Navoiy ijodi va adabiy taʼsir

Maʼlumki, Sharq adabiyoti tarixining koʻp asrlik taraqqiyoti davomida adabiy anʼana muhim oʻrin egallaydi. Shoirlar salaflari ijodiy merosiga murojaat qilar ekanlar, avvalo, oʻz estetik qarashlariga mos, koʻngillariga yaqin, dunyoqarashlariga nisbatan uygʻun keladigan asarlarni maqbul koʻrganlar. Yana bir tomoni, oʻrta asrlar estetikasi meʼyoriy xarakterda boʻlib mavzular koʻlami hamda janrlar tabiati avvaldan belgilangan qoidalar asosida voqe boʻlgan va bu holat oʻsha davr kishilarining mental dunyoqarashi bilan izohlanadi. Biroq bu Sharq adabiyoti namunalari originallikdan xoli, adabiy anʼanalar doirasida qolib ketgan degan mulohazaga sabab boʻlmasligi kerak. Chunki har bir shoir koʻhna mavzuga murojaat etar ekan uni maʼlum darajada boʻlsa ham zamonasi bilan bogʻlashga harakat qiladi. Bundan tashqari, shoir mavzuni estetik didi, adabiy muhitning yetakchi tendensiyalaridan kelib chiqib yoritishga urinadi hamda muayyan bir gʻoyani ilgari suradi. Aynan shu sababli, bir mavzu doirasidagi asarlarni qiyosiy tahlil etishda, har ikki ijodkorning mushtarak yoxud xos jihatlarini koʻrsatish bosh mezon boʻlishi shart.

Alisher Navoiy ijodi Sharq adabiyotining boy adabiy anʼanalari zaminida maydonga keldi va oʻz navbatida keyingi davr adabiyoti rivojiga samarali taʼsir koʻrsata oldi. Maʼlumki, Navoiy nafaqat oʻzbek tilida, balki forsiy tilda ham salmoqli (forsiy tildagi taxallusi Foniy) meros qoldirgan. Uning forsiy merosi XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab ilmiy tadqiqotlar obʼyektiga aylandi hamda mutaxassislar tomonidan ijobiy baholandi. Shu oʻrinda ayni masalani maxsus oʻrgangan tojik adabiyotshunosi, akademik Abdugʻani Mirzoyevning “Foniy va Hofiz” maqolasidan quyidagi koʻchirmani keltirishni maqbul topdik: “Umuman, Alisher Navoiyning mana shu ikki javobiya gʻazalida yangi maʼno va nozik badiiy tasvir maʼlum darajada koʻp va mahorat bilan ishlatilgan boʻlib, bularni XV asrning ikkinchi yarmidagi butunlay mustaqil va birinchi darajali fors-tojik sheʼrlariga aylantirgan. Bu holat “Foniy” devonida tasodifiy bir hodisa emas. Alisher Navoiyning fors-tojik sheʼriyatida ham ustozligi va yuksak mahorat koʻrsatganligini uning javobiya yoki mustaqil gʻazallarining har birida, maʼlum darajada, aniq koʻrish mumkin”.[1] Demak, shoirning forsiy tildagi merosi fors adabiyotining eng yuksak namunalari bilan bellasha oladi. Foniyning Abdurahmon Jomiy gʻazallariga yozgan tatabbularini izchil muqoyasa etgan boshqa bir tadqiqotchi Alisher Shomuhamedov ham yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi.[2]

Umuman olganda, Foniy forsiy tilda deyarli barcha janrlarda, jumladan, qasida janrida ham goʻzal badiiyat namunalarini yaratgan. Shoirning qasidalari navoiyshunoslar tomonidan maʼlum darajada oʻrganilgan. Bu qasidalar orasida “Tuhfat ul-afkor” oʻzgacha mavqega ega va nisbatan koʻproq tahlilga tortilgan.[3] Qizigʻi shundaki, asar mashhur shoir Amir Xusravning qasidasiga tatabbu tarzida yozilganiga qaramay, Navoiy zamondoshlarining yuksak eʼtirofiga sazovor boʻlgan. Masalan, Davlatshoh Samarqandiy “Tazkirat ush-shuaro” tazkirasida qasidadan katta parcha keltirib yozadi: “Garchi Amir Xusrav peshqadam Sohibi fazl boʻlsa ham, “Bahr ul-abror”da (ayrim manbalarda “Daryoi abror” shunday nomlanadi-A. E.) uning maʼrifat va haqiqatlar, daqiq xayoloti oriflar nazdida mukarram va azizdir. Biroq bu ulugʻ amir (gap Navoiy xususida – A. E. ) ham maʼnolarni (eng baland) choʻqqisiga chiqargan boʻlib, shoirlik, suxandonlik, oʻziga xos taxayyulni koʻrsatishda xato qilmadi”[4]. Yana bir jihati, Xusrav Dehlaviyning “Daryoi abror” qasidasi XV asr Hirot adabiy muhitida mashhur boʻlib, davrning nomdor shoirlari Abdurahmon Jomiy, Sulton Mahmud Mirzo, Shayxim Suhayliy, Binoiy unga javob yozganlar. Bular orasida faqat Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy asarlari bizgacha toʻliq yetib kelgan.[5]

