Hazrat Navoiy oʻz ijodi uchun tanlagan til oʻzbek tili boʻlgani eʼtiboridan oʻzbek shoiri, oʻzbek sheʼriyati mulkining sultoni hisoblanadi. Ammo u kishining asarlarining asl manbalariga nazar solinsa, ularning bulogʻini surishtirilsa, “Navoiy – buyuk Islom shoiri” ekani aniq ravshan boʻladi.
Shoirning obroʻsi shu qadar yuqori ediki, hunarmandlar oʻz mahsulotlarining bozorgir boʻlishi uchun Navoiyning nomi bilan atar edilar.
Navoiyning qulogʻi ogʻrib qoladi va roʻmol bogʻlab yuradi. Buni koʻrgan Hirot ayollari roʻmollarini qiyshaytirib oʻrab, bu usulni “Nozi Alisheriy” deb ataydilar.
Husayn Boyqaro Alisher Navoiyni shunday ulugʻlaydi:
Erur soʻz mulkining qahramoni,
Erur gar chin desang – sohibqironi.
Hazratning deyarli barcha asarlarida oyatu-hadislarning, ayniqsa islom tasavvufining, islomiy hikmatning ifori shundoq ufurib turadi.
Movarounnahr madaniy-maʼnaviy muhitida Alisher Navoiy Qurʼon ilmlari, jumladan tafsir ilmini rivojlantirish maqsadida mazkur sohaga oʻz davrining yetuk olim va mufassirlarini jalb qilgan hamda ularga homiylik ham kilganlar.
Hazrat Navoiy oʻz asarlarida Qurʼoni karimdan ham keng foydalangan. Uning “Xamsa”, “Sittai zaruriya”, “Nasoyim al-muhabbat”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Siroj al-muslimin” kabi asarlarida, umuman nazm va nasrdagi yozma merosida islom masalalari boʻyicha koʻp hollarda Qurʼon oyatlariga asoslangan mulohazalar bayon qilinganini koʻrish mumkin.
Husayn Voiz Koshifiyning ilmiy faoliyatiga nazar soladigan boʻlsak, u zotning qalamiga mansub “Javohir at-tafsir” va “Mavohibi Aliyya” asarlari bevosita Alisher Navoiyning taklifi va homiyligi ostida yozilgan.
Navoiy katta mulkdor boʻlib, boylik va unga kishining munosabati qanday boʻlishini oʻz hayotlarida koʻrsatib berdilar. Oʻzlariga tegishli bogʻlar ekin maydonlari va doʻkonlardan katta miqdorda daromad olganlar va bu daromadlarning deyarli hammasini insonparvarlik, xalqparvarlik va obodonchilik maqsadlariga sarflagan.
Makorimul axloqda Xondamir hazrat Navoiy qurdirgan inshaotlarni keltiradi. Jumladan 40 dan oshiq rabotlar, 30 ga yaqin hovuzlar, 20 dan ortiq koʻprik, 9 ta hammom,
Navoiy Qurʼoni karim taʼsiri borasida “Tarixi anbiyo va hukamo” asarini yozgan. Odam atodan tortib, Nuh, Iso, Yaʼqub, Sulaymon, Yusuf, Dovud va boshqa paygʻambarlar haqida maʼlumotlar beriladi.
Navoiy Qurʼoni karim taʼsirida “Siroj-ul muslimin” nomli kitob yozadi. Bu kitobda shariat ahkomlarini, Allohning sakkiz sifatini anglatganidan soʻng, Islom asoslarini nazmda bayon etadi.
Hazrat Navoiy butun hayoti va ijodini Qurʼon oyatlari, hadislar asosiga qurgan komil musulmonning ibratli namunasidir.
Shoir hamisha Qurʼon oʻqishni va unga amal qilishni komillikning asosiy sharti deb tushunadi.
Olam eli ichra gar gado, gar shoh erur,
Ne dardki, ul koʻngli aro hamroh erur.
Qurʼonni tilovat etsun ar ogoh erur,
El koʻngliga chun davo Kalomulloh erur.
Navoiy uch marta haj safariga otlangan. Ikki marta shoh turli bahonalar bilan ruxsat bermagach, uchinchi marta yuzma-yuz aytishga andisha qilgan hollarida gaplarini xat orqali bayon qiladi. Husayn Boyqaro ham Navoiyga xat orqali javob beradi.
Jumladan, bunday deydi:
“Siz Xurosonda turar ekansiz, har qanday iltimosingiz boʻlsa, hurmat bilan qabul qilinadi. Men shuni juda aniq bilamanki, agar bu davlat sizning sharofatli vujudingizdan holi boʻlsa, ayrim shaxslar va xalq orasidagi oʻzboshimchalik ahvol ixtilofga aylanib ketadi”.
Uning quvvai hofizasi juda kuchli edi. Shoir bolaligida Qurʼondan tashqari Fariduddin Attorning “Mantiqut tayr” dostonini ham yod olgan. Navoiy yigitlik chogʻlari 50 ming bayt gʻazalni yod bilgan.
Shoir ijodida Qurʼon va hadis ifodasi.
