Mutolaa zavqini kim qanday tushunadi?

Kitob komillik sari yoʻl koʻrsatuvchi mayoq hisoblanadi. Afsuski, hozirgi kunga kelib bu xazinaning asl qiymatini tushunib yetish, qadrlash masalasida bizni oʻylantiradigan muammolar biroz koʻpaygandek.

Ayni shu mavzuda yoshlarning fikri bilan qiziqqanimizda, kimdir “kitob oʻqishga vaqtim yoʻq, barcha maʼlumotlar internetda bor-ku”, desa, yana baʼzilar oʻqishdan koʻra eshitish va tomosha qilish afzal ekanini aytdi.

Avvalambor, kitobni oʻzi uchun qadrdon doʻst bilgan kishi hech qachon boshqa vositalarga chalgʻimaydi, – deydi psixolog Shahlo UBAYDULLAYEVA. – Biz talabalar va maktab oʻquvchilari oʻrtasida shu mavzuda soʻrovnoma oʻtkazdik. Kuzatuvlar natijasiga koʻra, ilm-fanga oid kitoblarni zarurat yuzasidan oʻqiyotganlar 60 foizni, oʻzi qiziqib badiiy asarlarni muntazam mutolaa qilayotganlar 40 foizni tashkil etdi. “Kitobga nega kam vaqt ajratasiz?”, degan savolimizga koʻpchilik ijtimoiy tarmoq va mobil aloqa vositalariga bogʻlanib qolganini sabab qilib koʻrsatishdi.

Mutolaa madaniyati, avvalo, oilada shakllanadi. Homiladorlik davrida onaning kitob oʻqishi, homilaning aqliy rivojlanishiga katta taʼsir qiladi. Goʻdak dunyoga kelgach, shu jarayonni muntazam davom ettirish zarur. Har kuni uyqudan oldin baland ovozda kitob oʻqib berish bolaning aqliy rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Uning soʻz boyligi oshadi, kitobga mehri uygʻonadi va chiroyli muomalaga oʻrganadi.

Har kim oʻz xohishi va dunyoqarashidan kelib chiqib kitob tanlaydi. Undan oʻzi uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni oladi, zavq tuyadi. Ayni shu mavzuda ayrim yurtdoshlarimizning fikri bilan qiziqdik.

Men bir kunimni ham kitobsiz tasavvur etolmayman, – deydi uy bekasi Xurshida NIYOZOVA. – Deyarli har hafta yangi kitob sotib olmasam, koʻnglim joyiga tushmaydi. Ayniqsa, jahon adabiyotiga qiziqishim baland. Oʻqib yurgan kezlarim darsliklardan ortib, badiiy asarlarni oʻqishga alohida vaqt ajratardim. Hozir ham uy yumushlaridan boʻsh vaqtimning koʻp qismini mutolaaga sarflayman. Bu bilan oʻzimda ruhiyatimda ajib yengillik his qilaman.

Badiiy asarga hech qiziqishim yoʻq – deydi poytaxtimizdagi kasb-hunar kollejlaridan birining talabasi. – Kollejda ham oʻqituvchilarimiz badiiy asar oʻqish zarurligini koʻp aytishadi, lekin kitobni qoʻlimga oldim deguncha uyqum keladi. Oʻqishga bir necha bor urinib koʻrdim, qiziqishim yoʻqligi uchunmi, hali bitta ham badiiy asarni oʻqib bitirmadim. Undan koʻra, televizor yoki internet orqali zarur maʼlumotlarni olish menga qiziqroq.

Men Xudoyberdi Toʻxtaboyevning “Sariq devni minib” romanini oʻqiganman, – deydi Yashnaobod tumanidagi 230-maktab oʻquvchisi Anora HAMIDOVA. – Kinosi ham juda qiziqarli, Hoshimjonning sarguzashtlarini har safar miriqib tomosha qilaman. Lekin avval kitob oʻqib, keyin kinosini koʻrganim uchunmi, kinoda nimadir yetishmayotgandek tuyuladi. Toʻgʻri, tarbiyaviy jihatlari juda koʻp. Lekin menga kitobdan olgan tarbiyaviy va maʼnaviy quvvatning ahamiyati tengsiz. Oʻqish jarayonida xayolan shu asar ichida yurardim. Qahramonlari bilan suhbatlashardim… Kinosini koʻrib, kitobini oʻqimagan doʻstlarimga ham, albatta, oʻqib chiqishini tavsiya qilgan boʻlardim.

Koʻrinib turibdiki, kitob oʻqishga munosabatlar turlicha. Bu borada hammaning oʻz fikri bor. Nima boʻlganda ham, tafakkurni boyitish va maʼnaviy yuksaklikka erishishda kitob mutolaasining oʻrni boʻlakcha. Umrni mazmunli oʻtkazish, chin insoniylik nima ekanini tushunishda ham kitobning nechogʻli katta ahamiyat kasb etishini unutmaslik joiz.

 

Matluba AHMEDOVA

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/mutolaa-zavqini-kim-qanday-tushunadi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x