Alisher Navoiy “Xamsat ul-mutahayyirin”da yozishicha “Tuhfat ul-afkor” Sulton Husayn Boyqaro tomonidan ijobiy baholangan: “Podshoh chun oʻqib tahsin qildilar” shoirning oʻzi taʼkidlaganidek “saltanat tariqining nafyi voqeʼ” boʻlgan. Qasida adabiyotshunoslikda adabiy taʼsir bilan bogʻliq holda hamda irfoniy talqinlar yuzasidan bir qadar oʻrganilgan.

Afgʻonistonlik olima Shafiqa Yorqin xonim Sharq adabiyoti, jumladan, fors-tojik adabiyoti boʻyicha taniqli mutaxassis. Olima maʼlum muddat respublikamizda istiqomat qilgan yillari davriy matbuotda maqola, adabiy tarjimalar, sheʼrlari bilan muntazam ravishda qatnashib turgan. Uning “Izdoshlikmi yo fikrdoshlik” maqolasi Afgʻonistonda “Oydin” jurnalida chop etilgan.

Sharq poetikasi qonun-qoidalaridan yaxshi xabardor, tabʼi nazmi bor shoira sifatida Shafiqa xonim sheʼriy matnni tushunish va tushuntirishda oʻziga xos yoʻlni tutgan. U har uchala shoir (Xusrav, Jomiy, Navoiy) matlasini izchil muqoyasa etib, poetik fikrni ifodalashdagi nozik farqlarni koʻrsata olgan. Bundan tashqari, Navoiyning salaflari sheʼridagi baʼzi joylarda yetarli darajada asoslanmagan jihatlarini koʻrib, baytning birinchi misrasini tazmin sifatida olib, ikkinchi misrani oʻzidan qoʻshib, fikrni yorqin bayon qilganligini olima isbotlab koʻrsatgan. Darhaqiqat, Shafiqa xonim toʻgʻri taʼkidlaganidek, Amir Xusrav dastlabki baytdan boshlab shohlikni bosh ogʻrigʻi ekanligini uqtiradi-yu, biroq nima uchun hoʻl-quruqqa qanoat qilgan kishi yer-suv podshohi boʻlishini aytmaydi. Jomiy baytida ham badiiy dalillash (motirovka) oqsaydi.

Qizigʻi shundaki, qasidani Sharq adabiyotida adabiy traditsiya bilan bogʻliqligini maxsus oʻrgangan olimlarimiz negadir masalaning bu jihatiga diqqatni qaratmaganlar[6]. Shafiqa xonim esa aynan dastlabki baytlarni qiyosiy tahlil etib Navoiy salaflariga nisbatan badiiy mahorat borasida, mantiqiy izchillikda va lisoniy tarafdan ustunligini misollar orqali aniq belgilagan. Umuman olganda, Navoiy ijodida mantiqiy dalillash bosh estetik prinsip boʻlib, bu haqda oʻz vaqtida taniqli navoiyshunos Yoqubjon Isʼhoqov shunday yozgan edi: “Xamsa”da mantiqiy asoslanmagan birorta voqea yoxud detalni topa olmaysiz. Har bir epizod yoki voqea konkret bir sababning oqibati sifatida yuzaga chiqadi va mantiqiy zamin oʻquvchida zarracha shubha tugʻdirmaydi”.[7] Biz bu yerda “mantiqiy zamin” degan tushunchani biroz aniqlashtirish lozim deb bilamiz. Maʼlumki, hayotiy mantiq borliqdagi voqea, hodisalarning sababiy munosabatlariga suyansa, badiiy mantiq ham hayotiy mantiqdan kelib chiqadi va shu bilan birga badiiy shartlilik qonuniyatlariga asoslanadi.

