Madaniy merosimizga nazar tashlasak, koʻp asarlar, qaysi tilda bitilgan boʻlmasin, asosan, arabcha nomlanganiga guvoh boʻlamiz. 1929 yilgacha xalqimiz arab yozuvidan foydalanib keldi. 1929–1940 yillar orasida lotin yozuvidan foydalandik. 1940 yildan boshlab kirill alifbosini istifoda etdik. Mustaqillikdan soʻng jahonning koʻpgina xalqlari foydalanadigan lotin yozuviga oʻtadigan boʻldik.
Bu hol imlo qoidalarini har tomonlama puxta ishlab chiqishni talab etdi. Ayniqsa, arab yozuvida bitilgan turkiy tildagi asarlarni joriy alifboga transkripsiya – tabdil qilish masalasida bahsli va munozarali oʻrinlar koʻp boʻldi. Arabiy savodxonlikdagi nuqson turli xato va kamchiliklarni keltirib chiqardi.
Mana shu masalalardan biri asarlar nomini oʻqish va yozishdagi xilma-xillikdir. Bu boradagi qusurdan navoiyshunosligimiz ham xoli boʻla olmadi. Alisher Navoiy asarlari nomlarini oʻqishda va tushunishda baʼzi ixtilofli talqinlar yuzaga keldi. Oqibatda goʻyo Alisher Navoiy oʻz asarlarining bir qismini arab tilida, boshqa qismini forsiyda nomlagandek tushuncha paydo boʻldi. Bunday noizchillik oʻz hayoti va badiiy ijodiga oʻta masʼuliyat bilan yondashgan Alisher Navoiydek daho uchun, albatta, begonadir. Ushbu holatni yuzaga keltirgan omil navoiyxonligimizdagi qusur deb tan olsak toʻgʻriroq boʻladi. “Davlat badiiy adabiyot nashriyoti” tomonidan Toshkentda 1963 yili nashr qilingan oʻn besh jildli “Alisher Navoiy asarlari toʻplami”ning birinchi jild 37-45-sahifalarida berilgan “Navoiy asarlarining aniqlangan roʻyxati”ga eʼtibor beraylik:
- “Badoyeʼul-bidoya”;
- “Navodirun-nihoya”;
- “Xazoyinul-maoniy”;
- “Gʻaroyibus-sigʻar”;
- “Navodirush-shabob”;
- “Badoyeʼul-vasat”;
- “Favoyidul-kibar”;
- “Hayratul-abror”;
- “Lisonut-tayr”;
- “Majolisun-nafois”;
- “Muhokamatul-lugʻatayn”;
- “Mezonul-avzon”;
- “Mahbubul-qulub”;
- “Xamsatul-mutahayyirin”;
- “Nazmul-javohir”;
- “Nasoyimul-muhabbat” (mahabbat);
- “Sirojul-muslimin”.
Bu nomlarning bari arabcha ekani hech kimda shubha tugʻdirmaydi.
“Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Munshaot”, “Vaqfiya” kabi bir yoki ikki soʻz bilan ifodalangan nomlarni qatʼiyan bir tilga tegishli deyish nojoiz. Binobarin, ularni arabcha ham, forscha ham deyish mumkin.
Lekin boshqa bir asarning “Fusuli arbaa” deb yozilishi arabcha iborani forsiy ibora deb gumon qilingani va talqin etilganiga guvohlik beradi. “Al” artiklli iboralar arabcha-yu artiklsizlari forscha iborami? Agar Alisher Navoiy ushbu asarini forsiyda nomlashni koʻzlasa, osongina “Chahor fasl” deb atab qoʻya qolgan boʻlmasmidi?! Mazkur iboraning “Fusulun arbaa(tun)” deb oʻqilishi arab tili qoidasiga toʻgʻri keladi. Zero, ushbu ikki soʻzdan majburiy ravishda forscha izofa tuzishga, nazarimizda, hech bir ehtiyoj yoʻq. “Saddi Iskandariy” ham “Saddun Iskandariyy(un)” boʻlgani haqiqatdan yiroq emas. Yana “Holoti Sayyid Hasan Ardasher” ham “Holotu sayyid Hasan Ardashir” deb oʻqilsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi. “Holoti pahlavon Muhammad”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Tarixi muluki ajam”dagi dastlabki soʻz “Holotu” va “Tarixu” deb yozilishi ularning arabiy asliga qaytishiga yetarli boʻladi.
