositalari harakati uchun imkon yaratildi.

Navoiy ko‘chasida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Aloqa va axborotlashtirish, Matbuot va axborot agentliklari, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi, Yong‘in xavfsizligi oliy texnik maktabi, kompaniya va uyushmalar, davlat inspeksiyalari va banklar, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, «Dedeman», «Markaziy» va «Chorsu» mehmonxonalari, «Poytaxt» biznes markazi, Mustaqillik maydoni va Xotira maydoni, «Turkiston» saroyi, San’at saroyi, Milliy matbuot markazi, Arxitektura va qurilish, Kimyo-texnologiya institutlari, Markaziy telegraf, Shayxontohur yodgorlik majmuasi, Ko‘kaldosh madrasasi, «Turkuaz» gipermarketi, Shayxontohur tuman hokimligi, xorijiy vakolatxonalar, ko‘p qavatli turar joy va ma’muriy binolar, bekatlar, kitob rastalari, savdo majmualari va servis xizmat ko‘rsatish maskanlari va boshqalar joylashgan.

Navoiy ko‘chasi Zarqaynar, Furqat, Fafur Fulom, Abay, Shayxontohur, Botir Zokirov, Rashidov, Mustafo Kamol Otaturk, Buyuk Turon ko‘chalari bilan tutashgan. Ko‘cha bo‘ylab barcha turdagi jamoat transporti vositalari harakati yo‘lga qo‘yilgan.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/navoiy-ko-chasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x