Muhimi, “Tuhfat ul-afkor”ning birinchi bayti shoir zamondoshlari tarafidan namunali shohbayt sifatida eʼtirof qilingan. Atoulloh Husayniy “Badoyiʼus-s-sanoyiʼ” asarida matbuʼ sheʼr xususida toʻxtalib shunday yozadi: “Matbuʼ deb andoq sheʼrgʻa ayturlarkim, ul sogʻlom tabʼlargʻa maqbul vazngʻa, tuzuk qofiyagʻa asoslangan boʻlur, alfozi yoqimligʻu isteʼmolda mashhur boʻlur, tarkibi mustahkamu latif boʻlur, aning maʼnosi maqbul boʻlur, kishilarning koʻngliga tekkan boʻlmagʻay; sanoyiʼdin nimaki anda ishlatilgan boʻlsa, yetuk tarzda boʻlgʻay va aning tufaylidin anglamigʻayu husn-i adosigʻa qusur yetgan boʻlmagʻay; qadimgʻilar sheʼr jihatdin orttirgʻan ortiqcha harfu alfoz va alfoz oʻzgarishlaridin xoliy boʻlgʻay, hazrati xudovandning (gap Navoiy haqida – A. E.) quyidagi bayti yangligʻ… Bu qasidaning aksar bayti ushmundoq voqiʼ boʻluptur”.[8] Maʼlum boʻlmoqdaki, shoir qasidasi nafaqat oʻtkir ijtimoiy muammolarni (“saltanat tariqining nafyi voqeʼ boʻlgan”) dadil koʻtarishi bilan, balki badiiy ifodasi bilan ham zamondoshlarining eʼtirofiga sazovor boʻlgan. Bu haqda Foniy va Jomiy qasidalarini qiyosiy aspektda adabiy taʼsir doirasida tahlil etgan Alisher Shomuhamedov eʼtiborga molik mulohazalar bildirgan. Chunonchi, u Foniy asari ijtimoiy muammolarga nisbatan keng oʻrin ajratgani hamda gʻoyaning badiiy ifodasi borasida mukammal qurilganligini eʼtirof etadi.[9] Yuqoridagi mulohazalarni umumiy maxrajga keltirib aytish mumkinki, Navoiy qasidasi oʻziga namuna boʻlgan salaflari asaridan har jihatdan ustun.

Demak, adabiy taʼsir xususida soʻz yuritganda faqat masalaning sirtiga qarab mulohaza yuritish ushbu murakkab estetik hodisani bir tomonlama tushunish boʻlib, butun mohiyatni chuqur ochib berolmaydi. Bundan tashqari adabiyotshunoslikka doir aksar tadqiqotlarda agar gap mumtoz adabiyot namunalari haqida boʻlsa, fors-tojik adabiyotining roliga urgʻu qaratilar, zamonaviy adabiyotimizga kelganda esa rus adabiyotining taʼsiri boʻrttirilar edi. Vaholanki, milliy adabiyot namunasini yaratilishini faqat tashqi faktorlar bilan bogʻliq hodisa sifatida talqin qilish bir adabiyot boshqasiga nisbatan ustun degan gʻayriilmiy xulosalarga sabab boʻladi. Har bir xalq oʻz badiiy olamini (keng maʼnoda) tafakkuri va taxayuliga mos ravishda barpo qiladi. Va bunda u oʻzining uzoq asrlik boy xalq ogʻzaki ijodi hamda yozma adabiyoti anʼanalariga tayanadi. Albatta, dunyoda hech bir xalq oʻz qobigʻiga oʻralib mahdud holda yasholmaydi, u yoki bu tarzda boshqa xalqlar bilan madaniy aloqaga kirishib nimanidir oladi va oʻz vaqtida beradi ham. Qoʻshimcha sifatida shuni alohida taʼkidlash zarurki, adabiy aloqa va taʼsirni yuzaga kelishi uchun oʻsha adabiy muhitda shunga muvofiq sharoit ham boʻlishi shart. Yana bir muhim jihati, ijodkorga bir vaqtning oʻzida bir qancha faktorlar (ham tashqi ham ichki) taʼsir oʻtkazishi mumkin va bu tabiiy holdir. Ijodkorning ijodiy qiyofasi qanchalik kuchli boʻlsa, u shunchalik tez surʼatda yuqoridagi faktorlar bilan madaniy aloqaga kirishib, ularni yengib oʻtadi. Bundan tashqari, har bir adib ijodining dastlabki pallasida salaflarining u yoki bu asariga maʼlum maʼnoda ergashishi, oziqlanishi, taʼsirlanishi mumkin. Biroq adabiy anʼanaga munosabat ijodkorda doimo bir xilda kechmaydi. Mahorati osha borgani sayin salaflari merosiga munosabati ham oʻzgaradi, saʼy-harakati ijodiy musobaqa tusini oladi. Muhimi, u yaratgan yaratiqning badiiyat qonunlari va mezonlariga qay darajada muvofiq kelishidadir.