Mazkur toʻplamning 9-jildli “Sabʼai sayyor” deb berilgan. Oʻzining bir asarini “Sabʼatu abhur” deb arab tili qoidalariga toʻla muvofiq nomlagan Alisher Navoiy boshqa bir asarini arabcha soʻzlardan forsiy ibora tuzib, fors tilida nomlashiga ishonish qiyin. Ikki arabiy soʻzdan tuzilgan arabcha soʻz birikmasini majburan forsiy ibora qilib oʻqishimiz Navoiy asarlarining nomlanishi prinsipiga xilof emasmi?! Xoʻsh, unda arabchasi qanday oʻqiladi, yo shu holati toʻgʻrimi, degan savol tugʻiladi. Arabchasi “Sabʼatu sayyora(tin)” boʻlsagina, arabcha sanoq va sanalmish qoidasini qoniqtiradi. “Sabʼai sayyor”dagi avvalgi soʻzni “sabʼatu”ga oʻzgartirish iborani “Sabʼatu sayyor” tarzida arabiy iboraga aylantirsa-da, undagi “sayyor” soʻzi arabiy tarkibni qoniqtirmaydi. (“R”dan keyingi “a”ni tushirib qoldirish grammatik koʻplik sondagi ismni birlikka aylantirib qoʻyadi va bu hol) arab tili tarkib qoidalariga xilofdir. Chunki arabcha 3dan 10gacha sanoq va sanalmish tarkibiy birikmasidagi sanalmish koʻplikda turishi talab etiladi; 7ni anglatuvchi sanoq soʻz – “sabʼatu” bilan kelayotgan “sayyor” esa koʻplik emas, birlikdadir. Maʼlumki, shu qolipda ifodalanuvchi kasb nomining koʻpligi, agar shu kasb ayollarga xos boʻlmasa, muannas shaklda yasaladi: masalan, “qavvos – qavvosa(tun)”, (kamonchi – kamonchilar), “hammol – hammola(tun)”(hammol – hammollar) boʻlgani kabi “sayyor”ning ham koʻpligi “sayyora(tun) – sayohatchilar” boʻladi. Demak, asarning nomi, bizningcha, “Sabʼatu sayyora(tin)” boʻlishi kerak. Ushbu kitob muharriri va izohlar muallifi marhum R. Komilov izohlarga kirish qismida Alisher Navoiyning oʻzi “Muhokamatul-lugʻatayn” asarida mazkur dostonining nomini “Sabʼai sayyora” shaklida eslatganini yozsa-da, “… shu asarning oʻzida shoir:
Boʻldi chun bu raqam ishi tayyor
Qoʻydim otini “Sabʼai sayyor” –
deydi. Biz ham shu nomni qabul qildik”, deya tushuntiradi. Bu ikkala izoh ham garchi Alisher Navoiyga tegishli boʻlsa-da, ulardan biri turkiy tildagi matnda, buning ustiga sheʼriy shaklda, boshqasi esa ilmiy asarda zikr etilgan. Sheʼrga erkinlik xos, ilmiylik esa daqiqlikni talab etadi. Asarni nomlash oʻta nozik masala ekanini eʼtiborga olsak, Alisher Navoiy sheʼrda joiz boʻlgan erkinlikni asarni nomlashda munosib joyiga qoʻygan, ilmiy asarida esa atayin toʻgʻri variantini eslatgan boʻlishi mumkin. Bu ikki izohdan toʻgʻrisini tanlash tadqiqotchining arab tilidan ham yetarli bilimli boʻlishini talab etadi.
Hozirgi kun navoiyshunosligimizdagi mavjud holatni koʻzdan kechirishdan shunga amin boʻlamizki, Alisher Navoiy ijodiyotiga xos barcha asarlar nomini endilikda arab tili va oʻzbek tili imlo qoidalariga qiyosan yana bir tahrirdan oʻtkazib chiqish zarur. Bunda oʻzbek adabiyoti tarixi mutaxassislari bilan arabshunos-sharqshunoslarning oʻzaro hamkorligi ijobiy natijalar berishi shubhasiz.
Amonulloh MUSO,
katta oʻqituvchi
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/navoiy-asarlari-nomi-togri-oqilyaptimi/