Mutafakkirlar. Ahmad Marvaziy


Post Views:
1 576

Ahmad Marvaziy (770–870) – Bag‘dod ilmiy maktabida faoliyat ko‘rsatgan yirik astronom va matematiklardan biri Ahmad al-Marvaziy bo‘lib, u “Astronomik jadvallar”, “Damashq ziji” (bu zij Bag‘dod shahri uchun tuzilgan) va “al-Ma’munning sinalgan jadvali” asarlarining muallifidir.

Ahmad al-Marvaziy asli Marvdan bo‘lib, xalifa al-Ma’mun va al-Mu’tasim zamonida Bag‘dodda faoliyat ko‘rsatgan. Fan tarixiga oid bibliografik kitoblarda olimni 770-870 yillar mobaynida yashab o‘tgan, deb taxmin qilinadi.

“Damashq ziji” hozirda Istanbulda saqlanmoqda. Muallif o‘zining bu asarini o‘sha davrda “Sindhind” nomi bilan mashhur bo‘lgan hind astronomik jadvallarini qayta ishlash asosida yozgan. Undagi ba’zi masalalar Ibrohim al-Fazariy, Muhammad al-Xorazmiyning zijlaridan farqlanadi.

Olimning Bag‘dod shahri uchun yozgan ikkinchi “Zij”i Berlinda saqlanadi. Abu Rayxon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” va “Geodeziya” asarlaridagi ma’lumotlarga qaraganda, bu kitob keyingi davr astronomlari tarafidan hurmat bilan tilga olingan.

Uchinchi – “al-Ma’munning sinalgan jadvali”ga kelsak, bu astronomik jadvallar o‘z vaqtida katta shuhrat qozongan. Xalifa al-Ma’mun bir guruh olimlarga, yunon astronomlarining kitoblarida keltirilgan ma’lumotlarni tajribalar asosida qaytadan tekshirib chiqish vazifasini yuklagan va tajriba samarasi o‘laroq, “al-Ma’munning tekshirilgan ziji” asari dunyoga keldi. Unda o‘sha davr astronomiyasining barcha yutuqlari o‘z aksini topgan. Mazkur “Zij” o‘rta asr manbalarida ba’zan YAhyo ibn Mansurga, ba’zan esa Ahmad al-Marvaziyga, yoyinki o‘sha davrning boshqa astronomlari qalamiga mansub, deb keltiriladi. Bundan asarning yaratilishida ko‘pchilik ishtirok etgan bo‘lishi kerak, degan xulosa kelib chiqadi. Mutaxassislar al-Ma’mun “Ziji”ni Yahyo ibn Mansur boshlab, Ahmad al-Marvaziy yakunlagan bo‘lishi kerak, deb taxmin qiladilar.

Al-Marvaziyning yigirmaga yaqin asarlari ichida  astronomik jihozlar –asturloblar, quyosh soati va “zat al-xalaq”larga bag‘ishlangan risolalar uchraydi. Afsuski, ularning ko‘pchiligi bizgacha yetib kelmagan.

Olim falakiyot sohasida ma’lum muvaffaqiyatlarga erishgan, shuningdek, u trigonometriya fani rivojiga ham salmoqli hissasini qo‘shgan.

100 MARKAZIY OSIYO MUTAFAKKIRLARI

© O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi
© Toshkent islom universiteti
© «YANGI NASHR», 2011

https://shosh.uz/uz/mutafakkirlar-ahmad-marvaziy-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x