Adabiyotshunosligimizda adabiy aloqa va taʼsir xususida soʻz ketganda koʻproq mushtarak nuqtalarga urgʻu qaratilib, muayyan badiiy asarni namuna sifatida taqdim etish ustunlik qiladi. Vaholanki, har ikki oʻxshash hodisa chogʻishtirilganda faqat yuzadagi umumiy holatlar bilan kifoyalanmay, mohiyatni koʻrsatuvchi xususiy jihatlar ham eʼtiborga olinishi shart. Gap badiiy asardek sof individual ijod mahsuli haqida ketganda yuqoridagi holatlar inobatga olinishi lozim. Afsuski, bugungi kunda adabiyot tarixiga oid ayrim maqolalarda adabiy taʼsirni biroz joʻn tushunish yetakchilik qilmoqda. Masalan, Abdusalom Abduqodirovning “Saddi Iskandariy”: anʼana va oʻziga xoslik” nomli maqolasida muallif Abdurahmon Jomiy hamda Alisher Navoiyning Iskandar mavzuidagi dostonlarini qiyosiy oʻrgangan.[10] Maqolada asosiy diqqat har ikki ijodkor dostonlaridagi mushtarak nuqtalarga qaratilib, Navoiy “oʻz asarini yaratishda ustoziga ergashgan, uning anʼanalarini davom ettirgan” degan tezis asos sifatida ilgari suriladi. Albatta, sharq adabiyotida adabiy anʼananing oʻrni oʻzgacha boʻlib, ijodkor salaflari yaratgan badiiyat namunalariga maʼlum maʼnoda asoslandi va bu holat butun oʻrta asrlar adabiyoti uchun xosdir. Bu davrda yangi mavzularni kuylash emas, balki avvaldan maʼlum mavzuni yangitdan talqin qilish, oldin kamroq diqqat qaratilgan nuqtalarga oʻquvchi eʼtiborini jalb etish bosh estetik prinsip edi. Shu sababli ham oʻrta asrlar adabiyotida mavzular koʻlami koʻp emas. Biroq, bu shoirlar salaflari ijodiy merosi doirasidagina ish koʻrib, shaxsiy ijodi originallikdan xoli degan xulosaga sabab boʻlmasligi lozim. Har bir ijodkor koʻhna mavzuga murojaat etar ekan, uni oʻz davri adabiy muhiti ehtiyojlari bilan bogʻlashga va maʼlum estetik idealni ilgari surishga harakat qiladi. Bunga Alisher Navoiy ijodi yorqin misol boʻla oladi.

 

Abdurasul ESHONBOBOYEV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–9

 


[1] Mirzoyev A. “Foniy va Hofiz”. // Navoiy va adabiy taʼsir masalari.T., 1968, 64-bet.

[2] Bu haqda qarang: Shamuxamedov A.Sh. Traditsiya tatabbu v tvorchestve Alishera Navoi (na primere tatabbuat Fani na gazeli Djami). T.: 1984, 135 s.

[3] Qasida xususida S. Ayniy, A.Fitrat, H.Sulaymon, A.Hayitmetov, Sh.Shukurov, N.Komilov va boshqalar munosabat bildirganlar.

[4] Sirojiddinov Sh.Alisher Navoiy. Manbalarning qiyosiy-tipologik, tekstologik tahlili. T. 2011. 225-bet.

[5] Bu haqda qarang:MirzoyevA.M. Kamal ad-din Binai. M..1976. 33-34 s.

[6] Bu haqda qarang: Sh.Shukurov. Navoiyning “Tuhfat ul-afkor” qasidasi va uning adabiy traditsiya bilan bogʻliqligi toʻgʻrisida. // Navoiy va adabiy taʼsir masalalari.T, 1968, 191-bet.

[7] Yo. Isʼhoqov. “Xamsa” poetikasiga doir. // Oʻzbek tili va adabiyoti. 1985. 2-son. 28-bet.

[8] Atoulloh Husayniy. Badoyiʼus-s-sanoyiʼ. T., 1981. 273-bet.

[9] Yuqoridagi kitob. 97-100-betlar.   

[10] Abduqodirov A. “Saddi Iskandariy”: anʼana va oʻziga xoslik” // Oʻzbek tili va adabiyoti. 2014. 1-son.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/navoiy-ijodi-va-adabiy-tasir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x