وَنُنزلُ مِنَ الْقُرْآنِ مَا هُوَ شِفَاءٌ وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ وَلا يَزِيدُ الظَّالِمِينَ إِلا خَسَارًا } الإسراء: 82
Bil, koʻngulga istasang shifoni oʻqumoq,
Kim keldi koʻngul shifosi oni oʻqumoq,
Abdurrahmon Jomiy rahmatullohi alayh fors tilida “Arbaʼin” tuzib, unda fazilatli amallarga doir qirqta hadisni sheʼriy toʻrtliklar bilan tarjima qilgan. Keyinroq u kishining xos shogirdi, mumtoz shoir Mir Alisher Navoiy ham ustoz yoʻlidan borib, oʻzining “Arbaʼin” asarini bitgan.
Uning eng koʻzga koʻringan asari, shubhasiz, “Arbaʼin” kitobidir.
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: “الْمُسْلِمُ مَنْ سَلِمَ الْمُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَيَدِهِ”. مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Musulmonlar uning tili va qoʻlidan omonda boʻlgan kishi musulmondir”, dedilar”.
Shoir yozadi:
Kim musulmonligʻ aylasa daʼvo,
Chin emas gar fido qilur jonlar.
Ul musulmondururki, solimdur.
Tiliyu ilgidin musulmonlar.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ: أنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: “وَالْكَلِمَةُ الطَّيِّبَةُ صَدَقَةٌ”. مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Va yaxshi soʻz ham sadaqadir “, dedilar”.
Shoir yozadi:
Yaxshi soʻz birla hojat ahlin soʻr,
Bermasang yaxshi toʻmadin nafaqa.
Ne uchunkim Rasul qavli bilan
Yaxshi soʻz bordur oʻylakim sadaqa.
Xulosa shulki,
Aristotel, Suqrot, Aflotun, Sofokl oʻz ijodlari sabab ona tillarini Ovroʻpada mumtoz qildilar.
Sharq olamida fors-tojik adabiy tilini Firdavsiy, Nizomiy, Jomiy kabi dostonnavislar, Saʼdiy Sheroziy, Xoʻja Hofiz kabi gʻazalnavislar, Farididdin Attor kabi tasavvuf ustozlari mumtozlik darajasiga koʻtargan edilar.
Turkiyzabon adabiyotda esa “Nasoyim ul-muhabbat”, “Mahbub ul-qulub”, “Muhokamat ul-lugʻatayn” kaba asarlarni yozilishi bilan Hazrat Alisher Navoiy oʻzbek tilini mumtozlik choʻqqilariga olib chiqdilar. Hattoki ish yuritishga oid yuridik tilning mumtoz namunasini birinchi boʻlib Alisher Navoiy”Vaqfiya” asarida shakllantirib berdilar.
Mumtozlik – chindan ham misli yoʻq nodir bir afzaliyatki, gʻarb adabiyotlaridagi “klassika” degan tushunchasi mos keladi.
Aristotel va Platon kabi qadimgi yunon allomalarining asarlari oʻz vatanlarida yoʻqolib ketadi. Klassik yunon tili yangi Gretsiyada isteʼmoldan chiqdi. Klassik lotin tili ham “oʻlik” tilga aylanadi, faqat ilm-fan va tibbiyotda terminlari qoldi xalos.
Bizning mumtozadabiyotimizning nodir durdonalari shukrlar boʻlsinki qoʻlimizda. Bugun uni asrab avaylash barobarida kitobxon halqimizga yetkazishimiz zarur.
2011 yilda Gʻofur Gʻulom nashriyotidan oʻn jildlik toʻliq toʻplami chiqdi. Lekin bu borada ishlarimiz koʻlamini kengaytirishimiz kerak. Aynan shu toʻliq toʻplamni toʻlaligicha elektron koʻrinishda ham internet tarmogʻiga joylashtirish muhim ishlarimizdan.
Bir guruh adabiyotshunos olimlar Alisher Navoiy qomusiy lugʻati ustida samarali mehnat qildilar.
Navoiy “Xamsa”sining yozilganiga besh yuz yildan ortiq vaqt oʻtdi. Shu asrlar davomida uning aytganlari chindan ham el-yurtga margʻub, koʻngillarga mahbub boʻldi.
Deganimni ulusqa margʻub et!
Yozgʻonimni koʻngulga mahbub et!
Navoiy asarlarida yor, dildor, dilbar, gulroʻ – Alloh va uning rasuli
Jom-orifning qalbi.
Mayxona – honaqoh yoki pir huzuri.
Mastlik – Alloh va uning rasuliga oshiqliq va shu muhabbat ila huzurlanish.
Feysbuk ijtimoiy tarmogʻida bir guruh yoshlar hazrat Navoiyning uylanmaganlari haqida baxs yuritmoqdalar. Shu masalada tortishganlarini koʻrdim. Hatto noloyiq fikrlar bildirilgan. Ularning ichida masalaga hazil bilan qaraganlar ham uchradi.
Yoki “Kelmadi” gʻazali ostidagi kommentlarni oʻqisangiz achinasiz. Hatto baʼzi adabiyotshunoslar “gulroʻ kelmadi” ni koʻz yoshim kelmadi deb talqin qilibdilar.
Kecha kelgumdur debon Ul sarvi gulroʻ kelmadi,
Koʻzlarimga kecha tong Otguncha uyqu kelmadi.
Demak bugun Navoiyni chin maʼnoda anglash davri keldi.
Rahimberdi Rahmonov,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/navoiy-buyuk-islom-shoiri/